Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.10.2013
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
2-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxslar tomonidan aholi punktlarini, binolar va inshootlarni rejalash va qurish bosh rejalarining, loyihalarining buzilishi, davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlariga, loyihalash va qurilish, shuningdek binokorlik materiallari ishlab chiqarish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarning talablariga binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamliligi, mustahkamligi, puxtaligi, ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarining chidamlilik parametrlari pasayishi va yoʻqotilishiga sabab boʻlgan tarzda rioya etilmasligi, shuningdek obyektlarni qurish va ularni foydalanishga qabul qilib olishning belgilangan tartibini buzadigan xatti-harakat qurilish sohasidagi huquqbuzarlik deb eʼtirof etiladi.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
3-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasi hududida loyihalash, qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqaruvchi, qurilishda buyurtmachi hisoblanuvchi yoki bir yoʻla buyurtmachi va pudratchi vazifalarini bajaruvchi yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan tartibda jarima solinadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Yuridik shaxsning javobgarlikka tortilishi uni oʻzi yoʻl qoʻygan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan, shuningdek aybdor mansabdor shaxslarni intizomiy, maʼmuriy, fuqaroviy-huquqiy va jinoiy javobgarlikka tortishdan ozod etmaydi.
4-modda. Rejalash va qurishning bosh rejalarini, loyihalarini buzish
Aholi punktlarini rejalash va qurishning bosh rejalarini, loyihalarini, tarixiy imoratlar joylashgan dahalarni qayta qurish rejalarini, turar joy dahalari, kichik dahalar va shaharlarning sanoat zonalari, qishloq aholi punktlarini qurish va obodonlashtirish sifatini, shuningdek binolar va inshootlarning meʼmorchilik yechimlarini buzish —
eng kam ish haqining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
5-modda. Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarning talablarini buzish
Loyihalash, qurilish-montaj ishlarini bajarish chogʻida qurilish sohasidagi normativ hujjatlarning talablarini buzish:
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamlilik yoki mustahkamlik parametrlari yoʻqotilishiga sabab boʻlsa, eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda;
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamlilik yoki mustahkamlik parametrlari pasayishiga sabab boʻlsa, eng kam ish haqining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda;
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining puxtaligi pasayishiga sabab boʻlsa, eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
6-modda. Binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlarining talablarini buzish
Binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlarining talablarini buzish —
realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
7-modda. Obyektlarni qurish va ularni foydalanishga qabul qilib olishning belgilangan tartibini buzish
Obyektlarni davlat ekspertizasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari, jumladan ish hujjatlari xususida berilgan ijobiy xulosasiz, shuningdek davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari roʻyxatidan oʻtkazmasdan va ularning ruxsatnomasisiz qurish —
eng kam ish haqining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustdagi 357-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, hisobga qoʻyish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Qurilishda majburiy sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan, lekin sertifikatlanmagan materiallar, buyumlar va konstruksiyalarni qoʻllash —
eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Obyektni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzish —
eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot olish uchun “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish” Asosiy holatlar (roʻyxat raqami 545, 23.11.1998-y.) ga qarang.
Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash yoki oʻz vaqtida bajarmaslik —
eng kam ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
8-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxslar
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqish va jarima solish huquqiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining raisi va uning oʻrinbosarlari;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 15-dekabrdagi OʻRQ-12-son Qonuniga asosan chiqarib tashlangan — OʻR QHT, 2005-y., 49-50-son, 366-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
arxitektura va qurilish hududiy bosh boshqarmalarining boshliqlari hamda davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalarining boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari egadirlar.
(8-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 15-dekabrdagi 12-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 49-50-son, 366-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga jarima solish sud tomonidan, ular sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror boʻlgan va jarimalarni ixtiyoriy ravishda toʻlagan hollarda esa, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuniga muvofiq ikkinchi qism bilan toʻldirilgan. — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
9-modda. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish
Qurilish sohasida yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlik uchun yuridik shaxsdan jarima undirish uchun ushbu Qonunning 8-moddasida koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning qarori asos boʻladi.
Yuridik shaxs jarimani jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay toʻlashi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining jami yigirma foizidan ortiq miqdorda jarima undirish unga undiriladigan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida oyma-oy boʻlib toʻlash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan toʻldirilgan. — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
10-modda. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilish
Yuridik shaxs oʻziga nisbatan chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilishi mumkin. Bunda jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning amal qilishi shikoyatni koʻrib chiqish muddatiga toʻxtatib turiladi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 6-bandiga muvofiq, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinganda yoki norozi boʻlinganda qaror shikoyat yoki norozilik qoniqarsiz qoldirilgandan soʻng bajarilishi kerak. Bunday hollarda jarima shikoyat va norozilik qoniqarsiz qoldirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda toʻlanishi kerak.
11-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda mansabdor shaxslarning javobgarligi
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari mansabdor shaxslarining yuridik shaxslar zarar koʻrishiga sabab boʻlgan gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan yuridik shaxslar sudga belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 15-dekabr,
173-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 21-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2005-y., 49-50-son, 366-modda; 2006-y., 41-son, 405-modda)