O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi
ONLINE TRANSLATE
Boquvchisi vafot etganligi sababli ziyon ko‘rgan shaxslarga zararni to‘lash tartibi qanday?

Boquvchisi vafot etganligi sababli ziyon ko‘rgan shaxslarga zararni to‘lash tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan, boquvchisi vafot etgan taqdirda quyidagilar zararni undirish huquqiga ega:

marhumning qaramog‘ida turgan yoki u vafot etgan kungacha undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar;

marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandi;

mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan uning o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yoxud ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan bo‘lsa ham tibbiyot muassasasining xulosasiga ko‘ra salomatligi bo‘yicha boshqalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan va ishlamaydigan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoki oilaning boshqa a’zosi;

marhumning qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafotidan keyin besh yil ichida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan shaxslar.

Ishlamaydigan va marhumning ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, er (xotin) yoxud oilaning boshqa a’zosi parvarishlashni amalga oshirish davrida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan taqdirda, ana shu shaxslarni parvarishlash tugaganidan keyin zararni undirish huquqini saqlab qoladi.

Zarar quyidagilarga to‘lanadi:

voyaga yetmaganlarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar;

o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — o‘quvning kunduzgi shaklida o‘qishni tugatgunga qadar, biroq yigirma uch yoshdan oshmaguncha;

ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod;

nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga;

marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini ular o‘n to‘rt yoshga to‘lgunga qadar parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoxud oilaning boshqa a’zosiga.

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga zarar marhumning fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan qoidalari bo‘yicha aniqlangan ish haqi (daromadi)ning marhum hayot vaqtida ular o‘z ta’minoti uchun olgan yoki olish huquqiga ega bo‘lgan ulushi miqdorida qoplanadi. Bu shaxslarga zararni qoplashni aniqlashda marhumning daromadlari tarkibiga ish haqi (daromad) bilan bir qatorda u hayot vaqtida olgan pensiya, umrbod ta’minot va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar kiritiladi.

Zararning o‘rnini qoplash miqdorini aniqlashda boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan shaxslarga tayinlangan pensiya, shuningdek boquvchisining vafotidan oldin ham, vafotidan keyin ham tayinlangan boshqa turdagi pensiyalar hamda ish haqi (daromad), stipendiya qoplash hisobiga kiritilmaydi.

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lganlarning har biriga belgilangan qoplash miqdori keyinchalik qaytadan hisoblab chiqilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:

boquvchining vafotidan keyin farzand tug‘ilishi;

vafot etgan boquvchining bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan shaxslarga haq to‘lashni tayinlash yoki uni to‘xtatish.