|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.08.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLARDA ULARNING OLDINI OLISh VA HARAKAT QILISh DAVLAT TIZIMINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 515-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi toʻgʻrisidagi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyati ustidan davlat boshqaruvi va nazorati sxemasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha 3 va 4-ilovalarga muvofiq funksiyalar yuklansin.
3. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli funksional va hududiy quyi tizimlari toʻgʻrisidagi nizomlarni qayta koʻrib chiqsinlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ikki oy muddatda fuqaro muhofazasi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 24-avgust,
242-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 242-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (keyingi oʻrinlarda FVDT deb ataladi)ning asosiy vazifalarini, faoliyatini tashkil etishni, uning tarkibini hamda faoliyat koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. FVDT boshqaruv organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, favqulodda vaziyatlarda aholini va hududlarni himoya qilish masalalarini hal etish vakolatiga kiradigan boshqa tashkilotlarning kuch va vositalarini birlashtiradi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish, ular yuzaga kelganda aholi xavfsizligini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishni hamda tinchlik va harbiy davrda davlat iqtisodiyotiga zararni kamaytirishni taʼminlashga moʻljallangan.
3. FVDT oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshligʻi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining buyruqlari va koʻrsatmalariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
4. Quyidagilar FVDTning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tinchlik va harbiy davrda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
respublika hududidagi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;
favqulodda vaziyatlarning oldini olishga, odamlar xavfsizligini taʼminlashga, xavfli texnologiyalar va ishlab chiqarishlarning tavakkalchiligini pasaytirishga, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa tashkilotlar faoliyat koʻrsatishining barqarorligini oshirishga qaratilgan maqsadli va kompleks ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
boshqaruv organlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun moʻljallangan kuch va vositalarning doimiy tayyorligini taʼminlash;
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborotlarni yigʻish, ishlab chiqish, ayirboshlash va berish;
aholini, boshqaruv organlarining mansabdor shaxslarini, FVDT kuchlari va vositalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish;
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat ekspertizasi, nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish;
favqulodda vaziyatlardan zarar koʻrgan aholini ijtimoiy himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fuqarolarning, shu jumladan ularni tugatishda bevosita qatnashgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini amalga oshirish;
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish;
vujudga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlardan sugʻurta qilishning maqbul tizimini taʼminlash.
5. FVDT hududiy va funksional quyi tizimlardan iborat boʻladi hamda tarkibida axborot-boshqaruv tuzilmasi faoliyat koʻrsatadigan respublika, mahalliy va obyektlar miqyosidagi uch darajaga ega boʻladi.
6. FVDTning har bir darajasi quyidagilarga ega boʻladi:
FVDT rahbar organlari;
FVDT kundalik boshqaruv organlari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari;
xabar berish, aloqa tizimlari, boshqaruv va axborot bilan taʼminlashning avtomatlashtirilgan tizimlari.
7. FVDTning hududiy quyi tizimlari oʻz maʼmuriy hududlari doirasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladi hamda tegishli tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullar miqyosidagi boʻgʻinlardan iborat boʻladi.
FVDT hududiy quyi tizimlarining vazifalari, ularni tashkil etish, kuch va vositalari tarkibi, faoliyat koʻrsatish tartibi mazkur Nizom, mahalliy geofizik va tabiiy-iqlim sharoitlarini, yuqori darajada xavfli obyektlarning mavjudligini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan ushbu quyi tizimlar toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanadi hamda FVV bilan kelishgan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
8. FVDTning funksional quyi tizimlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va obyektlarda atrof tabiiy muhit va yuqori darajada xavfli obyektlar holatini kuzatish va nazorat qilishni amalga oshirish, shuningdek idoraviy mansub obyektlarda ularning ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun tashkil etiladi hamda FVDT xizmatlaridan, quyi tizimlarning davlat nazorati organlari, kuch va vositalaridan iborat boʻladi.
FVDT xizmatlari, davlat nazorati organlari hamda kuzatish va nazoratning boshqa tashkilotlari, FVDT funksional quyi tizimlari favqulodda vaziyatlarni tugatish kuchlari va vositalarining vazifalari, ularni tashkil etish hamda tarkibi ushbu Nizom, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek boshqa tashkilotlarning atrof tabiiy muhitning holatini kuzatish va nazorat qilish sohasidagi funksiyalari, idoraviy mansub yuqori darajada xavfli obyektlardagi ishlab chiqarish texnologiyalarining xususiyati hisobga olingan holda ishlab chiqiladigan ushbu quyi tizimlar toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda FVV deb yuritiladi) bilan kelishgan holda tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
9. FVDTning axborot-boshqaruv tuzilmasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
FVVning tang vaziyatlarni boshqarish markazi;
FVDT hududiy va funksional quyi tizimlarining axborot-tahlil markazlari;
atrof tabiiy muhit va yuqori darajada xavfli obyektlar holatini kuzatish va nazorat qilish organlarining axborot markazlari;
turgʻun boshqaruv punktlari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuch va vositalarini boshqarishning harakatlanuvchi punktlari;
FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlarining navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
aloqa va axborot uzatish vositalari, shu jumladan boshqarish va axborot bilan taʼminlashning avtomatlashtirilgan tizimi.
Axborot-boshqaruv tuzilmasi quyidagilarni taʼminlashi lozim:
FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlaridan olingan seysmologik, geologik, gidrometeorologik xavfli hodisalar, sanoat va transportdagi avariyalar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar, epifitotiyalar, radioaktiv, kimyoviy va biologik (bakteriologik) ahvol toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash (tahlil qilish, saqlash);
rahbar organlar, FVDTning kundalik boshqaruv organlari, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalari hamda aholini favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi holatlari, xususiyatlari, rivojlanish koʻlamlari va kechishi, yuz berishi mumkin boʻlgan oqibatlari, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi toʻgʻrisida xabar qilish va axborot berish;
FVDT quyi tizimlari va boʻgʻinlari, FVDTning rahbarlik qiluvchi boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, favqulodda vaziyatlarni tugatish kuchlari va vositalari oʻrtasida oʻzaro axborotlar ayirboshlash.
Favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborotlarning mezonlari, mazmuni va turlari, ularni FVDTga, uning quyi tizimlari va boʻgʻinlariga, shuningdek aholiga yetkazish muddatlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar oʻrtasida favqulodda vaziyatlar masalalari boʻyicha kundalik hamkorlik qilish va xabar berish yoʻriqnomasida belgilanadi.
10. FVDT rahbar organlari — bu vakolatiga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha quyidagi masalalarni hal etish kiradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar va obyektlardir:
respublika darajasida — FVV markaziy apparati, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda atrof tabiiy muhit va yuqori darajada xavfli obyektlarning holatini kuzatish va nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan, shuningdek tarkibida kimyoviy, portlovchi, yongʻin chiqishi mumkin boʻlgan va boshqa xavfli obyektlar mavjud boʻlgan tashkilotlar;
mahalliy darajada — mahalliy davlat hokimiyati organlari;
obyektlar darajasida — tashkilotlar va obyektlar maʼmuriyati.
FVDT, uning quyi tizimlari va boʻgʻinlarining faoliyatini tashkil etish, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha ularga yuklangan vazifalarni bajarishga tayyorligi uchun toʻliq javobgarlik tegishli rahbar organlarga yuklanadi.
11. FVDTning kundalik boshqaruv organlari — bu FVDTning tegishli hududiy va funksional quyi tizimlariga hamda uning boʻgʻinlariga bevosita kundalik boshqaruvni amalga oshiruvchi boshqaruv organlaridir, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
respublika darajasida — FVVning tang vaziyatlarda boshqarish markazi, davlat nazorati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining favqulodda vaziyatlar boʻyicha boʻlimlari (shoʻbalari yoki maxsus tayinlangan mansabdor shaxslari) va navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
mahalliy darajada — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, shaharlar va tumanlar favqulodda vaziyatlar boʻlimlari, tashkilotlar va obyektlarning favqulodda vaziyatlar boʻyicha boshqarmalari (boʻlimlari)ning navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
obyektlar darajasida — obyektlarning favqulodda vaziyatlar boʻyicha boʻlimlari (shoʻbalari yoki maxsus tayinlangan mansabdor shaxslari) va navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
tegishli ravishda har bir darajaning FVDT rahbarlik qiluvchi organlarining favqulodda vaziyatlarni tugatish kuchlari va vositalarini boshqarish turgʻun va harakatlanadigan punktlari.
FVDT kundalik boshqaruv organlarini joylashtirish doimiy joylashtirish punktlarida, favqulodda vaziyatlar yuz berganda esa — favqulodda vaziyatlarni tugatish kuchlari va vositalarini boshqarish turgʻun va harakatlanadigan punktlarida tashkil etiladi, ular oldindan tegishli xabar berish, aloqa, axborotni ishlab chiqish va uzatishning tegishli texnik vositalari bilan jihozlanadi hamda ularga yuklangan vazifalarni bajarishga doimiy tayyor holatda saqlanadi.
12. Quyidagilar respublika darajasidagi FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlar sharoitlarida iqtisodiyot tarmoqlari hamda alohida muhim yuqori darajada xavfli obyektlar faoliyat koʻrsatishining barqarorligini oshiradigan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini imkoni boricha kamaytiruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga rahbarlik qilish;
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida respublika maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;
respublika markazlashtirilgan xabar berish tizimini, shuningdek axborot bilan taʼminlash va boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va uni doimiy tayyor holatda saqlash;
boshqarish va axborotni uzatish uchun umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiyalar viloyat tarmoqlaridan va telekommunikatsiyalarning idoraviy tarmoqlaridan, radio, televideniye va boshqa texnik vositalardan markazlashtirilgan holda foydalanishni taʼminlash;
kimyoviy va boshqa yuqori darajada xavfli obyektlarda hamda ularga yondosh hududlarda xabar berish va axborotlarning mahalliy tizimini, shuningdek suv omborlarining gidrotexnika inshootlarida signalizatsiya va xabar berishning avtomatlashtirilgan mahalliy tizimlarini loyihalashtirish va yaratishni nazorat qilish;
atrof tabiiy muhit hamda yuqori darajada xavfli obyektlarning holatini kuzatish va nazorat qilish tizimini tashkil etish, favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish;
boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, FVDT kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorligini taʼminlash;
yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar, ularning rivojlanish koʻlamlari va kechishi, boʻlishi mumkin boʻlgan oqibatlari hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga oid qabul qilinayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotlarning toʻplanishini va ayirboshlanishini hamda xabar qilinishini taʼminlash va nazorat qilish;
qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni, shu jumladan zarar koʻrgan aholining hayot sharoitlarini taʼminlash ishlarini, evakuatsiya ishlarini amalga oshirishga oid tadbirlarning bajarilishini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilinadigan FVDT funksional quyi tizimlari kuch va vositalarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish va ishlarini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun respublika (idoraviy) moliyaviy va moddiy resurslar zaxirasini, shuningdek FVDTning maxsus sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etishga va undan foydalanishga rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyatlardan zarar koʻrgan aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir tadbirlarni amalga oshirishda qatnashish;
idoraviy mansub obyektlarning rahbarlari tarkibi va kuchlari, shuningdek xodimlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashni muvofiqlashtirish;
ishlab chiqarish va texnologiyalar xavfsizligi, shuningdek xodimlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning tarmoq normalari va qoidalarini ishlab chiqishda qatnashish.
13. Quyidagilar mahalliy darajadagi FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, favqulodda vaziyatlar sharoitlarida yuqori darajada xavfli obyektlar ishining ishonchliligini taʼminlashga doir tashkiliy va muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatish boʻyicha hududiy (viloyat) maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;
viloyat ichidagi aloqa va xabar berish tizimlari, shuningdek boshqaruvning va axborot bilan taʼminlashning avtomatlashtirilgan tizimini tashkil etish va doimiy tayyor holatda saqlash;
boshqarish va axborotni uzatish uchun umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiyalar viloyat tarmoqlaridan va telekommunikatsiyalarning idoraviy tarmoqlaridan, radio, televideniye va boshqa texnik vositalardan markazlashtirilgan holda foydalanishni taʼminlash;
FVDTning manfaatdor funksional quyi tizimlari bilan birgalikda kimyoviy va boshqa yuqori darajada xavfli obyektlar va ularga yondosh hududlarda xabar berish va axborotning mahalliy tizimlarini, shuningdek suv omborlarining gidrotexnika inshootlarida signalizatsiya va xabar berishning mahalliy avtomatik tizimlarini yaratish;
atrof tabiiy muhitning holatini, yuqori darajada xavfli obyektlardagi vaziyatni doimiy kuzatish va nazorat qilishni taʼminlash, favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish;
boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, kuch va vositalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha harakatlarga doimiy tayyorligini taʼminlash;
yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar, ularning rivojlanish koʻlamlari va kechishi, yetkazishi mumkin boʻlgan oqibatlari, ularni bartaraf etishga doir koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash va ayirboshlash ustidan oʻz vaqtida xabar qilish va nazoratni taʼminlash;
FVDT hududiy quyi tizimlari kuch va vositalarining, shuningdek koʻngilli tuzilmalar, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlar chogʻida qutqaruv ishlarini va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirishiga rahbarlik qilish va harakatlarining uygʻunligini taʼminlash, mehnatga layoqatli aholini ishga jalb qilishni tashkil etish;
aholini evakuatsiya qilish (vaqtincha olib chiqish)ni, evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish, hayot sharoitini taʼminlash hamda ularning favqulodda vaziyatlar bartaraf etilgach doimiy yashash joylariga qaytishini rejalashtirish va amalga oshirish;
oʻta tang xavfli zonalardagi aholi punktlarida va xoʻjaliklarda yashovchilarni xavfsiz joylarga doimiy yashash uchun koʻchirish hamda ularning hayotiy sharoitini har tomonlama taʼminlash;
moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini shakllantirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
FVDT xizmatlari va tuzilmalarini, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruv xizmatlarini belgilangan tartibda tashkil etish;
favqulodda vaziyatlardan zarar koʻrgan aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
fuqarolarni, ularning uy-joyi va mol-mulkini maqsadli sugʻurta qilishni tashkil etish hamda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan sugʻurta bilan himoya qilish samaradorligini taʼminlash uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va sugʻurta tashkilotlarining birgalikdagi faoliyati boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
aholini, boshqaruv organlarining mansabdor shaxslarini, kuch va vositalarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashga rahbarlik qilish.
14. Quyidagilar obyektlar darajasida FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, obyektlar ishining favqulodda vaziyatlar chogʻida ishonchliligi va barqarorligini oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga rahbarlik qilish;
kimyoviy va boshqa yuqori darajada xavfli obyektlarda xabar qilish va axborotning mahalliy tizimlarini, shuningdek gidrotexnika inshootlarida signalizatsiya va xabar qilishning mahalliy avtomatik tizimlarini yaratish ishlarini tashkil etish;
boshqaruv organlarining, obyektlar kuch va vositalarining favqulodda vaziyatlar chogʻidagi harakatlarga tayyorligini taʼminlash;
xabar qilish, axborot toʻplashni taʼminlash va nazorat qilish, yuzaga kelgan favqulodda vaziyat, uning rivojlanish koʻlamlari va kechishi, yetkazishi mumkin boʻlgan oqibatlari, favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar va zarur yordam toʻgʻrisida yuqori organlarga maʼlumot berish;
tuzilmalarni, qutqaruv xizmatlarini va qutqaruv tuzilmalarini belgilangan tartibda tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlari bajarilishini, obyektning zarar koʻrgan xodimlarini va obyekt yaqinida yashaydigan aholini evakuatsiya qilish va hayot sharoitlarini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish;
yuqori darajada xavfli obyektlar uchun texnik hujjatlar nusxalarini yaratish va saqlash ishlarini tashkil etish;
obyektlarning xavfsizligini pasportlashtirish va deklaratsiyalash, tabiiy va texnogen xavfi yuqori boʻlgan zonalar chegaralarini belgilash.
15. FVDTning kuch va vositalari quyidagilardan iborat boʻladi:
fuqaro muhofazasi qoʻshinlari;
FVVga toʻgʻridan — toʻgʻri hamda tezkor boʻysunuvchi respublika ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, qutqaruv tuzilmalari;
vazirliklar va idoralarning professional ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari va tuzilmalari, respublika, mahalliy va obyektlar darajasida FVDT tegishli hududiy va funksional quyi tizimlarining qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, xizmatlari va tuzilmalari;
Oʻzbekiston Qizil Yarim oy Jamiyatining koʻngillilar otryadlari (komandalari, guruhlari), “Vatanparvar” mudofaaga koʻmaklashuvchi tashkiloti.
16. Fuqaro muhofazasi qoʻshinlari FVVga boʻysunadi hamda oʻz tezkor yoʻnalishlariga muvofiq harbiy davrda respublikaning muhim mudofaa va sanoat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni tugatishga doir ishlarni olib boradi.
Fuqaro muhofazasi qoʻshinlari yirik koʻlamdagi ishlab chiqarish avariyalari, halokatlar, tabiiy ofatlar chogʻida qutqaruv ishlarini hamda boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish va maxsus priborlar, texnikalar, asbob-uskunalar va tayyorlangan mutaxassislarni talab etuvchi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondonining farmoyishiga binoan jalb etilishi mumkin.
17. FVVga toʻgʻridan toʻgʻri boʻysunuvchi qutqaruv tuzilmalari malakali mutaxassislar bilan butlangan va maxsus texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar va boshqa qutqarish vositalari bilan jihozlangan, qutqaruv ishlarini avtonom rejimda kamida 72 soat ichida taʼminlashga moʻljallangan, doimiy tayyor holatdagi qutqaruv tuzilmalarini oʻz ichiga oladi.
18. FVVga tezkor boʻysunuvchi respublika ixtisoslashtirilgan va qutqaruv tuzilmalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining alohida murakkab va uzoq davom etadigan yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan otryadini, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasini, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika tezkor tibbiy yordam ilmiy markazini va uning filiallarini, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining qidiruvchi havo kemalarini, mahalliy davlat hokimiyati organlari avtotashuvchilari hududiy uyushmalari avtotransport va avtosanitariya otryadlarini, shuningdek favqulodda vaziyatlarni tugatishga hamda FVDT kuchlari harakati va tadbirlarini taʼminlashga moʻljallangan FVDT funksional quyi tizimlarining boshqa tarkibiy boʻlinmalarini oʻz ichiga oladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 973-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son)
Tezkor boʻysunadigan tuzilmalarning vazifalari, tayyorlanish muddatlari, ularni jalb etish tartibi ushbu tuzilmalarning Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan harakat rejalari hamda FVDT tegishli funksional quyi tizimlari bilan shartnomalarda belgilanadi.
19. Vazirliklar va idoralarning harbiylashtirilgan va professional avariya-qutqaruv, avariya-tiklash va boshqa ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari idoraviy mansub obyektlarda ishlab chiqarish-texnologiya avariyalari va halokatlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, shuningdek epidemiyalar, epizootiyalar va epifitotiyalar yuzaga kelganda maxsus vazifalarni hal etish uchun moʻljallangan.
Vazirliklar va idoralarning yongʻin, kon, gaz-qutqaruv, qurilish, qurilish-montaj, tibbiyot va boshqa ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari va tashkilotlari negizida favqulodda vaziyatlarning tarqalishini cheklash hamda ularning oqibatlarini tugatish boʻyicha birinchi navbatdagi ishlar uchun doimiy tayyor holatdagi idoraviy tuzilmalar tuzilishi mumkin.
Doimiy tayyor holatdagi idoraviy tuzilmalar idoradan tashqari avariya obyektlaridagi favqulodda vaziyatlarni tugatish ishlariga amaldagi xarajatlar qoplangan holda kontrakt asosida jalb etiladi.
20. Hududiy quyi tizimlar va ularning boʻgʻinlarida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda — fuqaro muhofazasi boshliqlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi hamda tegishli hokimlar qarorlari bilan geofizik, tabiiy-iqlim va boshqa mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda qurilish, montaj-qurilish, avtokorxonalar va boshqa tashkilotlar negizida mahalliy davlat organlarining hududiy avariya-qutqaruv va avariya-tiklash tuzilmalari, shuningdek FVVning viloyat (shahar, tuman) avtootryadlari, tezkor tibbiy yordam markazlari, qutqaruv komandalari tashkil etiladi.
21. Tashkilotlar rahbarlarining qarorlari bilan yuqori darajada xavfli obyektlarda mavjud ixtisoslashtirilgan xizmatlar va boʻlinmalar (qurilish, kimyo, tibbiy va boshqalar) negizida bevosita obyektlarda kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan shtatdan tashqari ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tuziladi.
22. Avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar oqibatida kelib chiqishi mumkin boʻlgan favqulodda hodisalardan aholi va hududlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni hal etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar, tumanlarda va obyektlarda fuqaro muhofazasi boshliqlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va tegishli hokimlarning qarorlari bilan umumiy va maxsus maqsadlardagi hududiy hamda obyektlarning tuzilmalari tuziladi.
23. Tabiiy va texnogen tusdagi yirik koʻlamli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor qutqaruv ishlarini bajarish hamda zarar koʻrgan aholiga yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyasining kimyoviy himoya, muhandislik-sapyor va boshqa harbiy boʻlinmalari, harbiy-transport aviatsiyasi hamda harbiy-tibbiy xizmat muassasalari jalb etilishi mumkin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
24. Prognozlashtirilayotgan yoki yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarning holati, koʻlamlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri — Fuqaro muhofazasi boshligʻi, shuningdek fuqaro muhofazasi boshligʻi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarori bilan muayyan bir hudud doirasida FVDT faoliyat koʻrsatishining quyidagi rejimlaridan biri oʻrnatiladi:
kundalik faoliyat rejimi — meʼyordagi ishlab chiqarish-sanoat, radiatsion, kimyoviy, biologik (bakteriologik), seysmik va gidrometeorologik vaziyatda, epidemiyalar, epizootiyalar va epifitotiyalar boʻlmaganda;
yuqori tayyorgarlik rejimi — ishlab chiqarish-sanoat, radiatsion, kimyoviy, biologik (bakteriologik), seysmik va gidrometeorologik vaziyat yomonlashganda, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkinligi toʻgʻrisida prognoz olinganda;
favqulodda rejim — favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda va favqulodda vaziyatlar davrida.
25. Quyidagilar FVDT faoliyat koʻrsatishi chogʻida amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar hisoblanadi:
a) kundalik faoliyat rejimida:
atrof tabiiy muhitning holatini, yuqori darajada xavfli obyektlar va ularga yondosh hududlardagi vaziyatni kuzatish va nazorat qilishni amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash, yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar va ziyonni qisqartirish, shuningdek favqulodda vaziyatlar sharoitida turar joy binolari, sanoat obyektlari, hayot taʼminoti tizimlari va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini oshirish boʻyicha maqsadli va ilmiy-texnik dasturlar hamda chora-tadbirlarni rejalashtirish va bajarish;
favqulodda vaziyatlar boʻyicha boshqaruv organlari va FVDT kuchlarini favqulodda vaziyatlar chogʻidagi harakatlarga tayyorlashni takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlar chogʻida muhofaza qilish usullari va harakat qilishga oʻrgatishni tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish va toʻldirish;
sugʻurtaning maqsadli turlarini amalga oshirish;
b) yuqori tayyorgarlik rejimida:
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfi toʻgʻrisida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga xabar berish hamda aholini xabardor qilish;
FVDT tegishli quyi tizimlari va boʻgʻinlari faoliyatiga bevosita rahbarlik qilishni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning oʻz zimmasiga olishi, zarurat boʻlganda vaziyatning yomonlashishi sabablarini aniqlash uchun ofat yuz berishi mumkin boʻlgan mintaqalarda tezkor guruhlarni tashkil etish, vaziyatni normallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
doimiy joylashish punktlarida FVDT rahbarlari tarkibining kecha-kunduz navbatchiligini joriy etish;
favqulodda vaziyatlar boʻyicha hududiy boshqarmalar (boʻlimlar)ning tezkor guruhlari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, obyektlar va boshqa tashkilotlarning navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari navbatchiligini tashkil etish;
atrof tabiiy muhitning holati, yuqori darajada xavfli obyektlar va ularga yondosh hududlardagi vaziyatni kuzatish va nazorat qilishni kuchaytirish, favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi ehtimolini, ularning koʻlamlari va oqibatlarini prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatlar sharoitlarida aholi va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, shuningdek turar joy binolari, hayot taʼminoti tizimlari, obyektlar va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish;
kuchlar va vositalarni tayyor holatga keltirish, ularning harakat rejalarini aniqlashtirish hamda zarur boʻlganda favqulodda vaziyatlar taxmin qilinayotgan hududga siljitish;
v) favqulodda rejimda:
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga xabar berish va aholini xabardor qilish;
tezkor guruhlarni favqulodda vaziyatlar hududiga siljitish;
aholini muhofaza qilishni tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishni tashkil qilish;
favqulodda vaziyatlar zonalari chegaralarini belgilash;
iqtisodiyot obyektlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, zarar koʻrgan aholining hayot sharoitlarini taʼminlash ishlarini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlar hududlaridagi atrof tabiiy muhitning holati, avariya obyektlari va ularga yondosh hududlardagi vaziyat boʻyicha monitoring olib borish.
26. Favqulodda vaziyatlarni tugatish uchun quyidagi mablagʻlardan foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi va davlat zaxirasining moddiy resurslari zaxirasi-Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan;
(26-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
moliyaviy va moddiy resurslarning idoraviy zaxirasi — FVDT funksional quyi tizimlari mablagʻlari hisobidan;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy va moddiy resurslari zaxirasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan;
(26-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
obyektlarning moliyaviy va moddiy resurslari zaxirasi — tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy donorlarning muruvvat yordami.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston Qizil Yarim oy Jamiyatining tabiiy ofatlardan zarar koʻrgan aholiga yordam koʻrsatish uchun birinchi navbatda zarur boʻlgan tovarlar omborlari va zaxiralari tizimlaridan uning roziligi bilan foydalanish mumkin.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari turlari va hajmi ularni tashkil etgan tashkilot tomonidan belgilanadi.
27. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish “avariya obyektlari”, ular balansida turadigan vazirliklar va idoralarning, hududida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining kuchlari va vositalari bilan amalga oshiriladi.
28. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish obyektlarning rahbarlari, vazirliklar va idoralarning tezkor guruhlari (mutaxassislar) va hokimlarning bevosita rahbarligida amalga oshiriladi.
29. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun resurslar yetarli boʻlmagan taqdirda ular obyekt maʼmuriyati, FVDT funksional va hududiy quyi tizimlari rahbarlarining iltimosnomasiga binoan FVDTning yuqori organlari zaxiralaridan ajratilishi mumkin.
Alohida hollarda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun Hukumat komissiyasi tashkil qilinishi mumkin.
30. Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha dasturlarni moliyalashtirish, tarmoqlar va obyektlarning barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash har bir darajada tegishli budjetlar, FVDT funksional va hududiy quyi tizimlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash favqulodda vaziyatlar zonalarida joylashgan obyektlarning mablagʻlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hamda FVDT funksional va hududiy quyi tizimlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(30-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Koʻrsatilgan mablagʻlar mavjud boʻlmagan yoki yetarli boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratiladi.
31. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular yuzaga kelganda ziyon va zararlar miqdorini kamaytirish boʻyicha oldindan choralar koʻrish maqsadida harakat qilishning respublika va idoraviy rejalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va obyektlarning harakat qilish rejalari, shuningdek FVDTning barcha darajalarida oʻzaro birgalikda harakat qilish rejalari ishga solinadi.
FVDT harakatlarini rejalashtirishga tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni FVV amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 242-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyati ustidan davlat boshqaruvi va nazorati
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 242- son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha
FUNKSIYALARI
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi
FVDT faoliyatini boshqarish va davlat nazoratini amalga oshirish.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatish tadbirlarini amalga oshirish uchun moddiy resurslarning idoraviy zaxirasini jamlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar tayyorlash.
Aholini birinchi navbatda zarur tovarlar bilan taʼminlash va favqulodda vaziyatlarni tugatish uchun jalb etiladigan maxsus tuzilmalarni jihozlash uchun moddiy boyliklarning idoraviy zaxirasini yaratish va jamlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish.
Favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibiga va fuqarolar xavfsizligiga rioya etilishini taʼminlash.
Qonunchilikka qarshi harakatlar bilan kurashishda, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda va alohida davrda huquqiy tartibni taʼminlashda qatnashish.
(boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar chogʻida jamoat tartibini, yoʻl harakati xavfsizligini va yongʻin xavfsizligini, obyektlar, hududlar, moddiy va madaniy boyliklarni muhofaza qilishni taʼminlash.
Yongʻinlarni profilaktika qilish va oʻchirishga oid tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish, ular bilan bogʻliq qutqaruv ishlarini amalga oshirish.
FVDT boshqaruvi organlari va aholini yongʻin holati, yuzaga kelgan yongʻinlarni bartaraf etish, ziyon va koʻrilishi mumkin boʻlgan zararning dastlabki bahosi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
Davolash muassasalari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlarda nobud boʻlgan aholini hisobga olish.
FVDT funksional quyi tizimlarini;
jamoat tartibini muhofaza qilish xizmati;
yoʻl harakati xavfsizligi xizmati;
yongʻin xavfsizligi xizmatini tashkil etishga va ularning faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatish sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlashni tashkil etish.
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻquvchilarni “Hayot xavfsizligi” oʻquv fani boʻyicha oʻqitishni tashkil etish.
Oʻquv va ilmiy-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish va nashr etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Respublika hududidagi sanitariya-epidemiyaga oid ahvolni kuzatish, nazorat qilish va prognozlashtirish.
Favqulodda vaziyatlarning xususiyatini hisobga olib zarar koʻrgan aholiga tezkor tibbiy xizmat koʻrsatish usullarini ishlab chiqish, joriy etish va takomillashtirish.
Zarar koʻrganlarga tezkor tibbiy xizmat koʻrsatish, favqulodda vaziyatlar mintaqalarida sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni oʻtkazishga oid ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish.
Favqulodda vaziyatlar mintaqalariga dori-darmonlarning shoshilinch yetkazib berilishini taʼminlash.
Zarar koʻrgan va transportda tashish mumkin boʻlmagan kasallarni hisobga olish va ularning favqulodda vaziyatlar zonalaridan evakuatsiya qilinishiga doir ishlarni muvofiqlashtirish.
Favqulodda vaziyatlar mintaqalaridagi atrof tabiiy muhitning radioaktiv, kimyoviy, zaharli moddalar va bakterial (biologik) vositalar bilan ifloslanishini nazorat qilishni tashkil etish.
FVDT boshqaruv organlari va aholini favqulodda vaziyatlar zonalaridagi sanitariya-epidemiyaga oid ahvol toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
Tibbiy mulk, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi vositalar zaxiralarini yaratish hamda ularni zarur darajada saqlash.
Aholini favqulodda vaziyatlar chogʻida dastlabki tibbiy yordam koʻrsatishga oʻqitish va tayyorlashning metodik asoslarini ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Qizil Yarim oy Jamiyati bilan birgalikda sanitariya drujinalari va postlarini dastlabki tibbiy yordam koʻrsatishga tayyorlash.
FVDT funksional quyi tizimlari:
tibbiy yordam xizmati;
sanitariya-epidemiya nazorati xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi obyektlari joylashgan mintaqalardagi radiatsiyaviy, kimyoviy va bakteriologik vaziyatning nazorat qilinishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining avariya-qutqaruv xizmati kuchlari va vositalarini, muhandislik-sapyor boʻlinmalarini, kimyoviy xizmat boʻlinmalarini, maxsus texnika va moddiy resurslarni favqulodda vaziyatlar mintaqalariga yetkazishda harbiy-transport aviatsiyasining qatnashishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatish uchun idoraviy mansub obyektlarda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfi boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida axborot taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish obyektlarini qurishning aniq yoʻnaltirilgan dasturlarini koʻrib chiqish hamda ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun takliflar tayyorlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida moddiy resurslarni yaratish va favqulodda vaziyatlarni tugatish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi uchun zarur boʻlgan favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborotning tezkorlik bilan olinishi, qayta ishlanishi va taqdim etilishini taʼminlash.
Favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan aholi uchun oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazishni tashkil etish.
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil davomida va uzluksiz barqaror narxlarda taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi zarur boʻlgan hajmda shakllantirilishini tashkil etish.
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va saqlashni taʼminlash.
Tarmoq tarkibiga kiruvchi obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini tashkil etish hamda amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini, FVDTning manfaatdor funksional va hududiyquyi tizimlari hamda aholini oziq-ovqat xavfsizligi, idoraviy mansub obyektlardagi avariyalar hamda halokatlar, amalga oshirlayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda aholining harakat qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
(boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi
Aholi va atrof tabiiy muhit uchun radiatsiyaviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik), yongʻin xavfini tugʻdiradigan tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi va hududidan olib chiqib ketilishini nazorat qilish va hisobini yuritish.
FVDT funksional quyi tizimi:
yongʻin chiqishi, portlovchi-radiatsiyaviy xavfli yuklar (tovarlar), zaharli va kimyoviy moddalar, shuningdek kuchli taʼsir koʻrsatadigan zaharli moddalar olib kirilishi va olib chiqilishi ustidan kuzatish va nazorat qilish xizmatini tashkil etish va faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
Yuqori darajada xavfli obyektlar hamda intensiv sanoat va qishloq xoʻjaligi faoliyati joylashgan mintaqalarda ekologik vaziyat ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish, uni yaxshilash tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish.
Sanoat chiqindilarini toʻplagichlar, chiqindi omborlari, zaharli moddalar koʻmiladigan joylar va boshqalarning joylashishi va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Suvdan foydalaniladigan joylarda ochiq suv havzalaridagi suvning ifloslanishi va sanoat, baliqchilik xoʻjaliklari va boshqa tarmoqlarning chiqaradigan chiqitlari, shuningdek zararli moddalarning atrof tabiiy muhitga chiqarib tashlanishi va chiqindilarning joylashtirilishi ustidan monitoring olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlarini ekologik vaziyat, atrof tabiiy muhitda zaharli moddalarning otilib chiqishi va chiqarib yuborilishi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
atrof tabiiy muhitni qoʻriqlash hamda ekologik xavfsizlik boʻyicha nazorat-inspeksiya xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi
Xavfli tabiiy geologik jarayonlar (koʻchish, qulash, suffoziol, karst)ning rivojlanish mintaqalari (zonalari)ni aniqlash; ularning faollashishini oʻrganish va ogohlantirish; yonbagʻirlarning tabiiy barqarorligini saqlash boʻyicha koʻchkiga qarshi va boshqa oldini oluvchi tadbirlar birinchi navbatda oʻtkaziladigan zonalarni belgilash.
Aholi punktlari doirasida, togʻli va togʻoldi mintaqalarda sogʻlomlashtirish obyektlari va boshqa jamoat obyektlari joylashgan zonalarda xavfli geologik jarayonlar monitoringini tashkil etish va olib borish, liniyali inshootlardan (yoʻllar, kanallar, elektr uzatish liniyalari, quvurlar va shu kabilar) foydalanuvchi kon-ruda korxonalari va idoralarning xoʻjalik faoliyati hududi bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlarini xavfli geologik jarayonlarning rivojlanishi ehtimollari toʻgʻrisidagi geologik axborot bilan taʼminlash, koʻchki xavfi boʻlgan mintaqalardagi hududlardan oqilona foydalanish boʻyicha tavsiyalar berish.
Yer osti suvlarining radioaktiv, kimyoviy va boshqa zaharli moddalar bilan ifloslanishini kuzatish va nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda xavfli zonalarda joylashgan, aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish yoki bosqichma-bosqich xavfsiz joylarga doimiy yashash uchun koʻchirish shart boʻlgan posyolkalar va xoʻjaliklar roʻyxatini belgilash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish.
(oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Yangidan qurilayotgan aholi punktlari va obyektlar uchun yer ajratishni kelishish; ularni oʻzlashtirishda togʻ qiyaliklari barqarorligining saqlanishini nazorat qilish.
Xavfli geologik jarayonlar boʻyicha maʼlumotlarning kompyuter bankini shakllantirish va ularning taʼsiridan koʻrilgan zararlarni baholash.
FVDT funksional quyi tizimi:
xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini geodeziya va kartografiya axboroti, shuningdek yer-kadastr xaritalari bilan taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
Ekstremal sharoitlardagi mintaqalarda obyektlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanishning, shuningdek hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhandislik jihatidan muhofaza qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va amaldagilarini takomillashtirish.
Shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishda shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya etilishi yuzasidan qatnashish.
Favqulodda vaziyatlar natijasida obyektlarga hamda fuqarolarning turar joylariga yetkazilgan zararni hamda qutqaruv ishlarini va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy resurslarga ehtiyojlarni hisob-kitob qilish.
FVDT funksional quyi tizimi:
shaharlar, aholi punktlari va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhandislikka doir muhofaza qilish xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi
Stixiyali gidrometeorologik hodisalarni prognozlashtirish va kuzatish.
Selga va koʻchkiga qarshi tadbirlarni oʻtkazish zarur boʻlgan mintaqalar va zonalarni aniqlash.
Atrof tabiiy muhit (atmosfera, tuproq va yer usti suvlari)ning ifloslanishi, gidrologik rejim va daryolar qayirlari hamda oʻzanlaridagi toshib ketishlar xavfi monitoringini tashkil etish va oʻtkazish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlariga gidrometeorologik axborot taqdim etish, atrof tabiiy muhit ifloslanishining ekstremal yuqori darajalari toʻgʻrisida ogohlantirish.
FVDT funksional quyi tizimi:
tabiiy gidrometeorologik hodisalar yuzaga kelishi va rivojlanishi, atmosfera havosi, tuproq va yuza suvlar ifloslanishi ustidan gidrometeorologik kuzatishlar xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi
(boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-dekabrdagi 1019-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son)
Favqulodda vaziyatlarda mintaqalararo suv quvuri tizimlari inshootlari ishining barqarorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
FVDT funksional quyi tizimi:
mintaqalararo suv quvurlarining kommunal-texnik xizmatini tashkil etishga va uning faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
Respublika va mahalliy darajalarda hamda FVDT faoliyat koʻrsatishining barcha rejimlarida telekommunikatsiyalar va markazlashtirilgan xabar berish tizimlarining ishonchli va barqaror ishlashini taʼminlash tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish.
Favqulodda vaziyatlarni tugatishga rahbarlikni amalga oshiruvchi FVDT boshqaruv organlarini umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiyalar va telekommunikatsiyalarning idoraviy tarmoqlari bilan ustun darajada taʼminlash.
Favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash va FVDT boshqaruv organlariga uzatishni texnik taʼminlash.
Xabar berish, aloqa va axborot bilan taʼminlashning turgʻun vositalariga foydalanish-texnik xizmat koʻrsatishni shartnomaviy shartlarda amalga oshirish.
FVDTning funksional quyi tizimi:
xabar berish va aloqa xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
Radioeshittirish stansiyalari va televideniye orqali favqulodda vaziyatlar xavfi va yuzaga kelganligi toʻgʻrisidagi axborotni aholiga yetkazish.
FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlari bilan birgalikda aholi oʻrtasida favqulodda vaziyat zonasida qolgan odamlarning birinchi navbatdagi harakatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FVDTning hududiy quyi tizimlari rahbarlari buyurtmanomalari boʻyicha aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalariga oid telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etish.
Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Qizil Yarim oy Jamiyati bilan birgalikda aholini dastlabki tibbiy oʻzaro va oʻziga oʻzi yordam koʻrsatishga oʻqitish boʻyicha ixtisoslashtirilgan eshittirishlarni tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro va eksperimental aviatsiyasida qidirish va qutqarishni taʼminlaydigan xizmatlar faoliyati sohasida davlat nazorati.
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etish va taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur axborotlarni taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshirishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur axborotlarni taqdim etish.
(boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-martdagi 215-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2019-y., 09/19/215/2774-son)
Gidrotexnika inshootlarining holati, ularga tabiiy taʼsirlar monitoringini tashkil etish va olib borish.
Suv xoʻjaligi va energetika obyektlarining mukammalligi I, II va III klass boʻlgan gidrotexnika inshootlarining texnik holatini diagnostika qilish va xavfsizligini baholash.
Mukammalligi I, II va III klass boʻlgan, shuningdek respublika va mintaqa suv xoʻjaligi energetika tizimiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi holatini nazorat qilish xizmatini tashkil etish.
Yirik va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holati ishonchliligini va xavfsiz ishlashini taʼminlash.
Yirik va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, shu jumladan loyihalarning ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish, qurilishning sifati va foydalanishga qabul qilib olinishini nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur axborotlarni taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash, tashish, saqlash obyektlari (qurilmalari)ni montaj qilish va ulardan foydalanishda texnologiya talablariga rioya etilishini nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur axborotlarni taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat qilish boʻyicha davlat inspeksiyasi
Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, isteʼmol qilishda va koʻmirdan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur axborotlarni taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Kimyoviy, portlovchi hamda boshqa yuqori darajada xavfli obyektlarning holatini nazorat qilishni tashkil etish va amalga oshirish, ularda avariyalar va halokatlar yuzaga kelishi ehtimolini prognozlashtirish.
Texnogen avariyalar va halokatlarning oldini olish, radioizotop priborlarini saqlash va ulardan foydalanish tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlarini sanoat obyektlarida yuzaga kelgan avariyalar va halokatlar, ularning koʻlamlari, rivojlanishining borishi, yetkazishi mumkin boʻlgan zarari hamda favqulodda vaziyatlarni tugatish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
Harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari boʻlinmalarining kon qazish ishlaridagi nafas olish organlarini muhofaza qilish vositalarini qoʻllashni hamda maxsus jihozlarni talab etuvchi gaz portlashlari, otilib chiqishlar va toʻlib qolishlar bilan bogʻliq avariyalarni tugatishda qatnashishini taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
kon-ruda, kimyo, neft va gazni qayta ishlash hamda qayta ishlash sanoatida va “Toshmetroqurilish” obyektlarini qurishda yer osti oʻtish ishlarini bajarishda ishlarning holati va xavfsiz olib borilishini nazorat qilish xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi
Aviatsiya texnikasidan avariyasiz foydalanish va parvozlar xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish.
Favqulodda vaziyatlarni tugatish uchun zarur boʻlgan FVDTning qutqaruv tuzilmalari, kuch va vositalarini, harbiy boʻlinmalar va yuklarni favqulodda vaziyatlar mintaqalariga va orqaga birinchi navbatda yetkazishni taʼminlash.
Qidiruv ekipajlari, qidiruv havo kemalari va qutqaruv tuzilmalarining qutqaruv ishlarini olib borishda qatnashishini taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining qidiruv va parvozlarni avariya-qutqaruv jihatidan taʼminlash xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi
Ishlab chiqarish va texnologik jarayonning yuqori darajada xavfli oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan avariyalar va halokatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish.
Idoraviy mansub obyektlarda avariyalar kelib chiqishi ehtimolini va oqibatlarini prognozlashtirish, tarmoqning birlashmalari va obyektlarida favqulodda vaziyatlar chogʻida ishlarning barqarorligini oshirish.
Neft va gazni qayta ishlash va boshqa xavfli obyektlar hamda ularga yondosh hududlarda xabar berish mahalliy tizimlarini yaratish.
Tarmoq obyektlarida favqulodda vaziyatlarni tugatishda idoraviy ixtisoslashtirilgan tuzilmalarning qatnashishini taʼminlash.
FVDT boshqaruv organlari va aholini idoraviy mansub obyektlardagi avariyalar va halokatlar, koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek favqulodda vaziyatlar chogʻida aholining harakat qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
tarmoq obyektlarida ishlarni olib borishning holati va xavfsizligini nazorat qilish idoraviy xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi
Issiqlik va gidravlik elektr stansiyalari, elektr va issiqlik tarmoqlari asbob-uskunalaridan ishonchli va xavfsiz foydalanishga oid tadbirlar majmuini, shuningdek iqtisodiyot obyektlari va respublika aholisini elektr hamda issiqlik bilan uzluksiz taʼminlash tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish.
Chorvoq suv omboridan suvning halokatli chiqarib yuborilishidan ogohlantiruvchi xabar berish tizimi ishlarini doimiy nazorat qilish.
Chorvoq suv omborida suv chiqarib yuborilishini doimiy nazorat qilish.
Ixtisoslashtirilgan va qutqaruv tuzilmalarini doimiy tayyor holda saqlash hamda energiya obyektlaridagi favqulodda vaziyatlarni tugatishda ishtirok etishini taʼminlash.
FVDT boshqaruv organlarini “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi obyektlarida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
energetika xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi
Ishlab chiqarish va texnologik jarayonning yuqori darajada xavfli oʻziga xos xususiyatlari bilan izohlanadigan avariyalar va halokatlarning oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish.
Kimyoviy xavfli obyektlardagi avariyalarning yuzaga kelishi ehtimoli va oqibatlarini prognozlashtirish, favqulodda vaziyatlar chogʻida ular ishlarining barqarorligini oshirish.
Kimyoviy xavfli obyektlar va ularga yondosh hududlarda xabar berishning mahalliy tizimlarini yaratish.
Kimyoviy xavfli obyektlardan kimyoviy zararlanishi ehtimoli boʻlgan zonalarni aniqlash.
FVDT boshqaruv organlari va aholini avariyalar va halokatlar, ularning oqibatlari, koʻrilayotgan chora-tadbirlar hamda aholining favqulodda vaziyatlar chogʻida harakat qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
Idoraviy ixtisoslashtirilgan va qutqaruv tuzilmalarining tarmoq obyektlaridagi favqulodda vaziyatlar chogʻida qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirishda qatnashishini taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
tarmoq obyektlarida ishlarni olib borishning ahvoli va xavfsizligini nazorat qilish idoraviy xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
Temir yoʻl transporti vositalaridan avariyasiz foydalanish, tashish chogʻida portlovchi, yongʻin xavfi boʻlgan yuklar va kuchli taʼsir koʻrsatadigan zaharli moddalarni tashishda xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish.
Favqulodda vaziyatlarni tugatish va evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan FVDT qutqaruv tuzilmalari, kuch va vositalari, harbiy boʻlinmalar, maxsus texnika va moddiy resurslarni birinchi navbatda tashishni taʼminlash.
Evakuatsiya qilish maqsadida tashishni amalga oshirish uchun favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya poyezdlarini tashkil etish.
Yongʻin va tuzatish-tiklash poyezdlari, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va boshqa idoraviy mansub avariya-qutqaruv boʻlinmalarining temir yoʻl transportida favqulodda vaziyatlarni tugatishda qatnashishini taʼminlash.
FVDT boshqaruv organlari va aholini temir yoʻl transportidagi avariyalar va halokatlar, ularning kutilayotgan oqibatlari, koʻrilayotgan chora-tadbirlar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishning borishi toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
temir yoʻl transportida yongʻin, portlash xavfi boʻlgan yuklar, kimyoviy moddalar va kuchli taʼsir koʻrsatadigan zaharli moddalar tashilishini nazorat qilish xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzbekoziqovqatzaxira” meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va gʻamlash korxonalari uyushmasi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-iyundagi 219-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 27-son, 326-modda)
Zarar koʻrgan aholini va evakuatsiya qilingan aholi joylashtirilgan mintaqalardagi aholini taʼminlash uchun tabiiy ofat zonalariga oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur boʻlgan tovarlar yetkazib berilishini tashkil etish; tuzilmalarning shaxsiy tarkibiga va zarar koʻrgan aholiga oshxonalarda (ovqatlanish shoxobchalarida) ovqat tayyorlash uchun suv bilan taʼminlash.
Saqlash, texnologik qayta ishlash va sotish chogʻida don va dondan qayta ishlangan mahsulotlar, oziq-ovqatlar va boshqa tovarlarni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish; Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, FVDTning boshqa funksional quyi tizimlari bilan birgalikda oziq-ovqat va suvlarning radioaktiv moddalar, ogʻir metallar, nitratlar va pestitsidlar bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan konsentratsiyalarning belgilangan darajasidan ortiqcha ifloslanishini nazorat qilishni amalga oshirish.
Mahsulotlar va boshqa tovarlarni zararsizlantirish, texnologik qayta ishlash yoki zararsizlantirib boʻlmaydiganlarini yoʻq qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi FVDT funksional quyi tizimi:
savdo va ovqatlanish xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
“Oʻzmaxsusimpeks” davlat korxonasi
Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining buyurtmanomalariga binoan mahalliy va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilar, tijorat tuzilmalaridan buyurtmachining mablagʻlari hisobiga favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni tugatish uchun maxsus texnika, asbob-uskunalar, priborlar va materiallar xarid qilishni amalga oshirish.
“Oʻzmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-dekabrdagi 412-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 602-modda)
Qurilish va qurilish-montaj tashkilotlari negizida ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etish hamda ularning favqulodda vaziyatlar mintaqalarida qutqaruv ishlarini va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni bajarishda qatnashishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi FVDT funksional quyi tizimi:
shaharlar, aholi punktlari va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish muhandislik xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
Favqulodda vaziyatlarni tugatish hamda evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan FVDT qutqaruv tuzilmalari, kuch va vositalari, harbiy boʻlinmalar va yuklarning birinchi navbatda tashilishini taʼminlash.
Avtotransportni va transport vositalari asbob-uskunalarini odamlarni tashishga tayyorlashni taʼminlash.
Portlovchi, yongʻin chiqishi xavfi boʻlgan xavfli yuklar va kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalarni tashish chogʻida xavfsizlikni taʼminlash.
Yoʻl va yoʻl inshootlarini FVDT qutqaruv tuzilmalari, kuch va vositalarini favqulodda vaziyatlar mintaqalariga tashish uchun tayyorlash.
Idoraviy tarmoqlar orqali FVDT boshqaruv organlarini, shuningdek yoʻlovchilarni favqulodda vaziyatlar xavfi yoki yuzaga kelganligi toʻgʻrisida xabardor qilishni tashkil etish.
FVDT funksional quyi tizimlari:
avtotransport xizmati;
avtoyoʻl xizmati faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Respublika iqtisodiyoti va hududlari uchun xos boʻlgan antropogen va tabiiy favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishini, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini muhofaza qilish hamda seysmik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tarmoqlar va obyektlarning faoliyat koʻrsatishi barqarorligini oshirishga doir tadbirlarning samaradorligini prognozlashtirish muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish.
Zilzilalarni seysmik mintaqalashtirish va prognozlashtirishning, respublika hududidagi seysmik hodisalarni kompleks kuzatishni amalga oshirishning ilmiy asoslari va usullarini ishlab chiqish.
FVDT boshqaruv organlari va aholini zilzilalar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi:
seysmik xizmat faoliyatiga rahbarlik qilish.
Sugʻurta tashkilotlari
Suv toshqini, koʻchkilar, sel xavfi boʻlgan mintaqalarda yashaydigan fuqarolarni, shuningdek binolar va inshootlarni, moddiy boyliklar va qishloq xoʻjaligi hayvonlarini sugʻurtalashni taʼminlash.
Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyati
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi, FVDTning boshqa funksional quyi tizimlari bilan birgalikda aholini favqulodda vaziyatlar chogʻida kasallar va zarar koʻrganlarga dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish hamda parvarish qilish masalalari boʻyicha tayyorlash.
Sanitariya drujinalarini tuzish, ularni yuklangan vazifalarni bajarishga jihozlash, tayyorlash va tayyorgarlik holatini nazorat qilishda FVDTning funksional va hududiy quyi tizimlariga yordam koʻrsatish.
Xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sanitariya postlarini tashkil etish va oʻqitish.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, eng avvalo, Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlarini, kursantlar, haydovchilar va yoʻl-transport xizmatlari xodimlarini zarar koʻrganlarga birinchi tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish amaliyotiga kontrakt asosida oʻqitishni tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholini dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish, oʻziga oʻzi va oʻzaro yordam berish hamda zarar koʻrganlarga gʻamxoʻrlik qilishga oʻqitish boʻyicha ixtisoslashtirilgan telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etish.
Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining otryadlari va boshqa koʻngillilar boʻlinmalarini tashkil etish, oʻqitish, jihozlash.
Favqulodda vaziyatlardan zarar koʻrgan aholiga yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining eng zarur tovarlar omborlari va zaxiralari tizimini tashkil etish.
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi
Mahalla fuqarolar yigʻinlari darajasida fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik sohasidagi vazifalarni hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga hamda boshqa tashkilotlarga koʻmaklashish.
Mahalla fuqarolar yigʻinining ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholisini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga tayyorlash.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tadbirlariga aholini ixtiyoriy ravishda jalb etish.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-avgustdagi 650-sonli qaroriga asosan boʻlim bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 892-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi
Suv omborlari, daryolar va kanallardagi gidrotexnika inshootlaridan foydalanish xavfsizligini, ularda avariyalar va halokatlarning yuzaga kelishi mumkinligini prognozlashtirish.
Suv xoʻjaligi obyektlarining ish rejimini oʻzgartirish yoki keyinchalik ulardan foydalanish zaruratini belgilash, suv omborlaridan suvni avariyaning oldini olish maqsadida chiqarib yuborish.
Suv omborlarida signalizatsiya va xabar berishning mahalliy avtomatik tizimlarini yaratish.
FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlari bilan birgalikda suv bosishi, toshqinlar, sellarning oldini olish va ularning halokatli oqibatlarini kamaytirish hamda toshqinlar suvlari va sellarning avariyasiz oʻtkazilishini taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar kompleksini tashkil etish, ishlab chiqish va amalga oshirish.
Suv omborlari, daryolar va kanallardagi gidrotexnik inshootlarning holatini nazorat qilish.
Suv omborlarining gidrologik rejimi, toshqinlar va halokatli suv bosishlar monitoringini olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlari hamda aholini suv omborlari toʻgʻonlari va gidrotexnik inshootlari hamda boshqa suv manbalarining oʻpirilib ketishi bilan bogʻliq kutilayotgan suv toshqinlari va halokatli suv bosishlar toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi suv xoʻjaligi xizmatining faoliyatiga rahbarlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi
Fitopatologik nazorat ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish.
Epifitotiyalarning oldini olishva ularga barham berish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FVDTning manfaatdor funksional va hududiy quyi tizimlari hamda aholini favqulodda vaziyatlar zonalaridagi agrokimyoviy vaziyat toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash.
FVDT funksional quyi tizimi oʻsimliklarni muhofaza qilish va agrokimyoviy nazorat xizmatining faoliyatiga rahbarlik qilish.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qaroriga asosan boʻlimlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 242-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha
funksiyalari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar FVDT hududiy quyi tizimlarini tashkil etish, boshqarish va ularning faoliyatini nazorat qilish.
FVDT xizmatlarining umumiy va maxsus vazifalari hududiy tuzilmalarini, yigʻma mexanizatsiyalashtirilgan otryadlarni, yigʻma qutqaruv komandalarini, avtosanitariya otryadlarini tashkil etish va boshqarishga rahbarlik qilish.
Favqulodda vaziyatlar zonalaridagi obyektlar va aholini elektr energiyasi, gaz, yoqilgʻi va ichimlik suv bilan uzluksiz taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish harakatlar rejasini ishlab chiqish.
Aholi va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha axborotlarni toʻplash va ayirboshlash, shuningdek favqulodda vaziyatlar xavfidan yoki yuzaga kelishidan aholini oʻz vaqtida xabardor qilish va xabar berish.
Gidrometeorologik va geologik hodisalar bilan bogʻliq boʻlgan favqulodda vaziyatlar monitoringini yuritish.
Aholi va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlar masʼul mansabdor shaxslar mavjud emasligi tufayli cheklangan hududlarda favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishining oldini olish.
Halokat zonalaridagi zarar koʻrgan aholi hamda ular joylashtirilgan tumanlarda evakuatsiya qilingan aholini taʼminlash uchun tegishli hududning mahalliy budjeti mablagʻlari hisobiga oziq-ovqat va eng zarur tovarlar yetkazib berilishini tashkil etish; oshxonalarda (ovqatlanish shoxobchalarida) tuzilmalarning shaxsiy tarkibi va zarar koʻrgan aholi uchun ovqat tayyorlash uchun suv bilan taʼminlash.
Don va uni qayta ishlash mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni saqlash, texnologik qayta ishlash, tashish va realizatsiya qilishda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish; FVDTning funksional quyi tizimlari hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda oziq-ovqat va suvning radioaktiv moddalar, ogʻir metallar, nitratlar va pestitsidlar bilan belgilangan cheklangan yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyalardan ortiq ifloslanishini nazorat qilish.
Favqulodda vaziyatlarni tugatish boʻyicha shtab faoliyatiga rahbarlik qilish.
Aholi punktlari va iqtisodiyot obyektlari faoliyatini tiklash ishlarini tashkil etish.
Favqulodda vaziyatlardan zarar koʻrgan aholi hayot faoliyatini tiklash.
Quyidagi FVDT hududiy quyi tizimlari faoliyatiga rahbarlik qilish:
viloyat FVDT xizmatlari va tuzilmalari;
viloyat, shaharlar (tumanlar) hamda iqtisodiyot obyektlarining umumiy va maxsus vazifalar yuklangan hududiy tuzilmalari.
Mahalliy sharoitlarga, favqulodda vaziyatlarning xususiyatiga va viloyatlar (shaharlar va tumanlar)ning moddiy-texnika bazasiga qarab fuqaro muhofazasi boshligʻi oʻz vakolatlari doirasida FVDTning hududiy va obyektlar boʻyicha quyidagi xizmatlarini tashkil etishi mumkin:
avtoyoʻl xizmati — favqulodda vaziyatlarni tugatishda yoʻl-koʻprik taʼminotini tashkil etish va amalga oshirish, yoʻllar va koʻpriklarni taʼmirlash va tiklash;
avtotransport xizmati — temir yoʻl va havo transporti organlari bilan birgalikda aholini joylashtirish va favqulodda vaziyatlar zonalaridan evakuatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirish, favqulodda vaziyatlarni tugatish uchun kuch va vositalarni yetkazib berish, ishchi smenalarini olib kelish (olib ketish), moddiy va tarixiy-madaniy boyliklar, noyob asbob-uskunalar, oziq-ovqat, qurilish materiallarini va boshqa moddiy vositalarni evakuatsiya tumaniga olib chiqib ketish;
gaz taʼminoti xizmati — gaz taʼminoti inshootlari va tarmoqlarida avariya-tiklash ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
suv taʼminoti xizmati — suv taʼminoti inshootlari va tarmoqlarida avariya-tiklash ishlarini tashkil etish va amalga oshirish, suv manbalarining radioaktiv, kimyoviy va zaharli moddalar hamda bakteriyali vositalar va ogʻir metallar bilan ifloslanish (zararlanish)dan muhofaza qilinishini taʼminlash. Ichimlik suvi sifati va oqova suvlarni tozalash ustidan nazoratni taʼminlash;
veterinariya nazorati va hayvonlarni muhofaza qilish xizmati — hayvonlarda yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi (epizootiya)larning oldini olish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek favqulodda vaziyatlar hududlarida sanitariya-veterinariya va epizootiyalarga qarshi tadbirlarni amalga oshirish. Epizootiyalarni tugatish. Itlarni tutadigan alohida guruhlar tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish. Itlarni tutish guruhlari xodimlarini zarur maxsus uskunalar bilan taʼminlash. Rahbariyatga favqulodda vaziyatlar zonasidagi sanitariya-veterinariya holati toʻgʻrisida axborot taqdim etish;
oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo nazorati xizmati — epifitotiylarning oldini olish, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish. Oʻsimliklarni himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining barqaror ishlashini taʼminlash. Fitopatologik qidiruv ishlarini, qishloq xoʻjaligi yerlarining radioaktiv va zaharli moddalar bilan ifloslanishi ustidan nazoratni tashkil etish va amalga oshirish. Ekinzorlar, yaylovlar hamda chorvachilik va dehqonchilik mahsulotlarini zararsizlantirish. Epifitotiylarni tugatish;
suv xoʻjaligi xizmati — suv omborlari, daryolar va kanallardagi gidrotexnika inshootlarining barqaror ishlashini va ulardan xavfsiz foydalanishni taʼminlash, ularda avariyalar va halokatlar yuz berishi mumkinligini prognozlashtirish. Suv xoʻjaligi obyektlarining ish rejimini yoki ulardan bundan keyin foydalanish rejimini oʻzgartirish zarurligini belgilash, suv omborlaridan suvni avariya yuzasidan chiqarib tashlash. Suv omborlarida oldindan xabar berish tizimlarini yaratish. Toshqinlar, suv bosishlari, sel oqimlaridan ogohlantirish va ularning halokatli oqibatlarini kamaytirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan kompleks chora-tadbirlarni tashkil etish, ishlab chiqish va amalga oshirish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini avariyasiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash;
muhandislik xizmati — tinch davrda himoya inshootlari fondi toʻplanishi va mavjud boʻlishi ustidan nazoratni tashkil etish va amalga oshirish, boshlangʻich hududlarda zararlangan joylarga tomon harakat qilinganda, halokatli suv bosishi zonalarida va ishlar olib boriladigan obyektlarda, yirik yongʻinlarni oʻchirishda, tabiiy ofatlar, yirik avariyalar va halokatlar oqibatlarini tugatishda FVDTning kuchlari harakatlarini muhandislik jihatdan taʼminlash uchun favqulodda vaziyatlarni tugatish ishlariga jalb etiladigan tegishli tuzilmalarni tayyorlash va ularning harakat qilishini tashkil etish;
kommunal-texnika xizmati — kommunal xoʻjaligi inshootlari va tarmoqlari ishlarining barqarorligini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, ulardagi avariyalarni tugatish, halok boʻlganlarga maxsus ishlov berish, tashish va ommaviy koʻmish shoxobchalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish;
moddiy-texnika taʼminoti xizmati — evakuatsiya qilinadigan aholini eng zarur buyumlar va anjomlar (kiyim-bosh, poyabzal va shu kabilar) bilan taʼminlashni tashkil etish, tuzilmalarning shaxsiy tarkibini anjomlar va maxsus kiyim-bosh, shuningdek iqtisodiyot obyektlarini ularning barqaror faoliyat koʻrsatishi va buzilgan ishlab chiqarishni tiklash uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika vositalari va qurilish materiallari bilan taʼminlash;
tibbiy xizmat — aholi va tegishli tuzilmalarning shaxsiy tarkibi sogʻligʻini saqlashga, zararlanganlar va bemorlarga oʻz vaqtida tibbiy yordam berishga yoʻnaltirilgan davolash-evakuatsiya, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish;
sanitariya jihatidan ishlov berish va zararsizlantirish xizmati — zararlanish joylaridan chiqqan odamlarga sanitariya jihatidan ishlov berish, ularning kiyim-boshlari va yakka tartibdagi himoyalanish vositalarini zararsizlantirishni tashkil etish va amalga oshirish;
aloqa, xabar berish va axborotlashtirish xizmati — boshqaruv organlarini barqaror va uzluksiz aloqa bilan taʼminlash, aloqa va xabar berishning turgʻun vositalariga foydalanish-texnik jihatdan xizmat koʻrsatishni tashkil etish va ularni nazorat qilish, shuningdek ularni doimiy tayyor holatda saqlash, favqulodda vaziyatlar boʻyicha hududiy boshqarmalarning koʻrsatmalariga binoan xabar berish signallarini uzatish va qabul qilishni texnik jihatdan taʼminlash;
jamoat tartibini saqlash xizmati — shaharlar va boshqa aholi punktlarida, iqtisodiyot obyektlarida, zararlanish joylarida, odamlar toʻplanadigan joylarda va transportda, aholini evakuatsiya qilish yoʻnalishlarida jamoat tartibini saqlash, shuningdek moddiy va tarixiy-madaniy boyliklarni muhofaza qilish;
yongʻin xavfsizligi xizmati — shaharlar, boshqa aholi punktlari va iqtisodiyot obyektlarining yongʻinga qarshi xavfsizlikni oshirishga yoʻnaltirilgan muhandislik-texnik, tashkiliy va yongʻinning oldini olish tadbirlari oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, yongʻin joylarida, tabiiy ofat hududlarida, shuningdek yirik avariyalar va halokatlar yuz berganda yongʻinlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni oʻchirish;
yonilgʻi-moylash materiallari taʼminoti xizmati — favqulodda vaziyatlarni tugatishga jalb etiladigan avtotransport vositalari va boshqa texnik vositalarni yonilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlashni tashkil etish, ushbu maqsadlar uchun turgʻun va koʻchma avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalaridan foydalanish;
texnik xizmatlar — texnikani texnik jihatdan soz holatda saqlash va favqulodda vaziyatlarni tugatish uchun jalb etiladigan avtotransport vositalarini texnik taʼmirlash, shikastlangan va nosoz texnikani qutqarish ishlari yoʻnalishlari va uchastkalaridan shikastlangan mashinalarning yigʻma punktlariga va taʼmirlash korxonalariga evakuatsiya qilish, taʼmirlash korxonalari va tuzilmalarini ehtiyot qismlar va anjomlar bilan taʼminlash hamda shakllantirish;
savdo va ovqatlanish xizmati — oziq-ovqat zaxiralarini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish, favqulodda vaziyatlar zaxirasining maxsus omborlarida oziq-ovqat zaxirasi gʻamlanishini tashkil etish. Tuzilmalarni va aholini bir kecha-kunduzlik taʼminot normalari boʻyicha oziq-ovqat, issiq ovqat bilan taʼminlash;
boshpanalar va bekinish joylar xizmati-tashkilotlarning muhofaza inshootlari fondini hisobga olish, muhofaza inshootlarining bekinadigan odamlarni qabul qilishga doimiy tayyorligini nazorat qilish, muhofaza inshootlari imoratlarining toʻgʻri saqlanishi, muhofaza konstruksiyalari, qurilmalari va muhandislik-texnik asbob-uskunalari saqlanishi, ulardan iqtisodiyot ehtiyojlari va aholiga xizmat koʻrsatish uchun foydalanilishini tizimli nazorat qilish. Qurilishi tugallangan muhofaza inshootlarini qabul qilishda qatnashish. Muhofaza inshootlari fondini jamlash rejalarini ishlab chiqish va ularga tuzatish kiritish, boshpana va bekinish joylariga xizmat koʻrsatish boʻlinmalarini tashkil etish va tayyorlash;
energetika xizmati — favqulodda vaziyatlar sharoitlarida energiya obyektlarida barqaror ishlashni taʼminlash va ulardagi avariyalarni bartaraf etish. Zararlanish joylarida qutqaruv ishlarini olib borishda ishtirok etish.
Zarurat boʻlganda va tegishli kuchlar mavjud boʻlganda FVDTning boshqa xizmatlari: avariya-texnik, radiatsiyaviy va kimyoviy himoya, niqoblanish, axborot bilan taʼminlash xizmatlari va shu kabilar ham tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 242-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi toʻgʻrisida” 1997-yil 23-dekabrdagi 558-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 11-12-son, 62-modda) ilovaning 4-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ulgurji va chakana savdoni liberallashtirish hamda uni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 23-fevraldagi PF-3722-son Farmoni)” 2006-yil 29-maydagi 99-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 5-son, 39-modda) ilovaning 3-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son qarori)” 2010-yil 17-dekabrdagi 301-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 69-modda) ilovaning 8-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 350-modda; 2013-y., 34-son, 458-modda; 2014-y., 17-son, 196-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda, 27-son, 326-modda, 52-son, 602-modda; 2017-y., 28-son, 649-modda, 34-son, 889-modda, 34-son, 892-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son; 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 13.03.2019-y., 09/19/215/2774-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)