|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.07.2021
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
FAOLIYATNING AYRIM TURLARINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi OʻRQ-701-sonli “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Faoliyatning baʼzi bir turlarini litsenziyalashning oʻziga xos jihatlari qonun bilan belgilanadi.
Ushbu Qonun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport va import qilishni litsenziyalashda, intellektual mulk obyektlaridan foydalanishda, shuningdek kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing toʻgʻrisidagi shartnoma) boʻyicha yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 959-son “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 50-bobi (Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi) hamda 1036-moddasi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
litsenziya — litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga soʻzsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (huquq);
faoliyatning litsenziyalanayotgan turi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turi;
litsenziyalash — litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani topshirish va koʻrib chiqish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bogʻliq tadbirlar kompleksi;
(3-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-292-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 363-modda)
litsenziya talablari va shartlari — faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirayotganda litsenziat tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan, qonunchilikda belgilangan talablar va shartlarning majmui;
litsenziyalovchi organlar — qonunchilikka muvofiq litsenziyalashni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar;
(3-moddaning beshinchi va oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 236-son qarori bilan tasdiqlangan Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalovchi organlar roʻyxatiga qarang.
litsenziya daʼvogari — litsenziyalovchi organga faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziat — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish litsenziyasi boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziya shartnomasi — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziatning litsenziya olishi va undan foydalanishi borasidagi litsenziyalovchi organ bilan litsenziya daʼvogari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan va ular oʻrtasida tuziladigan shartnoma;
litsenziyalar reyestri — berilgan, toʻxtatib turilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan litsenziyalar, shuningdek amal qilishi tugatilgan litsenziyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan litsenziyalovchi organlarning maʼlumotlar bazalari majmui.
4-modda. Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda litsenziyalovchi organlar amalga oshiradi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining litsenziyalash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
litsenziyalovchi organlarni va faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibini belgilash, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida litsenziyalar reyestrini yuritish tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida litsenziyalar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash sohasidagi qonunchilikka litsenziyalovchi organlarning rioya etishlarini nazorat qilish;
(5-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
litsenziyalashning ayrim turlarini amalga oshirish.
6-modda. Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari
Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
faoliyatning ayrim turlarini qonunchilikka muvofiq litsenziyalash;
(6-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
qonunda nazarda tutilgan hollarda faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
Ushbu Qonun 5-moddasining sharhiga qarang.
litsenziya talablari va shartlariga litsenziatlar rioya etishini nazorat qilish;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish;
litsenziyalarni bekor qilish;
litsenziyalar reyestrini yuritish.
Litsenziyalovchi organlar shu organlar litsenziyalaydigan faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishga yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
II. AMALGA OShIRISh UChUN LITSENZIYALAR TALAB QILINADIGAN FAOLIYAT TURLARI
7-modda. Faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini aniqlash
Faoliyatning litsenziyalanadigan turlari jumlasiga amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlari kiradi.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi 222-II-son “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
8-modda. Faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlarini jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirishni taqiqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlarini amalga oshirishini taqiqlab qoʻyishi mumkin, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-sonli “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
9-modda. Davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari, basharti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan boʻlsa, faoliyatning mazkur turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Mazkur qoida koʻrsatilgan korxonalar va muassasalarni litsenziya talablari va shartlarini, shuningdek faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish bilan bogʻliq, qonunchilikka muvofiq qoʻyiladigan boshqa talablarni bajarishdan ozod etmaydi.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
III. LITSENZIYALAR
10-modda. Litsenziyalarning turlari
Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibdagi boʻlishi mumkin.
Namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga cheklanmagan doiradagi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar kiradi, agar ushbu shaxslar tegishli faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qoʻyiladigan yagona shartlar va talablarga javob bersalar.
Yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga yuridik va jismoniy shaxslarga alohida talablar va shartlar asosida beriladigan, litsenziatlarga faoliyatning mazkur turini amalga oshirishda mutlaq huquqlar beruvchi, miqdoriy cheklangan litsenziyalar kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat obyekti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa asoslarga koʻra miqdoriy cheklanadi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) oʻtkazish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
11-modda. Litsenziyaning amal qilishi
Litsenziya har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi uchun alohida beriladi. Litsenziya daʼvogarining arizasiga muvofiq litsenziya litsenziyalanayotgan faoliyat turining bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Korxonani sotishda sotuvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma boʻyicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar boʻladilar. (Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 489-moddasi).
Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat, agar litsenziya talablari va shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirilishi mumkin.
12-modda. Litsenziyaning amal qilish muddati
Faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalar ularning amal qilishi muddati cheklanmagan holda beriladi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-oktabrdagi OʻRQ-494-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son)
Faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlariga nisbatan qonunchilikda litsenziyaning cheklangan amal qilish muddati belgilanishi mumkin, lekin bu muddat besh yildan kam boʻlmasligi lozim.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–28-sonli Qonuni bilan chiqarilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda)
Litsenziyaning amal qilish muddati tugagach, u litsenziatning arizasiga binoan uzaytirilishi mumkin. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati tugashidan kamida ikki oy oldin berilishi lozim. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziyani berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
IV. LITSENZIYALAShNI AMALGA OShIRISh
13-modda. Litsenziya talablari va shartlari
Faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishda rioya etiladigan litsenziya talablari va shartlari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanib, ular quyidagi normalarni oʻz ichiga olishi lozim:
litsenziatning qonunchilikka rioya etishi shartligi toʻgʻrisidagi;
(13-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishga daʼvogar shaxslarga qoʻyiladigan malaka talablari, jumladan maxsus bilimlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi;
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishning maxsus shartlariga qoʻyiladigan talablar, jumladan foydalaniladigan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi.
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarda litsenziyalanayotgan faoliyat turi xususida qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
14-modda. Litsenziya olish uchun zarur boʻladigan hujjatlar
Litsenziya olish uchun litsenziya daʼvogari tegishli litsenziyalovchi organga quyidagilarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza — unda: yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan eri (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisobvaragʻi raqami; jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning maʼlumotlari; yuridik yoki jismoniy shaxs amalga oshirishni moʻljallagan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi (uning bir qismi), shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda faoliyatning mazkur turi. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada litsenziya daʼvogarining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin;
(14-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(14-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqishi uchun litsenziya daʼvogari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yigʻim toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjat;
(14-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
faoliyatning ayrim turiga litsenziya olish uchun qoʻyiladigan talablar va shartlarni litsenziya daʼvogari bajarishi mumkinligini tasdiqlovchi hamda qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan boshqa hujjatlar.
(14-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya daʼvogaridan ushbu Qonunda hamda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi oʻzga qonunchilikda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziya daʼvogari tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya daʼvogarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada litsenziya daʼvogarining elektron manzili koʻrsatilganligi uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga boʻlgan roziligidir.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Litsenziya olish uchun tegishli litsenziyalovchi organga yuborilgan hujjatlar roʻyxat boʻyicha qabul qilinib, roʻyxatning nusxasi mazkur organ tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan sana koʻrsatilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).
Notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziya daʼvogari qonunga muvofiq javobgar boʻladi.
141-modda. Faoliyatning ayrim turlarini “bir darcha” prinsipi boʻyicha litsenziyalash
Litsenziyalovchi organ faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashi uchun boshqa tashkilotlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olishi talab qilingan hollarda, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash soddalashtirilgan tartibda “bir darcha” prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi, bunda litsenziyalovchi organ mazkur hujjatlarni mustaqil ravishda, tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz oladi.
(141-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
15-modda. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim
Litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqqanligi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yigʻim undiriladi.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim miqdori har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan litsenziyalovchi organning mazkur arizani koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlari doirasida belgilanadi. Bunda yigʻimning eng koʻp miqdori qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshib ketishi mumkin emas.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya daʼvogarlarining arizalarini koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim summalari litsenziyalovchi organ hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Litsenziya daʼvogari bergan arizasidan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
16-modda. Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Litsenziya daʼvogarining arizasini barcha zarur hujjatlar bilan birga olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmagan muddat ichida litsenziyalovchi organ namunaviy (oddiy) litsenziya berish haqida yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Namunaviy (oddiy) litsenziya berish haqida yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishning eng kam muddatlari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilab qoʻyilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ, zarur holda, oʻz mablagʻlari hisobidan tegishli xulosalarni tayyorlash uchun ekspertlarni shartnoma asosida jalb etishga haqli.
Litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida mazkur organ tegishli qarorni qabul qilganidan keyin uch kun ichida xabardor qilishi shart.
Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda, bank hisobvaragʻi rekvizitlari va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi).
(16-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda, rad etishning sabablari va litsenziya daʼvogari koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takror taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(16-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Agar litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoxud litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati davomida litsenziya berish haqida yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida yoxud litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish haqida yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilmasa, koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng litsenziya daʼvogari arizada koʻrsatilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqiga bu haqda litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda ega boʻladi.
Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan holda litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarining yozma xabari olinganidan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi yoki litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirishi shart. Taqdim etilgan hujjatlarning ular qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan roʻyxati hamda litsenziya daʼvogari tomonidan litsenziyalovchi organga yuborilgan yozma xabar litsenziya olinguniga qadar litsenziyaga tenglashtiriladi va shunday faoliyatni amalga oshirish uchun asos boʻladi. Bunda litsenziya daʼvogari litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-oktabrdagi OʻRQ-494-sonli Qonuniga asosan yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son)
Litsenziya daʼvogari litsenziya berish rad etilishi uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziya daʼvogarlarining arizalarini takroran koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya daʼvogarining arizasini takroran koʻrib chiqishda litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya daʼvogarining litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan arizasi yangidan berilgan deb hisoblanadi.
(16-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarga almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Litsenziya daʼvogari davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan taqdirda hamda u litsenziya shartnomasini imzolaganidan keyin litsenziya beriladi.
Agar litsenziat unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan boʻlsa, litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli.
17-modda. Litsenziya berishni rad etish
Litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
litsenziya daʼvogarining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;
litsenziya daʼvogari taqdim etgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
litsenziya daʼvogarining litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek tanlov (tender) shartlariga nomuvofiqligi.
Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya daʼvogari litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Litsenziyalarni rasmiylashtirish
Litsenziyalar tegishli blanklarda rasmiylashtiriladi. Litsenziyalarning blanklari qatʼiy hisobot hujjatlari hisoblanadi, ular hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻlishi lozim. Litsenziya blanklarining namunalari va ularni tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qarori bilan tasdiqlangan “Litsenziyalar blankalarini tayyorlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 2-maydagi 200-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziya blankasini hamda litsenziya blankalarini saqlash, hisobga olish, berish va hisobdan chiqarish, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Apparatida rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga qarang.
Litsenziya yoʻqolgan taqdirda, litsenziatning arizasiga binoan uning dublikati beriladi. Dublikat berishda ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan yigʻim summasining yarmi undiriladi.
19-modda. Litsenziya shartnomasi
Litsenziya shartnomasi litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquqlari va majburiyatlarini belgilovchi hujjatdir.
Litsenziya shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim:
shartnomani imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi;
taraflarning rekvizitlari;
amalga oshirilishi uchun litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
Oldingi tahrirga qarang.
cheklangan amal qilish muddatiga beriladigan litsenziyalar uchun — litsenziyaning amal qilish muddati;
(19-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–28-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda)
litsenziya shartnomasining talablari va shartlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi;
litsenziya shartnomasining talablari va shartlarini litsenziat qanday bajarayotganligining litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilinishi tartibi;
faoliyatning ayrim turini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq boshqa maʼlumot.
Litsenziya shartnomasi ikki nusxada — litsenziat hamda litsenziyalovchi organ uchun bittadan nusxada tuziladi.
20-modda. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish
Yuridik shaxs boʻlmish litsenziat oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(20-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Jismoniy shaxs boʻlmish litsenziat familiyasi, ismi va otasining ismi yoki turar joyi oʻzgargan taqdirda, litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-292-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 363-modda)
Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yuridik shaxslar boʻlmish litsenziatlar qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun tugatilgan taqdirda, litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuniga asosan uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Hujjatlar litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziatning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
(20-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
(20-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447-II-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi, tegishli hujjatlar ilova qilingan holdagi arizani olgan kundan yoki litsenziyaning amal qilishini litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida amalga oshiriladi.
(20-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziya daʼvogarining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Litsenziyalanadigan faoliyatni ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlaridagi talablarni buzgan holda amalga oshirish faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanganlik uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
(20-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 165, 1763, 2415-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 190, 1925-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 117-moddasi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish tartibi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanadi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuniga asosan oʻninchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
21-modda. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish
Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda litsenziyalovchi organlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadirlar:
litsenziatlar litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishilgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazish;
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(21-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlar oʻtkazilayotganda yuzaga keladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur maʼlumotlarni talab qilish va olish;
tekshiruv natijalari asosida litsenziat yoʻl qoʻygan litsenziya talablari va shartlarining aniq qoidabuzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish.
Litsenziyalovchi organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilishlariga yoʻl qoʻyilganligini aniqlaganlari taqdirda oʻz vakolatlari doirasida litsenziyani bergan litsenziyalovchi organga aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabar qiladilar.
22-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarori litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalovchi organ tomonidan oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga, sud tomonidan esa oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(22-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida uch kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart.
(22-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
(22-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
(22-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
(23-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 31-bobi (“Fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish”)ga qarang.
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
(23-moddaning birinchi qismi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-292-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 363-modda)
litsenziyalovchi organning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyalovchi organ qaroriga binoan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu moddaning birinchi qismi oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda sud tartibida amalga oshiriladi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
(23-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
(23-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
24-modda. Litsenziyani bekor qilish
Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
ushbu Qonun 16-moddasining oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan holda;
(24-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziyani bekor qilish ushbu moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
(24-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
(24-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning bekor qilinishini asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi”.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
25-modda. Litsenziyalarning reyestrlari
Litsenziyalovchi organlar oʻzlari litsenziyalashni amalga oshirayotgan faoliyatning har bir turi uchun alohida litsenziyalar reyestrlarini yuritadilar.
Litsenziyalar reyestrining har birida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
litsenziatlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
litsenziyalar berilgan sana va litsenziyalarning tartib raqamlari;
Oldingi tahrirga qarang.
cheklangan amal qilish muddatiga beriladigan litsenziyalar uchun — litsenziyalarning amal qilish muddatlari;
(25-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–28-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda)
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash asoslari hamda sanalari;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilangan boshqa maʼlumotlar.
Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
(25-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-292-sonli Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 363-modda)
26-modda. Litsenziya berganlik uchun davlat boji
Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undiriladi.
Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji miqdorlari va uni toʻlash tartibi qonunda belgilanadi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi OʻRQ-600-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Faoliyatning litsenziyalanadigan turining bir qismi uchun litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji stavkalarining kamaytirilgan miqdorlari belgilanishi mumkin.
(26-moddaning uchinchi qismidagi ikkinchi jumla Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–28-sonli Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda)
27-modda. Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 165, 1763, 2415-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 190, 1925-moddalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 117-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 25-may,
71-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 142-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda; 2006-y., 41-son, 405-modda; 2011-y., 36-son, 363-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2014-y., 50-son, 588-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda, 52-son, 645-modda; 2017-y., 1-son, 1-modda, 16-son, 265-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )