Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.09.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT QOʻMITASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 30-sentabrdagi 455-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Fizkultura va sport davlat komiteti toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1987-yil 2-martdagi 91-son qarori (OʻzSSR QT, 1987-y., 3-son, 10-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 21-may,
185-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
21-maydagi 185-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi (Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi) jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat siyosatini shakllantiradi va uning amalga oshirilishini taʼminlaydi, oʻz vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, Milliy Olimpiya qoʻmitasi (MOQ), federatsiyalar hamda mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek barcha jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari ustidan nazorat qiluvchi organ funksiyasini bajaradi.
2. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi, shuningdek Qoʻmita tizimidagi birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, oʻquv yurtlari va uyushmalarda amaldagi qonun hujjatlari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi), viloyat sport qoʻmitalari, Toshkent shahar sport qoʻmitasi, shahar-tuman sport qoʻmitalari, ularga boʻysunuvchi respublika, ilmiy, ishlab chiqarish birlashmalari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, oʻquv yurtlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining yagona tizimini tashkil etadi.
3. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻziga berilgan huquqlar doirasida jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi sohasidagi barcha masalalarni hal etadi hamda oʻz vakolatiga kiruvchi ayrim masalalarning hal etilishini oʻziga qarashli boshqaruv organlariga, birlashmalar va tashkilotlarga topshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport ishlarini rivojlantirishga oid faoliyati kasaba uyushmalari, yoshlar va boshqa jamoat tashkilotlari hamda uyushmalar ishtirokida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi, viloyat sport qoʻmitalari, Toshkent shahar sport qoʻmitasi, shahar-tuman sport qoʻmitalari, oʻquv yurtlari, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan oʻz moliyaviy munosabatlarini shartnoma asosida hamda ushbu shartnomalar boʻyicha belgilangan miqdorlarda tushuvchi mablagʻlar hisobiga oʻrnatadi, tegishli jamgʻarmalar tuzadi, bank muassasalarida hisob-kitob, joriy va boshqa schyotlar ochadi.
5. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻziga qarashli oʻquv yurtlari, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni budjet mablagʻlari hisobidan mablagʻ bilan taʼminlaydi, kreditlarning taqsimlovchisi hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻz tizimida qonun hujjatlari qoʻllanilishi amaliyotini umumlashtiradi, uni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tegishli organlarga kiritadi.
7. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, banklarda tegishli schyotlarga, shu jumladan valyuta schyotiga ega boʻladi.
8. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqish, yillik prognozlarni shakllantirish, aholini jismoniy tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini amaliyotga joriy etish va ushbu masalalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
“Jismoniy tarbiya va sport” sohasini ilmiy-uslubiy taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, moliyaviy moddiy-texnika va boshqa resurslarni ularni rivojlantirishga jamlash;
aholi bilan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport ishlarini tashkil etish, Oʻzbekiston fuqarolarining sogʻlom, har tomonlama kamol topgan avlodini tarbiyalash, yoshlarni mehnatga va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga tayyorlash, salomatlikni muhofaza qilish va mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, dam olishni tashkil etish;
oʻziga qarashli sport qoʻmitalari va jamoatchilik jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari faoliyatining turar joy mikrorayonlari va mahallalarda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ommaviy sport ishlarini rivojlantirishga doir asosiy yoʻnalishlarini belgilash va ular faoliyatini muvofiqlashtirish;
xalq oʻyinlarini, sportning milliy turlari boʻyicha musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish;
nogironlar bilan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari olib borish, xayriya faoliyatida qatnashish;
sportchilarning, sport faxriylarining, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarining ijtimoiy himoyasi masalalarini hal etish;
bozor konyunkturasini oʻrganish, “Jismoniy tarbiya va sport” sohasida xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini rivojlantirish ishlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va taqsimlash;
sport oʻrinbosarlari va xalqaro klassdagi sportchilar tayyorlash ishlarini tashkil etish, xalqaro va respublika musobaqalarini, ular bilan bogʻliq oʻquv-mashq yigʻinlarini oʻtkazish;
aholini sport inshootlari, anjomlari, asbob-uskunalari, sport kiyimi va poyabzali bilan taʼminlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshirish va xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish.
9. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, respublika vazirliklari va idoralari bilan birgalikda ommaviy jismoniy tarbiyani ustun darajada rivojlantirishni hisobga olgan holda uzoq muddatli prognozlar, sport buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashayotgan korxonalar va firmalarni oqilona joylashtirish sxemalarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
“Jismoniy tarbiya va sport” tarmogʻida boshqaruvning iqtisodiy usullarini joriy etish, bozor munosabatlarini va mehnatni tashkil etishning yangi ilgʻor shakllarini rivojlantirish ishlarini olib boradi, oʻziga qarashli korxonalar va sport inshootlari obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va aksiyadorlashtirish masalalarini hal etadi;
ommaviy jismoniy tarbiya, sportning milliy turlari, xalq oʻyinlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari loyihalari, nogironlar oʻrtasidagi sport va yuqori yutuqlar sportini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari loyihasi ishlab chiqilishini tashkil etadi;
sport oʻrinbosarlari tayyorlash ishlarini amalga oshiradi, idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, sport maktablari tarmoqlari, olimpiadaga tayyorlanish markazlari rivojlanishini va ixtisoslashuvini muvofiqlashtiradi, ularda oʻquv-mashq jarayoni tashkil etilishini nazorat qiladi;
prognozlashtirish, hisob, hisobot, jismoniy tarbiya va sportni hamda oʻziga qarashli tashkilotlarni nazorat qilish va boshqarish amaliyotiga hisoblash texnikasi va tashkiliy texnika vositalari joriy etilishini taʼminlaydi;
oʻziga qarashli boʻlinmalarning buyurtmalariga muvofiq fondlar va moddiy-texnika resurslarini taqsimlaydi, ulardan toʻgʻri va samarali foydalanish ustidan nazoratni tashkil etadi;
xorijiy investorlarning Davlat sport qoʻmitasiga qarashli tashkilotlar bilan birgalikdagi faoliyati toʻgʻrisida shartnomalar va kontraktlar tuzish maqsadida xorijiy investorlarni respublikaga jalb etish ishlarini tashkil qiladi;
xorijiy mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy munosabatlarning ilgʻor shakllarini rivojlantiradi, boshqa mamlakatlar korxonalari va tashkilotlari bilan sport, ilmiy, ishlab chiqarish va iqtisodiy aloqalar oʻrnatilishiga faol koʻmaklashadi, belgilangan tartibda qoʻshma korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar tashkil etadi, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
jahon sportidagi ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari, xorijiy mamlakatlarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning ilgʻor tajribasi umumlashtirilishini, ushbu yutuqlarning “Jismoniy tarbiya va sport” sohasini yanada rivojlantirish uchun joriy etilishini taʼminlaydi;
tegishli davlat organlari va boshqa organlarda oʻziga qarashli birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning manfaatlarini himoya qiladi;
korxonalar, firmalar va tashkilotlarni qonunda belgilangan tartibda tashkil etadi, qayta tashkil qiladi va tugatadi;
“Jismoniy tarbiya va sport” sohasida tashkil etilgan oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlarga, ularning ishlab chiqarish bazasi rivojlanishiga, moddiy-texnika va axborot taʼminoti tashkil etilishiga, maslahatlar berilishiga, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga koʻmaklashadi va yordamning boshqa turlarini koʻrsatadi;
shartnoma majburiyatlari bajarilishini tavsiflaydigan koʻrsatkichlar bilan mehnatga haq toʻlash miqdorlari oʻrtasidagi bevosita bogʻliqlikni oʻrnatib markaziy apparat va oʻziga qarashli tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini belgilaydi;
oldindan aniqlab boʻlmaydigan xarajatlar va tadbirlar uchun maqsadli jamgʻarmani, tarmoqni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek ulardan toʻgʻri foydalanishni taʼminlaydi;
sport musobaqalarini oʻtkazish qoidalarini, yagona respublika sport klassifikatsiyasini, dasturiy-uslubiy hujjatlarni va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Davlat fan va texnika qoʻmitasi bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlarni shakllantiradi va ularni rivojlantirishni taʼminlaydi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
aholining jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari koʻrsatadigan xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi, ilmiy asoslangan normativni ishlab chiqadi, xizmatlarning yangi turlarini joriy etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi terma komandalarining tayyorgarligini amalga oshiradi hamda ularning Osiyo va jahon chempionatlarida, kubok va birinchilik oʻyinlarida, Olimpiada va Osiyo oʻyinlarida, boshqa xalqaro musobaqalarda qatnashishini taʼminlaydi;
sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rekordlarini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari tomonidan oʻrnatilgan jahon, mintaqaviy rekordlarni tasdiqlash uchun tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda xalqaro sport tashkilotlariga taqdim etadi;
respublika sport unvonlarini beradi, respublika musobaqalari gʻoliblarini, jismoniy tarbiya va sport xodimlarini, jismoniy tarbiya faollarini, sport klublarini, tashkilotlar va uyushmalarni, jismoniy tarbiya jamoalarini sport medallari, nishonlar, diplomlar, sovrinlar, yorliqlar bilan mukofotlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofotlar taʼsis etish va Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
aholining, jismoniy tarbiya tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning kiyim-bosh, poyabzal, jihozlar va sport anjomlariga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi, ushbu mahsulotlarning, boʻysunishidan qatʼi nazar, respublika korxonalari va tashkilotlarida ishlab chiqarilishini muvofiqlashtiradi, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi tizimi korxonalarida ishlab chiqarilishini tashkil etadi;
tashkilotlar va sportchilarni sport jihozlari, anjomlari, kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash, shuningdek ulardan foydalanish muddatlari normativlarini tasdiqlaydi;
“Oʻzbekyengilsanoat”, “Mahalliy sanoat”, “Oʻzbeksavdo” bilan birgalikda sport buyumlari va turistik tovarlar ishlab chiqarish, ularning turlarini kengaytirish va yangilash, sifatini oshirish masalalari boʻyicha yagona texnika siyosatini oʻtkazadi, Oʻzbekiston Respublikasi sport qoʻmitasiga biriktirilgan sport mahsulotlari va asbob-uskunalarga texnik shartlarni, shuningdek keng koʻlamda ishlab chiqarishga joriy etish uchun ushbu mahsulotlarning namunalari va etalonlarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasining korxonalari va sport inshootlari qurilishini amalga oshiradi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini loyihalash va qurish uchun normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, shuningdek ulardan foydalanish normativlarini tasdiqlaydi;
sport lotereyalarini oʻtkazadi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ularni oʻtkazish shartlarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy taʼlim vazirliklari bilan birgalikda respublikaning jismoniy tarbiya va sport mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi, Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi tizimidagi oʻquv yurtlarida ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni taʼminlaydi, belgilangan tartibda jismoniy tarbiya kadrlarini taqsimlashni amalga oshiradi, jismoniy tarbiya va sport oliy va oʻrta bilim yurtlarida maxsus fanlar boʻyicha oʻquv dasturlarini tasdiqlaydi, bu dasturlarni pedagogika oʻquv yurtlari, pedagogika institutlari va universitetlarning jismoniy tarbiya fakultetlari, shuningdek maktabgacha tarbiya muassasalari, umumtaʼlim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlari uchun kelishib oladi;
jismoniy tarbiya va sportni ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qiladi, belgilangan tartibda gazetalar, jurnallar, jismoniy tarbiya va sport masalalariga oid ilmiy-uslubiy adabiyotlar chiqaradi, bunday adabiyotlar chiqarishning yillik va istiqboldagi prognozlarini ishlab chiqishda qatnashadi, oʻz matbuot organlariga ega boʻladi;
belgilangan tartibda xalqaro sport aloqalari rejalarini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini tashkil etadi, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlarining ushbu masalalar boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi.
10. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi oʻziga qarashli tashkilotlar holatini har tomonlama iqtisodiy tahlil qilishni, ularning pul mablagʻlari hamda moddiy boyliklari saqlanishi ustidan nazoratni, iqtisod qilish, toʻgʻri boshqarish va hisobga olish hamda hisobotning ishonchliligi tartibiga rioya qilinishini, bajarilgan ishlarning holatini tekshirishni taʼminlaydi.
11. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasiga oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish va unga yuklatilgan funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlar beriladi:
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlaridan “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi tasdiqlagan hisobot shakllarida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va tashkilotlarga ularning boshqaruviga taalluqli boʻlgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan alohida muammolarni ishlab chiqishni topshirish;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, shuningdek idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlarining Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ishlarini tekshirish va qoʻmita hayʼati majlislarida mazkur masalalar boʻyicha ularning vakillari axborotlarini tinglash;
jismoniy tarbiya va sportga oid dolzarb masalalarni ishlab chiqishda, tekshirishlarda qatnashish va maslahatlashuvlar oʻtkazish uchun, ularning rahbarlari bilan kelishgan holda, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, shuningdek birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda oʻquv yurtlarining olimlari va mutaxassislarini jalb etish;
muzokaralarda qatnashish hamda respublika Hukumati topshirigʻi boʻyicha davlatlararo jismoniy tarbiya-sport boʻyicha hamkorlik masalalariga oid shartnomalar va bitimlarni imzolash, oʻziga qarashli tashkilotlar, sport federatsiyalari va Milliy Olimpiya qoʻmitasiga xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlar asosida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashish, xorijga ilmiy, trener kadrlar, sportchilarni oʻqish, malaka oshirish va ishlash uchun joʻnatish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyaviy, shu jumladan xorijiy valyutada taʼminlash manbalarini yaratish, xalqaro sport musobaqalari, Osiyo va Olimpiada oʻyinlariga respublikani olib chiqish bilan bogʻliq davlat masalalarini tezkorlik bilan hal etish, Olimpiada, Osiyo oʻyinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida egallangan faxrli oʻrinlar uchun mukofotlar toʻlash, shuningdek Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi tomonidan ilmiy va ekspert ishlarini oʻtkazish uchun jalb etilgan mutaxassislar, shu jumladan chet ellik mutaxassislar mehnatiga belgilangan tartibda haq toʻlash.
12. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi fuqarolarning arizalari, takliflari va shikoyatlari, ularda qoʻyilgan masalalarni toʻgʻri hal etishga erishgan holda, oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini tashkil etadi, shuningdek aholi maktublarida maʼlum qilingan Davlat sport qoʻmitasi tizimidagi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatidagi qonun buzilishlarini, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi.
13. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Rais boshqaradi.
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi raisining tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar va vazifasidan ozod qilinadilar.
Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi raisi:
Davlat sport qoʻmitasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi hamda uning oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi;
qoʻmita raisi oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tuzilmaga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritadi, shtatlar roʻyxatini, xarajatlar smetasini, Davlat sport qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini mukofotlash haqidagi nizomni, shuningdek uning tarkibiy boʻlinmalari haqidagi nizomni tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari va markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining qoʻmita faoliyatining alohida sohalari uchun, shuningdek oʻziga qarashli birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ishi uchun javobgarligi darajasini belgilaydi.
14. Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasida Davlat sport qoʻmitasi raisi (hayʼat raisi), lavozimi boʻyicha qoʻmita raisining oʻrinbosarlari, qoʻmita tizimining, shuningdek vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlarining boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Davlat sport qoʻmitasining hayʼati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat sport qoʻmitasi oʻz majlislarida respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalarini, yuqori organlarga kiritiladigan normativ va boshqa muhim hujjatlar loyihalarini, shuningdek Davlat sport qoʻmitasi qarorlari, buyruqlari, yoʻriqnomalari loyihalarini, ijroni tekshirish, kadrlarni tanlash, tayyorlash, ulardan foydalanish, ularning malakasini oshirish masalalarini koʻrib chiqadi, viloyat sport qoʻmitalari raislarining, qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, qoʻmita tizimidagi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari rahbarlarining hisobotlari va axborotlarini tinglaydi, shuningdek Oʻzbekiston Davlat sport qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Davlat sport qoʻmitasi hayʼatining qarorlari qoida boʻyicha qoʻmita qarorlari va buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
Qoʻmita raisi va hayʼat oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rais oʻz qarorini hayotga tatbiq etaveradi, bunda u mazkur kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qiladi.
Hayʼat tarmoq ishining samaradorligi va uning yakuniy natijalari uchun javob beradi, qarorlar qabul qilishda umumdavlat manfaatlariga amal qiladi.
15. Davlat sport qoʻmitasi qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek oʻziga qarashli birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va oʻquv yurtlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, qarorlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi.
Davlat sport qoʻmitasi oʻz vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalar, shuningdek ularning idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va oʻquv yurtlarining bajarishi majburiy boʻlgan qarorlar, buyruqlar va yoʻriqomalar chiqaradi.
Davlat sport qoʻmitasi zarur hollarda boshqa vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda yoki ular bilan kelishilgan holda qarorlar, buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga oid masalalarni va takliflarni koʻrib chiqish hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning tarmoqlararo boshqarmalari muammolari boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish uchun Davlat sport qoʻmitasiga zarurat boʻlganda taniqli olimlar, yuqori malakali mutaxassislardan, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va tashkilotlar vakillaridan iborat idoralararo komissiyalar, kengashlar va ekspert guruhlari tuziladi.
17. Davlat sport qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi, xodimlari soni va mehnatga haq toʻlash fondi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 5-son, 17-modda)