O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi
ONLINE TRANSLATE
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan beriladigan nafaqa miqdori qanday tartibda hisoblanadi?

Mehnat kodeksiga asosan, xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.

Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib bo‘lguniga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi darajasiga muvofiq bo‘lgan foizli nisbatda belgilanadi.

Kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Ziyonning o‘rnini qoplashga oid to‘lovni tayinlashda jabrlanuvchi oladigan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanganlarga — nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi jabrlanuvchiga mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli kelib chiqqan qo‘shimcha xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart. Davolanish, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori vositalarini sotib olish, sanatoriy-kurortda davolanish xarajatlari, shu jumladan jabrlanuvchining, zarur hollarda esa uni kuzatib boruvchi shaxsning ham davolanish joyiga borish va qaytish yo‘lkirasi haqini to‘lash, o‘zgalarning parvarishi, maxsus transport vositalarini sotib olish va boshqa turdagi yordam uchun xarajatlar, agar u tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan ushbu turdagi yordamga muhtoj deb topilsa hamda ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqiga ega bo‘lmasa, shuningdek jabrlanuvchi va ish beruvchi o‘rtasida ziyonning o‘rnini qoplash bo‘yicha nizo yuzaga kelgan taqdirda hamda nizo jabrlanuvchining foydasiga hal bo‘lgan taqdirda ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun advokatga haq to‘lash xarajatlarining o‘rni qoplanishi lozim.

Dorilarni sotib olish xarajatlari davolovchi shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va sotib olingan dorilar ko‘rsatilgan holdagi to‘lov cheki taqdim etilganidan keyin ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.