Daraxtlarni noqonuniy tarzda ekish va ko‘chirish qoidalari
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun maxsus ruxsatnoma olish shart!
Bunda daraxtlarni kesishda amal qilinishi majburiy bo‘lgan maxsus tartib-qoidalar mavjud. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga sanitariya maqsadlarida, shuningdek, binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq holatlardagina yo‘l qo‘yiladi hamda to‘lov asosida amalga oshiriladi, bundan sanitariya maqsadida kesish hollari mustasno.
Shuningdek, bunda talabgor ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun ariza topshirishi lozim. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilib, daraxt va butalar joyiga chiqib o‘rganiladi. Shuningdek, jamoatchilik eshituvi ham amalga oshiriladi. Asosli deb topilgandagina, ruxsatnoma berilishi mumkin.
Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarni kesish:
— quriyotgan yoki qurib qolgan;
— dekorativ xususiyatini yo‘qotish natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan;
— kasallikka chalingan;
— kasallik tarqatuvchi hayvonlar va hasharotlarning manbaiga aylangan;
— odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlardagina amalga oshiriladi.
Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish:
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.