Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.06.2018
ELEKTR ENERGETIKADA NAZORAT BOʻYIChA DAVLAT INSPEKSIYASI “OʻZDAVENERGONAZORAT” BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
ELEKTR BILAN ISITISh MAQSADIDA ELEKTR ENERGIYASIDAN FOYDALANIShNI KELIShISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 29-fevralda 1775-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 6-sonli “Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1775-1, 31.05.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-sonli “Sobiq SSR Ittifoqining qonunosti hujjatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi) toʻgʻrisidagi nizomga asosan, buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruq kuchga kirgan kundan boshlab, SSSR Energetika va elektrlashtirish vazirligi va SSSR Gosplani tomonidan tasdiqlangan “Elektr qozonlari va boshqa elektr isitish asboblarining qoʻllanishini kelishish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma” Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilmasin.
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiya boshligʻi B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-yanvar,
10-son
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasining
2008-yil 30-yanvardagi 10-son buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-son “Sobiq SSR Ittifoqining qonunga oid hujjatlarini qayta koʻrib chiqish ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori, 2004-yil 1-martdagi 96-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi) toʻgʻrisidagi nizom”ga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 9 son, 105-modda) va 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 3-4 son, 26-modda) muvofiq, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish borasidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida texnologik jarayonlarda hamda uylarni isitish va issiq suv taʼminoti uchun elektr energiyasidan foydalanilishini kelishish tartibini belgilaydi.
1 §. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yangi ishga tushirilayotgan va ishlayotgan obyektlarda isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanuvchi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va elektr energiyasi isteʼmolchilari boʻlib hisoblanuvchi yuridik hamda jismoniy shaxslarga taalluqlidir.
2. Isteʼmolchilar oʻz obyektlarida elektr qozonlari va boshqa elektr isitish asboblarini (bundan keyin matnda elektr isitish asboblari deb yuritiladi) oʻrnatishda loyihalash va qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin elektr energiyadan foydalanilishini Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi “Oʻzdavenergonazorat”da (bundan keyin matnda “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi deb yuritiladi) va uning hududiy boʻlimlarida kelishishi lozim.
3. Tijorat va ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladigan elektr isitish asboblari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirish organlari tomonidan majburiy tartibda sertifikatlashtiriladi.
2 §. Elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish tartibi va kelishish uchun kerakli hujjatlar
4. Elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish uchun arizachi “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
elektr isitish asboblarini oʻrnatish zarurligi toʻgʻrisida ariza;
elektr isitishning qoʻllanishi uchun mazkur Nizomda koʻzda tutilgan hollarda texnik-iqtisodiy asoslanish;
pasport maʼlumotlari: nomi, turi, quvvati, ishlab chiqaruvchi zavodni koʻrsatgan holda oʻrnatilishi moʻljallanayotgan elektr isitish asboblarining roʻyxati;
muvofiqlik sertifikati;
energiya tizimining eng katta yuklamali soatlarida elektro-termik uskunaning yuklamasi kamayishini taʼminlovchi chora-tadbirlarning roʻyxati, unda yuklamaning kamaytirilayotgan miqdori, yuklama kamayishini nazorat qiluvchi asboblar va uskunalar koʻrsatilishi lozim. Koʻrsatilgan chora-tadbirlarni oʻtkazishdan bosh tortish texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslab berilishi kerak.
5. “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi mazkur Nizom bilan belgilab berilmagan qoʻshimcha hujjatlarning taqdim etilishini talab qilish huquqiga ega emas.
6. Taqdim etilgan hujjatlar toʻplami hujjatlar hajmiga bogʻliq ravishda olingan kunidan boshlab yetti kundan bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
7. Qabul qilingan qaror haqidagi xabarnoma arizachiga uch kun ichida yozma ravishda topshiriladi, bunda elektr isitish asboblarini oʻrnatishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish yuzasidan rad javobi beriladigan boʻlsa, rad javobining asoslangan sababi ham koʻrsatilishi lozim.
Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda ilgari arizachiga yozma ravishda bayon qilinmagan yangi kamchiliklar bildirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3 §. Elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish tartibi
8. Mazkur Nizomning 15-bandida koʻrsatilganlardan tashqari elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanilganda, elektr energiyasini qoʻllanilishi kelishilishi lozim:
bir donasining quvvati 1000 kW gacha boʻlgan elektr isitish asboblari uchun “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasining hududiy boʻlimlarida;
bir donasining quvvati 1000 kW va undan ortiq boʻlgan elektr isitish asboblari uchun “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasida.
9. Elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanish uchun elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish uchun elektr energiyasi isteʼmolchilari mazkur Nizomning 2-paragrafida belgilangan hujjatlardan tashqari energiya tashuvchi sifatida elektr energiyasi qoʻllanishining zaruriyatini va uni isitishning boshqa (olovli pechlar, bugʻli isitish, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish) usuliga almashtirish mumkin emasligini yoki texnik-iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiqligini asoslab beruvchi hujjatlarni taqdim etishlari lozim, xususan:
a) elektr bilan isitish tanlanganligini texnik-iqtisodiy asosi (bundan keyin matnda TIA deb yuritiladi);
b) elektrotermik texnologiyaning turlari roʻyxatini belgilab beruvchi loyiha yoki loyihaviy topshiriqning texnologik qismidan koʻchirma (qora va rangli metallarni eritish, metall, mahsulotlar va ashyolarga termik ishlov berish, betonni qizdirish, idishlardagi suyultirilgan gazni isitish, ovqat tayyorlash).
4 §. Qishloq xoʻjalik texnologik jarayonlari uchun elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish
10. Quyidagi hollarda TIAni taqdim etgan holda qishloq xoʻjaligida issiqlik taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgan texnologik jarayonlarga elektr isitish asboblari uchun elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish shart:
yosh chorva mollari va joʻjalarni boqish uchun xonalarda mikroiqlimni yaratishda;
emlarni ivitish, sutli idishlarni bugʻlatish uchun suvni isitish hamda bugʻ olishda;
mevalar, sabzavotlar va urugʻlik donlarni saqlash omborlarida kerakli haroratni ushlab turishda.
11. Quyidagi hollarda TIAni taqdim etmagan holda kelishish amalga oshiriladi:
joʻjalar inkubatsiyasi va mahalliy isitishda;
yosh chorva mollarini nurlantirish va mahalliy isitishda;
bitta joyda oʻzaro bogʻlangan yoki alohida chorvachilik, parrandachilik komplekslari yoki boshqa obyektlarni tashkil etuvchi chorva mollarini va parrandalarni saqlash xonalarida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash omborlarida, elektr isitish asboblarining oʻrnatilgan umumiy quvvati 400 kW dan yuqori boʻlganda kiruvchi havoni isitishda;
elektr isitish asboblarining oʻrnatilgan umumiy quvvati 30 kW dan yuqori boʻlganda maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, doʻkonlar, poliklinikalar, dorixonalar va boshqa ishlab chiqarish hamda noishlab chiqarish obyektlarini elektr isitish asboblari bilan isitishda;
isteʼmolchilar tomonidan issiqlik manbaidan 600 m va undan ortiq masofada joylashgan, umumiy maydoni 100 m2 dan oshmaydigan ishlab chiqarishga moʻljallangan xonalarni (maishiy vagonchalar, ustaxonalar, veterinariya-sanitariya oʻtish joylari, omborlar binolari, artezian quduqlari, tozalash inshootlari, yoqilgʻi quyish stansiyalari) isitish va issiq suv taʼminoti uchun oʻrnatilgan umumiy quvvati 20 kW dan oshmaydigan (sugʻorish stansiyalarida 30 kW dan oshmaydigan) elektr isitish asboblaridan foydalanishda.
12. Qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqarishlarda elektr isitish asboblari tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi hajmi elektr energiyasi isteʼmolchisi va elektr taʼminoti tashkiloti oʻrtasidagi energiya taʼminoti shartnomasida kelishilgan umumiy hajmiga kiritiladi.
5 §. Ovqat tayyorlash uchun turgʻun elektr plitalarini oʻrnatish uchun elektr energiyasidan foydalanilishini kelishish
13. Qurilish normalari va qoidalari bilan gazda ovqat tayyorlash ruxsat etilmagan hollardan tashqari, umumiy ovqatlanish, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari mavjud boʻlgan turar joylarda ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari va tijorat maqsadlarida ishlatiladigan boshqa elektr isitish asboblarini oʻrnatishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish lozim.
6 §. Elektr isitish asboblaridan xonalarni isitish va issiq suv taʼminoti uchun foydalanilganda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish
14. Quyidagi hollarda xonalarni isitish va issiq suv taʼminoti uchun elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishish zarur:
TIA mavjud boʻlganda, birlamchi yoqilgʻini tejash uchun quvvati 10 kW gacha elektr isitish asboblari oʻrnatilganda;
qurilish obyektlarida maishiy vagonchalarni, turli kiosklar, pavilonlar, doʻkonlarni va boshqa mayda isteʼmolchilarni hamda tortish podstansiyalari va elektrlashtirilgan temir yoʻl obyektlarini, oʻrnatilgan quvvatidan qatʼi nazar, isitishda;
oʻrnatilgan quvvatidan qatʼi nazar, “Qish-yoz” turidagi konditsionyerlar oʻrnatilganda va ulardan tijorat maqsadlarida isitish uchun foydalanilganda;
barcha isteʼmolchilarga quvvati 10 kW dan yuqori boʻlgan elektr isitish asboblari oʻrnatilganda.
15. Quyidagilarni isitish va issiq suv taʼminoti uchun kelishish talab etilmaydi:
oʻrnatilgan quvvati 30 kW gacha boʻlgan bir vaqtda ishlaydigan elektr isitish asboblariga doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlarsiz ishlaydigan va issiqlik manbalaridan 600 m va undan koʻproq masofada joylashgan suv taʼminoti, sugʻorish, oqovaning mayda nasos stansiyalarini;
oʻrnatilgan quvvati 300 kW gacha boʻlgan elektr isitish asboblariga ega radio, televideniye stansiyalari va kosmik aloqa stansiyalarini, oʻrnatilgan quvvati 25 kW gacha boʻlgan elektr isitish asboblariga ega radiorele va kabel tarmoqlarining oraliq stansiyalarini;
har bir podstansiyada elektr isitish asboblarining quvvati 1000 kW gacha boʻlgan 110 kW kuchlanishli podstansiyalarning ishlab chiqarish xonalarini;
ulangan quvvatidan, idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, quruq bugʻ olish uchun (sauna) hammomlarni;
har punktida oʻrnatilgan quvvati 10 kW va undan ortiq boʻlgan elektr isitish asboblariga ega temir yoʻlda bir izni boshqa izga oʻtkazishni masofadan boshqarishni;
ventilatsiya oqimi tizimlari tomonidan t = +50 uzatiladigan tashqi havoni isitish uchun qoʻllaniladigan, oʻrnatilgan quvvati 10 kW gacha boʻlgan elektr kalorifyerlarni oʻrnatishda jamoat binolarini isitish va issiq suv taʼminoti uchun elektr isitish asboblaridan foydalanilganda elektr energiyasi qoʻllanilishini.
16. Issiq suv olish uchun foydalaniladigan elektr isitish asboblari butun yil davomida ishlatiladigan quyoshli issiq suv taʼminoti tarmoqlariga, geliotizimlar tomonidan taʼminlanmaydigan qoʻshimcha issiq suv hajmlari zarurligini tasdiqlovchi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar mavjud boʻlganda, faqat zaxira manbalari sifatida ulanishi va foydalanilishi mumkin.
7 §. Elektr isitish asboblariga qoʻyiladigan talablar
17. Oʻrnatilgan quvvati 10 kW dan yuqori boʻlgan elektr isitish asboblari issiqlik akkumulyatorlari bilan jihozlanishi va energetika tizimining eng kam yuklamali soatlarida ishga tushirilishi lozim.
Avtomatik qurilmali mazkur issiqlik akkumulyatorlaridan foydalanishni rad etish har bir alohida holatda texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslab berilishi lozim.
18. Elektr isitish asboblaridan foydalanilganda, ularni energetika tizimining ertalabki va kechki eng koʻp yuklamali soatlarida tarmoqqa ulanishiga yoʻl qoʻymaydigan avtomatik qurilmalar koʻzda tutilgan boʻlishi kerak, isteʼmolchini, ishlab turgan issiqlik tarmoqlaridan 600 m va undan uzoqroq masofada joylashgan obyektida isitish maqsadida quvvati 2 kW gacha boʻlgan bitta isitish asbobidan foydalaniladigan hollar bundan mustasno.
19. Elektr isitish asboblari ulanganda, energiya isteʼmolining hisobini alohida olib borish uchun elektr energiyasini hisobga olish tizimi koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
20. Foydalanishi kelishilgan elektr isitish asboblari va ularning keluvchi simlari Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalariga, Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalariga (2004-yil 9-iyul, roʻyxat raqami 1383 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 27-son, 317-modda) va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga (2004-yil 20-avgust, roʻyxat raqami 1400 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 33-son, 379-modda) talablariga hamda mazkur Nizomda bayon etilgan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
21. Qoʻlbola (xonaki tayyorlangan) elektr isitish asboblaridan foydalanish man etiladi.
8 §. Elektr isitish asboblarini energiya tizimining tarmoqlariga ulash tartibi
22. Elektr isitish maqsadida elektr isitish asboblaridan foydalanilishda elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishishdan soʻng, elektr uskunalarini energiya tizimining tarmoqlariga ulash uchun energiya taʼminoti tashkilotidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, texnik shartlar olinishi kerak.
23. Elektr isitish asboblarini ulash uchun elektr montaj ishlari, oldindan “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan energiya taʼminoti loyihasiga qatʼiy rioya qilgan holda, Isteʼmolchi obyektlarini elektr taʼminoti loyihalarining kelishuvini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (2007-yil 20-oktabr, roʻyxat raqami 1731 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 43-son, 436-modda) hamda elektr energiyasi hisobini tashkil etish borasida energiya taʼminoti tashkilotlarining talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
24. Qoʻllanilishi “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan va transformator quvvati oshirilishini talab qiladigan elektr isitish asboblarini tarmoqqa ulash energiya taʼminoti tashkiloti tomonidan berilgan texnik shartlar boʻyicha amalga oshiriladi.
25. Elektr isitish asboblarini, ularga elektr energiyasi qoʻllanilishini kelishmasdan, energiya taʼminoti tashkilotining tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
26. Elektr isitish asboblarining tegishli texnikaviy holati va xavfsiz ekspluatatsiya qilinishi, hamda elektr energiyasini isteʼmol qilish boʻyicha oʻrnatilgan tartibga rioya etilishi uchun javobgarlik obyektlarida mazkur elektr uskunalari oʻrnatilgan isteʼmolchi zimmasida boʻladi.
9 §. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda “Oʻzstandart” agentligi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruvining raisi B. TEShABOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-yanvar
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining raisi v. b. B. ULAShEV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-yanvar
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining raisi A. TOXTAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-yanvar
“Oʻzstandart” agentligining Bosh direktori R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 25-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 8-9-son, 53-modda)