Norasmiy tarjima
Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisida
Konvensiya
1952-yil 28-iyun, Jeneva
Oʻzbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 85-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 1919 yilda Jenevada qabul qilingan va 1952-yil 28-iyunda qayta koʻrib chiqilgan Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 103-Konvensiyaga qoʻshilishi haqida”gi Qaroriga asosan qoʻshilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi uchun 1996-yil 25-sentabrdan kuchga kirgan)
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1952-yilning 4-iyunida oʻzining Oʻttiz beshinchi Sessiyasiga toʻplanib, onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining yettinchi bandi hisoblanib, mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib, bir ming toʻqqiz yuz ellik ikkinchi yil iyun oyining yigirma sakkizinchi kunida quyidagi “Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 1952-yilgi (qayta koʻrib chiqilgan) Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
1-modda
1. Ushbu Konvensiya sanoat korxonalarida, nosanoat va qishloq xoʻjalik ishlarida band boʻlgan ayollarga, shu jumladan, kasanachi sifatida yollangan ayollarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “sanoat korxonalari” atamasi davlat va xususiy korxonalarni, shuningdek, ularning har qanday boʻlimlarini oʻz ichiga oladi va xususan quyidagilarni qamrab oladi:
a) yerdan foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha shaxta, karyerlarni va boshqa korxonalarni;
b) buyumlar ishlab chiqariladigan, oʻzgartiriladigan, tozalanadigan, taʼmirlanadigan, bezaladigan, sayqal beriladigan, sotishga tayyorlanadigan, buziladigan yoki yoʻq qilinadigan korxonalarni yoki materiallar qayta ishlanadigan korxonalarni, shu jumladan, kemasozlik bilan shugʻullanadigan korxonalarni, elektr quvvati yoki har qanday dvigatel quvvati ishlab chiqaradigan, transformatsiya qilinadigan yoki uzatiladigan korxonalarni;
s) qurilish va inshootlar qurilishi bilan shugʻullanuvchi korxonalarni, xususan, qurish, taʼmirlash, saqlash, qayta qurish yoki buzish bilan shugʻullanuvchi korxonalarni;
d) yoʻllar, temir yoʻllar, dengiz, ichki suv yoʻllari orqali yoki havo yoʻllari orqali yoʻlovchilarni yoki yuklarni tashish bilan shugʻullanadigan, shu jumladan, yuklarni port, prichal, pristan, yuk omborlarida yoki aeroportlarda tashish bilan shugʻullanadigan korxonalarni.
3. Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “nosanoat ish turlari” atamasi quyidagi davlat yoki xususiy korxonalarda yoki xizmatlarda bajariladigan yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan ish turlarini oʻz ichiga oladi:
a) tijorat muassasalari;
b) pochta va telekommunikatsiya xizmatlari;
s) mehnatkashlari asosan idora ishi bilan mashgʻul boʻladigan muassasalar va maʼmuriy xizmatlar;
d) gazeta chiqaruvchi korxonalari;
e) mehmonxonalar, pansionlar, restoranlar, klublar, qahvaxonalar va boshqa shularga oʻxshash dam olish va ovqatlanish muassasalari;
f) kasal, nogiron, qarovsizlarni yoki yetimlarni davolaydigan va ularga gʻamxoʻrlik qiladigan muassasalar;
g) teatrlar va madaniy-ommaviy muassasalar;
h) xususiy xoʻjaliklarda bajariladigan haq toʻlanadigan uy mehnati.
Shuningdek, vakolatli hokimiyat organi mazkur Konvensiya qoidalarini koʻllashga qaror qilgan boshqa har qanday nosanoat ish turlari.
4. Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “qishloq xoʻjalik ish turlari” atamasi qishloq xoʻjalik korxonalarida, shu jumladan, ekinzorlar xamda yirik sanoatlashtirilgan qishloq xoʻjalik korxonalarida bajariladigan barcha ish turlarini oʻz ichiga oladi.
5. Ushbu Konvensiya muayyan korxona, korxona boʻlimi yoki ish turiga nisbatan qoʻllanilishiga tumon tugʻilgan barcha hollarda, mazkur masala vakolatli hokimiyat organi tomonidan mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli vakolatli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud boʻlsa, maslahatlashilgandan soʻng hal qilinadi.
6. Milliy qonun hujjatlari mazkur Konvensiya qoʻllanilishi doirasidan faqat ish beruvchining oila aʼzolari, milliy qonun-qoidalar belgilagani kabi, yollanadigan korxonalarni chiqarishi mumkin.
2-modda
Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun “ayol” atamasi yoshi, millati, irqi yoki eʼtiqodi, nikohda boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar, ayol jinsiga mansub har qanday shaxsni, “farzand” atamasi esa uning ota-onasi nikohda boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar, xar qanday farzandni anglatadi.
3-modda
1. Ayol, unga nisbatan mazkur Konvensiya qoʻllanilsa, uning ehtimol tutilgan tugʻish vaqtini tasdiqlovchi tibbiy guvohnoma taqdim etilishi bilan onalik taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻladi.
2. Onalik taʼtili muddati kamida oʻn ikki haftani tashkil etadi hamda tugishdan keyingi majburiy taʼtil muddatini oʻz ichiga qamrab oladi.
3. Tugʻishdan keyingi majburiy taʼtil muddati milliy qonun hujjatlari tomonidan belgilanadi, ammo hech bir xolda olti haftadan kam boʻlishi mumkin emas; onalik taʼtilining butun muddatidan qolgan qoldigʻidan, milliy qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilganiga qarab, ehtimol tutilgan tugʻish vaqtigacha yoki tugʻishdan keyingi majburiy taʼtil muddati tugaganidan soʻng foydalanilishi mumkin yoki uning bir qismidan ehtimol tutilgan tugʻish vaqtigacha, qolgan qismidan esa tugishdan keyingi majburiy taʼtil tugagandan soʻng foydalanilishi mumkin.
4. Agar tugish ehtimol tutilgan muddatdan soʻng roʻy bersa, ushbu muddatgacha olingan taʼtil har qanday holda ham tugʻishning amaldagi muddatigacha uzaytiriladi, bunda tugishdan keyingi majburiy taʼtil davomiyligi qisqartirilmaydi.
5. Homiladorlik sababli tibbiy guvohlik bilan aniqlangan kasallanish holida milliy qonun hujjatlari tugishgacha boʻlgan davr uchun qoʻshimcha taʼtil muddatini koʻzda tutadi va buning eng koʻp davomiyligi vakolatli hokimiyat organi tomonidan belgilanadi.
6. Tugʻish sababli tibbiy guvohlik bilan aniqlangan kasallanish holida ayol tugʻishdan keyingi taʼtilini uzaytirish huquqiga ega boʻladi va bu uzaytirilgan taʼtil eng koʻp muddati vakolatli hokimiyat organi tomonidan belgilanishi mumkin.
4-modda
1. 3-modda qoidalariga muvofiq ravishda onalik taʼtilida boʻlgan ayol pul va tibbiy nafaqa olish huquqiga ega boʻladi.
2. Pul nafaqasi miqdori milliy qonun hujjatlari tomonidan ayolning oʻzi va uning farzandi uchun gigiyena nuqtai nazaridan yaxshi hayotiy sharoitni hamda zarur turmush darajasini taʼminlaydigan tarzda belgilanadi.
3. Tibbiy nafaqalar malakali akusherlar yoki vrachlar tomonidan ayol tugʻishigacha, tugʻish vaqtida va tugʻishidan keyin uni parvarish qilishni va kuzatuvni, shuningdek, zaruratga qarab kasalxonaga yotkizilishini oʻz ichiga oladi; bunda ayolning imkoniyat darajasida vrachni tanlash, shuningdek, davlat yoki xususiy tibbiy muassasani tanlash erkinligi hurmat qilinadi.
4. Pul va tibbiy nafaqalar majburiy ijtimoiy sugʻurta tizimi mablagʻlari hisobidan yoki davlat fondi hisobidan beriladi: har ikki holda ham koʻrsatilgan shartlarga javob beradigan barcha ayollar bu huquqqa ega boʻladilar.
5. Koʻrsatilgan nafaqalar olish huquqiga ega boʻlishga daʼvogarlik qila olmaydigan ayollar, ijtimoiy yordam koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan tekshirish orqali, ijtimoiy yordam fondlari tomonidan beriladigan tegishli yordam olish huquqiga ega boʻladilar.
6. Majburiy ijtimoiy sugʻurta mablagʻlari hisobiga beriladigan pul nafaqalari miqdori ayolning avvalgi ish haqi asosida hisoblab chiqiladigan boʻlsa, bu pul nafaqasi miqdori ayolning ushbu maqsadda hisobga olinadigan avvalgi ish haqining kamida uchdan ikki qismini tashkil etadi.
7. Har qanday badallar, yaʼni onalik nafaqalarni koʻzda tutuvchi hamda bu nafaqalarni berish maqsadidan kelib chiqadigan ish haqi summasiga asoslangan har qanday soliqlarni koʻzda tutuvchi majburiy ijtimoiy sugʻurta tizimi asosida beriladigan badallar, ish beruvchilar va mehnatkashlar tomonidan yoki faqat ish beruvchilarning oʻzlari tomonidan toʻlanishidan qatʼiy nazar, korxonada yollangan erkaklar va ayollar umumiy soni asosida, jinsi farqlanmasdan, toʻlanadi.
8. Hech bir holda ish beruvchi u tomonidan yollangan ayollarga toʻlanadigan bunday nafaqalarning xarajatlari uchun shaxsan javobgar boʻlmaydi.
5-modda
1. Agar ayol oʻz farzandini boqadigan boʻlsa, u bu maqsad uchun ishida bir yoki bir necha marta tanaffus olish huquqiga ega boʻladi va bu tanaffus davomiyligi milliy qonun hujjatlari tomonidan belgilanadi.
2. Ayolning farzandini boqish maqsadidagi ishdagi tanaffuslari ish vaqtidek hisoblanadi hamda unga bu uchun qonun hujjatlari tomonidan belgilangan yoki qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda ish vaqtidek haq toʻlanadi; agar bu masala jamoa shartnomasi orqali tartibga solinadigan boʻlsa, mazkur qoida tegishli shartnoma bilan belgilanadi.
6-modda
Ayol ushbu Konvensiyaning 3-modda qoidalariga muvofiq unga berilgan onalik taʼtili asosida ishda boʻlmasa va shu paytda ish beruvchi tomonidan ushbu ayolni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinsa yoki ushbu ayolning bunday taʼtili paytida muddati tugaydigan buyruq qabul qilinsa, bunday buyruq noqonuniy hisoblanadi.
7-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Xalqaro Mehnat Tashkilotning har qanday aʼzosi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatiga ilova qilingan deklaratsiyasi orqali, quyidagilarni mazkur Konvensiya qoʻllanilishi doirasidan istisno qilishi mumkin:
a) nosanoat ish turlarining ayrim toifalarini;
b) qishloq xoʻjalik korxonalarida (ekinzorlardan tashqari) bajariladigan ish turlarini;
s) xususiy xoʻjaliklarda bajariladigan haq toʻlanadigan uy xizmatini;
d) kasanachi sifatida yollangan ayollarni;
e) dengiz orqali yoʻlovchilarni yoki yuklarni tashish bilan shugʻullanadigan korxonalarni.
2. Agar Tashkilotning aʼzosi tomonidan ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ish turlari yoki korxonalar toifalari istisno qilinsa, ushbu istisnolar ratifikatsiya toʻgʻrisidagi hujjatga ilova qilinadigan deklaratsiyada koʻrsatiladi.
3. Shunday deklaratsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi navbatdagi deklaratsiyasi orqali shunday deklaratsiyani toʻla yoki qisman bekor qilishi mumkin.
4. Tashkilotning har bir aʼzosi, unga nisbatan ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq tayyorlangan deklaratsiyasi kuchda boʻlsa, ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi oʻzining har yilgi maʼruzasida, aytib oʻtilgan deklaratsiyaga koʻra mazkur moddaning 1-bandi qoʻllaniladigan ish turlari va korxonalarga nisbatan oʻz qonunchiligi va amaliyotining holatini hamda ushbu ish turlari va korxonalarga nisbatan Konvensiya qay darajada qoʻllanilayotgani yoki ularni qanday koʻllash koʻzda tutilayotganini koʻrsatadi.
5. Ushbu Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan besh yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi Konferensiyaga, ushbu istisnolar qoʻllanilishi boʻyicha, mazkur masala sohasida amalga oshirilishi kerak boʻlgan choralar toʻgʻrisidagi takliflarni oʻz ichiga oluvchi maxsus maʼruzani taqdim etadi.
8-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
9-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning xar bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
10-modda
1. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi 35-moddasining 2-bandiga muvofiq Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga yuboriladigan deklaratsiyalarda kuyidagilar koʻrsatiladi:
a) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishini zimmasiga olishi;
b) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishini zimmasiga olishi va shu oʻzgartirishlarning tafsiloti;
s) qaysi hududlarga nisbatan Konvensiya qoʻllanilmasligi va bu holda uning qoʻllanilmaslik sabablari;
d) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi oʻz qarorini, bu holat kelgusida koʻrib chiqilgunga qadar, saqlab turishi.
2. Ushbu modda 1-bandining “a” va “b” kichik bandlarida ifodalangan majburiyatlar ratifikatsiyaning ajralmas qismi deb hisoblanadi va ratifikatsiya kuchiga ega.
3. Tashkilotning xar qanday aʼzosi navbatdagi deklaratsiya orqali ushbu modda 1-bandining “b”, “s” yoki “d” kichik bandlari asosida avvalgi deklaratsiyada aytib oʻtilgan xar qanday shartlardan yoki ularning bir qismidan voz kechishi mumkin.
4. Tashkilotning har qanday aʼzosi, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan davr mobaynida, 12-modda qoidalariga muvofiq, Bosh direktorga istalgan avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda belgilangan hududlaridagi hozirgi ahvolni ifoda etuvchi navbatdagi deklaratsiyani yuborishi mumkin.
11-modda
1. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi 35-moddasining 4- va 5-bandlariga muvofiq, Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga yuboriladigan deklaratsiyalarda Konvensiya qoidalari tegishli hududga nisbatan qanday qoʻllanilishi, yaʼni oʻzgartirishlar bilan yoki oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishi koʻrsatiladi; agar deklaratsiyada Konvensiya qoidalari oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishi koʻrsatilsa, u holda oʻzgartirishlarning tafsiloti ham beriladi.
2. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul istalgan paytda, keyingi deklaratsiyasi orqali, tegishli huquqidan foydalanib, har qanday avvalgi deklaratsiyasida koʻzda tutilgan har qaysi oʻzgartirishlardan toʻliq yoki qisman voz kechishi mumkin.
3. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan muddat mobaynida, 12-modda qoidalariga muvofiq, Bosh direktorga har qanday avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishiga nisbatan hozirgi ahvolni ifoda etuvchi deklaratsiya yuborishi mumkin.
12-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani xar oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
13-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor, unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, u Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
14-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
15-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
16-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 12-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, xar qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
17-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)