|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“QIZILQUMNODIRMETALLOLTIN” KONSERNI VA OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATI KORXONALARINI YuQORI MALAKALI MUTAXASSISLAR VA IShChILAR BILAN TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Qizilqumnodirmetalloltin” konsernining Navoiy kon-metallurgiya kombinatini kadrlar bilan taʼminlash hamda mehnatkashlarning ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 25-yanvardagi 33-son va “1994-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 31-oktabrdagi 530-son qarorlariga muvofiq va “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarining yuqori malakali ishchi kadrlar hamda mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlarini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarini 1995 — 2000-yillarda yuqori malakali mutaxassislar va ishchi kadrlar bilan .taʼminlash dasturi* tasdiqlansin.
* Dastur rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirliklar, idoralar, Navoiy va Toshkent viloyatlari hokimliklari, “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati dasturda belgilangan topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan zarur boʻlgan chora-tadbirlarni koʻrsinlar.
2. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy oʻquv yurtlari boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 1995/96 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy oʻquv yurtlariga oʻquvchilar qabul qilish prognozlarida “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ehtiyojlarini hisobga olgan holda test asosida Navoiy va Toshkent viloyatlaridan yoshlarni oʻqishga maqsadli qabul qilish uchun kvotalarni nazarda tutsin.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy oʻquv yurtlari boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar 1995/96 oʻquv yilidan boshlab “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalari uchun belgilangan kvotalar va tuzilgan shartnomalarga muvofiq mutaxassislar tayyorlashni amalga oshirsinlar
Oʻrta maxsus taʼlim negizida mutaxassislarni tayyorlashning jadallashtirilgan shakllari kengaytirilsin.
4. Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa tashkilot hamda muassasalarni yuqori malakali xodimlar bilan butlash va mustahkamlash maqsadida 1995-yil 1-yanvardan boshlab Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlarida va Zafarobod shaharchasida muayyan davr ishlaganlik uchun har oylik taqdirlash puli joriy qilinsin va u uzluksiz ish stajiga koʻra lavozim maoshi (tarif stavkasi)ning koʻyidagi miqdorlarida toʻlansin: 3 yilgacha — 1,25 koeffitsiyent (yilda 3 ta maosh); 3 yildan 5 yilgacha — 1,5 (yilda 6 ta maosh); 5 yildan ortiq — 1,75 (yilda 9 ta maosh).
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi bir oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlar xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun har oyda taqdirlash puli toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Xalq taʼlimi vazirligi:
1995/96 oʻquv yilidan boshlab har yili Navoiy va Toshkent viloyatlari hunar-texnika bilim yurtlarida “Qizilkumnodirmetalloltin” konserni va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati buyurtmanomalariga muvofiq ishchi kadrlar tayyorlab berishni taʼminlasin;
Navoiy shahridagi 2-hunar bilim yurtini “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni ehtiyojiga muvofiq malakali ishchi kadrlarni tayyorlashga qayta ixtisoslashtirsin. Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2-hunar bilim yurti moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda yordam bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga MDH mamlakatlari, Oʻzbekiston Respublikasining viloyatlari va Toshkent shahridan kontrakt boʻyicha ishga kelayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolarini vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishni nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Mashinasozlik, kimyo va metallurgiya, Taʼlim va fan boʻlimlariga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 10-dekabr,
594-son