|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.08.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-avgustdagi 196-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2000-yil 2-avgustdagi PF-2676-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasi hamda uning hududiy boshqarmalari namunaviy tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni 393 nafar, ulardan markaziy apparat xodimlari — 50 nafar (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga raisning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari, shuningdek, tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 7 kishidan iborat hayʼat boʻlishiga ruxsat etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hudud organlari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
Monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qilish inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi bilan kelishgan holda monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparatini va uning hududiy organlarini mablagʻ bilan taʼminlash respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati hamda uning hududiy organlari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 3 va 9-ilovalarda belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari joriy etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish tegishli hududiy organlarini qayta tashkil etsin, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hududiy organlarini joylashtirish masalasini hal qilsin;
monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlari markaziy apparati va hududiy organlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish maqsadida ularning xodimlarini ikki oy muddatda attestatsiyadan oʻtkazsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetdan tashqari maxsus “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi” hisob raqamiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning 6 foizi miqdori hisobiga Ijtimoiy rivojlantirish va tizim xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini tashkil etishga ruxsat berilsin.
(6-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-noyabrdagi 520-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 22-son, 223-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda Ijtimoiy rivojlantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili respublika budjetini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy organlari taʼminoti va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati uchun toʻrtta yengil avtomobilga va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari uchun ikkitadan yengil avtomobilga limit ajratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi balansidan Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan vaqtincha foydalanib turilgan kompyuter va tarmoq asbob-uskunalarini Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi balansiga bersin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlari uchun mutaxassislar tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining markaziy apparati Toshkent shahar Mustaqillik maydonidagi 5-uyga joylashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 23-maydagi 188-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 2-avgust,
300-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-avgustdagi 300-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida” (yangi tahrirda) “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Davlat qoʻmitasi faoliyatiga tegishli boʻlgan boshqa qonun hujjatlariga, xalqaro shartnomalar (bitimlar)ga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini belgilab beradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2000-yil 2-avgustdagi PF-2676-son Farmoniga muvofiq raqobatni rivojlantirish, monopolistik faoliyatni cheklash, tabiiy monopoliyalar faoliyatini tartibga solish, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama faoliyati sohasidagi siyosatni oʻtkazish boʻyicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi va unga hisobot beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va farmoyishlariga hamda amaldagi qonunchilikning boshqa hujjatlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi unga yuklangan vazifalarni bevosita, shuningdek, oʻziga boʻysunuvchi, oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan ular toʻgʻrisidagi Nizom asosida amalga oshiruvchi hududiy monopoliyadan chiqarish organlari orqali hal qiladi.
II. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
5. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
respublikada sogʻlom raqobat muhitini yaratish uchun zarur tashkiliy, iqtisodiy va moliyaviy shart-sharoitlarni, mustahkam huquqiy bazani shakllantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi markaz funksiyalarini amalga oshirish;
bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi raqobat qonunlarini, umumiy qabul qilingan normalar va qoidalarni samarali amalga oshirishni taʼminlovchi monopoliyaga qarshi tartibga solishning kuchli tizimini barpo etish;
raqobatni va tadbirkorlikni rivojlantirish asosida bozor qayta oʻzgartirishlari chuqurlashishiga koʻmaklashish;
insofsiz raqobatchilar tomonidan tovar va moliya bozorlarini, birinchi navbatda, isteʼmol tovarlari bozorini monopollashtirish yuzasidan har qanday urinishlarning oldini olish, ularni cheklash va ularga barham berish;
monopoliyaga qarshi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish, monopoliyadan chiqarish boʻyicha respublika, tarmoq va mintaqaviy dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi, shuningdek, oʻz vakolati doirasida tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
monopol birlashmalar (korxonalar)ning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat reyestrini yuritish;
reklama va isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
isteʼmol tovarlari narxlari va xizmatlarga tariflar monitoringini oʻtkazish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari bilan birgalikda narxlarning asossiz ravishda oʻsib ketishiga, bozorda sifatsiz isteʼmol tovarlari sotilishi va xizmatlar koʻrsatilishiga olib keluvchi insofsiz raqobatning oldini olish chora-tadbirlarini koʻrish;
monopol xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan samarali tartibga solish va nazorat qilishga, raqobat muhitini rivojlantirishga, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama faoliyatiga yoʻnaltirilgan normativ-metodologik bazani takomillashtirish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
monopoliyaga qarshi qonunchilikka, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning buzilishi hollarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, davlat qoʻmitalari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari tomonidan monopoliyadan chiqarish tarmoq va mintaqaviy dasturlari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
tovar bozorida ustunlik mavqeyini egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tabiiy monopoliyalar subyektlarining Davlat reyestrlarini shakllantiradi va yuritadi;
boshqa vazirliklar, idoralar va davlat qoʻmitalari bilan birgalikda isteʼmolchilarning huquqlarini muhofaza qilishga va insofsiz raqobatning oldini olishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda mintaqalarda kelishilgan dasturlar boʻyicha narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishi, bozordagi monopol mavqeyini suiisteʼmol qilish va insofsiz raqobat hollarini aniqlash maqsadida isteʼmol bozori konyunkturasini tekshiradi;
joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopoliyaga qarshi qonunchilikka, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya qilinishini tekshiradi;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi hollarining oldini oladi (barham beradi);
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi toʻxtatilishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi va yozma koʻrsatmalar yuboradi;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining aniqlangan hollari boʻyicha sudga yoki xoʻjalik sudiga daʼvolar beradi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni va tabiiy monopoliyalar subyektlarini tashkil etishda, qayta tashkil etishda va tugatishda, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustav sarmoyasidagi aksiyalar (ulushlar)ni sotib olishda monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
narx belgilash tartibiga rioya etilishi va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga narxlar (tariflar) qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan isteʼmolchilarga sotiladigan tovarlar hajmlari boʻyicha shartnomalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
monopoliyaga qarshi siyosat oʻtkazish, tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish, reklama faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar loyihalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha belgilangan tartibda xulosalar beradi, shuningdek, ularni ishlab chiqishda qatnashadi;
joylardagi davlat hokimiyati organlariga va davlat boshqaruvi organlariga:
erkin, boshqariladigan va qayd qilingan narxlarni qoʻllash sohasining oʻzgarishi toʻgʻrisida;
ishlab chiqarish va tovarlar aylanishi sohasida, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar va kreditlar hisobiga, turdosh tuzilmalarni tashkil etish va rivojlantirish toʻgʻrisida;
ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozordagi ustunlik mavqeyini bartaraf etish maqsadida tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash toʻgʻrisida;
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investitsiyalar jalb qilingan tashkilotlar tashkil etish toʻgʻrisida tavsiyalar yuboradi;
ishda oshkoralikni taʼminlaydi, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish, tabiiy monopoliyalarni tartibga solish, raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish chora-tadbirlari qanday amalga oshirilayotganligidan Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan davriy nashrlar orqali doimiy ravishda xabardor qilib boradi;
oʻz vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqadi;
oʻz vakolatlari doirasida boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING HUQUQLARI
7. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga egadir:
joylardagi davlat hokimiyati organlariga va davlat boshqaruvi organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb qilingan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga monopoliyaga qarshi qonun buzilishi toʻxtatilishi, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi toʻxtatilishi, buzilishlar toʻxtatilishi yoki ularning oqibatlari bartaraf etilishi toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
joylardagi davlat hokimiyati organlariga va davlat boshqaruvi organlariga ular tomonidan qabul qilingan monopoliyaga qarshi qonunchilikka, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid boʻlgan hujjatlar bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi toʻgʻrisida qarorlar taqdim etish;
bozorda ustunlik mavqeyini egallab turgan va monopol faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni majburiy boʻlish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Davlat qoʻmitasiga kelishish uchun taqdim etiladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi qarorlar loyihalari, shuningdek, tovar va moliya bozorlarida ustunlik mavqeyini egallab turgan davlat korxonalarini xususiylashtirish rejalari yuzasidan xulosalar berish;
tovar va moliya bozorlarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustunlik mavqeyini belgilash;
oʻz vakolatiga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlarni va ularning rahbarlarini, shuningdek, mansabdor shaxslarni monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi, shuningdek, monopoliyaga qarshi organning yozma koʻrsatmalari bajarilmaganligi uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
berilgan vakolatlar doirasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga jarima solish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi boʻyicha sudga murojaat qilish va ularni koʻrib chiqishda qatnashish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi bilan bogʻliq jinoyat belgilari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻash toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun materiallarni prokuratura organlariga yuborish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi natijasida olingan mablagʻlar (daromad, foyda)ni olib qoʻyish toʻgʻrisida, va ushbu qonunni buzishlar natijasida olingan mablagʻ miqdorida jarimalar qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
shartnomaviy (erkin) narxlar (tariflar) iqtisodiy jihatdan asossiz shakllantirilishi va ularning oshirilishi, davlat mablagʻlari yoki hukumat kafolatlari ostidagi kreditlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanayotgan qurilish sohasidagi bajarilgan ishlar hajmlariga qoʻshib yozilishi natijasida olingan mablagʻlar (daromad, foyda)ni olib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
agar jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda bajarilishi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni bankrotlikka olib borishi mumkin boʻlsa, xoʻjalik yurituvchi subyektga jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish;
tovar bozorlarida ustunlik mavqeyini egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning va tabiiy monopoliyalar subyektlarining Davlat reyestri shakllantirilishi tartibini belgilash;
Qoʻmita vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha normativ hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining koʻrib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik masalalari boʻyicha normativ hujjatlar va metodik hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha davlat organlari va xorijiy davlatlarning hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda hamkorlik qilish;
monopoliyaga qarshi siyosat oʻtkazish, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama sohasida xalqaro loyihalar va dasturlarni ishlab chiqishda va ularni amalga oshirishda ishtirok etish;
monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik qoʻllanilishi masalalari boʻyicha tushuntirishlar berish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kiritish;
Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan gʻayriqonuniy olingan mablagʻlar (daromad, foyda), shuningdek, jarimalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan akseptsiz tartibda Moliya vazirligining “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi” maxsus budjetdan tashqari hisob raqamiga undiriladi yoki qonunchilikda belgilangan hollarda qaror (yozma koʻrsatma) qabul qilingan paytdan boshlab bir oy davomida tegishli budjetga oʻtkaziladi. Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarni “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi”ga hisobga oʻtkazish navbatliligi mablagʻlarni boshqa maqsadli budjetdan tashqari jamgʻarmalarga oʻtkazishga tenglashtiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari va yozma koʻrsatmalari vazirliklar, idoralar, davlat qoʻmitalari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning bajarishlari uchun majburiy hisoblanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining qaroriga muvofiq olib qoʻyilishi kerak boʻlgan mablagʻ belgilangan oʻttiz kunlik muddatda oʻtkazilmagan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyekt muddati kechiktirilgan har bir kun uchun olib qoʻyilishi kerak boʻlgan mablagʻning 0,15 foizi miqdorida penya toʻlaydi. Agar kechiktirish bankning aybi bilan yuz bergan boʻlsa (xoʻjalik yurituvchi subyektning toʻlov topshirigʻi tushgan kundan boshlab uch kundan ortiq) 0,15 foiz miqdoridagi penya bank tomonidan toʻlanadi.
IV. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
10. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish maqsadida uning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlar hududiga kirish, shuningdek, zarur hujjatlar va axborotdan foydalanish huquqiga ega boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining mansabdor shaxslari joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarida mavjud boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan toʻsiqsiz tanishish huquqiga ega boʻladilar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida davlat hokimiyati vakillari hisoblanadilar va davlatning himoyasi ostida boʻladilar. Ularning shaxsiy va mulkiy huquqlari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan teng ravishda qonun bilan qoʻriqlanadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan lavozimga tayinlanadigan va keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Rais boshchilik qiladi.
Qoʻmita raisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod qilinadigan Raisning ikki nafar oʻrinbosariga. shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi:
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatiga yakkaboshchilik asosida rahbarlik qiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va majburiyatlar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Rais oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Rais oʻrinbosarlari lavozimlariga tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasi va shtat jadvalini xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi, ularga sarflanadigan xarajatlar smetasi doirasida tasdiqlaydi;
tasdiqlangan tuzilmaga xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy organlari mehnatga haq toʻlash fondi va xodimlari sonini belgilash huquqiga ega boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini va uning huquqiy organlari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni va xodimlarning lavozim yoʻriqnomalarini, shuningdek, Qoʻmitaning hududiy organlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy organlari xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi;
hududiy organlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan qarorlari (yozma koʻrsatmalari)ni bekor qiladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda Rais yoki uning oʻrinbosarlari joylardagi davlat hokimiyati organlariga va davlat boshqaruvi organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga bajarish uchun yozma koʻrsatmalar beradilar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida Qoʻmita raisi (Hayʼat raisi), lavozimiga koʻra uning tarkibiga kiruvchi Rais oʻrinbosarlari, shuningdek, markaziy apparatning yuqori malakali rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi. Hayʼat 7 kishidan iborat boʻladi. Hayʼatning shaxsiy tarkibi (uning tarkibiga lavozimiga koʻra kiradigan shaxslardan tashqari) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hayʼat qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy organlari ekspert kengashlari va boshqa maslahat organlari tashkil etishga haqlidirlar, ular toʻgʻrisidagi nizomlar Davlat qoʻmitasi raisi yoki hududiy organ boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Rais bilan hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan hollarda Hayʼat raisi oʻz qarorini hayotga tatbiq etadi, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar beradi, hayʼat aʼzolari ham oʻz navbatida, oʻz fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bildirishlari mumkin.
17. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlari hisoblanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi;
viloyatlar va Toshkent shahrida — monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari.
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari shtatida yirik tumanlar va shaharlar boʻyicha monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga va isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qilish inspektorlari lavozimi joriy etiladi.
Hududiy organlar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga boʻysunadi va unga hisobot beradi.
18. Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy organlari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Hududiy organlar boshliqlarining oʻrinbosarlari va bosh buxgaltyerlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Yirik tumanlar va shaharlarning monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qilish inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida belgilangan tartibda Ijtimoiy rivojlantirish va Davlat qoʻmitasi tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob raqamlariga va boshqa hisob raqamlariga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-avgustdagi 300-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining markaziy apparati
TUZILMASI
Markaziy apparat xodimlarining cheklangan soni — 50 kishi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari)
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-avgustdagi 300-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Hududiy organlar apparati xodimlarining umumiy cheklangan soni 343 kishi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), shu jumladan:
Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida — 18 kishidan;
Xorazm, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida — 21-22 kishidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan viloyatlarida — 25-27 kishidan;
Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida — 29-34 kishidan.