Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 912-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari oʻrtasida samarali oʻzaro hamkorlikni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarini texnik vositalar bilan jihozlashni takomillashtirish boʻyicha tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarini jihozlash uchun ushbu qarorga 2-ilovada qayd etilgan texnik vositalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va Davlat bojxona qoʻmitasiga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara va bojxona nazoratini tashkil etish toʻgʻrisida” 1999-yil 25-maydagi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-dekabr,
1007-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-dekabrdagi 1007-son qaroriga 1-ILOVA
Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida (keyingi oʻrinlarda oʻtkazish punktlari deb ataladi) chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
oʻtkazish punkti maʼmuriyati — mazkur oʻtkazish punkti biriktirilgan aeroport (aerodrom), daryo bandargohi, temir yoʻl stansiyasi, avtomobil (piyodalar) oʻtkazish punkti rahbariyati;
veterinariya nazorati — odamlar va hayvonlar hayoti hamda salomatligini himoya qilish, hayvonlar kasalliklarining tashuvchilari boʻlishi mumkin predmetlar va tovarlarni, shuningdek, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan davlat veterinariya nazorati obyektlarini nazorat qilish maqsadida chegara nazorati veterinariya punktlari (uchastkalari) tomonidan (keyingi oʻrinlarda davlat veterinariya nazorati punktlari deb ataladi) hayvonlar hamda ulardan olinadigan mahsulotlarga nisbatan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasi (keyingi oʻrinlarda Davlat chegarasi deb ataladi) — Oʻzbekiston Respublikasi hududining (quruqlik, suv, yer osti, samoviy hudud) chegaralarini belgilaydigan liniya va ushbu liniya boʻylab oʻtadigan vertikal yuza;
nazorat tartib-taomillari — davlat nazorati organlari tomonidan Davlat chegaralari orqali oʻtadigan shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
davlat nazorati organlari — shaxslar, transport vositalari, tovarlarni ushbu Nizomga muvofiq Davlat chegarasi orqali oʻtkazishda ishtirok etadigan chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari;
chegara nazorati — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlarining chegara nazorati boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda chegara nazorati boʻlinmalari deb ataladi) tomonidan milliy xavfsizlik manfaatlarini va chegaralar mustahkamligini taʼminlash, Davlat chegarasini va oʻtkazish punktlaridagi rejimni buzish holatlarining oldini olish maqsadida Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan oʻtkazish punktlarida amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
kirish punkti — shaxslar, transport vositalari va tovarlar harakatlanadigan yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishda chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati amalga oshiriladigan dastlabki oʻtkazish punkti;
chiqish punkti — shaxslar, transport vositalari va tovarlar harakatlanadigan yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqishda bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya, chegara va veterinariya nazorati amalga oshiriladigan oxirgi oʻtkazish punkti;
oʻtkazish punkti — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarning chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati amalga oshiriladigan va oʻtkaziladigan xalqaro aloqalar uchun ochiq boʻlgan chegaradosh temir yoʻl stansiyalari va avtomobil yoʻllari, daryo bandargohlari, aeroportlarning (aerodromlar) hududi (hududining bir qismi), shuningdek, boshqa maxsus jihozlangan joy;
oʻtkazish punkti rejimi — oʻtkazish punktlari orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarning kirib kelishi, chiqib ketishi va olib oʻtilishi, shuningdek, uning hududida ishlab chiqarish va tijorat faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydigan qoidalar;
sanitariya-karantin nazorati — oʻtkazish punktlarida hududiy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining sanitariya-karantin boʻlinmalari tomonidan Davlat chegarasi orqali kelgan shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar;
qoʻshma naryad — shaxslar, transport vositalari va tovarlarni birgalikda nazorat qilishga jalb etiladigan davlat nazorati organlari vakillaridan iborat tarkibdagi naryad;
bojxona rasmiylashtiruvi — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona nazoratini taʼminlash uchun bojxona organlari mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalari;
bojxona nazorati — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini taʼminlash uchun bojxona organlari tomonidan, jumladan xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
texnologik sxema — chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini amalga oshirish ketma-ketligini, shu jumladan shaxslar, transport vositalari va tovarlarni koʻrikdan oʻtkazish tartibi, ularning oʻtkazish punkti hududida koʻchish tartibi, tovarlarni va transport vositalarini saqlash, transport vositalarini kuzatib borish tartibini, nazoratda foydalaniladigan shaxsiy tarkibni, maxsus texnika vositalari va xizmat hayvonlaridan foydalanish tartibi, shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasidan oʻtkazishda ishtirok etadigan vazirliklar va idoralarning oʻzaro hamkorlik tartibini belgilaydigan hujjat;
tovar — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan har qanday koʻchar mol-mulk, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qogʻozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk obyektlari, transport vositasi;
transport vositasi — tovarlarni va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan vosita. Transport vositasi har qanday suv kemasi, havo kemasi, avtotransport vositasi, temir yoʻl transport vositasini (temir yoʻlda harakatlanadigan tarkib, temir yoʻlda harakatlanadigan tarkibining bir qismini) yoki konteynerni, shuningdek, ularning konstruksiyasiga muvofiq texnik pasport yoki texnik maʼlumotlarida nazarda tutilgan ehtiyot qismlar, anjomlar va uskunalar, suyuqlik saqlash idishlaridagi yoqilgʻi-moylash materiallari sovituvchi va boshqa texnik suyuqliklarni, agar ular mazkur transport vositalari bilan birga tashilayotgan boʻlsa, oʻz ichiga oladi;
fitosanitariya nazorati — oʻtkazish punktida karantin boʻyicha nazorat qilinadigan tovarlar va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan (tranzit tashiladigan) oʻsimliklarni tekshirishda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspektori tomonidan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar.
2-bob. Davlat chegarasini kesib oʻtishning umumiy qoidalari
3. Davlat chegarasi orqali oʻtadigan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazilishi shart.
Bunda agar mazkur tovarlar va transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli boʻlmasa, ularni fitosanitariya va (yoki) veterinariya nazoratidan oʻtkazish taqiqlanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 787-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2019-y., 09/19/787/3770-son)
Muayyan tur va shakldagi nazoratdan ozod etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
4. Oʻtkazish punktida davlat nazorati organlari shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hududiy organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradilar.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
Har bir muayyan oʻtkazish punktida shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazishning texnologik sxemasi davlat nazorati organlari va oʻtkazish punkti maʼmuriyati rahbarlarining qoʻshma qaroriga binoan joriy etiladi.
Nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishda qurol-yarogʻ va texnika, maxsus texnika vositalari, muhandislik inshootlari, xizmat itlari, shuningdek, inson hayoti va salomatligi, hayvonlar, oʻsimliklar uchun xavfsiz va tovarlar hamda transport vositalariga zarar yetkazmaydigan dezinfeksiya vositalaridan foydalanish mumkin.
5. Chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati davlat nazorati organlarining oʻzaro hamkorligida amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlarida davlat nazorati organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni tashkil etish uchun javobgarlik chegara nazorati boʻlinmasining rahbari zimmasiga yuklanadi.
6. Davlat nazorati organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni tashkil etishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazishda birgalikdagi harakat qilish tartibi va usullarini belgilash;
Davlat chegarasida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilish, chegara va bojxona qonunchiligi buzilishlarini aniqlash va ularning oldini olishga doir kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish;
oʻtkazish punktlarida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish texnologiyalarini takomillashtirish va optimallashtirish;
davlat nazorati organlarining oʻtkazish punktlarida kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelganda kelishilgan holda harakat qilishga doim tayyor turishi;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegaralarini himoya qilish va qoʻriqlash sohasidagi qonun hujjatlarini bajarish boʻyicha davlat nazorat organlari faoliyatini takomillashtirish.
7. Shaxslar, transport vositalari va tovarlar Davlat chegarasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beradigan amaldagi hujjatlar boʻyicha oʻtkaziladi.
Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazish toʻgʻrisidagi yakuniy qaror ular oʻtkazish punktida barcha turdagi nazoratdan oʻtkazilgandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasi tomonidan qabul qilinadi.
Oʻtkazish punktida davlat nazorati organlari shaxslar, transport vositalari va tovarlar barcha turdagi davlat nazoratidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi qayd varaqasidan yoki elektron tizimdan foydalanishi mumkin.
8. Ayrim hollarda, Oʻzbekiston Respublikasiga belgilanmagan hujjatlarsiz, bekor qilingan yoki muddati oʻtgan hujjatlar bilan kirish uchun kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Davlat chegarasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatining ruxsati bilan oʻtkaziladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
9. Davlat chegarasi orqali quyidagilar ustuvor tartibda oʻtkaziladi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalarga muvofiq muayyan imtiyozlarga ega shaxslar, ogʻir bemorlar, homiladorligi va nogironligi yaqqol bilinib turgan shaxslar, 7 yoshgacha boʻlgan bolalar, ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar va ular ketayotgan avtotransport vositalari;
xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni muntazam tashiydigan transport vositalari;
tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot maqsadlari uchun xabarlar va boshqa materiallar;
tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda zarur boʻlgan va insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan tovarlar, boshqa shunday tovarlar, shuningdek, ushbu tovarlar olib oʻtiladigan transport vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladigan tovarlar;
Oʻzbekiston Respublikasining oliy qonunchilik, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlariga yuboriladigan tovarlar.
Baʼzi hollarda shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining qaroriga asosan bojxona organi boshligʻi bilan kelishilgan holda ustuvor tartibda oʻtkazilishi mumkin.
10. Davlat chegarasi orqali oʻtuvchi shaxslar davlat nazorati organi xodimlarining talabiga binoan zarur hujjatlar, bagaj, qoʻl yuki, valyuta qimmatliklarini nazorat va tekshiruvdan oʻtkazish uchun taqdim etadi, nazorat va tekshiruvni oʻtkazishga koʻmaklashadi.
11. Jismoniy shaxslarga oʻtkazish punktida quyidagilar taqiqlanadi:
chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsatisiz foto va videoga suratga olish;
davlat nazorati organlarining nazorat tartib-taomillarini tashkil etishiga xalaqit bersa, mobil va boshqa vositalardan foydalanish;
davlat nazorati organlari xodimlarini nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish boʻyicha belgilangan tartibni buzishga majbur qiladigan harakatlarni sodir etish, shu jumladan ularga biron-bir moddiy qimmatliklar taklif etish;
oʻtkazish punkti hududiga yoki uning xizmat xonalariga belgilangan tartibni buzgan holda kirish;
oʻtkazish punkti hududiga tegishli ruxsatlarsiz qurol-yarogʻ, portlovchi moddalar va atrofdagilar hayoti yoki salomatligiga xavf tugʻdiradigan boshqa predmetlar (moddalar) olib kirish (olib oʻtish).
12. Chegara nazorati va bojxona organlari boʻlinmalari yoʻlovchilarni temir yoʻl yoki aviatsiya transportida xalqaro tashishni amalga oshiradigan yuridik shaxslardan Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan yoʻlovchilarning shaxsiy maʼlumotlarini oldindan oladi.
13. Xalqaro yoʻnalishlar uchun ochilgan avtomobil yoʻllari, temir yoʻllar va aviatsiya oʻtkazish punktlarida yoʻlovchilar va ularning yuklari bojxona nazorati va tekshiruvidan odatda, quyidagi ikki yoʻlakli tizimni belgilangan tartibni qoʻllash orqali oʻtkaziladi:
“yashil” yoʻlak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy;
“qizil” yoʻlak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini, shuningdek, deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy.
Oʻtkazish punktining pasport nazorati zonasi aeroportlar hududiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini rasmiylashtirish uchun moʻljallangan sektorlar va chet el fuqarolarini rasmiylashtirish uchun moʻljallangan sektorlarga ajratilishi mumkin va bu oʻtkazish punktining texnologik sxemasida koʻrsatiladi.
14. Identifikatsiya vositalari buzilishi (plombalar, muhrlar va boshqalar) yoki Davlat chegarasini buzib oʻtuvchi shaxs kontrabanda predmetlarini yoki noqonuniy olib ketilayotgan tovarlarni yashirishi mumkinligini koʻrsatuvchi belgilar aniqlanganda, chegara va nazorat boʻlinmalari rahbarlarining qoʻshma qarori asosida transport vositasi yoxud tovar ochib koʻriladi va koʻrikdan oʻtkaziladi hamda bu haqida belgilangan tartibda dalolatnoma tuziladi.
15. Transport vositalari va tovarlar maxsus jihozlangan joyda qoʻshma naryad tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
Transport vositasi va tovarni koʻrikdan oʻtkazish haqidagi qaror bojxona organi boshligʻi tomonidan chegara nazorati boʻlinmasi rahbari bilan kelishgan holda qabul qilinadi.
16. Transport vositalari va tovarlar texnika xavfsizligiga rioya etilgan holda, tashuvchi vakili yoki transport vositasi haydovchisi (havo, daryo kemasi ekipaji, poyezd brigadasining aʼzosi) ishtirokida koʻrikdan oʻtkaziladi hamda ular bojxona va chegara naryadining talabiga koʻra koʻzdan kechirish qiyin boʻlgan barcha joylarni koʻrsatishi shart.
17. Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtayotgan transport vositalari va tovarlarga nisbatan kirish punktida Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish punktida nazorat qilinadigan identifikatsiya vositalari (plombalar, muhrlar va boshqalar) qoʻllanilishi mumkin.
18. Oʻtkazish punktlarida shaxslar, transport vositalari va tovarlar asossiz ushlab turilishiga, shuningdek, ularga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Mansabdor shaxslar chegara, bojxona, sanitariya karantini, fitosanitariya va veterinariya nazoratini amalga oshirish chogʻida huquqbuzarliklar aniqlanganda, ushbu huquqbuzarliklar izini va obyektlarni saqlash, ushbu holatlarga daxldor shaxslarni qoʻlga olish boʻyicha zarur choralar koʻrishi zarur.
20. Huquqbuzarlar va huquqbuzarliklar sodir etilishiga daxldor boshqa shaxslar, shuningdek, zarur ashyoviy dalillar ushlab turiladi, soʻngra esa tegishliligi boʻyicha chegara yoki bojxona nazorati boʻlinmasiga yoxud ichki ishlar organlari navbatchi qismlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrish uchun olib kelinadi.
21. Davlat nazorati organlari xodimlariga nisbatan huquqbuzarliklar sodir etadigan shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻriladi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining koʻrsatmasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari profilaktika maqsadida emlashlarni oʻtkazishni talab qiladigan mamlakatlarga chiqishda ularda sanitariya-karantin boʻlinmalari xodimlari tomonidan vaksinatsiya va revaksinatsiya toʻgʻrisidagi xalqaro guvohnomalar mavjudligi tekshiriladi.
3-bob. Avtomobil yoʻllari (piyodalar) oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi
1-§. Umumiy qoidalar
23. Davlat chegarasi orqali piyoda oʻtadigan shaxslar, haydovchilar, yoʻlovchilar va avtotransport vositalari oʻtkazish punktlarida chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan oʻtkazish punktining texnologik sxemaga asosan imkoniyatlariga muvofiq miqdorda navbatma-navbat oʻtkaziladi, ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
24. Ushbu Nizomning 15-16-bandlarida nazarda tutilgan holatlarda bojxona organi tomonidan tovarga ilova qilinadigan hujjatlar yoki xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasida Xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasiga (Jeneva, 1975-yil 14-noyabr) muvofiq tegishli yozuvlar qayd etiladi.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish
25. Shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan odatda, quyidagi ketma-ketlikda oʻtkaziladi:
chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslarning Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligi tekshiriladi;
shaxslar, ularning qoʻl yuklari, tovarlar va transport vositalari sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi;
Davlat chegarasi orqali piyoda oʻtadigan shaxslar va yoʻlovchilar qoʻl yuki hamda bagaji bilan birga chegara va bojxona nazoratidan oʻtish uchun zalga oʻtkaziladi;
avtotransport vositasi oʻtkazish punkti hududiga oʻtkaziladi va koʻrikdan oʻtkazish maydonchasiga qoʻyiladi;
haydovchi chegara va bojxona nazoratidan oʻtkaziladi;
haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini amalga oshirish hamda tashilayotgan tovarni rasmiylashtirish uchun tovarga ilova qilingan hujjatlarni taqdim etadi;
chegara va bojxona naryadi tomonidan haydovchidan avtotransport vositasida chegara va bojxona nazoratidan yashiringan shaxslar va tovarlar, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki hududi orqali tranzit tashish taqiqlangan predmetlar bor yoki yoʻqligi soʻraladi va shundan soʻng avtotransport vositasi koʻrikdan oʻtkaziladi;
avtotransport vositasi va unda tashilayotgan tovarlar bojxonada rasmiylashtirilgach, tovarlarga ilova qilingan hujjatlarga bojxona organining tegishli belgilari qoʻyiladi;
barcha turdagi nazorat ishlari nihoyasiga yetganidan soʻng maxsus ajratilgan joydagi yoʻlovchilar qoʻl yuki va bagaji bilan birga avtotransport vositasiga chiqarish uchun kuzatib boriladi, Davlat chegarasidan piyoda oʻtayotgan shaxslar esa oʻtkazish punktidan texnologik sxemaga muvofiq belgilangan yoʻnalish boʻyicha chiqariladi;
chegara nazorati boʻlinmasi tomonidan shaxslar hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun Davlat chegarasini kesib oʻtish toʻgʻrisida chegara belgilari, zarur boʻlganda esa davlat nazorati boshqa organlarining tegishli belgilari bor yoki yoʻqligi tekshiriladi.
26. Transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun vakolatli bankning ayirboshlash shoxobchasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, belgilangan yigʻimlar undiriladi.
27. Chegara va bojxona nazorati jarayonida yoki undan soʻng shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishdan bosh tortgan hollarda, u Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun nazorat tartib-taomillaridan takroran oʻtkaziladi.
Tovar yoki avtotransport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki uning hududi boʻylab tranzit harakatlanishidan bosh tortilgan holatda, mazkur tovar yoki avtotransport vositasi qonun hujjatlariga muvofiq chegaradosh mamlakat hududiga qaytarib yuboriladi.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish
28. Shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan odatda, quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan shaxslarning Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligi tekshiriladi;
avtotransport vositasi undan yoʻlovchilar tushirilgandan soʻng oʻtkazish punkti hududiga oʻtkaziladi va koʻrikdan oʻtkazish maydonchasiga qoʻyiladi;
Davlat chegarasi orqali piyoda oʻtadigan shaxslar va yoʻlovchilar qoʻl yuki hamda bagaji bilan birga chegara va bojxona nazoratidan oʻtish uchun zalga oʻtkaziladi va shundan soʻng Davlat chegarasidan piyoda oʻtayotgan shaxslar oʻtkazish punktidan texnologik sxemaga muvofiq belgilangan yoʻnalish boʻyicha chiqariladi, yoʻlovchilar esa maxsus ajratilgan joyga oʻtadi;
haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini amalga oshirish hamda tashilayotgan tovarni rasmiylashtirish uchun tovarga ilova qilingan hujjatlarni taqdim etadi;
chegara va bojxona naryadi tomonidan haydovchidan avtotransport vositasida chegara va bojxona nazoratidan yashiringan shaxslar va tovarlar, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlangan predmetlar bor yoki yoʻqligi soʻraladi va avtotransport vositasi koʻrikdan oʻtkaziladi;
avtotransport vositasi va unda tashilayotgan tovarlar bojxonada rasmiylashtirilgach, tovarlarga ilova qilingan hujjatlarga bojxona organining tegishli belgilari qoʻyiladi va shundan soʻng haydovchi chegara nazoratidan oʻtadi;
barcha turdagi nazorat ishlari nihoyasiga yetganidan soʻng maxsus ajratilgan joydagi yoʻlovchilar qoʻl yuki va bagaji bilan birga avtotransport vositasiga chiqarish uchun kuzatib boriladi;
chegara nazorati boʻlinmasi tomonidan shaxslar hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketish uchun Davlat chegarasini kesib oʻtish toʻgʻrisida chegara belgilari, zarur boʻlganda esa davlat nazorati boshqa organlarining tegishli belgilari bor yoki yoʻqligi tekshiriladi.
29. Chegara va bojxona nazorati jarayonida yoki undan soʻng shaxs Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishdan bosh tortgan hollarda, u Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarib kiritiladi, uning chiqish haqida qoʻyilgan belgilari bekor qilinadi va undirilgan yigʻimlar qaytarib berilmaydi.
Tovar yoki avtotransport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishdan bosh tortilgan holatda, mazkur tovar yoki avtotransport vositasi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytarib kiritiladi.
4-bob. Temir yoʻl oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi
1-§. Umumiy qoidalar
30. Chegara nazorati boʻlinmasining rahbari poyezd kelishidan oldin oʻtkazish punktida rejim tashkil qiladi.
Davlat nazorati organlari temir yoʻl tarkibining kelishi va ketishi toʻgʻrisidagi axborotni stansiya boʻyicha navbatchidan (dispetcherdan) oladi.
31. Yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki va bagaji, poyezd brigadasi aʼzolari qoʻshma naryad tomonidan oʻtkazish punktida, ayrim hollarda esa harakatlanish yoʻnalishida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi.
Yuk vagonlarida tashiladigan tovarlar bojxona organlari joylashgan joydagi yuklash (tushirish) temir yoʻl stansiyalarida rasmiylashtiriladi.
32. Nazorat tartib-taomillari poyezdlar harakatlanish jadvalida nazarda tutilgan toʻxtab turish vaqti davomida amalga oshiriladi. Temir yoʻl maʼmuriyati davlat nazorati organlariga poyezdlar harakatlanish jadvalidagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida oldindan xabar beradi.
Yuk tashish poyezdining toʻxtab turish vaqti chegara nazorati boʻlinmalari va bojxona organlari tomonidan temir yoʻl maʼmuriyati bilan birgalikda belgilanadi. Oʻtkazish punktlarida yuk va yoʻlovchi tashish poyezdlarini tekshirish tartibi va davomiyligi yuk hamda yoʻlovchi tashish poyezdlarini nazorat qilishning hududiy temir yoʻl boʻlinmalari, chegara nazorati boʻlinmalari va bojxona organlari bilan kelishilgan hamda ular tomonidan tasdiqlangan texnologiya asosida belgilanadi.
Ayrim hollarda, chegara yoki bojxona nazorati boʻlinmalarining buyurtmanomalari boʻyicha tarkiblarni qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazish va poyezdlarni toʻxtatib turish zarurati yuzaga kelganda, poyezdning toʻxtab turish vaqti yuk va yoʻlovchi tashish poyezdlarini nazorat qilish texnologiyasiga binoan belgilangan vaqtdan koʻproqqa uzaytirilishi mumkin.
33. Nazorat tartib-taomillari nihoyasiga yetkazilgandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasining rahbari poyezdni joʻnatish masalasini davlat nazorati boshqa organlarining rahbarlari bilan kelishadi hamda temir yoʻl maʼmuriyatiga poyezdni oʻtkazish punkti hududidan joʻnatish uchun ruxsat beradi.
34. Chegara va bojxona nazorati nihoyasiga yetkazilgach, ichki ishlar organlari xodimlariga temir yoʻl tarkibini kuzatib borishni davom ettirish, yoʻlda jamoat tartibi saqlanishini, yoʻlovchilarning shaxsiy va mulki xavfsizligini taʼminlashga ruxsat etiladi.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish
35. Chegara nazorati boʻlinmasi rahbari chegaradosh davlatning chegara stansiyasidan temir yoʻl tarkibining harakatlanishi toʻgʻrisida stansiya navbatchisidan (dispetcheridan) axborot olgandan soʻng poyezdning kelish vaqtini undan soʻrab aniqlaydi.
36. Temir yoʻl tarkibi Davlat chegarasini kesib oʻtishda chegara naryadi unga chiqishi uchun toʻxtatiladi va naryad tarkibni oʻtkazish punktigacha kuzatib boradi. Davlat chegarasi liniyasida toʻxtash joyi va toʻxtab turish vaqti chegara qoʻshinlari boʻlinmalari tomonidan temir yoʻl maʼmuriyati bilan kelishgan holda belgilanadi.
37. Yoʻlovchilar odatda, vagonlar, lokomotivlar, temir yoʻl vokzali binosida yoki buning uchun maxsus ajratilgan boshqa joylarda chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi.
38. Poyezdlardan yoʻlovchilar tushirilmaydigan oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
qoʻshma naryad ichki ishlar organlari bilan birgalikda oʻtkazish punktida zarur rejim cheklovlari bajarilishini taʼminlaydi;
chegara nazorati boʻlinmasi, bojxona organi va sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati xodimlari temir yoʻl tarkibiga yuboriladi va tekshiruvni amalga oshiradi. Vagonlar kuzatuvchilari sanitariya-karantin boʻlinmalari xodimlariga oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari bor deb gumon qilinayotgan yoʻlovchilar borligi hamda ularning soni haqida axborot beradi. Yoʻlovchilarning hujjatlarini tekshirish, vagonni ichki va tashqi koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek, lokomotivni koʻrikdan oʻtkazish texnologik sxemaga muvofiq turli tartibda amalga oshirilishi mumkin;
qoʻshma naryad vagonda nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishni boshlashdan avval vagon kuzatuvchisidan yoʻlovchilar kupeda oʻz joylarini egallashi va hujjatlari, qoʻl yuklari hamda bagajini tekshirishga tayyorlashi, koʻrish cheklangan sharoitda esa vagondagi qoʻshimcha yoritish chiroqlarini yoqishni talab qiladi (kamida 80 lyuks);
yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuklari va bagaji quyidagi ketma-ketlikda nazoratdan oʻtkaziladi: sanitariya-karantin nazorati, chegara nazorati, bojxona nazorati, fitosanitariya va veterinariya nazorati.
39. Yoʻlovchilar poyezddan tushiriladigan oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillari odatda, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
yoʻlovchilarni kutib oladigan chegara naryadi yoʻlovchilarni perronda kutib turadi va zarur rejim cheklovlari bajarilishini taʼminlaydi;
mashinistlar brigadasi qoʻshma naryad tomonidan lokomotiv kabinasida chegara nazorati va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi;
bojxona naryadi tovarning pochta-bagaj vagonidan tushirilishi va pochta-bagaj boʻlimiga olib borilishini nazorat qiladi;
yoʻlovchilar qoʻl yuki va bagaji bilan va tovarlar poyezddan tushirilgach, transport vositalarini koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha qoʻshma naryad tarkibni yuk hamda yoʻlovchi tashish poyezdlarini nazorat qilish texnologiyasiga muvofiq maxsus ajratilgan joylarda tashqi hamda ichki tomondan koʻrikdan oʻtkazadi;
yoʻlovchilar yoʻlovchilarni kutib oladigan qoʻshma naryad kuzatuvi ostida temir yoʻl vokzalining tegishli zaliga boradi;
yoʻlovchilar sanitariya-karantin nazoratidan oʻtgandan soʻng chegara nazorati liniyasiga oʻtadi. Oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari bor deb gumon qilingan bemor yoʻlovchilar aniqlanganda, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshiriladi;
yoʻlovchilar chegara nazoratidan oʻtish paytida qoʻshma naryad yoʻlovchilar, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va begona shaxslarning hujjatlarni tekshirish liniyasi orqali noqonuniy oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kuzatib turadi;
yoʻlovchilar bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtish paytida veterinariya va fitosanitariya nazoratidan ham oʻtkaziladi;
barcha turdagi nazorat tadbirlari tugagandan soʻng yoʻlovchilar qoʻl yuki va bagaji bilan vokzal binosidan chiqadi;
vokzal zali boʻyicha navbatchi oʻtkazish punktiga begona shaxslar, shu jumladan kutib oluvchilar kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yoʻlovchilarning vokzal binosidan chiqishini nazorat qiladi;
chegara va bojxona nazorati nihoyasiga yetgandan soʻng yoʻlovchilar, perron va vokzal zali qoʻshma naryad tomonidan begona buyumlar va predmetlarni aniqlash uchun koʻzdan kechiriladi.
40. Yuk tashuvchi temir yoʻl tarkibi alohida ishlab chiqilgan texnologik sxema boʻyicha chegara-bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish
41. Yoʻlovchilar poyezdga chiqariladigan oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
chegara va bojxona nazorati boʻlinmalari poyezdning poyezdlar harakatlanish jadvalida belgilangan joʻnab ketish vaqtidan 3 soat oldin chegara va bojxona nazorati liniyasiga oʻtadi, vokzal zalini koʻzdan kechiradi, begona shaxslarni chiqarib yuboradi, buyumlar va predmetlarni olib tashlaydi hamda ish oʻrinlari va maxsus texnika vositalarini ishlashga tayyorlaydi;
yoʻlovchilar nazoratdan va zal boʻyicha navbatchilari tomonidan chiptalar roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng veterinariya va fitosanitariya nazorati, bojxona rasmiylashtiruvi hamda chegara nazoratidan oʻtkaziladi va poyezd kelguniga qadar kutish zaliga yuboriladi;
chegara naryadi chegara nazorati liniyasida yoʻlovchilar, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va begona shaxslarning nazorat liniyasidan noqonuniy oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kuzatib turadi;
zal boʻyicha navbatchi roʻyxatdan oʻtkazish tugagandan soʻng chegara naryadiga roʻyxatga olingan yoʻlovchilar haqida axborot beradi;
chet elga chiquvchi shaxslarning hujjatini tekshirish poyezd joʻnab ketishiga 15 daqiqa qolganda, temir yoʻl maʼmuriyati tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan yoʻlovchilarning barchasi poyezdga chiqarilgandan soʻng yakunlanadi.
transport vositalarini koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha qoʻshma naryad joʻnab ketadigan temir yoʻl tarkibini tashqi va ichki tomondan koʻrikdan oʻtkazadi;
poyezd koʻrikdan oʻtkazilgach, chegara nazorati boʻlinmasining rahbari bojxona organi boshligʻi bilan kelishgan holda, vokzal binosida bojxona rasmiylashtiruvi va chegara nazoratidan oʻtgan yoʻlovchilarga poyezdga chiqish, shuningdek, tovarlarni yuklashga ruxsat beradi;
roʻyxatdan, bojxona rasmiylashtiruvi va chegara nazoratidan oʻtmagan yoʻlovchilarning poyezdga chiqishiga ruxsat etilmaydi;
poyezdlar brigadalarining aʼzolari texnologik sxemaga muvofiq temir yoʻl tarkibi tashkil etiladigan joyda turgan vagonlarda chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi;
yoʻlovchilar vagonlarga chiqarilgach, chegara nazorati boʻlinmasining rahbari bojxona organi boshligʻi va navbatchi dispetcher bilan kelishgan holda, oʻtkazish punkti hududidan poyezdning joʻnashiga ruxsat beradi;
chegara naryadi poyezdning oʻtkazish punkti hududidan joʻnab ketishini nazorat qiladi.
42. Yoʻlovchilar poyezdga chiqarilmaydigan oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
chet elga joʻnab ketayotgan temir yoʻl tarkibining oʻtkazish punktiga kelishidan 20 daqiqa oldin stansiya boʻyicha navbatchi (dispetcher) chegara nazorati, bojxona xizmati boʻlinmalari va ichki ishlar organlariga tegishli axborotni yetkazadi va ular perronga borib, hududni koʻzdan kechiradi, begona shaxslarni chiqarib yuboradi, buyumlar va predmetlarni olib tashlaydi hamda ish oʻrinlari va maxsus texnika vositalarini ishlashga tayyorlaydi;
oʻtkazish punktiga poyezdda kelgan yoʻlovchilar bevosita poyezd vagonlarida chegara va bojxona nazorati (bojxona rasmiylashtiruvi), fitosanitariya hamda veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi;
nazorat tartib-taomillari tugagandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasining rahbari bojxona organi boshligʻi va stansiya boʻyicha navbatchi (dispetcher) bilan kelishgan holda, oʻtkazish punkti hududidan poyezdning joʻnashiga ruxsat beradi;
chegara naryadi temir yoʻl tarkibining oʻtkazish punktidan joʻnab ketishini nazorat qiladi.
5-bob. Aviatsiya oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi
1-§. Umumiy qoidalar
43. Xalqaro parvozlarni amalga oshiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlaridan (aerodromlaridan) uchadigan va qoʻnadigan barcha havo kemalari va harbiy-transport aviatsiyasi chegara hamda bojxona nazoratidan oʻtkaziladi. Xalqaro parvozlarni amalga oshiradigan fuqaro aviatsiyasi havo kemalari epidemik koʻrsatkichlar boʻyicha sanitariya-karantin nazoratidan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlarining jangovar samolyotlari va vertolyotlari chegara nazoratidan oʻtkazilmaydi.
44. Yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki va bagaji aeroport binosidagi kirish (chiqish) punktida, ayrim hollarda esa, parvozlarning kunlik rejasi hamda ular boʻyicha keladigan aniq maʼlumotlar va qoʻshimchalar asosida chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining qaroriga koʻra, havo kemasining bortida (bort ostida) chegara va bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
Bagaj va tovarlar havo kemasi borib qoʻnadigan aeroportda (yoʻlovchining aviachiptasiga yoki tovarning avia yuk xatiga koʻra) yoki ortib joʻnatiladigan aeroportda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
Ekipaj aʼzolari odatda, aeroport binosida, ayrim hollarda havo kemasi bortida (bort ostida) nazoratdan oʻtkaziladi.
Ekipaj aʼzolari oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspektori tomonidan fitosanitariya nazoratidan ham oʻtkaziladi.
45. Havo kemasi yoʻlovchilar undan tushgandan soʻng kirish punktida yoki yoʻlovchilar unga chiqishidan avval chiqish punktida qoʻshma naryad tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
46. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga havo kemalarida bir qancha oraliq qoʻnishlardan soʻng kelgan yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuklari va bagaji havo kemasi borib qoʻnadigan aeroportda (yoʻlovchilarning aviachiptalariga yoki tovarlarning avia yuk xatiga koʻra) chegara va bojxona nazoratidan oʻtkaziladi hamda rasmiylashtiriladi.
Texnik qoʻnishni amalga oshiradigan havo kemalaridan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasiga bir qancha oraliq qoʻnishlardan soʻng keladigan havo kemalari yoʻlovchilar, bagaj va tovarlar tushirilgandan soʻng oxirgi punktda ekipaj aʼzolaridan birining ishtirokida koʻrikdan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan bir qancha oraliq qoʻnishlarni amalga oshiradigan havo kemalarida chiqib ketadigan yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuklari va bagaji, shuningdek, tovarlar joʻnatiladigan aeroportda (yoʻlovchilarning aviachiptalariga yoki tovarlarning avia yuk xatiga koʻra) nazorat tartib-taomillaridan oʻtkaziladi.
Texnik qoʻnishni amalga oshiradigan havo kemalaridan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasidan bir qancha oraliq qoʻnishlarni amalga oshiradigan havo kemalari ularga yoʻlovchilar chiqqunicha, bagaj va tovarlar ortilgunicha dastlabki punktda ekipaj aʼzolaridan birining ishtirokida koʻrikdan oʻtkaziladi.
47. Chet elga ketadigan yoʻlovchilarni havo kemasiga chiqarish va chet eldan keladigan yoʻlovchilarni havo kemasidan tushirish chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsati bilan, chet eldan kelishda esa qoʻshimcha ravishda sanitariya-karantin nazorati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
48. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro parvozlarni amalga oshiradigan va jadvalga koʻra chegara aeroportlarida tijorat qoʻnishlarni bajaradigan havo kemalarida ichki respublika avialiniyalari yoʻlovchilarini tashishga ruxsat etilmaydi.
49. Yoʻlovchilarni havo kemasidan aeroport binosigacha va ortga avtobusda tashishda qoʻshma naryad yoʻlovchilar avtobusga chiqqunicha va undan tushganda soʻng begona shaxslar hamda predmetlarni aniqlash maqsadida avtobusni koʻzdan kechiradi.
50. Chegara naryadlarining bojxona organlari va xalqaro reyslarga xizmat koʻrsatuvchi boshqa xizmatlar bilan oʻzaro hamkorligi parvozlar texnologik sxemasi va rejalariga muvofiq chegara nazorati boʻlinmasining rahbari tomonidan tashkil etiladi.
51. Bemor yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha zarur xizmatlar aeroport maʼmuriyati tomonidan koʻrsatiladi.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish
52. Chegara nazorati va bojxona organi boʻlinmalari aeroport dispetcheridan havo kemasi uchishi toʻgʻrisida uning belgilangan manzilga borib qoʻnishi uchun hisoblangan vaqt va undagi yoʻlovchilar soni va boshqa yuklar miqdori, bemorlar, deportatsiya qilingan yoʻlovchilar bor-yoʻqligi haqida maʼlumotlar koʻrsatilgan axborotni oladi.
Tashishlarni tashkil etish xizmati (keyingi oʻrinlarda TTX deb ataladi) dispetcheri bir vaqtning oʻzida ushbu axborotni boshqa manfaatdor xizmatlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik boʻlimi xodimlariga havo kemasi kelishidan bir soat oldin yetkazadi. VIP (SIP) zali xodimlari davlat nazorati organlariga VIP (SIP) zali orqali xizmat koʻrsatiladigan yoʻlovchilar borligi toʻgʻrisida oldindan maʼlum qiladi.
53. Havo kemasi kelib qoʻnishidan 10 daqiqa avval chegara nazorati boʻlinmasi havo kemalari turadigan tegishli joyda, shuningdek, davlat nazorati boshqa organlarining xodimlari bilan birgalikda aeroportning yoʻlovchilar oʻtishi yoʻnalishi boʻyicha xalqaro sektorida zarur rejimni oʻrnatadi.
54. Havo kemasi ajratilgan joyga kelib toʻxtagach, chegara nazorati boʻlinmasi rahbari sanitariya-karantin nazorati, bojxona naryadi va aeroport TTX xodimi bilan kelishgan holda havo kemasidan yoʻlovchilarning tushishiga, shuningdek, bagaj va yuklarni tushirishga ruxsat beradi.
Chegara nazorati boʻlinmasi bojxona organi bilan birgalikda videokuzatuv tizimi imkoniyatlaridan foydalangan holda yoʻlovchilarni, shu jumladan havo kemasini yer usti texnik xizmatiga topshirishda ishtirok etmaydigan ekipaj aʼzolari va ularning bagaji aeroport binosiga yetkazilishini nazorat qiladi. Bojxona naryadi tovarlarni tushirish va ularning aeroport (aerodrom) omboriga yetkazilishini nazorat qiladi.
55. Qoʻshma naryad kelib qoʻngan havo kemasini aviatexnik yoki ekipaj aʼzosi ishtirokida koʻzdan kechiradi, ekipaj aʼzolarining qoʻl yuki va bagaji tushirilishini nazorat qiladi, ushbu Nizomning 82-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
56. Havo kemasida kelgan yoʻlovchilar rasmiylashtirish zaliga oʻtadi va bu yerda quyidagi nazorat tartib-taomillaridan oʻtkaziladi:
sanitariya-karantin nazorati;
chegara (pasport) nazorati;
bojxona nazorati (bojxona rasmiylashtiruvi);
fitosanitariya nazorati;
veterinariya nazorati.
Bunda chegara naryadi kelgan yoʻlovchilarning rasmiylashtirish zaliga texnologik sxemaga koʻra belgilangan yoʻnalish boʻyicha oʻtishini nazorat qiladi.
57. Oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari bor deb gumon qilingan yoʻlovchilar aniqlanganda, epidemiyaga qarshi tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
58. Yoʻlovchilar chegara (pasport) nazoratidan oʻtkazilayotganda ularning Oʻzbekiston Respublikasiga kirish huquqini beradigan hujjatlari tekshiriladi.
TTX vakili vizasiz kelgan chet el fuqarolariga viza bilan bogʻliq rasmiyatchiliklarni bajarish uchun konsullik boʻlimi xodimiga murojaat qilish kerakligi haqida maʼlum qiladi.
Viza berish rad etilganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish taqiqlangan holatlarda chegara nazorati boʻlinmalari xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritish rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqida tuzilgan dalolatnoma asosida TTX xodimlari yoʻlovchini qaytib ketishini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining vizalari chet el fuqarolari orasidan ayrim yoʻlovchilarga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga berilgan holatlarda, bunday yoʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish imkoniyatiga ega boʻladi.
59. Kirish taqiqlangan shaxslarni havo kemasining uchishini kutish vaqtida oziq-ovqat bilan taʼminlash chegara nazorati boʻlinmasi xodimining buyurtmanomasi boʻyicha aeroport maʼmuriyati tomonidan tashkil etiladi.
60. Qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli davlat organlari chet el fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidan deportatsiya qilinishini (chiqarib yuborish) tashkil etish bilan shugʻullanadi.
61. Tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga deportatsiya qilingan shaxslarni quyidagi hollarda tashishni rad etish huquqiga ega:
deportatsiya toʻgʻrisida qaror nusxasi boʻlmaganda:
soʻnggi manzilgacha aviachipta boʻlmaganda;
tegishli ravishda rasmiylashtirilgan harakatlanish hujjatlari boʻlmaganda;
deportatsiya qilinadigan shaxs parvozlar xavfsizligiga xavf tugʻdirsa.
62. Chegara nazoratidan oʻtib, oʻz bagajini olgan yoʻlovchilar bojxona nazorati zonasiga oʻtadi.
63. Kelgan yoʻlovchilar rasmiylashtirish zalidan chiqishda bagajini olgandan soʻng ularning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtish umumiy vaqti yoʻlovchilar sonidan qatʼiy nazar, bojxona nazorati liniyasiga kelgunga qadar bir soatdan oshmasligi darkor.
64. Davlat nazoratining har bir organi tegishli turdagi nazorat tugagach, oʻzlari masʼul boʻlgan zonadagi yoʻlovchilar oʻtish yoʻnalishi boʻyicha zallar va binolarni begona shaxslar, buyumlar va predmetlar bor-yoʻqligini aniqlash uchun koʻzdan kechiradi.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish
65. Chegara nazorati boʻlinmasi, bojxona organi va davlat nazorati boshqa organlari rahbarlariga havo kemasi uchib ketishidan 3 soat avval aeroport dispetcheri ovozni kuchaytirish aloqasi orqali havo kemasining uchib ketish, roʻyxatdan oʻtkazishning boshlanishi, yoʻlovchilar soni va toifasi, havo kemasining turi haqida maʼlum qiladi.
66. Qoʻshma naryad havo kemasining turiga qarab, yoʻlovchi tashish havo kemasi uchib ketishidan 1,-2,5 soat (yuk tashuvchi havo kemasi — 45 daqiqa) qolganda tegishli turish joyiga keladi va bu yerda zarur rejimni oʻrnatadi.
67. Aeroport TTX dispetcheri roʻyxatdan oʻtkazish tugagach, tegishli xizmatlarga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoʻlovchilar haqida maʼlum qiladi va ularning sonini solishtirib chiqadi.
68. Bojxona organi xodimlari xalqaro reyslarda parvoz qiladigan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni havo kemasining eʼlon qilingan uchish vaqtidan 3 soat avval boshlaydi va ketishiga 35 daqiqa qolganda yakunlaydi.
69. Chegara nazorati boʻlinmasi ketuvchi yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni havo kemasi ketishidan 3 soat avval boshlaydi va 30 daqiqa qolganda yakunlaydi.
Chegara nazorati xodimlari yoʻlovchini (yoʻlovchilarni) parvozdan chetlashtirganda yoki buning uchun sabab yuzaga kelganda (vaziyat aniqlanguniga qadar), ular ushbu yoʻlovchi (yoʻlovchilar) haqidagi maʼlumotlarni uning bagaji bor-yoʻqligini aniqlash hamda uni reysdan tushirib qolish uchun TTX agentiga oʻz vaqtida xabar beradi.
70. Aviatsiya xavfsizligini tekshirish xizmati (keyingi oʻrinlarda AXTX deb ataladi) xodimlari xalqaro reyslarda parvoz qiladigan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni havo kemasining eʼlon qilingan uchish vaqtidan 3 soat avval boshlaydi va ketishiga 35 daqiqa qolganda yakunlaydi.
71. Yoʻlovchilar rasmiylashtirishdan quyidagi tartibda oʻtadi:
aviachipta, qoʻl yuki va bagajni roʻyxatga olish;
veterinariya va fitosanitariya nazorati;
bojxona nazorati (bojxona rasmiylashtiruvi);
chegara (pasport) nazorati;
aviatsiya xavfsizligini tekshirish.
72. Nazorat tartib-taomillari nihoyasiga yetgandan soʻng yoʻlovchilar kutish zaliga oʻtkaziladi va havo kemasiga chiqqunicha shu yerda boʻladi.
Roʻyxatdan, bojxona va chegara nazoratidan, shuningdek, aviatsiya xavfsizligi tekshiruvidan oʻtkazilmagan yoʻlovchilarning parvoz qilishiga ruxsat etilmaydi.
73. Chegara nazorati boʻlinmasi bojxona organi, aviatsiya xavfsizligi xizmatining nazoratchisi bilan birgalikda uchib ketadigan havo kemasini aviatexnik yoki ekipaj aʼzosining ishtirokida koʻzdan kechiradi hamda bortga oziq-ovqat, ekipajning qolgan aʼzolari qoʻl yuki va bagaji yuklanishini nazorat qiladi.
74. TTX dispetcheri havo kemasining uchib ketishidan 50 daqiqa avval chegara nazorati boʻlinmasidan havo kemasi bortida nazorat tartib-taomillari nihoyasiga yetkazilgani toʻgʻrisida axborot oladi va TTX agentlari bilan birgalikda yoʻlovchilar avtobuslarga chiqarilishi, ularning samolyotga kuzatib borilishi va bagajning AXTX, chegara nazorati va bojxona organi xodimlari nazoratida yuklanishini tashkil etadi.
75. Havo kemasi koʻzdan kechirilib, barcha yer usti xizmatlari ishlari nihoyasiga yetkazilgandan soʻng chegara naryadi bu haqida aeroport dispetcherga xabar qiladi va AXTX, bojxona organi boʻlinmasi bilan kelishgan holda havo kemasiga ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar chiqarilishi hamda bagajni yuklashga ruxsat beradi.
Bagaj va paketlashtirish vositalari AXTX, chegara nazorati boʻlinmasi va bojxona organi xodimi ishtirokida yuklanadi va parvozdan 25 daqiqa oldin yakunlanadi.
TTX agentlari katta bort kuzatuvchisi, chegara nazorati boʻlinmasi va bojxona organi xodimlari bilan kelishgan holda, yoʻlovchilarni samolyotga chiqishga taklif etadi va chegara nazorati hamda aviatsiya xavfsizligi tekshiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisida muhr bosilgan chiqish talonini koʻrsatishni soʻraydi. Chiqish talonining bir qismi yirtib olinadi va havo kemasiga chiqish oldidan olib qoʻyiladi. Yoʻlovchilarni havo kemasiga chiqarish uchib ketishga 20 daqiqa qolganda tugashi kerak.
76. Havo kemasiga chiqarish nihoyasiga yetgandan soʻng chegara naryadi bortdagi yoʻlovchilarni chegara nazoratidan oʻtgan yoʻlovchilar soni bilan solishtiradi.
77. TTX agenti dispetcherga samolyotga chiqish yakunlangani va undagi yoʻlovchilar soni haqida maʼlum qiladi. Chegara nazorati boʻlinmasi xodimining ruxsat bilan trapni olishga koʻrsatma beradi va uni olish vaqti haqida maʼlum qiladi. Samolyotdan trap olingach, yoʻlovchilarni unga har qanday chiqarish va tovarlarni ortish chegara nazorati boʻlinmasi, AXTX va bojxona organining ruxsatisiz qatʼiyan man etiladi.
78. Chegara naryadi chegara nazoratidan oʻtgan barcha shaxslar havo kemasi bortida ekanligiga ishonch hosil qilgach, Boshqarish xizmati dispetcheriga dvigatellarni ishga tushirish va samolyotning uchishiga ruxsat beradi.
Chegara naryadi samolyotni uning aeroport hududidan uchib ketguniga qadar kuzatib turadi.
79. Qoʻshma naryad aviatsiya xavfsizligini tekshirish, chegara nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi tugagandan soʻng yoʻlovchilar oʻtish yoʻnalishi boʻyicha zallar va binolarni begona shaxslar, buyumlar va predmetlar bor-yoʻqligini aniqlash uchun koʻzdan kechiradi.
4-§. Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtish
80. Havo kemasi qoʻnishidan bir soat avval chegara nazorati boʻlinmasi rahbari aeroport dispetcheridan transfer yoʻlovchilar sonini aniqlaydi va davlat nazorati organlari oʻrtasida hamkorlikni tashkil qiladi.
Havo kemasi kelib qoʻngach, transfer yoʻlovchilar odatda aviatsiya xavfsizligi tekshiruvidan oʻtgandan soʻng TTX agentligi hamrohligida transfer zalga oʻtadi.
81. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro havo qatnovlari uchun ochiq aeroportlarida (aerodromlarida) texnik qoʻnishlarni amalga oshiradigan havo kemalari, ularning ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilari ushbu havo kemalari aeroportda (aerodromda) boʻlgan vaqt davomida chegara va bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
82. Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarida (aerodromlarida) qisqa (3 soatgacha) texnik qoʻnishlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit parvozlarni amalga oshiradigan havo kemalari, ularning ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilari odatda, chegara va bojxona nazoratidan oʻtkazilmaydi. Chegara nazorati boʻlinmalari bunday havo kemalari va ularning yoʻlovchilari aeroportda (aerodromda) boʻlgan vaqt davomida ularni kuzatib turadi.
83. Havo kemasi bir samolyotdan ikkinchisiga oʻtiladigan, majburan qoʻnish amalga oshirilgan aeroportlarda (aerodromlarda) uchib ketish uchun uzoq vaqt ushlanib qolgan hollarda (3 soatdan ortiq), tranzit yoʻlovchilar chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsati bilan qoʻl yuklari chegara hamda bojxona nazoratidan oʻtkazilgandan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy boʻlinmalari bilan kelishilgan holda aeroport mehmonxonasiga yoki boshqa mehmonxonalarga joylashtirilishi mumkin. Bunda bunday yoʻlovchilar bagaji odatda, havo kemasida qoladi. Yoʻlovchilar mehmonxonaga va qaytarib aeroportga aeroport maʼmuriyati tomonidan chegara nazorati boʻlinmasi bilan kelishilgan holda olib boriladi. Ushbu yoʻlovchilar havo kemasiga chiqarilishdan avval soddalashtirilgan chegara-bojxona nazorati (vizual tekshiruv)dan oʻtkaziladi.
(83-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
84. Qoʻshma naryad aeroportning yoʻlovchilar oʻtish yoʻnalishi boʻyicha zallari va binolarini begona shaxslar, buyumlar va predmetlar bor-yoʻqligini aniqlash uchun koʻzdan kechiradi.
85. Tranzit yoʻlovchilar parvozni davom ettirishdan bosh tortganda, ushbu toifadagi shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun nazarda tutilgan tartib-taomillardan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
86. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun nazorat tartib-taomillaridan oʻtgan transfer yoʻlovchilar parvozni davom ettirmoqchi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun nazarda tutilgan tartib-taomillardan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
6-bob. Daryo oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi
1-§. Umumiy qoidalar
87. Oʻzbekiston Respublikasi bandargohlariga chet eldan kelgan yoki ushbu bandargohlardan chet elga ketadigan kemalar va suzadigan vositalar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet el bandargohlariga kirmasdan suzadigan kemalarini koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror ular oʻtkazish punktiga kelgandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasi va bojxona organi rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Ekipaj aʼzolari kema bortida, yoʻlovchilar esa odatda, bandargohning maxsus ajratilgan binosida chegara va bojxona nazoratidan oʻtkaziladi hamda rasmiylashtiriladi.
88. Chet elga ketadigan kema va suzadigan vositani chegara va bojxona nazoratidan oʻtkazishdan avval ulardan begona shaxslar tushirib yuborilishi, ekipaj aʼzolari esa kema bortida qolishlari lozim.
Koʻrikdan oʻtkazishni boshlashdan avval qoʻshma naryad kema kapitanidan yopiq inshootlarda zaharli moddalar bor yoki yoʻqligini soʻrab aniqlab oladi. Koʻrikdan oʻtkaziladigan barcha inshootlarga koʻzdan kechirish guruhiga hamrohlik qiladigan kema ekipaji aʼzolari birinchi boʻlib kirishi va ulardan oxirgi boʻlib chiqishi kerak.
89. Chet elga suzadigan kemalarda tashiladigan lixtyerlar, vagonlar, avtomashinalar, konteynyerlar va tovarlar kemaga, suzadigan vositaga yuklashdan oldin yoki tushirilgandan soʻng koʻrikdan oʻtkaziladi.
90. Chegara nazorati boʻlinmasi chet elga suzadigan kemalar turadigan joydagi oʻtkazish punktidagi rejimni, shuningdek, ularda vaxta xizmati olib borilishini nazorat qiladi.
Qoʻshma naryad aʼzolari koʻrikdan oʻtkazish ishlarini nihoyasiga yetkazgach, chegara naryadi boshligʻining ruxsati bilan kemani tark etishi mumkin.
91. Shatakka olinadigan bir qancha kemalarida nazorat tartib-taomillari ketma-ketlikda amalga oshiriladi, yaʼni oxirgi barjadan boshlanib, buksir teploxodida nihoyasiga yetkaziladi.
92. Kemalar kapitanlari chegara va bojxona nazorati boʻlinmalarini bandargoh maʼmuriyati orqali kemaning chet elga chiqishga tayyor ekanligi haqida xabardor qiladi.
93. Kema oʻtkazish punkti prichalidan chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsati bilan joʻnaydi.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish
94. Davlat nazoratining navbatchi organlari chet elga suzadigan kemaning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kelishi haqidagi axborotni bandargoh daryo flotining dispetcher xizmatidan kunlik buyurtmanoma boʻyicha oladi.
Daryo kemasi kelishidan 30 daqiqa oldin qoʻshma naryad prichalga borib, uni va tutash hududlarni koʻzdan kechiradi, begona shaxslarni chiqarib yuboradi va kelgan kemani kuzatishni tashkil qiladi.
95. Qoʻshma naryad kema bortiga koʻtariladi.
Chegara naryadi kema ekipaji aʼzolari va yoʻlovchilarining sonini aniqlaydi, kema kitobida kema ekipaj tomonidan koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni tekshiradi, kema kapitanidan unda Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beradigan hujjatlari boʻlmagan shaxslar, kema roliga kiritilmagan ekipaj aʼzolari, shuningdek, yopiq inshootlarda zaharli moddalar bor yoki yoʻqligini soʻrab aniqlaydi, soʻngra kema jamoasi va ekipaj aʼzolarining hujjatlarini tekshiradi.
96. Qoʻshma naryad kema jamoasi aʼzolari ishtirokida kemaning tumshuq va quyruq qismi, shkiper ustki qavati, tovarlarni koʻrikdan oʻtkazadi.
Koʻrikdan oʻtkaziladigan barcha inshootlarga koʻrikdan oʻtkazish guruhiga hamrohlik qiladigan kema ekipaji aʼzolari birinchi boʻlib kirishi va ulardan oxirgi boʻlib chiqishi kerak.
97. Kema umumiy koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsati bilan lixtyerlar, vagonlar, avtomobillar, konteynyerlar, katta hajmli va boshqa tovarlarni tushirishga ruxsat etiladi.
98. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga barjalar bilan kelgan va chet elga tez ketadigan teploxodlar koʻrikdan oʻtkazilmaydi. Teploxodlarning prichalda turish vaqtida ular kuzatuvda boʻladi.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish
99. Davlat nazorati organlari kemaning chet elga ketish vaqti toʻgʻrisidagi axborotni daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcherdan qoʻshma naryad toʻplanishidan 30 daqiqa avval oladi.
100. Qoʻshma naryad kema turadigan joyga kelib, prichal va unga tutash joylarni koʻzdan kechiradi, barcha begona shaxslarni chiqarib yuboradi va kema hamda atrof kuzatilishini tashkil qiladi.
101. Daryo kemasini chegara-bojxona nazoratidan oʻtkazadigan qoʻshma naryad:
Chegara naryadi kema ekipaji aʼzolari va yoʻlovchilarining sonini aniqlaydi, kema kitobida kema ekipaj tomonidan koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni tekshiradi, kema kapitanidan unda Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beradigan hujjatlari boʻlmagan shaxslar, kema roliga kiritilmagan ekipaj aʼzolari, shuningdek, yopiq inshootlarda zaharli moddalar bor yoki yoʻqligini soʻrab aniqlaydi, soʻngra kema jamoasi va ekipaj aʼzolarining hujjatlarini tekshiradi.
102. Qoʻshma naryad kema jamoasi aʼzolari ishtirokida kemaning tumshuq va quyruq qismi, shkiper ustki qavati, tovarlarni koʻrikdan oʻtkazadi.
Koʻrikdan oʻtkaziladigan barcha inshootlarga koʻrikdan oʻtkazish guruhiga hamrohlik qiladigan kema ekipaji aʼzolari birinchi boʻlib kirishi va ulardan oxirgi boʻlib chiqishi kerak.
103. Kemadagi katta hajmli tovarlarni koʻrikdan oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganda, ular kemaga yuklanayotganda buning uchun maxsus tayinlangan chegara va bojxona naryadi tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
104. Kema umumiy koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng chegara nazorati boʻlinmasi rahbarining ruxsati bilan lixtyerlar, vagonlar, avtomobillar, konteynyerlar, katta hajmli va boshqa tovarlarni tushirishga ruxsat etiladi.
105. Kemani koʻrikdan oʻtkazish va qoʻshma naryad ishlari nihoyasiga yetkazilgach, chegara naryadi boshligʻi kemaning chet elga joʻnab ketishiga ruxsat beradi.
106. Chegara naryadi kemaning qirgʻoqdan chiqib, prichaldan kamida 100 metr masofagacha uzoqlashishini kuzatib turadi.
7-bob. Oʻtkazish punktlarida davlat nazorati organlarining huquqlari va majburiyatlari
1-§. Chegara nazorati
107. Chegara nazorati boʻlinmasi oʻtkazish punktida tezkor xizmat faoliyatini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarning ular shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, ularga tegishli belgilar qoʻyish va zarur boʻlganda, ushbu hujjatlarni vaqtincha olib qoʻyish, tegishli hujjatlari boʻlmagan shaxslarni ular Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirmagunicha yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda boʻlgan davrda hujjatlari yoʻqotgan holatlari va ularning shaxsi aniqlanguniga qadar Davlat chegarasidan oʻtkazilmaslik;
zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida savollar berish, Davlat chegarasini buzish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq hibsga olish, koʻrikdan oʻtkazish (koʻzdan kechirish) va boshqa shoshilinch protsessual harakatlarni amalga oshirish;
Davlat chegarasi, oʻtkazish punktlaridagi rejim va Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan shaxslarni dalolatnomalar tuzish uchun uch soatgacha, zarur boʻlganda shaxsni aniqlash va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun hibsga olingan paytdan boshlab, 24 soat ichida prokuratura organlarini xabardor qilgan holda uch kungacha yoki huquqbuzarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmasa, prokurorning sanksiyasi bilan oʻn kungacha maʼmuriy hibsga olish;
chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan ularni prokurorning sanksiyasi bilan chegaradosh davlat chegara hokimiyatiga topshirish yoki respublika tashqarisiga chiqarib yuborish toʻgʻrisida qaror belgilangan tartibda qabul qilinmasa, ushbu shaxslarni topshirish yoxud chiqarib yuborish uchun zarur vaqtga hibsga olish;
Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish, Davlat chegarasi rejimi, chegara rejimi, boʻlish rejimi yoki oʻtkazish punktlaridagi rejimni buzish holatlarini, shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardagi xatoliklarni aniqlash uchun ushbu shaxslarni oʻtkazish punktiga taklif qilish;
bojxona organlari boʻlmagan oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslar olib oʻtadigan bosma nashr asarlari, klishelar, qoʻlyozmalar, hujjatlar, video va audioyozuvli materiallar, foto-kinomateriallar, elektron axborot manbalari, boshqa bosma va tasviriy mahsulotlarni tekshirish, zarur hollarda esa yuqorida qayd etilgan materiallarni tekshirish uchun ushlab turish hamda ulardan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki undan olib chiqish mumkin boʻlmaganlarini olib qoʻyish;
Davlat chegarasidan oʻtayotgan transport vositalari va tovarlarni belgilangan tartibda mustaqil yoki bojxona organlari bilan birgalikda tekshirish, transport vositalarini chegara naryadlari tomonidan kuzatib borish, zarur hollarda, chunonchi, huquqbuzarliklar gumon qilinganda bojxona organlari orqali transport tashkilotlari mansabdor shaxslaridan koʻrikdan oʻtkazish ishlarini amalga oshirish uchun plombalangan vagonlar, avtomobillar, konteynyerlar, tryumlar va transport vositalarining boshqa joylarini ochish;
Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan va Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki undan olib chiqish taqiqlangan predmetlarni belgilangan tartibda olib qoʻyish;
oʻtkazish punktlarida chegara va bojxona nazoratini amalga oshirish uchun binolar va boshqa joylarni belgilash, shuningdek, bu joylardan begona shaxslar foydalanishi va Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtishning oldini olish maqsadida ularda qoʻshimcha rejim qoidalarini oʻrnatish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va holatlarda qurol-yarogʻ, jangovar texnika, maxsus texnika vositalari, xizmat itlari va jismoniy taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash;
manfaatdor korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan birgalikda chet elga ketayotgan transport vositalarining oʻtkazish punktlarida toʻxtash joylari va vaqtini aniqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki suvlarida suzish va boʻlishda, shuningdek, respublika bandargohlarida turishda huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan xorijiy noharbiy kemalar ekipaj aʼzolari va ulardagi boshqa shaxslarning qirgʻoqqa tushishi va boʻlishini man etish;
daryo kemalaridan jinoyat sodir etgan va qonunchilikka binoan jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslarni, agarda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, tushirib qolish va hibsga olish, dastlabki tergov organlariga topshirish;
chegaradosh mamlakatlar va boshqa davlatlarning chegara nazorati boʻlinmalari bilan belgilangan tartibda aloqa oʻrnatish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
Chegara nazorati boʻlinmasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
108. Chegara nazorati boʻlinmasi oʻtkazish punktida xizmat faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga jangovar guruhlar va jangarilarning qurolli hujumini qaytarish, oʻtkazish punktlarida qurolli va boshqa fitnalarning oldini olish, qayd etilgan jinoiy tajovuzlardan aholini, davlat va fuqarolarning shaxsiy mulkini himoya qilish;
tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjud boʻlganda, shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish;
oʻtkazish punktlarida shaxslar va transport vositalarining Davlat chegarasini noqonuniy usullar orqali kesib oʻtishining oldini olish va yoʻl qoʻymaslik;
Davlat chegarasini, oʻtkazish punktlaridagi rejim va Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan shaxslarni aniqlash va hibsga olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi organlari bilan birgalikda Davlat chegarasi orqali kontrabanda predmetlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki undan olib chiqish taqiqlangan predmetlar olib oʻtilishining oldini olish;
mustaqil yoki aeroportlar (aerodromlar), temir yoʻl stansiyalari, daryo bandargohlari maʼmuriyatlari bilan birgalikda oʻtkazish punktlarida belgilangan rejimga rioya etilishini nazorat qilish;
qonunchilikka binoan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki undan chiqish huquqlari cheklangan shaxslarni nazorat qilish;
oʻtkazish punktlarida maxsus vakolatli davlat organlariga tabiiy muhitni ifloslanishdan himoya qilish borasida koʻmaklashish.
Chegara nazorati boʻlinmalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham amalga oshiradi.
2-§. Bojxona nazorati
109. Bojxona organi oʻz vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
yuridik va jismoniy shaxslardan tovarlar va transport vositalarini, shuningdek, zarur hujjatlarni koʻzdan kechirish uchun taqdim etish;
tovarlar va transport vositalarini, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jismoniy shaxslarni shaxsan tekshirish;
valyuta nazoratini amalga oshirish;
bojxona nazorati uchun tovarlar va boshqa predmetlardan namuna olish;
bojxona nazoratidan oʻtkaziladigan tovarlar turadigan hududlar va inshootlardan belgilangan tartibda foydalanish;
bojxona qonunchiligi buzilishlari haqidagi materiallarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish, jismoniy va yuridik shaxslarni qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka tortish;
qonun hujjatlari bilan belgilangan holatlarda va tartibda bevosita bojxona huquqbuzarligi predmetlari boʻlgan tovarlar va transport vositalarini toʻxtatib turish va musodara qilish;
dastlabki tergov oʻtkazish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
bojxona huquqbuzarliklarini aniqlashda texnik va maxsus vositalarini qoʻllash.
Bojxona organi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
110. Bojxona organi oʻtkazish punktida faoliyat yuritishda quyidagilarga majbur:
yagona davlat bojxona siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
bojxona qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish;
davlat xavfsizligi, jamoat tartibini, fuqarolar hayoti va salomatligini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
yuridik va jismoniy shaxslarni tovarlar va transport vositalari oʻtkazish hamda bojxona chegarasini kesib oʻtishda oʻz huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqi uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish.
Bojxona organi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham amalga oshiradi.
3-§. Sanitariya-karantin nazorati
111. Sanitariya-karantin boʻlinmasi oʻtkazish punktida faoliyat yuritishda quyidagi huquqlarga ega:
epimedemiyaga qarshi kompleks tadbirlar, shaxslarni epidemik koʻrsatkichlar boʻyicha tibbiy-sanitariya koʻrigidan oʻtkazish, transport vositalari va tovarlarni tekshirish;
transport vositasida oʻta xavfli va xalqaro xavf tugʻdiradigan boshqa yuqumli kasalliklari bor deb gumon qilingan shaxslarni aniqlash, klinik va bakteriologik tashxis qoʻyilguniga qadar epidemiyaga qarshi birlamchi tadbirlar tashkil etish;
Davlat chegarasini kesib oʻtadigan har qanday transport vositasida epidemiologik xavf darajasini baholash;
havo kemalari komandirlari, poyezdlar brigadirlari, daryo kemalari kapitanlari, avtotransport vositalari egalaridan (haydovchilari) yoʻlovchilar orasida yuqumli kasalliklari va kemiruvchilar oʻlat kasalligi bor deb gumon qilingan bemorlarni aniqlash toʻgʻrisida bandargohlar, aeroportlar, temir yoʻl stansiyalarining yuqori maʼmuriyatlariga zudlik bilan xabar berish;
yuqumli kasalliklarga gumon paydo boʻlganda, transport vositalari va oʻtkazish punktlari inshootlarida yuqumli va parazitar kasalliklar, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati hududiy markazlarining epidemiyaga qarshi rejalari va klinik belgilarga ega bemorlar aniqlanganda tezkor rejaga muvofiq epidemiyaga qarshi zarur tadbirlarni tashkil qilish;
davlat nazorati boshqa organlari xodimlaridan turli nazorat bosqichlarida aniqlangan yuqumli kasalliklar simptomlari bor bemorlar toʻgʻrisida zudlik xabar berishni talab qilish;
aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasida kasalliklar kirib kelishi va favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishining real xavfi mavjud boʻlganda, kelgan har qanday transport vositasi, tovarlar va yuklar, shuningdek, xalqaro reys bilan kelgan har qanday shaxsni sanitariya (tibbiy) nazoratdan oʻtkazish;
transport vositalari quyidagi hollarda nazoratdan oʻtkaziladi:
– oʻtkazish punkti maʼmuriyati, daryo kemalari kapitanlari, havo kemalari komandirlari, poyezdlar brigadirlari, avtotransport vositalari egalaridan (haydovchilaridan) yuqumli kasalliklar (bezgak (tana harorati 38°S va undan yuqori), ish ketish, qayt qilish, toshma, limfa tugunlari kattalashishi, sariq kasallik, qon quyilishi va qon ketishi), simptomlari boʻlgan bemorlar borligi toʻgʻrisida axborot kelib tushganda. Ushbu axborot daryo kemalari kapitanlari va havo kemalari komandirlari tomonidan oʻtkazish punktiga kelishdan 30 daqiqa oldin, poyezdlar brigadirlari avtotransport vositalari egalari (haydovchilari) tomonidan oʻtkazish punktiga kelganda aloqa vositalari yordamida beriladi;
– oʻtkazish punktidagi davlat nazorati organlari xodimlaridan transport vositalarida yuqumli kasallik simptomlari boʻlgan bemorlar borligi toʻgʻrisida axborot kelib tushganda;
yuqumli kasalligi bor deb gumon qilingan shaxslarga nisbatan tibbiy sanitariya tadbirlari (zararlangan hududlarga borish tarixini, tibbiy koʻrikdan va har qanday laboratoriya tahlillaridan oʻtganlikni tasdiqlovchi hujjatlarni oʻrganish) oʻtkazish;
tibbiy tekshiruvni oʻtkazishni talab qilish;
emlash yoki boshqa profilaktika choralari oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish, zarur boʻlganda ularning oʻtkazilishini talab qilish;
zararlangan deb gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan karantin eʼlon qilish, ularni tibbiy kuzatuv xonasiga joylashtirish yoki boshqa tibbiy sanitariya choralarini koʻrish;
zararlangan shaxslarni ajratib qoʻyish choralarini koʻrish, zarur boʻlganda davolash;
zararlangan deb gumon qilingan yoki zararlangan shaxslarning aloqalarini kuzatish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga zararlangan deb gumon qilingan yoki zararlangan shaxslarning kirishini rad etish choralarini koʻrish;
zararlanmagan shaxslarning zararlangan hududlarga kirishini man etish, zararlangan hududlardagi shaxslarga nisbatan chiqishda skrining oʻtkazish va (yoki) ularga nisbatan cheklovlar belgilash;
yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchilari bilan zararlangan deb gumon qilingan bagaj, konteyner, taralar, tovarlar va pochtada quyidagi tibbiy-sanitariya choralarini oʻtkazish:
– bojxona deklaratsiyasi va yoʻnalish varaqasini tekshirish, nazorat oʻrnatish choralarini koʻrish;
– ketishda yoki tranzitda kontaminatsiya yoki infeksiya manbalarini isloh qiladigan tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish;
– bagaj, yuklar, konteynyerlar, tashish vositalari, tovarlar, pochta joʻnatmalari, inson jasadi va uning qoldiqlariga infeksiya va kontaminatsiya manbaini, shu jumladan tashuvchilar va rezervuarlarni yoʻq qilish uchun ishlov berish choralarini koʻrish;
inson jasadi va uning qoldiqlariga xavfsiz ishlov berish va transportirovka qilishni taʼminlash uchun aniq tibbiy-sanitariya choralarini koʻrish;
izolatsiyani taʼminlash va karantin joriy qilish choralarini koʻrish;
nazorat sharoitida zararlangan yoki zararlanganlikda gumon qilingan bagaj, tovarlar, konteynyerlar, tashish vositalari, pochta joʻnatmalarini, agar ularga mavjud ishlov berish turlari va jarayonlari muvaffaqiyatsiz boʻlsa va ularni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda olib chiqish rad etilganda, belgilangan tartibda musodara qilish va yoʻq qilish;
chegara nazorati yoki bojxona organi boʻlinmalariga shaxslar, transport vositalari, shuningdek, bagaj, tovar va pochta joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishini rad etish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilish;
kelgan transport vositasida bemor borligi aniqlanganda (dastlabki maʼlumotlarsiz) bu haqida axborot yoʻqligi toʻgʻrisidagi sabablarni aniqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining koʻrsatmasiga binoan epidemiologik vaziyatni aniqlash maqsadida transport vositalarini saralab, tibbiy nazoratdan oʻtkazish.
Sanitariya-karantin boʻlinmasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Transport vositalarida epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishidan bosh tortilganda, undagi shaxslar kelgan punktda erkin muomala qilish huquqidan mahrum etiladi, ammo undan tushmasdan, yoʻlovchilarni olmagan, yuklarni tushirmasdan va ortmasdan zudlik bilan joʻnab ketishiga ruxsat etiladi. Bunday transport vositasi bortiga yoqilgʻi, suv va oziq-ovqat olishga ruxsat etiladi.
Tovarlar faqat oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar roʻyxatga olingan joylardan kelgun boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati bu yuklar qayd etilgan infeksiyalar qoʻzgʻatuvchilari bilan zararlangani va ular tarqalishi mumkinligi haqida axborotga ega boʻlsa, ular sanitariya-karantin nazoratidan oʻtkazilishi mumkin.
112. Sanitariya-karantin boʻlinmasi oʻtkazish punktida xizmat faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tasdiqlangan maxsus dasturiga muvofiq yiliga kamida bir marta oʻta xavfli infeksiyalar profilaktikasi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtish va Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xodimlari bilan birgalikda kasalliklar belgilari bor bemorlarni aniqlash va epidemiyaga qarshi birlamchi tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha transport vositalari ekipajlari, chegara va bojxona nazorati xodimlarini tayyorlash;
karantin yoki oʻta xavfli infeksiya yoxud kemiruvchilar oʻlat kasalligi bor deb gumon qilingan bemorlar toʻgʻrisida axborot olinganda zarur choralarni amalga oshirish (bemorni ajratib qoʻyish va bu haqidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan xabardor qilish sxemasi boʻyicha yetkazish, epidemiologiya oʻchogʻini bartaraf etishga doir tezkor tadbirlar rejasini amalga joriy etish, birlamchi dezinfeksiya, deratizatsiya va dezinseksiya tadbirlarini tashkil etish);
transport vositalarida yoki xonada oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar bor deb gumon qilingan bemorlar aniqlanganda, fuqarolar huquqlarini kamsitmagan holda zudlik bilan epidemiyaga qarshi zarur tadbirlarni oʻtkazish;
maʼlumotnomalar berish va ularda tibbiy-sanitariya tadbirlari sabablari va uslublarini, shuningdek, transport vositalari, bagajlar, konteynyerlar, shu jumladan, lixtyerlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni koʻrsatish;
yoʻlovchilar (ekipaj aʼzolari) talabiga muvofiq ularga va ularning bagajiga nisbatan davlat chegarasini kesib oʻtishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish;
yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolarini vaqtincha ajratib qoʻyishni taʼminlash;
bemorlar (shifoxonaga yotqizilgunicha), u bilan muloqotda boʻlgan, shuningdek, vaqtinchalik izolyatorda boʻlgan shaxslarni chegara bojxona nazoratidan oʻtkazishda epidemiyaga qarshi rejimni taʼminlash;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratining tegishli (idoraviy yoki davlat) markazlarining sanitariya-karantin boʻlinmalari xodimlarining rahbarligida transport vositasi, yuk, bemorning shaxsiy buyumlarini, shuningdek, izolyator inshootlarini joriy dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiyadan oʻtkazish.
4-§. Fitosanitariya nazorati
113. Oʻsimliklar karantini boʻyicha boʻlinma oʻtkazish punktida faoliyat yuritishda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
davlat chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy va yuridik shaxslardan fitosanitariya talablari va respublika hududiga zararli karantin organizmlar kirib kelishi va tarqalishidan himoya qilish tadbirlarini amalga oshirishni talab qilish;
urugʻlar, ekish materiallari va boshqa oʻsimliklardan olingan karantin mahsulotlarini xalqaro tashishda amaldagi qonun hujjatlari talablarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
urugʻlar, oʻsimliklar va oʻsimliklardan olingan boshqa mahsulotlar namunalarini tekshiruvdan va keyinchalik laboratoriya ekspertizasidan oʻtkazish uchun tanlab olish;
respublikaga xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan mahsulotlar, shuningdek, transport vositalarini sogʻlomlashtirish va zararsizlantirishni nazorat qilish;
karantin obyektlari aniqlanganda karantin qoidalariga koʻra karantin cheklovlarini oʻrnatish;
karantin obyektlari aniqlanganda, karantin nazoratidagi mahsulotlarni ushlab turish, musodara qilish, zarur boʻlganda, qaytarib yuborish;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydigan yuklar, transport vositalarini Davlat chegarasidan oʻtkazishni rad etish.
Oʻsimliklar karantini boʻyicha boʻlinma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
114. Oʻsimliklar karantini boʻyicha boʻlinma oʻtkazish punktida xizmat faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi hududini xorijiy davlatlardan karantin va oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va yovvoyi oʻtlar kirib kelishidan himoya qilish;
fitosanitariya chegara nazoratidan oʻtkazilishi shart boʻlgan barcha import yoki tranzit karant nazoratidagi yuklar nazorat qilinishini taʼminlash;
oʻsimliklardan olingan import va tranzit yuklarda karantin va oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari hamda yovvoyi oʻtlarni oʻz vaqtida aniqlash, ularning bartaraf etilishini tashkil etish;
oʻsimliklar karantini boʻyicha barcha tadbirlarning oʻtkazilishi, zarur ishlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, oʻsimliklardan olingan mahsulotlarni transportirovka qilishda oʻsimliklar karantini boʻyicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi va tadbirlar oʻtkazilishini nazorat qilish;
tegishli organlar va tashkilotlarga chegaraboʻyi hududlar, chegaradosh mamlakatlarda yuzaga kelgan karantin vaziyat toʻgʻrisida xabar berish, tegishli karantin tadbirlarini amalga oshirish va zarur tavsiyalar berish;
davlat karantin xizmati nazoratidagi Davlat chegarasidan oʻtadigan oʻsimliklardan olingan mahsulotlarning fitosanitariya nazoratidan oʻtkazilishini taʼminlash va ularga ilova qilingan karantin hujjatlarni rasmiylashtirish.
Oʻsimliklar karantini boʻyicha boʻlinma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham amalga oshiradi.
5-§. Veterinariya nazorati
115. Davlat chegarasidan oʻtkaziladigan va davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlar davlat veterinariya nazoratidan oʻtkazilishi shart.
Epizootik jihatdan osoyishta boʻlgan boshqa davlatlardan davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari hamda normalariga rioya etilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tashishga ruxsat etiladi.
Davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlar davlat veterinariya xizmati nazorati punktlari orqali oʻtkaziladi.
116. Davlat veterinariya xizmati oʻtkazish punktida faoliyat yuritishda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Davlat chegarasini kesib oʻtadigan jismoniy va yuridik shaxslardan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini bajarishni talab qilish;
odamlar va hayvonlar hayoti hamda salomatligini, shuningdek, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan davlat veterinariya nazorati obyektlarini himoya qilish maqsadida hayvonlar hamda ulardan olinadigan mahsulotlar, hayvonlar kasalliklarining tashuvchilari boʻlishi mumkin predmetlar va tovarlarni xalqaro tashishda amaldagi qonunchilik talablari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydigan yuklar, transport vositalarini Davlat chegarasidan oʻtkazishni rad etish.
Davlat veterinariya xizmati nazorati punkti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
117. Davlat veterinariya xizmati nazorati punkti oʻtkazish punktida xizmat faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
Davlat chegarasi orqali olib oʻtiladigan hayvonlarda yoki ular orasida oʻlat aniqlanganda yoki gumon qilinganda kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish;
veterinariya preparatlari va dezinfeksiya vositalari, uskunalari va predmetlarining, shuningdek, boshqa moddiy-texnik resurslarning zarur zaxirasini belgilangan tartibda tashkil qilish;
oʻtkazish punktlari orqali olib oʻtiladigan va davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarning veterinariya kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirish;
hayvonlardan olingan mahsulotlar va xomashyoni, veterinariya dori vositalari, mikroorganizmlar shtamplari, ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, veterinariya texnika vositalari va davlat veterinariya xizmati nazoratidagi boshqa tovarlarni mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar chegara punktlari orqali import, eksport, reeksport qilish va tranzit tashishda transport vositalariga ishlov berilishini taʼminlash.
Davlat veterinariya xizmati punkti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-dekabrdagi 1007-son qaroriga 2-ILOVA
2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarini texnik vositalar bilan jihozlashni takomillashtirish boʻyicha
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi pasport nazorati xonalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtadigan shaxslarni qidiruvda boʻlgan fuqarolarning elektron fotokartotekasi bilan solishtirish imkonini beradigan videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Moliya vazirligi
2018 — 2020-yillar davomida
2.
Pasport nazoratining avtomatlashtirilgan xonalari — “elektron geytlar”ni ishlab chiqish va oʻtkazish punktlarida joriy etish
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Moliya vazirligi
2018 — 2020-yillar davomida
3.
Yoʻlovchilar toʻgʻrisida “SITA” turidagi dastlabki axborot tizimi dasturiy taʼminotini ishlab chiqish va joriy qilish
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Davlat bojxona qoʻmitasi,
Moliya vazirligi
2018 — 2020-yillar davomida
4.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari server uskunalari va qidiruv-axborot tizimining mavjud dasturiy taʼminotini modernizatsiya qilish
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari,
Moliya vazirligi
2018 — 2020-yillar davomida
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)