Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.04.2000
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jumhuriyat oʻrmon xoʻjaligini boshqarishni takomillashtirish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 12-fevraldagi 144-son Farmoniga muvofiq va oʻrmon fondi yerlaridan oqilona foydalanish, oʻrmonlarning tabiatni muhofaza qilish va meliorativ ahamiyatini oshirish, jumhuriyat oʻrmon xoʻjaligini boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasi apparatining tuzilishi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoʻmitaning Markaziy apparati xodimlari soni 78 kishidan iborat qilib, oʻziga qarashli korxonalarning ajratmalari hisobiga yillik ish haqi fondi 370 ming soʻm hajmida belgilansin. Qoʻmitaga Raisning 2 oʻrinbosari, shu jumladan, bitta birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasi hayʼati tarkibi 7 kishidan iborat qilib belgilansin. 3 ta xizmat yengil avtomobillarini saqlash uchun limit ajratilsin.
2. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
oʻrmonlarning holatini, ularni koʻpaytirishni, muhofaza va himoya qilishni nazorat etishni amalga oshirish;
 LexUZ sharhi
2-bandning ikkinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-iyundagi 278-sonli qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Hujjatning rus tilidagi matniga qarang.
oʻrmonchilik va ovchilik xoʻjaliklarini, qoʻriqxona ishini, milliy parklarni rivojlantirishning istiqbollarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
yongʻoq mevali va meva-rezavor oʻsimliklar sanoat ekin maydonlarini barpo etish, oʻrmon resurslarini koʻpaytirish va jumhuriyatning yogʻochga boʻlgan talabini qisman qondirish uchun tez oʻsuvchi yogʻochbop daraxtzorlarni kengaytirish;
dorivor va ovqatbop oʻsimliklarni tayyorlash va yetishtirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish va bu maqsadlar uchun ixtisoslashtirilgan boʻlinmalar tashkil etish;
oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishda xoʻjalik hisobi faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrish, oʻrmonlarni tiklash va ihota daraxtzorlarini barpo etish ishlari samaradorligini oshirish;
dalalar va yaylovlarni himoya qiluvchi oʻrmon polosalari, togʻ yonbagʻirlarida, jar yoqalarida va boshqa tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar yaratish, Orol dengizining qurib qolgan yerlarida, koʻchma qumliklarda oʻrmon melioratsiyasiga doir chora-tadbirlar koʻrish ishlarini tashkil etish va bajarish;
oʻrmon fondini koʻpaytirish va yaxshilash, oʻrmonning ekologik, sogʻlomlashtirish va sanitariya-gigiyena funksiyalarini oshirish ishida fan yutuqlari va ilgʻor tajribalardan foydalanish;
oʻrmon xoʻjaligi tizimidagi korxonalar va tashkilotlarni rivojlantirishni prognozlashtirish, ularni xoʻjalik faoliyatining yangi shakllariga oʻtkazish.
3. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasiga OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi, OʻzSSJ Adliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga Qoʻmita haqidagi Nizom loyihasini taqdim etish topshirilsin.
4. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarish birlashmalari bosh korxonalar negizida oʻziga qarashli korxonalarning ajratmalari hisobiga saqlagan holda tegishli oʻrmon xoʻjaligi viloyat boshqarmalariga aylantirilsin.
5. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasi uch oy muddat ichida:
Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyat ijroiya qoʻmitalari bilan birgalikda dorivor va ovqatbop oʻsimliklar yetishtiruvchi ixtisoslashtirilgan sovxozlar tashkil qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqsin va bu haqda takliflar kiritsin;
kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda Toshkent oʻrmon-meliorativ texnikumini tashkil etish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
6. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasi bilan birgalikda qizilmiya ildizi va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, tayyorlash boʻyicha yangi sovxozlar tashkil etish masalasini koʻrib chiqsin.
7. Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasi va Oʻzbekiston SSJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi xalq deputatlari Sovetlari viloyat va nohiya ijroiya qoʻmitalari bilan birgalikda toʻkayzorlarning puxta hisobini olsinlar, ularni saqlash, koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini tayyorlasinlar.
Kolxozlar va sovxozlarning yerlarida pudrat usuli bilan bajariladigan ihota oʻrmon polosalari barpo etish ishlari qayta tiklansin.
8. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi va OʻzSSJ Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi Oʻzbekiston SSJ Davlat oʻrmon qoʻmitasining talabnomalari boʻyicha belgilangan tartibda har yili zarur hajmlarda mablagʻlar va moddiy-texnika resurslari ajratishni koʻzda tutsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 30-aprel,
115-son
Vazirlar Mahkamasining
1991-yil 30-apreldagi
115-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston SSJ davlat oʻrmon qoʻmitasi apparatining
tuzilishi
Rahbariyat‎
Rahbariyat huzuridagi apparat‎
Ilmiy-texnika boʻlimi‎
Oʻrmon xoʻjaligi, oʻrmonlarni muhofaza va himoya qilish boʻlimi‎
Oʻrmonlarni tiklash va ihota daraxtzorlarini koʻpaytirish boʻlimi‎
Ovchilik xoʻjaligi va qoʻriqxonalar, milliy parklar boʻlimi‎
Dorivor va ovqatbop oʻsimliklar boʻlimi‎
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻlimi‎
Oʻrmondan boshqa qoʻshimcha maqsadlarda foydalanish va qishloq xoʻjaligi boʻlimi‎
Kapital qurilish va moddiy-texnika taʼminoti boʻlimi‎
Moliya-iqtisod boʻlimi‎
Buxgalteriya hisobi va taftish boʻlimi‎
Oʻrmonlarning holati, ulardan foydalanish va ularni koʻpaytirish ustidan davlat nazorati boʻlimi‎
Umumiy boʻlim‎