Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.07.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING MUVAQQAT ISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 5-maydagi 49-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Muvaqqat ish tartibi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 23-fevral,
11-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
1995-yil 23-fevraldagi 11-I-sonli Qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Muvaqqat ish tartibi
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi boʻlib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
2-modda.
“Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oliy Majlis ishining tashkiliy shakli sessiya hisoblanadi.
Oliy Majlis sessiyasi uning majlislarida ochiladi va yopiladi. Majlis jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirdagina vakolatli hisoblanadi.
Oliy Majlisning majlislari ochiq oʻtkaziladi.
Oliy Majlisning qaroriga muvofiq yopiq majlis oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudining raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki boshqaruvining raisi Oliy Majlisning istalgan (ochiq va yopiq) majlisida hozir boʻlish huquqiga egadirlar.
3-modda.
Oliy Majlis sessiyalari Oliy Majlis Raisi tomonidan zaruratga qarab, lekin bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Oliy Majlis Raisining sessiya chaqirish toʻgʻrisidagi farmoyishi deputatlar eʼtiboriga barvaqt yetkaziladi.
Oliy Majlis sessiyasini tayyorlash uchun deputatlar ishchi guruhi tuzilishi mumkin.
4-modda.
Sessiya kun tartibini va boshqa masalalarni dastlabki tarzda muhokama qilish uchun Deputatlar guruhlarining vakillar yigʻilishi chaqirilishi mumkin.
Vakillar yigʻilishi Oliy Majlis deputatlari orasidan siyosiy partiyalarning hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyat vakillik organlarining taklifiga binoan: besh deputatdan bir vakil normasi boʻyicha tuziladi.
Vakillar yigʻilishi Oliy Majlisning butun vakolat muddatiga tuziladi.
Zarur hollarda Vakillar yigʻilishi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish yuqorida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Vakillar yigʻilishi, qoida tariqasida, Oliy Majlis Raisi tomonidan chaqiriladi va olib boriladi.
Oliy Majlis Raisi yoʻqligida yoki u oʻz vakolatlarini bajara olmaydigan hollarda Vakillar yigʻilishi Oliy Majlis Raisi oʻrinbosarlarining biri tomonidan chaqiriladi va olib boriladi.
Vakillar yigʻilishi qachon va qayerda oʻtkazilishini deputatlarga oldindan xabar qilinadi: bu xabar matbuot, televideniye va radio orqali eʼlon qilinadi.
Basharti boshqacha qaror qabul qilinmasa, Vakillar yigʻilishining majlislari ochiq oʻtkaziladi.
Majlislarda Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Bosh vazir va boshqa taklif etilgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Vakillar yigʻilishining faoliyati koʻrib chiqilayotgan masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilishga asoslanadi.
Qarorlar ochiq ovoz berish tarzida, hozir boʻlgan deputatlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorlar bayon shaklida rasmiylashtirilmaydi.
Vakillar yigʻilishining muhokamasiga dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun boʻlajak sessiyaning kun tartibiga doir takliflar, Oliy Majlis tomonidan saylanadigan, tasdiqlanadigan yoki tayinlanadigan nomzodlar, shuningdek Oliy Majlis vakolatiga berilgan boshqa masalalar toʻgʻrisidagi takliflar kiritilishi mumkin.
Vakillar yigʻilishi qabul qilingan tavsiyalarning natijalari boʻyicha deputatlardan biriga yoki boshqa mansabdor shaxsga ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis sessiyasida taklif bilan soʻzga chiqishni topshiradi.
5-modda.
Oliy Majlis sessiyasini, qoida tariqasida, Oliy Majlis Raisi olib boradi, Rais yoʻqligida yoki u oʻz vazifalarini bajara olmaydigan hollarda uning vazifalarini Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
6-modda.
Oliy Majlis har bir sessiyasining majlislari davriga birinchi majlisda sessiya Kotibiyati tuziladi.
Kotibiyat ochiq ovoz berish yoʻli bilan Oliy Majlis deputatlari orasidan Kotibiyat rahbari va aʼzolaridan iborat tarkibda saylanadi. Deputatlar guruhlarining vakillar yigʻilishi bilan oldindan kelishilgan, Kotibiyatning shaxsiy tarkibiga doir taklif deputatlardan biri yoki sessiyada raislik qiluvchi tomonidan kiritiladi.
Sessiya Kotibiyatini saylash toʻgʻrisida Oliy Majlis qarori qabul qilinadi.
Sessiya Kotibiyati soʻzga chiqish istagini bildirganlarni yozib boradi, deputat soʻrovlari, savollar, maʼlumotlar, xabarlar, arizalar, takliflarni roʻyxatga oladi, Oliy Majlis nomiga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar va boshqa hujjatlar bilan ishlashni tashkil etadi.
7-modda.
Birinchi sessiyada Oliy Majlis deputatlari orasidan ovozlarni sanovchi elektron tarmogʻining ishini nazorat qiluvchi guruh tuzilib, u guruh rahbari va toʻrt aʼzodan iborat boʻladi.
Nazorat guruhini saylash toʻgʻrisida Oliy Majlis qarori qabul qilinadi.
8-modda.
Oliy Majlis deputatlari sessiya kun tartibini muhokama etadilar va qabul qiladilar. Kun tartibiga doir takliflar Oliy Majlis Kengashi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi.
Kun tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida Oliy Majlis qarori qabul qilinadi.
9-modda.
Oliy Majlis majlislarida ish davlat tilida olib boriladi va rus tiliga hamohang tarjimasi taʼminlanadi.
10-modda.
Oliy Majlisning ertalabki majlislari, qoida tariqasida. soat 10 dan 13 gacha, kechqurungi majlislari esa soat 15 dan 18 gacha oʻtkaziladi, ikki soat ishlanganidan keyin 20 minutlik tanaffus eʼlon qilib turiladi. Oliy Majlisning qarori bilan majlislarni boshlash, tamom qilish va tanaffus qilishning boshqa vaqti belgilanishi mumkin.
Har qaysi kechqurungi majlis oxirida kun tartibida koʻzda tutilmagan masalalar xususida deputatlar qisqacha, qoida tariqasida, ikki minutga qadar, bayonotlar va xabarlar bilan soʻzga chiqishi uchun 10 minutgacha vaqt ajratilishi mumkin. Ushbu bayonot va xabarlar yuzasidan muzokaralar ochilmaydi.
Oliy Majlisning majlislarida maʼruzalar uchun, qoida tariqasida, bir soatgacha, qoʻshimcha maʼruzalar uchun — 20 minutgacha vaqt beriladi. Muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga 10 minutgacha, qonunlarning loyihalarini moddama-modda muhokama qilish chogʻida soʻzga chiqish uchun 3 minutgacha, nomzodlar toʻgʻrisida, majlislarni olib borish tartibi haqida, ovoz berish sabablari boʻyicha soʻzga chiqish uchun, bayonotlar uchun, soʻrovlar, savollar, takliflar, xabarlar va maʼlumotlar uchun 2 minutgacha vaqt beriladi. Koʻpchilik deputatlarning roziligi bilan majlisda raislik qiluvchi soʻzga chiqish vaqtini uzaytirishi mumkin. Nutqlar minbardan turib yoki oʻtirgan joyidan alohida mikrofon orqali soʻzlanadi.
Raislik qiluvchining taklifiga muvofiq Oliy Majlis kun tartibidagi har bir masalani muhokama qilishga ajratiladigan vaqtni oldindan belgilab qoʻyishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisning Raisi, Bosh vazir va Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlari istalgan paytda soʻz olish huquqiga egadirlar.
11-modda.
Oliy Majlisning majlislarida qarab chiqilayotgan masalalarga doir qarorlar jami deputatlarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir, ishlash tartibiga doir qarorlar esa hozir boʻlgan deputatlarning oddiy-koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oliy Majlis qarorlari, qoida tariqasida, ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Konstitutsiyada, ushbu Muvaqqat ish tartibida nazarda tutilgan hollarda yoki Oliy Majlisning qaroriga muvofiq yashirin ovoz berish oʻtkaziladi.
Ochiq va yashirin ovoz berish, basharti Oliy Majlis boshqacha qaror qabul qilmagan boʻlsa, ovozlarni sanovchi elektron tarmoq yordamida oʻtkaziladi.
12-modda.
Byulletenlardan foydalangan holda yashirin ovoz berishni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, Oliy Majlis 5 — 7 kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasini saylaydi.
Saylab qoʻyiladigan organlar tarkibiga yoki mansabdor shaxslar lavozimiga nomzodlari koʻrsatilgan deputatlar sanoq komissiyasiga kiritilishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi oʻz orasidan rais va komissiya kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Byulletenlar sanoq komissiyasi nazorati ostida, u belgilagan shaklda va muayyan miqdorda tayyorlanadi.
Ovoz berish vaqti va joyini, uni oʻtkazish tartibini sanoq komissiyasi belgilaydi.
13-modda.
Ovoz berishni oʻtkazish tartibi va texnikasida xatolar borligi aniqlangan taqdirda Oliy Majlisning qaroriga muvofiq takror ovoz berish oʻtkaziladi.
14-modda.
Yashirin ovoz berish yakunlari boʻyicha sanoq komissiyasi bayon tuzadi, bu bayon sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Sanoq komissiyasining maʼruzasi yuzasidan Oliy Majlis yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Raisi va uning oʻrinbosarlari Oliy Majlis deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
16-modda.
Nomzod yashirin ovoz berish natijasida Oliy Majlis jami deputatlari yarmidan koʻpining ovozini olsa, Oliy Majlis Raisi yoki Oliy Majlis Raisining oʻrinbosari lavozimiga saylangan hisoblanadi.
17-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga muvofiq Oliy Majlis deputatlar orasidan qoʻmitalar va komissiyalar saylaydi.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari Deputatlar guruhlarining vakillar yigʻilishi taklifiga binoan saylanadi.
Qoʻmitalar (komissiyalar) roʻyxati Oliy Majlis tomonidan belgilanadi. Oliy Majlis ushbu masala yuzasidan qaror qabul qiladi.
Qoʻmitalar va komissiyalar saylanayotganda qoʻmita, komissiyasining miqdor tarkibi yuzasidan ovoz berish oʻtkaziladi, qoʻmita, komissiya raisining nomzodi alohida ovozga qoʻyiladi, soʻngra Oliy Majlis qaroriga binoan qoʻmita, komissiyaning butun tarkibi boʻyicha yoki har bir nomzod boʻyicha alohida-alohida ovoz berish oʻtkaziladi.
Deputat, qoida tariqasida, Oliy Majlisning faqat bitta qoʻmitasi yoki komissiyasiga aʼzo etib saylanishi mumkin.
Qoʻmitalar va komissiyalarning tarkibiga Oliy Majlis Raisi va uning oʻrinbosarlari saylanishlari mumkin emas.
18-modda.
Siyosiy partiyalar va davlat hokimiyati vakillik organlari tomonidan koʻrsatilgan Oliy Majlis deputatlari fraksiyalar va bloklarga birlashadilar.
Oliy Majlis deputati faqat bitta deputatlar birlashmasi (fraksiya, blok)da boʻlishga haqli.
Fraksiyalar, bloklar oʻz faoliyatini Oliy Majlis tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin amalga oshiradi va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida ish olib boradi.
Fraksiyaning, blokning faoliyati Oliy Majlis tomonidan qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlib yuborish) yoki tugatish yoʻli bilan toʻxtatilishi mumkin.
Siyosiy partiyaning fraksiyasini yoki deputatlar blokini tuzish uchun:
1) tashabbuskor guruh tuzish;
2) fraksiya, blok tuzish niyatini eʼlon qilish;
3) fraksiya yoki blokning taʼsis yigʻilishini oʻtkazish;
4) fraksiya yoki blok tuzilganligi toʻgʻrisida taʼsis bayoni qabul qilish va uni Oliy Majlisga topshirish;
5) fraksiya yoki blok raisini (rahbarini) saylash zarur.
Siyosiy partiyaning raisi (rahbari) yoki fraksiyadan (blokdan) saylangan vakil fraksiyani (blokni) roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimos bayon etilgan ariza bilan Oliy Majlisga murojaat etadi.
Arizaga taʼsis yigʻilishining bayoni ilova qilinadi. Unda fraksiyaning, blokning miqdor tarkibi va shaxsiy tarkibi, shuningdek fraksiyaning, blokning Oliy Majlis Kengashi tarkibiga kiritiladigan vakilining (rahbarining) familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va saylov okrugining tartib raqami koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Arizani Oliy Majlis sessiyasida qarab chiqish vaqtida fraksiyalarning, bloklarning rahbarlari tuzilgan fraksiyaning, blokning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida axborot berishi, boshqa maʼlumotlarni aytishi mumkin.
Oliy Majlisdagi rasmiy fraksiyalarni, bloklarni roʻyxatga olish masalasi yuzasidan Oliy Kengash qaror qabul qiladi.
19-modda.
Oliy Majlis ishini tashkil etish va “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun Oliy Majlis Kengashi tuziladi.
Oliy Majlis Kengashining tarkibiga Oliy Majlis Raisi, Rais oʻrinbosarlari, qoʻmitalarning, Mandat komissiyasining raislari va rasmiy fraksiyalarning, bloklarning vakillari kiradi.
20-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha chiqargan Farmonlarini tasdiqlash, qoʻmitalar, komissiyalar raislari va aʼzolarini, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi aʼzolarini saqlash, Markaziy bank boshqaruvi raisini, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish, Oliy Majlis Kengashi (Oliy Kengash Rayosati) qarorlarini tasdiqlash ochiq ovoz bergan holda Oliy Majlis jami deputatlarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan amalga oshiriladi.
21-modda.
Oliy Majlis qonunlarni “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9-moddasiga muvofiq qabul qiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 18-modda)