1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.05.00.00 Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (shuningdek, 01.16.00.00ga qarang) / 02.05.01.00 Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (yigʻin);
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.08.00.00 Kasbiy tayyorgarlik, malaka oshirish va qayta tayyorlash]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning tashkiliy tuzilmasi va tizimi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 10-oktabrdagi PQ-2050-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning tashkiliy tuzilmasi va tizimi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining xodimi malakasini oshirganligi toʻgʻrisidagi sertifikat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 14-dekabr,
328-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-dekabrdagi 328-son qaroriga 1-ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning tashkiliy tuzilmasi va tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirishning huquqiy asoslarini, umumiy va maxsus talablarini, asosiy yoʻnalishlarini, shuningdek ularning oʻqishini nazorat qilish va sifatini baholash mexanizmlarini belgilaydi.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish (keyingi oʻrinlarda malaka oshirish deb ataladi) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati sohasida kasbiy mahoratning tizimli asosda doimiy oʻsishini taʼminlaydigan kasbiy bilimlarning va boshqaruv bilimlarining, mahorat va koʻnikmalarning davriy ravishda yangilab borilishini nazarda tutadi.
3. Malaka oshirish toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita shaklda amalga oshiriladi.
4. Toʻgʻridan-toʻgʻri malaka oshirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari (keyingi oʻrinlarda Oʻquv kurslari deb ataladi) bazasida amalga oshiriladi.
5. Oʻquv kurslarida fuqarolar yigʻinlari raislari, fuqarolar yigʻinlarining masʼul kotiblari va “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalarining aʼzolari (keyingi oʻrinlarda tinglovchilar deb ataladi) oʻz malakasini oshiradilar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
6. Bilvosita malaka oshirish ilmiy, ilmiy-amaliy seminarlarda, konferensiyalarda, davra suhbatlarida va boshqa tadbirlarda qatnashish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
II. Oʻquv kurslarining asosiy vazifalari va malaka oshirish yoʻnalishlari
7. Quyidagilar Oʻquv kurslarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻz oldilarida turgan, shu jumladan maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy tarbiya, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, kichik va xususiy tadbirkorlikni, oilaviy biznesni rivojlantirish, aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini tashkil etish, tabiatni muhofaza qilish, hududlarni obodonlashtirish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash sohalaridagi vazifalarni amalga oshirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini, kasbiy va boshqarish koʻnikmalarini hamda ijtimoiy-iqtisodiy bilimlarini oshirishni tashkil etish;
fuqarolar yigʻinlarining nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini shakllantirish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan faoliyatini takomillashtirishga koʻmaklashish.
8. Malaka oshirish quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
aholining ijtimoiy faolligini oshirish;
ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini shakllantirish;
demokratik qadriyatlarni keng targʻib qilish;
jamoat tartibini va xavfsizlikni taʼminlash;
yoshlarni kasbga yoʻnaltirish va voyaga yetmaganlar bilan ishlash;
aholini manzilli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlikni, shu jumladan oilaviy biznesni rivojlantirish;
jamoat nazoratini tashkil etish;
tabiatni muhofaza qilishda, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishda qatnashish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatining qonunchilikda belgilangan boshqa sohalari.
III. Malaka oshirish boʻyicha umumiy va maxsus talablar
9. Malaka oshirish boʻyicha umumiy va maxsus talablar malaka oshirish tizimini tashkiliy va ilmiy-metodik taʼminlash uchun qoʻllaniladi.
Malaka oshirishning sifati fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari tayyorgarligining zarur va yetarlicha darajasi, ular bilimlari va amaliy koʻnikmalarining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligi bilan belgilanadi.
10. Malaka oshirishning mazmuni va sifatiga umumiy va maxsus talablar tegishli oʻquv rejalari va dasturlari bilan belgilanadi.
11. Oʻquv rejalari va dasturlarining mazmuni faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha umumiy va maxsus tayyorgarlikni nazarda tutishi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda yuz berayotgan oʻzgarishlarga muvofiq boʻlishi kerak.
IV. Malaka oshirishning tashkiliy asoslari
12. Oʻquv kurslari faoliyatiga tashkiliy rahbarlik qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻquv kurslarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
malaka oshirish tizimini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda malaka oshirishga muhtoj kadrlar kontingentini aniqlaydi, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining Oʻquv kurslarida qatnashishini taʼminlaydi, ularning malaka oshirish kurslaridan oʻtishi hisobini yuritadi;
xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari turar joylarida joylar yetishmaganda (boʻlmaganda) taʼlim muassasalari turar joylarida joylar ajratilishini taʼminlaydi.
14. Oʻquv kurslarining faoliyatiga oʻquv-metodik rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda malaka oshirish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning doimo yangilanishini taʼminlaydi;
malaka oshirish tizimini takomillashtirish mexanizmlari va metodlarini belgilaydi;
Oʻquv kurslari oʻqituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etadi;
malaka oshirish tizimiga oʻqitishning zamonaviy shakl va metodlarini, ilgʻor pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalarini joriy etadi;
Oʻquv kurslarida taʼlim olish va oʻqitish jarayoni monitoringini olib boradi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
malaka oshirish jarayoniga ilmiy tadqiqotlar natijalarini joriy etadi;
malaka oshirishning oʻquv-metodik asoslarini ishlab chiqishga koʻmaklashadi;
malaka oshirish sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani umumlashtiradi va oʻqitish jarayoniga joriy etadi;
malaka oshirish tizimida masofadan oʻqitishni ishlab chiqadi va joriy etadi;
Oʻquv kurslarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlaydi;
zaruriyat boʻlganda, idoraviy mansub taʼlim muassasalarining turar joylaridan tinglovchilar yashashi uchun oʻrinlar ajratadi.
17. Oʻquv kurslari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida joylashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻquv kurslariga oʻquv mashgʻulotlarini olib borish uchun zarur xonalar va talabalarning yashashi uchun oʻrinlar ajratilishini taʼminlaydi.
V. Oʻquv kurslarining tashkiliy tuzilmasi
18. Oʻquv kurslari yuridik shaxs hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
19. Oʻquv kurslarining tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 10-oktabrdagi PQ-2050-son qarori bilan tasdiqlangan.
Oʻquv kurslariga direktor rahbarlik qiladi.
Oʻquv-metodik va tashkiliy masalalar boʻyicha boʻlim, boʻlimning boshligʻi va bosh metodistdan iborat boʻladi.
Oʻquv kurslarining buxgalteriya hisobini bosh buxgalter yuritadi.
Amaliyotchi mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar tarkibi shartnoma asosida jalb etiladi.
20. Oʻquv kurslari direktori Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Direktor lavozimiga oliy maʼlumotli, kamida 5 yil pedagogik ish stajiga va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bilan bogʻliq amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan shaxs tayinlanadi.
21. Oʻquv kurslari direktori:
Oʻquv kurslari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Oʻquv kurslariga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
belgilangan tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari asosida oʻquv materiallarini ishlab chiqish ishlarini tashkil qiladi;
oʻquv materiallari nazariy aspektlarining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari amaliy faoliyati bilan aloqasini taʼminlaydi;
taʼlim jarayoniga oʻqitishning ilgʻor shakllari, shu jumladan masofadan oʻqitish, ilgʻor pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari joriy etilishini hamda ulardan samarali foydalanishni tashkil etadi;
Oʻquv kurslari vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha shartnomalar tuzadi;
Oʻquv kurslari faoliyatiga tegishli buyruqlar chiqaradi, shuningdek Oʻquv kurslarining xodimlari, jalb etilgan mutaxassis-amaliyotchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibi bajarishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
Oʻquv kurslari xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Oʻquv kurslari xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini koʻrib chiqadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda, Oʻquv kurslari xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
har chorakda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashini, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarini Oʻquv kurslari faoliyati toʻgʻrisida xabardor qiladi;
oʻqitishning interaktiv metodlari, zamonaviy pedagogika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi yuzasidan javob beradi.
22. Oʻquv-metodik va tashkiliy masalalar boʻlimi:
boʻlim faoliyatining yillik, yarim yillik va oylik rejalarini ishlab chiqadi, shuningdek ularning natijalarini tahlil qiladi;
darslar yuklamasini oʻrganadi, rejalashtiradi va taqsimlaydi, professor-oʻqituvchilar tarkibi uchun shtat jadvalini tuzadi;
professor-oʻqituvchilar tarkibining soatlar boʻyicha yuklamasini belgilaydi;
tinglovchilar bilimlarini baholash shakllarini joriy etadi;
professor-oʻqituvchilar tarkibining Oʻquv kurslariga jalb etilishini taʼminlaydi;
oʻquv materiallarini ishlab chiqadi;
respublikaning boshqa taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini yuritish tajribasini oʻrganadi va Oʻquv kurslarida joriy etadi;
oʻquv jarayoni sifatini doimiy nazorat qilishda qatnashadi;
oʻquv jarayonini davr talabi darajasida shakllantiradi va saqlaydi, uning zamonaviy texnik vositalar asosida oʻtkazilishini taʼminlaydi, ularni takomillashtirish chora-tadbirlarini muntazam ravishda amalga oshiradi;
tinglovchilarni Oʻquv kurslarining ichki tartib-qoidalari bilan tanishtirish va ularni tushuntirish ishlarini olib boradi;
tinglovchilarni oʻquv materiallari bilan oʻz vaqtida taʼminlaydi;
professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan tinglovchilarga qoʻyilgan ballarni nazorat qiladi va ularning maxsus komissiyalar tomonidan tekshirilishini amalga oshiradi;
Oʻquv kurslari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlaydi;
oʻquv jarayonining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi, axborot va hisobotlarning saqlanishi uchun javob beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar va vakolatlarni amalga oshiradi.
23. Oʻquv kurslarining xodimlarini ishga qabul qilish tartibi, shartlari va muddatlari, shuningdek professor-oʻqituvchilar tarkibi va amaliyotchi mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish qonun hujjatlarida belgilanadi.
24. Oʻquv kurslari xodimlariga oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
25. Oʻquv kurslari xodimlarining, shuningdek amaliyotchi mutaxassislarining va professor-oʻqituvchilar tarkibining huquq va majburiyatlari lavozim yoʻriqnomalarida belgilanadi.
VI. Oʻquv kurslarida oʻquv jarayonini tashkil etish
26. Oʻquv jarayonini tashkil etish uchun Oʻquv kurslari:
tasdiqlanadigan oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari va reja-jadvallar asosida malaka oshirishni tashkil etadi;
malaka oshirish kurslarida oʻqitishga yetakchi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, shuningdek amaliyotchi mutaxassislarining jalb etilishini taʼminlaydi;
Oʻquv kurslarining moddiy-texnika bazasini rivojlantiradi;
oʻquv va oʻquv-metodik ishlanmalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nashr qiladi va tarqatadi.
27. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari malaka oshirish kurslaridan zaruriyatga koʻra, biroq har uch yilda kamida bir marta oʻtadilar.
28. Oʻquv kurslarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari quyidagi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha guruhlar tashkil etiladi:
(28-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
(28-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 327-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/327/1173-son)
v) fuqarolar yigʻinlarining masʼul kotiblari guruhi;
g) “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari aʼzolari guruhi.
(28-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 346-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son)
29. Guruhlar 20—25 kishidan iborat boʻladi.
30. Oʻquv kurslarida oʻquv yili sentyabr oyidan boshlanadi va keyingi kalendar yilning iyul oyigacha davom etadi.
31. Malaka oshirish muddati bir haftadan iborat boʻladi.
Malaka oshirishning toʻgʻridan toʻgʻri shakllari uchun auditoriya mashgʻulotlari va mustaqil ishlarning eng koʻp hajmi 36 akademik soat etib belgilanadi.
Oʻquv kurslarida mashgʻulotlar, yakshanba va bayram kunlaridan (ishlanmaydigan kunlardan) tashqari (dam olish kunlarini belgilagan holda) har kuni soat 900 dan soat 1600 gacha, shanba kuni soat 1330 gacha oʻtkaziladi.
32. Oʻquv kurslarida tinglovchilar malakasini oshirish ishga bormagan holda oʻtkaziladi.
33. Tinglovchilar malakasini oshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
leksiyalar, seminarlar, amaliy mashgʻulotlar;
ilmiy, ilmiy-amaliy seminarlarda, konferensiyalarda, davra suhbatlarida va boshqa tadbirlarda qatnashish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish namunali organlarida amaliyotni oʻtash (tajriba orttirish);
masofadan va koʻchma mashgʻulotlar oʻtkazish.
Oʻquv jarayoni oʻqitishning zamonaviy shakllari va metodlaridan, ilgʻor pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladi.
VII. Tinglovchilar malakasini oshirish
34. Tinglovchilar malakasini oshirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan, tegishli tuman (shahar) hokimliklariga yuborilgan reja-jadval asosida amalga oshiriladi.
35. Tuman (shahar) hokimliklari oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan bir oy oldin Oʻquv kurslariga malaka oshirish uchun yuboriladigan tinglovchilar roʻyxatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etadilar.
36. Malaka oshirish uchun kelgan tinglovchilarni Oʻquv kurslariga qabul qilish, tasdiqlangan reja-jadval asosida, Oʻquv kurslari direktorining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) hokimliklari (belgilangan davriylikni hisobga olgan holda) tegishli mintaqa fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malaka oshirishdan oʻz vaqtida oʻtishlari uchun masʼuldirlar.
37. Oʻqish davrida tinglovchilarning asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlanadi.
Boshqa joylardan kelgan tinglovchilarga ularni yuborgan tomon hisobiga sutkalik pul toʻlanadi hamda respublika doirasidagi xizmat safarlarida belgilangan tartibda va miqdorda oʻqish joyiga bir marta borish-kelish yoʻl haqi puli toʻlanadi.
38. Tinglovchilar oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin Oʻquv kurslarining ichki tartib-qoidalari bilan tanishtiriladi.
39. Uzrli sabab bilan oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlmagan tinglovchilar oʻz arizasiga koʻra tinglovchilar tarkibidan chiqariladi.
40. Tinglovchilar tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi buyruq Oʻquv kurslarining tashkiliy masalalar boʻyicha mutaxassisi tomonidan tuzilgan va direktori tasdiqlagan dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi. Bu haqda tinglovchini yuborgan tegishli tuman (shahar) hokimligiga xabar qilinadi.
VIII.Tinglovchilarning huquq va majburiyatlari
41. Oʻquv kurslari tinglovchilari quyidagi huquqlarga ega:
oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarida nazarda tutilgan bilimlar olish;
Oʻquv kurslari direktoriga oʻquv jarayonini yanada yaxshilash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarda qatnashish;
malaka oshirish bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar va maslahatlar olish;
Oʻquv kurslarining auditoriyalari, axborot-resurs markazi, oʻquv xonalari, shuningdek asbob-uskunalaridan foydalanish;
Oʻquv kurslari xodimlari qarori yuzasidan shikoyat qilish.
Tinglovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
42. Oʻquv kurslari tinglovchilari quyidagilarga majbur:
taʼlim dasturlari talablarini bajarish;
oʻquv mashgʻulotlariga oʻz vaqtida qatnashish;
oʻquv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan yakuniy sinov imtihonlarini topshirish (suhbatdan oʻtish);
oʻz nazariy bilimlarini, kasbiy koʻnikmalari va mahoratlari darajasini oshirish;
oʻquv jarayoni topshiriqlarini oʻz vaqtida bajarish;
(42-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
Oʻquv kurslari mulkini ehtiyotlash, ichki tartib-qoidalarga rioya etish.
Tinglovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
IX. Tinglovchilarning bilimlarini baholash
43. Tinglovchilarning bilimlari yakuniy sinov imtihoni (suhbatdan oʻtish) asosida baholanadi.
44. Sinov imtihonini (suhbatdan oʻtishni) tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻquv kurslari direktorining buyrugʻi bilan sinov imtihoni komissiyasi tuziladi. Komissiya, qoidaga koʻra, rais va kamida ikki nafar aʼzodan iborat boʻladi.
Sinov imtihoni komissiyasi tarkibiga, kelishuv asosida, nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari va manfaatdor idoralar vakillari kiritilishi mumkin.
45. Tinglovchilar bilan sinov imtihoni (suhbat) ular kasbiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi. Sinov imtihoni (suhbat)dan oʻtish natijalari vedomostda “sinovdan oʻtdi” yoki “sinovdan oʻtmadi” deb baholanadi hamda komissiya raisi va uning aʼzolari tomonidan imzolanadi.
46. Oʻquv kurslari dasturlarida nazarda tutilgan barcha talablarni bajargan va sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan (suhbatdan oʻtgan) tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi.
47. Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan oʻtmagan) tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bu holda tinglovchilarga malaka oshirishda qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
48. Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan oʻtmagan) tinglovchilar toʻgʻrisida Oʻquv kurslari tomonidan ularni yuborgan tegishli tuman (shahar) hokimligiga xabar qilinadi. Agar tinglovchilar sinov imtihoni (suhbatdan oʻtish) natijalaridan norozi boʻlsa, ular sinov imtihoni (suhbatdan oʻtish) natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida Oʻquv kurslari direktori nomiga yozilgan ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Bu holda Oʻquv kurslari direktorining buyrugʻi bilan professor-oʻqituvchilar tarkibi va Oʻquv kursining amaliyotchi mutaxassislarining kamida uch nafar vakilidan iborat tarkibda apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi tinglovchilarning arizasini koʻrib chiqib, yangidan tashkil etilgan sinov imtihoni (suhbatdan oʻtish) natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida xulosa beradi.
49. Sinov imtihonida (suhbatdan oʻtishda) uzrli sabab bilan qatnashmagan tinglovchilar sinov imtihonida (suhbatdan oʻtishda) keyingi guruh tinglovchilari bilan birga qatnashishi mumkin.
50. Malaka oshirish kursini uzrli sababga koʻra oxirigacha tamomlamagan tinglovchilar kurslarni keyingi guruh bilan birga tamomlashi mumkin.
X. Yakunlovchi qoidalar
51. Malaka oshirish sifatini nazorat qilishda ichki va tashqi nazorat tamoyillariga asoslaniladi.
Ichki nazorat — Oʻquv kurslari direktori tomonidan, tashqi nazorat — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
52. Malaka oshirish boʻyicha Oʻquv kurslari faoliyatini baholash tartibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-dekabrdagi 328-son qaroriga 2-ILOVA
Namuna
Oʻzbekiston Respublikasi Gerbi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining xodimi malakasini oshirganligi toʻgʻrisida SERTIFIKAT UK № 000000
____________________________________________________________________ (fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xodimining lavozimi)
____________________________________________________________________ (familiyasi, ismi va otasining ismi)
20___ yil “____” ____________________dan 20___yil “_____”_____________________gacha _______________________________________________________ huzuridagi Fuqarolarning
(maʼmuriy hududning nomi)
oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 51-son, 663-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/327/1173-son; 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)