1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, davlat xizmatlarining elektron shaklga sifatli oʻtkazilishini taʼminlash, elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning amaldagi tartibini takomillashtirish, shu jumladan davlat organlari hujjatlarining birxillashtirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagi tartib amalga kiritilsin, unga muvofiq:
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibining takomillashtirilishi davlat organlari hujjatlarining majburiy ravishda birxillashtirilishini oʻz ichiga oladi;
elektron davlat xizmatlarini joriy qilish ularni koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini majburiy amalga oshirish yoʻli orqali bajariladi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish natijasida yaratilgan axborot tizimlari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiyalashishi kerak;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doimiy asosda elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq taʼminlanadi.
3. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning oʻzaro hamkorlik qilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari texnik hujjatlari ekspertizasini taʼminlashda elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotga, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish reglamentlarini kelishishda esa — elektron shaklda bajariladigan tartib-taomillar toʻgʻrisidagi axborotga alohida eʼtibor qaratsin;
Adliya vazirligi, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda olti oy muddatda ularning vakolatlari, vazifalari va funksiyalarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarning inventarizatsiyasini oʻtkazsin, inventarizatsiya natijalari boʻyicha interaktiv shaklga oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilinishi kerak boʻlgan, jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatini tasdiqlash uchun 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasiga kiritsin.
5. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar:
elektron davlat xizmatlari koʻrsatishda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishining, koʻp vaqt ketishi va moliyaviy chiqimlar yuqoriligining asosiy sabablari tahlili oʻtkazilishini;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari sifatli amalga oshirilishi doimiy asosda qatʼiy nazorat qilinishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-iyun,
184-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 184-son qaroriga ILOVA
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartib-taomillari va mexanizmlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi, shuningdek elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga (keyingi oʻrinlarda davlat organlari deb ataladi) taalluqlidir.
3. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini soddalashtirish va ratsionalizatsiya qilishga qaratilgan tashkiliy, kadrlarga oid, texnik, huquqiy va boshqa choralar majmuidan, shu jumladan ularni interaktiv rejimda koʻrsatish tartib-taomillaridan iborat.
4. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishdagi bosh mezon davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlikni oʻrnatish hisoblanadi.
Qoʻshimcha mezonlar quyidagilar hisoblanadi:
elektron davlat xizmatlariga boʻlgan talab;
davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratik toʻsiqlarning mavjudligi;
davlat xizmatlarini koʻrsatishning koʻp vaqt olishi va moliyaviy chiqimlarning yuqoriligi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning belgilangan tartibi yoʻqligi va (yoki) joylarda elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning shakllangan amaliyoti bilan elektron davlat xizmatlari koʻrsatish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan tartib oʻrtasidagi katta farqlar mavjudligi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishning qoʻshimcha mezonlari davlat xizmatlari koʻrsatish masalalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishi sabablarini oʻrganish va tahlil qilish, shuningdek sotsiologik tadqiqotlar (ijtimoiy soʻrovlar, intervyu olish, jismoniy va yuridik shaxslardan soʻrab chiqish va boshqalar) natijalari boʻyicha aniqlanadi.
5. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari:
davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazishda davlat organlari tomonidan doimiy asosda;
2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) tomonidan har yili tasdiqlanadigan interaktiv shaklga oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joriy qilinishi kerak boʻlgan Davlat xizmatlari roʻyxatidan (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) tomonidan davlat organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
II. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari
6. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish quyidagi bir yoki bir nechta chora-tadbirlarni majburiy bajarishdan iborat:
a) elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini oʻzgartirish;
b) tarkibi elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasiga taʼsir koʻrsatmaydigan tartib-taomillar aniqlangan yoki ikki va undan ortiq davlat organlariga (shu jumladan idoraviy mansub tashkilotlarga) amalda aynan bir xil vazifalar va funksiyalar berilishi holatlari aniqlangan taqdirda elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning ortiqcha va (yoki) takrorlovchi tartib-taomillarini chiqarib tashlash;
v) elektron davlat xizmatlari koʻrsatish va ularni koʻrsatish bilan bogʻliq alohida tartib-taomillarni bajarish muddatlarini belgilash va (yoki) qisqartirish;
g) elektron davlat xizmatlari koʻrsatish qiymatini belgilash va (yoki) kamaytirish, shu jumladan toʻlovni oʻtkazish tartibini belgilash;
d) elektron davlat xizmatlari koʻrsatishda foydalaniladigan davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish;
e) elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini belgilash va (yoki) qisqartirish;
j) davlat organlarini belgilash va (yoki) istisno etish, shu jumladan ularning funksiyalarini oqilona taqsimlash hisobiga elektron davlat xizmati koʻrsatish boʻyicha u yoki boshqa funksiyani boshqa davlat organiga berish;
z) boshqaruv xodimlariga qabul qilingan qarorlarning asoslanganligi uchun javobgarlikni yuklagan holda ularning elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini bajarish davomida qarorlar qabul qilish vakolatlarini berish;
i) Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron davlat xizmatlari koʻrsatish.
(6-bandining “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son)
7. Quyidagilar davlat organlari hujjatlarini birxillashtirishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
a) elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning muayyan sohasi uchun hujjatlarning formulyar-namunasini shakllantirish va uning asosida ushbu hujjatlar tizimi uchun rekvizitlar tarkibini belgilash;
b) hujjatlarni eng koʻp darajada bir xil xususiyatga keltirish yoʻli bilan hujjatlarning shakllarini va ularni tuzish va rasmiylashtirish qoidalarini birxillashtirish;
v) hujjatlarga faqat aniq vazifalarni hal qilish uchun, shu jumladan hujjatning yuridik kuchini tasdiqlash uchun zarur boʻladigan rekvizitlarni kiritish;
g) hujjatlarda oʻzgaruvchan (doimiy boʻlmagan) axborotlar uchun maʼlumotnomalar va klassifikatorlardan majburiy foydalanish.
8. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq ishlarni tayyorlash va tashkil qilish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
elektron davlat xizmati koʻrsatishning amaldagi tartibini tekshirish va joriy modelini tuzish;
elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modelini tuzish va joriy qilish.
9. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida davlat organlari tomonidan ixtisoslashtirilgan konsalting kompaniyalari jalb qilinishi mumkin.
10. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning amalga oshirish taklif qilinayotgan maqbullashtirilgan modeli tekshirilganligi, shuningdek avtomatlashtirish va elektron shaklga oʻtkazish rejalashtirilayotgan davlat xizmatlari hamda ularni elektron formatda koʻrsatish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi axborot tegishli axborot tizimlarini va axborot resurslarini yaratishga doir texnik hujjatlarda koʻrsatiladi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish davomida ishlab chiqilgan, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar Vazirlik bilan kelishilishi kerak.
III. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning amaldagi tartibini tekshirish va joriy modelini tuzish
11. Elektron davlat xizmati koʻrsatishning amaldagi tartibini tekshirish (keyingi oʻrinlarda tekshirish deb ataladi) davomida quyidagilar belgilanadi:
elektron davlat xizmati koʻrsatish tartibi va talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi va xizmatlar koʻrsatishga jalb etilgan davlat organlari, shuningdek ularga idoraviy mansub tashkilotlar va tarkibiy boʻlinmalar;
elektron davlat xizmati koʻrsatishning joriy qiymati va muddatlari, shuningdek xizmat koʻrsatilganligi uchun toʻlov usullari va muddatlari;
elektron davlat xizmati koʻrsatiladigan shaxslarning toifasi;
elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning roʻyxati va namunalari;
elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasida olinadigan hujjatlar roʻyxati va namunalari;
elektron davlat xizmati koʻrsatish doirasida va xizmat koʻrsatishning amaldagi tartibiga muvofiq qoʻllaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslari;
soʻnggi uch yil ichida elektron davlat xizmati koʻrsatish statistikasi;
elektron davlat xizmati koʻrsatish tartibini va talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatning amalda qoʻllanishi tahlili;
elektron davlat xizmati koʻrsatish masalalari boʻyicha kelib tushadigan murojaatlar tahlili.
12. Tekshirishni oʻtkazish davomida elektron davlat xizmati koʻrsatish tartibining bosqichma-bosqich sxemali tasvirini, shuningdek har bir elektron davlat xizmati koʻrsatish tartib-taomilini izohlovchi matnli tavsifni oʻz ichiga oluvchi elektron davlat xizmati koʻrsatishning joriy modeli tuziladi.
Elektron davlat xizmati koʻrsatish joriy modeli elektron davlat xizmati koʻrsatishning haqiqatda shakllangan amaliyoti asosida tuziladi.
13. Elektron davlat xizmati koʻrsatish tartibining sxemali tasvirida quyidagilar koʻrsatiladi:
elektron davlat xizmati ishtirokchilari (davlat organiga soʻrov bilan murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek davlat organlari, ularning xodimlari va boshqalar);
elektron davlat xizmati koʻrsatish tartib-taomillari (hujjatlarning toʻliqligini tekshirish, arizani qabul qilish, uni roʻyxatga olish, koʻrib chiqish, axborot yigʻish, obyektni test sinovidan oʻtkazish, ekspertizadan oʻtkazish, tekshirish, qarorni tayyorlash, qarorni kelishish, qarorni tasdiqlash, qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qilish, elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasini berish va boshqalar);
elektron davlat xizmati koʻrsatish tartib-taomillarini bajarish hujjatlari yoki natijalari (arizalar, kelishuvlar, koʻchirmalar, maʼlumotnomalar, shartnomalar, litsenziyalar, xatlar, guvohnomalar, kvitansiyalar, bildirishnomalar va boshqalar);
elektron davlat xizmati koʻrsatishning amaldagi tartibi doirasida va unga muvofiq qoʻllaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslari;
elektron davlat xizmati koʻrsatish barcha tartib-taomillarini bajarish muddatlari.
Sxemali tasvirda barcha ishtirokchilar, hujjatlar yoki tartib-taomillarni bajarish natijalari, axborot tizimlari va axborot resurslarining oʻzaro bogʻliq ishlashi, shuningdek elektron davlat xizmati koʻrsatish har bir tartib-taomilini bajarish izchilligi aks ettirilishi kerak.
14. Elektron davlat xizmati koʻrsatilishini tekshirish va joriy modelini tuzish uni koʻrsatish tartibining tahlilini oʻtkazish uchun zarur, shu jumladan:
tarkibi elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasiga taʼsir koʻrsatmaydigan va (yoki) ulardagi maʼlumotlarning ishonchliligi davlat organiga soʻrov bilan murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning ishtirokisiz tekshirilishi mumkin boʻlgan hujjatlarni (maʼlumotlarni) aniqlash;
elektron shaklda va ariza beruvchi foydalana olishi mumkin boʻlgan oʻzaro hamkorlik usullari va shakllaridan foydalanib amalga oshirilishi mumkin boʻlgan, davlat organiga soʻrov bilan murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni aniqlash;
bajarilishi elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan va (yoki) tarkibi elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasiga taʼsir koʻrsatmaydigan, bajarilishi muddatlari qisqartirilishi mumkin boʻlgan tartib-taomillarni aniqlash;
qoʻllaniladigan oʻzaro hamkorlik usullarini hisobga olgan holda har bir tartib-taomilni amalga oshirishning yoʻl qoʻyiladigan usullari va qiymatini belgilash;
elektron davlat xizmati koʻrsatish natijasini berish yoki bunday xizmatning koʻrsatilishini rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish mezonlarini belgilash.
IV. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning maqbullashtirilgan modelini tuzish va joriy qilish
15. Elektron davlat xizmati koʻrsatilishini tekshirish va joriy modelini tuzish tugallangandan keyin ushbu Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan uni koʻrsatish tartibining tahlili oʻtkaziladi, shuningdek elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modelini tuzgan holda shunga oʻxshash elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning chet el tajribasi va ilgʻor amaliyoti oʻrganiladi.
16. Elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modeli uni koʻrsatish tartibining bosqichma-bosqich sxemali tasvirini, shuningdek har bir elektron davlat xizmati koʻrsatish tartib-taomilini izohlovchi matnli tavsifni oʻz ichiga oladi.
17. Elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modeli tasviriga qoʻyiladigan talablar ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan talablarga oʻxshash.
18. Elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modeli ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari keyinchalik amalga oshirilishini hisobga olib tuzilishi kerak.
19. Elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modelini amalga oshirishga elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini va talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish va (yoki) yangi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini toʻlaqonli bajarish uchun zarur boʻlgan axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratish, modernizatsiyalash va ularni integratsiyalash yoʻli bilan erishiladi.
Ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ularni eʼlon qilish yoʻli orqali, shuningdek jamoatchilik fikrini oʻrganishning boshqa usullarini qoʻllash yoʻli bilan majburiy ravishda jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi kerak.
V. Davlat xizmatlarini interaktiv shaklga oʻtkazish va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilish boʻyicha elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish
20. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq interaktiv shaklga oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilinishi kerak boʻlgan davlat xizmatlari roʻyxatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Davlat organlari Vazirlik bilan kelishuv boʻyicha Roʻyxatga kiritilmagan davlat xizmatlarini interaktiv shaklga oʻtkazishlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilishlari mumkin.
21. Vazirlik har yili 1-dekabrgacha yangilangan Roʻyxatni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga kiritadi.
Tekshirishni oʻtkazish, elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning joriy va maqbullashtirilgan modellarini tuzish muddatlari yangilangan Roʻyxatdan kelib chiqib belgilanadi.
22. Roʻyxat Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin Vazirlik davlat organlari bilan birgalikda elektron davlat xizmatlari koʻrsatishning joriy va maqbullashtirilgan modellarini tuzgan holda belgilangan muddatlarda tekshirish oʻtkazadi.
23. Elektron davlat xizmatini koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Vazirlik elektron davlat xizmatlari koʻrsatish prinsiplari va tartibini takomillashtirish zaruratini tushuntirish boʻyicha tanishtiruv taqdimotini va seminarlarni tashkil qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari rahbarligi ostida Vazirlikning xodimlari, davlat organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ixtisoslashtirilgan boʻlinmalar boshliqlari, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibida ishtirok etuvchi boʻlimlar, tarkibiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning boshliqlari, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhni (keyingi oʻrinlarda ishchi guruh deb ataladi) tashkil qiladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 254-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son)
24. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishini tekshirish, joriy va maqbullashtirilgan modellarini tuzish davomida davlat organlari ishchi guruh aʼzolarini zarur axborot bilan, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa materiallar bilan, shu jumladan intervyu olish orqali taʼminlaydilar.
25. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishini tekshirish, joriy va maqbullashtirilgan modellarini tuzish yakunlari boʻyicha Vazirlik tomonidan elektron davlat xizmati koʻrsatishning maqbullashtirilgan modelini amalga oshirish zarurligi asoslanishini va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari rejasining loyihasini (keyingi oʻrinlarda chora-tadbirlar rejasi deb ataladi) oʻz ichiga oladigan tegishli hisobot tuziladi, bu hisobot ishchi guruh majlisida koʻrib chiqiladi.
Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi loyihasini maʼqullash va uni belgilangan tartibda Respublika komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Respublika komissiyasi oʻzining majlisida chora-tadbirlar rejasi loyihasini keyinchalik amalga oshirishni tashkil etish va amalga oshirilishi monitoringini olib borish uchun taqdim etilgan ushbu chora-tadbirlar rejasi loyihasini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
26. Chora-tadbirlar rejasi ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan chora-tadbirlarni bajarishning izchilligini, aniq muddatlarini, davlat organlari masʼul bajaruvchilarining nomlarini nazarda tutadi.
Davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazishni taʼminlovchi axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat organlari tomonidan Respublika komissiyasi tasdiqlaydigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish loyihalari amalga oshirilishi uchun davlat buyurtmasiga kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni va vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinmalarining shtatdagi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 25-yanvardagi 18-son qaroriga muvofiq takliflar tayyorlanadi.
VI. Yakuniy qoida
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Interaktiv shaklga oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilinishi kerak boʻlgan Davlat xizmatlari roʻyxatiga muvofiq elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish
SXEMASI
Bosqichlar
Ishlar
Subyektlar
Muddatlar
1-bosqich
2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) Interaktiv shaklga oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlarining portalida joriy qilinishi kerak boʻlgan Davlat xizmatlari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) tasdiqlash uchun kiritish
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi)
Har yili 1-dekabrgacha
Roʻyxatni tasdiqlash
Respublika komissiyasi
Majlislarni oʻtkazish muddatlariga muvofiq
2-bosqich
Elektron davlat xizmati koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhni tasdiqlash
Vazirlik
Roʻyxat tasdiqlangandan keyin
Roʻyxatda nazarda tutilgan
muddatlarga muvofiq
Elektron davlat xizmati koʻrsatilishini tekshirish, joriy va maqbullashtirilgan modellarini tuzish
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari rejasini (keyingi oʻrinlarda chora-tadbirlar rejasi deb ataladi) ishlab chiqish
Ishchi guruh
3-bosqich
Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash
Respublika komissiyasi
Majlislarni oʻtkazish muddatlariga muvofiq
4-bosqich
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha davlat buyurtmasiga kiritish uchun tegishli axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratish takliflarini Vazirlikka kiritish
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar
Har yili 1-sentabrgacha
5-bosqich
Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar, Vazirlik, boshqa masʼul bajaruvchilar
Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiq
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 23-son, 265-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son; 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son)