Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida
Mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimizni, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida masʼuliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bagʻishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalarni munosib taqdirlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4906-sonli Farmoniga asosan:
1. “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari 2, 3-ilovalarga muvofiq;
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga oʻrnatiladigan belgi (keyingi oʻrinlarda — “Mehnat faxriysi” belgisi)ning tavsifi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari, ularning guvohnomalari va “Mehnat faxriysi” belgilarining tayyorlanishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari, ularning guvohnomalari va “Mehnat faxriysi” belgilarini tayyorlash uchun zarur pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 15-iyuldagi 139 (6833)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-iyul,
PQ-3133-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi PQ-3133-sonli qaroriga
1-ILOVA
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi
nizom
1. “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida masʼuliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bagʻishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadilar.
2. Ushbu Nizomning 1-bandiga muvofiq:
I darajali koʻkrak nishoni bilan kamida 35 yillik mehnat stajiga ega shaxslar;
II darajali koʻkrak nishoni bilan kamida 30 yillik mehnat stajiga ega shaxslar;
III darajali koʻkrak nishoni bilan kamida 25 yillik mehnat stajiga ega shaxslar, shuningdek, jamiyatda hurmat qozongan ishlamaydigan onalar taqdirlanadilar.
3. I darajali koʻkrak nishoni yuqori darajali hisoblanadi. II yoki III darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar keyinchalik uning yuqori darajalari bilan bosqichma-bosqich mukofotlanishi mumkin. Bir darajadagi koʻkrak nishoni takroran berilmaydi.
4. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — “Nuroniy” jamgʻarmasi)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlimlariga beriladi.
5. “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlimlarining takliflari har yili 25-dekabrgacha “Nuroniy” jamgʻarmasining Vasiylik kengashiga taqdim etiladi.
6. Taqdim etilgan takliflarni koʻrib chiqish va koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlarni tanlab olish tartibi “Nuroniy” jamgʻarmasining Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
7. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining qarori bilan amalga oshiriladi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror “Nuroniy” jamgʻarmasining axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. I darajali koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida, II darajali koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Koʻkrak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti “Navroʻz” bayrami arafasida “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining raisi (yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
10. Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda tibbiy xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻladilar.
11. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi PQ-3133-sonli qaroriga
2-ILOVA
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonining
tavsifi
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi:
I darajali koʻkrak nishoni tilla rangda;
II darajali koʻkrak nishoni kumush rangda;
III darajali koʻkrak nishoni bronza rangda boʻladi.
Koʻkrak nishonining old tomonida qanotlarini yozgan Humo qushi tasviri aks ettirilgan. Uning tepa qismida koʻkrak nishoni darajasini ifodalaydigan boʻyi 4 millimetrli “I”, “II” yoki “III” — rim raqamidagi son va diametri 1,8 millimetrli sakkiz qirrali yulduz joylashgan. Ushbu tasvirning umumiy balandligi 22 millimetrni, eni 23 millimetrni tashkil etadi.
Koʻkrak nishonining old yuqori qismida sakkiz qirrali yulduzlar oraligʻida ikki qatorda harflarning balandligi 2 millimetr boʻlgan “MEHNAT”, “FAXRIYSI” yozuvi joylashgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida toʻrt qatorda harflarning balandligi 2 millimetr boʻlgan “KOʻP YILLIK”, “HALOL”, “MEHNATI”, “UCHUN” yozuvi joylashgan.
Uning atrofi diametri 30,7 millimetr boʻlgan naqsh bilan hoshiyalangan.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,2 millimetr.
Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Koʻkrak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni halqa va ilmoqchalar yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 17 millimetrdan iborat. Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning oʻrtasidan eni 8 millimetrli oq yoʻl, ikki chetidan esa har birining eni 7 millimetr boʻlgan koʻk rangli yoʻl oʻtgan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi PQ-3133-sonli qaroriga
3-ILOVA
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
tavsifi
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) yashil rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida boʻlgan oq rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda oraligʻi 3,5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Mehnat faxriysi”, ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzi yozilgan. Yozuvlar zarhal rangida aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVOHNOMA” soʻzidan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 5 millimetr quyida, markazda oraligʻi 1,5 millimetrli toʻrt satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy”, ikkinchi satrda “faoliyatini qoʻllab-quvvatlash”, uchinchi satrda “Nuroniy” jamgʻarmasi”, toʻrtinchi satrda “Vasiylik kengashining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 4 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ y. “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli Qaroriga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda oraligʻi 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi catrda “Mehnat faxriysi” soʻzi hamda koʻkrak nishonining darajasi haqidagi yozuv (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Vasiylik kengashi”, ikkinchi satrda “raisi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni
GUVOHNOMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi PQ-3133-sonli qaroriga
4-ILOVA
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga oʻrnatiladigan belgi
tavsifi
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga oʻrnatiladigan belgi 210x80 millimetr oʻlchamli toʻrtburchak shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Belgining chap tomonida qanotlarini yozgan Humo qushi va uning tepasida koʻkrak nishoni darajasini belgilovchi “I”, “II” yoki “III” — rim raqamidagi son hamda sakkiz qirrali yulduz tasviri aks etgan. Ushbu tasvirning umumiy balandligi 55 millimetrni, eni 51 millimetrni, rim raqamidagi sonning boʻyi esa 9 millimetrni tashkil etadi.
Belgining oʻng tomonida harflarning balandligi 5,6 millimetr, satrlar oraligʻi 3,8 millimetr boʻlgan olti satrli matn joylashgan.
Birinchi catrda “Bu yerda” soʻzi hamda koʻkrak nishonining darajasi haqidagi yozuv, ikkinchi satrda “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni”, uchinchi satrda “bilan taqdirlangan fuqaro”, toʻrtinchi va beshinchi satrlarda katta harflarda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, oltinchi satrda “istiqomat qiladi” soʻzlari yoziladi.
Belgining qalinligi 1,5 millimetr.
Tasvirlar va yozuvlar botiq shaklda boʻlib, belgining chetlari toʻgʻri chiziqlar bilan oʻralgan.
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga oʻrnatiladigan belgilar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 29-son, 686-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)