UMIDSIZ SOLIQ QARZINI HISOBDAN ChIQARISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi 736-sonli “Soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 18-iyuldagi PF-4455-son Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-oktabr,
307-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 24-oktabrdagi 307-son qaroriga ILOVA
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi va “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Umidsiz deb eʼtirof etilgan soliq qarzi hisobdan chiqarilishi kerak.
2. Tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmaganligi uchun qoniqtirilmagan soliq qarzi umidsiz soliq qarzi deb eʼtirof etiladi.
3. Jismoniy shaxsning umidsiz soliq qarzi deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi — jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliq qatʼiy belgilangan soliqqa va 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallariga hisoblangan penya va (yoki) jarimalar, vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlarini toʻlash boʻyicha soliq majburiyati summasining meros qilib qoldiriladigan mol-mulk qiymatidan ortigʻi yuzasidan. Vafot etgan jismoniy shaxsning qarzdorligi merosxoʻr mavjud boʻlmagan taqdirda ham umidsiz hisoblanadi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 889-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)
sud tomonidan bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi, — ushbu jismoniy shaxsning mol-mulki qiymatidan ortiq boʻlgan qismi yuzasidan. Jismoniy shaxsni bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etishni bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan yoxud jismoniy shaxsni muomalaga layoqatli deb eʼtirof etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda ilgari hisobdan chiqarilgan soliq qarzi amal qilishi daʼvo muddatidan qatʼi nazar tiklanadi;
bankrot deb eʼtirof etilgan yakka tartibdagi tadbirkorning soliq qarzi, mol-mulk yetarli boʻlmaganligi uchun qoniqtirilmagan qismi yuzasidan.
II. Yuridik shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish
4. Tugatish boshqaruvchisi tugatish ishi natijalari boʻyicha qoplanmagan soliq qarzi mavjud boʻlgan taqdirda bankrot yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha davlat soliq xizmati organiga xoʻjalik sudiga hisobot taqdim etish sanasidan kechikmay tugatishga doir ish yuritish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotning nusxasini taqdim etishi shart.
5. Xoʻjalik sudining bankrot deb eʼtirof etilgan yuridik shaxsning tugatish ishi tamomlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi davlat soliq xizmati organi tomonidan ushbu yuridik shaxsning soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
6. Yuridik shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha davlat soliq xizmati organi rahbarining yoki rahbar oʻrinbosarining qarori asosida amalga oshiradi.
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorga:
xoʻjalik sudining bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi nusxasi;
tugatishga doir ish yuritish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotning nusxasi;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha soliq qarzi summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
joriy yil uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
7. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror xoʻjalik sudining bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi nusxasi olingan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
8. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzi summasini hisobdan chiqarish, umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechikmay soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasiga tegishli yozuvni kiritgan holda amalga oshiriladi.
III. Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish
9. Bankrot deb eʼtirof etilgan yakka tartibdagi tadbirkorning umidsiz soliq qarzi xoʻjalik sudining tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi asosida hisobdan chiqariladi.
10. Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzi sudning qarzdor jismoniy shaxsni bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek qarzdor jismoniy shaxsning vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida hisobdan chiqariladi.
11. Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha davlat soliq xizmati organi rahbarining yoki rahbarning oʻrinbosarining qarori asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorga:
bankrot boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorning tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudining ajrimi;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha soliq qarzi summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
joriy yil uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorga:
soliq toʻlovchining vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi (meros mavjud boʻlgan taqdirda);
sudning soliq toʻlovchini bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarori;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha soliq qarzi summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
joriy yil uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
12. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Nizomning 9 va 10-bandlarida koʻrsatilgan tasdiqlovchi hujjatlar olingan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
13. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzi summasini hisobdan chiqarish, umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechikmay soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasiga tegishli yozuvni kiritgan holda amalga oshiriladi.
IV. Hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi summasini hisobga olish va ular toʻgʻrisida hisobot berish
14. Davlat soliq inspeksiyalari hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi summasi hisobini yuritadilar.
Hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi boʻyicha hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda saqlanadi.
15. Keyingi oyning 10-kunigacha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning turlari boʻyicha taqdim etadi.
V. Tomonlarning javobgarligi
16. Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari ushbu Nizom qoidalariga rioya etilishi va ularning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
17. Soliq toʻlovchilar va qonun hujjatlariga muvofiq ularning manfaatlarini ifodalashga vakil qilingan shaxslar, tugatish boshqaruvchisi buzilgan va notoʻgʻri maʼlumotlar va hujjatlar taqdim etganliklari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javob beradilar.
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 1-ILOVA
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida QAROR
20__ yil “__” _________ № ________
________________________________________________________________ (umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish uchun
____________________________________________________ jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR)
______ yil “____” __________dagi holati boʻyicha
(soʻmda)
T/r
Soliqlar va majburiy toʻlovlar turlari
Qarzdorlik:
Hammasi
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha
hisoblangan penyalar boʻyicha
jarimalar boʻyicha
Jami:
___________________
davlat soliq inspeksiyasi rahbari
(tuman / shahar)
(rahbar oʻrinbosari)
_____________ /_______________________________/
(imzo)
(F. I. O.)
______________________ (tuman / shahar)
davlat soliq inspeksiyasining Soliqlar va majburiy toʻlovlar tushumlarini hisobga olish, tahlil qilish, maʼlumotlar bazasiga xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 43-son, 497-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)