Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASINI TAShKIL ETISh HAQIDA
Oʻzbekiston hududida qadimdan shakllangan, jahoniy shuhrat qozongan nafis sanʼatlar maktabining noyob anʼanalarini avaylab asrash, oʻrganish, boyitib borish, milliy tasviriy, amaliy miniatyura sanʼatimizning nodir durdonalarini dunyoga olib chiqish va targʻib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy gʻurur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuygʻularini kuchaytirish yoʻlida keng foydalanish, zamon talablariga mos badiiy taʼlim tizimini barpo etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Rassomlar uyushmasi, atoqli sanʼat namoyondalari va keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olib, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Akademiya Badiiy ijodkorlar uyushmasi va uning asosida oʻz Boshqaruv kengashiga, haqiqiy hamda faxriy aʼzolariga ega boʻladi. Uning tarkibiy tizimi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Badiiy Akademiya faoliyatida ijodiy, oʻquv va ilmiy hamda targʻibot-tashviqot ishlari asosida yoʻnalishlar ekanligi eʼtiborga olinsin. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻzbek xalqining boy badiiy merosi, uning jahon sanʼati tarixidagi oʻrni, taraqqiyot bosqichlar va zamonaviy yoʻnalishlarni chuqur oʻrganish hamda rivojlanish istiqbollarini belgilash, milliy mustaqillik gʻoyalariga mos tadqiqotlar, darsliklar, metodik qoʻllanmalar yaratish;
tasviriy va amaliy sanʼatlar sohasidagi ijodkorlarni, eng avvalo, yosh isteʼdodlarni xalqimizning boy maʼnaviy dunyosi, ozod va obod Vatan kelajagi oldidagi masʼuliyat, milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini tarannum etuvchi yorqin asarlar yaratishga yoʻnaltirish hamda bu yoʻldagi harakatlarni ragʻbatlantirish;
ijodkorlarni, iqtidorli yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish hamda soha muassasalarining moddiy-texnik negizini mustahkamlashni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash;
tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn, xalq hunarmandchiligi sohalari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
xalqaro ijodiy, ilmiy aloqalarni mustahkamlash, Oʻzbekistonda va xorijda keng koʻrgazma faoliyati orqali oʻzbek milliy sanʼati yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, simpoziumlar, boshqa anjumanlar oʻtkazish;
Badiiy Akademiya tarkibidagi muassasalarning tashkiliy, moddiy-texnik masalalarni hal qilish, ularni zamonaviy texnika hamda zarur anjomlar bilan taʼminlash.
3. Badiiy Akademiya tarkibida:
Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutining rassomlik fakulteti va Respublika rassomlik bilim yurti negizlarida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti,
Respublika oʻrta maxsus sanʼat maktab-internati negizida tasviriy va amaliy sanʼat litseyi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mavjud sanʼat maktablari negizida bittadan tasviriy va amaliy sanʼat litseylari tashkil etilsin.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti qoshida oʻrta maxsus taʼlim boʻgʻini saqlab qolinsin.
4. Badiiy Akademiyaning moddiy-texnik negizini mustahkamlash, sohani rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli dasturlarni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida maxsus jamgʻarma tashkil etilsin.
5. Badiiy Akademiya tarkibiga quyidagi muassasalar kirishi belgilab qoʻyilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 7-iyuldagi PF-4118-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan— OʻR QHT, 2009-y., 28-son, 323-modda)
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tasviriy va amaliy sanʼat litseylari
Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi
Maxsus jamgʻarma
Akademiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi
6. Badiiy Akademiya tashkil etilishi munosabati bilan Madaniyat ishlari vazirligi qoshida amaliy sanʼat rassomlik dizayn sohalaridagi tashkilotlar va korxonalar negizida maxsus ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tuzilsin. Bu birlashmaning Badiiy Akademiyada yaratilgan ijodiy gʻoyalari, mukammal badiiy loyihalar, nafis sanʼatlar sohasidagi ilmiy izlanishlarni ishlab chiqarishga tadbiq etish markazi, taʼlim tizimining asosiy tajriba-amaliyot tayanchi boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
7. Badiiy Akademiya va uning tasarrufidagi tashkilotlar oʻz Nizomlari doirasida faoliyatlari uchun davlat soliqlaridan 5 yilga muddatga ozod etilsin.
Soliqdan ozod etilishi natijasida yigʻilgan mablagʻlarning sohaning yanada rivojlantirishga, uning moddiy-texnik negizini mustahkamlashga, shuningdek, xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish ishlariga sarflanishi belgilab qoʻyilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-iyuldagi PF-3781-sonli Farmoni bilan kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 308-modda)
9. Badiiy Akademiyaning markaziy apparati Toshkent shahar Sh. Rashidov koʻchasi 40-uyga joylashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi Badiiy Akademiyaning yangi zamonaviy binosini, eksperimental haykaltaroshlik ishlab chiqarish kombinatini, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 500 oʻrinli yotoqxonasini loyihalashtirish va qurish, shuningdek, mazkur institut hamda Badiiy koʻrgazmalar direksiyasining binolarini toʻliq taʼmirlash uchun tegishli mablagʻ ajratishni 1997—1999-yillar rejasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga zarur oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu Farmonning bajarilishini taʼminlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 23-yanvar,
PF-1701-son