Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 2-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3141]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida” va “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kunidan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-yanvar,
63-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-yanvar,
86-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2019-yil 20-yanvardagi 63, 83-son qaroriga
ILOVA
Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi va “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarda (bundan buyon matnda maxsus muassasa deb yuritiladi) saqlanayotgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxslarga statsionar sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi zarur boʻlgan hollarda ularga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Maxsus muassasada saqlanayotgan homilador ayollarga tugʻish uchun, shuningdek tibbiy kuzatuvga muhtoj boʻlgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatilishi shart.
2. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxsning davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga borish, kelish hamda u yerda boʻlish vaqtida uning qoʻriqlanishi, xulq-atvori nazorat qilinishi va xavfsizligi taʼminlanishi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxsni davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga yuborish
3. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxs maxsus muassasa tibbiyot xodimlariga kameralarni har kungi koʻzdan kechirish vaqtida, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan hollarda esa, maxsus muassasaning istalgan xodimiga tibbiy yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilishi mumkin. Bunda maxsus muassasa tibbiyot xodimi tomonidan maxsus muassasada saqlanayotgan tibbiy yordamga muhtoj shaxsga (bundan buyon matnda shaxs deb yuritiladi) zarur tibbiy yordam koʻrsatilishi shart.
4. Shaxsni maxsus muassasa tibbiyot xodimi tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida shaxsga shoshilinch yoki kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatilishi zarur deb hisoblanganda, maxsus muassasa tibbiyot xodimi shu vaqtning oʻzida tez tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlashi lozim. Bunda muassasa tibbiyot xodimi telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali tez tibbiy yordam brigadasini chaqiradi.
5. Maxsus muassasa tibbiyot xodimi shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida kuzatilgan kasallik alomatlari haqidagi maʼlumotlarni muassasa tibbiyot xodimi tomonidan yuritiladigan Tibbiy yordam koʻrsatish kitobiga kiritadi.
6. Tez tibbiy yordam brigadasi tegishli maxsus muassasaga yetib kelganidan keyin shaxs tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi va unga zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Shaxsga tibbiy yordam koʻrsatishda qoʻshimcha tez tibbiy yordam brigadasi chaqirilishi mumkin.
7. Tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassisi tomonidan shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijasida, shaxsga statsionar sharoitda shoshilinch yoki kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatilishi zarur deb topilganda, shaxs tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassisining dastlabki tashxisiga muvofiq tegishli davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga olib borilishi kerak.
8. Shaxsni davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga olib borish tez tibbiy yordam brigadasining ixtisoslashtirilgan transport vositasida ichki ishlar organlari xodimlari hamda tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassislari nazorati ostida amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus muassasadan olib kelingan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasasida tibbiy yordam koʻrsatish
9. Davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga olib kelingan shaxs mazkur muassasaning qabul boʻlimi navbatchi shifokori tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
10. Shaxs navbatchi shifokor koʻrsatmasiga asosan tor soha mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrikdan, shuningdek diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan ham oʻtkazilishi mumkin.
11. Navbatchi shifokor yoki tor soha mutaxassislari (bundan buyon matnda shifokor deb yuritiladi) shaxsni tibbiy koʻrikdan hamda diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan oʻtkazish natijalari asosida shaxsga statsionar yoki ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi lozimligi yoxud tibbiy yordam koʻrsatilishiga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Shifokor shaxsga statsionar sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi lozimligi toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, u shaxsni davlat sogʻliqni saqlash muassasasining maxsus xonasiga (bundan buyon matnda maxsus xona deb yuritiladi) joylashtirish choralarini koʻradi.
13. Maxsus xona quyidagi talablarga javob berishi lozim:
maxsus xona binoning qaysi qavatida joylashganligidan qatʼi nazar derazalari xonaning ichki tomonidan temir panjaralar bilan qoplangan boʻlishi;
maxsus xonaga kirish eshigi temir qoplama bilan qoplangan yoki eshikka qoʻshimcha ravishda temir panjara oʻrnatilgan boʻlishi;
maxsus xonadagi karavot, stol-stullar va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan jihozlar (sovutgich) polga mahkamlab qotirilgan boʻlishi;
maxsus xona koʻzga ziyon yetkazmaydigan holda oʻqish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sunʼiy yorugʻlikka ega boʻlishi lozim.
14. Maxsus xona quyidagi jihozlar, buyum va ashyolar bilan jihozlangan boʻlishi kerak:
bir qavatli karavot;
stol va stul (oʻrindiq);
oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan jihozlar;
kiyim-bosh uchun ilgich;
axlat qutisi;
sunʼiy shamollatish tizimi (ventilyatsiya);
isitish tizimi.
Maxsus xonaga bolali ayollar joylashtirilgan hollarda ushbu xonaga qoʻshimcha ravishda quyidagi jihozlar oʻrnatiladi:
bolalar uchun plastmassali vannacha;
qoʻshimcha isitish uskunalari.
Maxsus xonada mazkur bandda koʻrsatilmagan jihozlar, buyum va ashyolar joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Shaxsni tibbiy koʻrikdan, shuningdek diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan oʻtkazish hamda davlat sogʻliqni saqlash muassasasining maxsus xonasida tibbiy yordam koʻrsatish ichki ishlar organlari xodimlari nazorati ostida amalga oshirilishi shart.
16. Shaxs statsionar sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun davlat sogʻliqni saqlash muassasasiga joylashtirilganda, maxsus muassasaning masʼul xodimi shu kunning oʻzida bu haqda shaxsning qarindoshlarini xabardor qilishi lozim. Bunda maxsus muassasaning masʼul xodimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi va “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq shaxsga himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar berilishi taʼminlanishi lozim.
17. Shifokor shaxsga ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi lozimligi yoki tibbiy yordam koʻrsatilishiga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, shuningdek shaxsga davlat sogʻliqni saqlash muassasasida statsionar sharoitda tibbiy yordam koʻrsatish yakunlangan hollarda shaxs shifokorning ruxsati bilan ichki ishlar organlari xodimlarining nazorati ostida ichki ishlar organlarining maxsus transport vositasida tegishli maxsus muassasaga qaytib olib boriladi.
18. Shifokor shaxsga ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishi lozimligi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan hollarda shaxsga u saqlanayotgan maxsus muassasaning ambulator tibbiy xizmat kameralarida yoki maxsus jihozlangan tibbiyot xonalarida ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatiladi.
19. Shaxsning iltimosiga koʻra, maxsus muassasaning masʼul xodimi shaxsning himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlarini shaxs davlat sogʻliqni saqlash muassasasidan maxsus muassasaga qaytarib olib kelinganligi va uning ahvoli haqida xabardor qilib turishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 591-moddasi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2019-y., 10/19/3141/2697-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)