Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Jumladan, parlament soʻrovi ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-dekabrdagi 71-sonli bayoni bilan Oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda barcha tuman va shaharlar uchun alohida “yoʻl xaritalari” qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi 257-sonli qarori asosida respublikaning 208 ta tuman va shaharlarida “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda nikohlanuvchi yoshlar, nizoli oilalar hamda huquqiy, psixologik va ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolarga xizmat koʻrsatish tizimi joriy etilgan.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan nikohlanuvchilar uchun 16 soatlik “Maishiy zoʻravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus oʻquv dasturi ishlab chiqilgan. 2026-yilning birinchi yarmida 93 312 ta nikoh qayd etilib, 96 673 nafar nikohlanuvchi yoshlar ushbu kurslarda oʻqitilgan.
“Ayol.gov.uz” platformasida nizoli oilalar bilan manzilli ishlashni tashkil etish maqsadida “Oila profili” moduli joriy etilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda nikohdan ajratishga doir ishlarni koʻrib chiqish jarayonida 2025-yilda 5 235 ta, 2026-yil birinchi yarmida esa 2 666 ta ishda taraflar yarashtirilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudida oilaviy nizolarni sudgacha hal etishga moʻljallangan maxsus mediatsiya xonasi tashkil etilib, ushbu tajriba 10 dan ortiq fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlariga tatbiq qilingan.
Shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi va Chirchiq tumanlararo sudlarida “Oila sudyalari” instituti joriy etilib, ushbu amaliyot yoʻlga qoʻyilgan sudlar soni 5 taga yetgan.
Nikoh yoshini bir yilgacha kamaytirish vakolatini fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga oʻtkazish va buning asoslarini qatʼiy belgilash, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish va uni targʻib qilish hamda masʼul shaxslarning voyaga yetmaganlar nikohi, homiladorligi va tugʻishi haqida ichki ishlar organlariga xabar bermaganligi uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilgan.
“Salomatlik sari harakat” volontyorlik loyihasi doirasida respublikadagi 10 193 ta taʼlim muassasasida “Tengdosh — tengdoshga” tamoyili asosida sogʻlom turmush tarzi, erta nikoh va erta tugʻruqning oldini olishga qaratilgan mashgʻulotlar tashkil etilgan.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oilaviy nizolarni barvaqt oldini olish: keys-menejment usuli” nomli uslubiy qoʻllanma tayyorlanib, amaliyotda keng qoʻllanilmoqda.
Oilalarning baxtlilik darajasini baholovchi 8 ta indikator va 21 ta subindikatordan iborat indeks 14 ta hududdagi 12 mingdan ziyod oilada sinovdan oʻtkazilgan boʻlib, Oʻzbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 2025-yildagi 0,611 balldan 2026-yilda 0,618 ballga koʻtarilgan va metodologiyaga koʻra “yuqori” darajani tashkil etgan.
Parlament soʻrovi natijalari sohada oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar saqlanib qolayotganini ham koʻrsatmoqda.
2026-yilning yanvar — iyun oylarida respublikada nikohdan ajralishlar soni 24 815 tani tashkil etib, ushbu koʻrsatkich 2025-yilning shu davriga (23 338 ta) nisbatan 6,3 foizga oshgan. Eng koʻp ajrimlar Toshkent shahrida (3 222 ta), Fargʻona (2 676 ta), Samarqand (2 608 ta), Andijon (2 471 ta) va Toshkent viloyatlarida (2 334 ta) qayd etilgan.
Oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarining mazmuni va amaliy yoʻnaltirilganligini takomillashtirish hamda ularning samaradorligini oshirish zarurati mavjud.
Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida ushbu oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqitilgan nikohlanuvchilarning 954 tasi bir yilgacha yashab ajrashgan. Eng yuqori koʻrsatkich Fargʻona viloyatida 125 ta, Toshkent shahrida 115 ta, Andijonda 108 ta, Samarqandda 95 ta va Namanganda 88 tani tashkil qilgan.
Shuningdek, “ayol.gov.uz” platformasi sudlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinmaganligi sababli nikohdan ajratish toʻgʻrisida sudlarga murojaat qilgan oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, ular bilan manzilli profilaktik ishlarni olib borish hamda psixologik koʻmak koʻrsatish imkoniyatlari cheklanmoqda.
Nikohdan ajralishlarning oldini olish va oilaviy nizolarni oʻzaro kelishuv asosida hal etishda mediatorlarning mavjud salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayapti.
Xususan, 2026-yilning oʻtgan davrida respublika boʻyicha nikohdan ajratishga oid jami 211 ta mediatsiya ishi koʻrilgan boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ushbu yoʻnalishda birorta ham ish koʻrilmagan.
Joriy yilning oʻtgan davrida oilalarni mustahkamlash va ajralishlarning oldini olish boʻyicha 47 491 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan boʻlsa-da, nikohdan ajralishlar holatining oʻsishi ushbu tadbirlarining natijadorligi va taʼsirchanligi yetarli darajada emasligini koʻrsatmoqda.
“Oila institutini mustahkamlash, nikoh tuzish, undan ajralishning psixologik aspektlarini aniqlash” mavzusida 2025-yilda psixologlar oʻrtasida oʻtkazilgan ekspert soʻrovi natijalari ommaviy axborot vositalari, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ayrim materiallar oilaviy munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etilgan.
Xususan, 601 nafar respondent mazkur taʼsirni salbiy baholagan boʻlsa, 266 nafari teleserial va koʻrsatuvlarda koʻpxotinlilik, oilaviy nizolar, aldov va buzgʻunchilik holatlari ortiqcha yoritilayotganini, 207 nafari esa ularning tarbiyaviy ahamiyati pastligini maʼlum qilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonovaning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi bilan birgalikda nikohdan ajralish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan hududlarda ajrim sabablarini chuqur tahlil qilib, ularning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilasin;
doimiy ravishda yarashtirilgan oilalarning keyingi holatini oʻrganib borib, nizolar qayta yuzaga kelgan taqdirda zarur choralarni koʻrsin;
reja asosida oila va xotin-qizlar maskanlarida foydalanilayotgan uslubiy qoʻllanmalar, oʻquv va tarqatma materiallari natijadorligini mutaxassislar ishtirokida qayta koʻrib chiqib, ularni nikohlanuvchilar, yosh oilalar, ota-onalar va nizoli oilalar uchun mos ravishda takomillashtirsin;
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda oilalarning baxtlilik indeksi va boshqa tadqiqotlar natijalari asosida nikohdan ajralishlar hamda oilaviy nizolarning barvaqt oldini olishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqsin va ularning amaliyotga tatbiq etilishini taʼminlab borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi bilan birgalikda:
reja asosida nikohdan ajralishlar koʻrsatkichi yuqori boʻlgan hududlardagi oila masalalariga masʼul boʻlgan mutaxassislar uchun mediatsiya institutidan samarali foydalanish va uning afzalliklariga bagʻishlangan oʻquv-seminarni tashkil etsin;
nikohdan ajratish boʻyicha nizolarga ixtisoslashtirilgan mediatorlarni kasbiy koʻnikmalarini yil davomida oshirib borish choralarini koʻrsin;
muntazam ravishda oilaviy nizolarni mediatsiya tartibida hal etish boʻyicha yuqori natijalarga erishgan hududlarning ilgʻor ish usullarini ommalashtirilsin hamda hududlararo tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
aholi orasida oilaviy nizolarning sudga qadar hal etilishida mediatsiya institutining oʻziga xos ijobiy xususiyatlari hamda samaradorligi haqida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda ikki oy muddatda oilada oʻzaro hurmat, er-xotinning huquq va majburiyatlari, masʼuliyatli ota-onalik, oila aʼzolarining munosabatlarga asossiz aralashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish masalalariga bagʻishlangan taʼsirchan diniy-maʼrifiy materiallarni (maʼruzalar, tezis, tarqatma materiallari) tayyorlasin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh imom-xatiblari, ularning xotin-qizlar masalalari boʻyicha yordamchilariga tarqatilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda fuqarolik ishlari boʻyicha sud organlarida ajrimlarga oid ishlarni koʻrib chiquvchi maxsus xona (mediatsiya xonasi) faoliyatining natijadorligini, jumladan, koʻrilgan ishlar, tuzilgan mediativ kelishuvlar va nikohdan ajralishning oldi olingan oilalarni tahlil qilsin va samarali tajribalarni boshqa hududlarga ommalashtirish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga oila institutini mustahkamlash, nikohdan ajralishlar holatlarining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼullarning axborotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi:
mazkur qarorda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini muntazam tahlil qilib borsin hamda zaruratga koʻra ularning ijrosi yuzasidan qoʻmita majlislarida muhokamalar tashkil etsin;
hududlarda parlament nazorati doirasida oʻtkaziladigan oʻrganishlarda nikohdan ajralishlarning oldini olish, oilaviy nizolarni bartaraf etish hamda ushbu yoʻnalishlarda manzilli profilaktik ishlarning tashkil etilishi va natijadorligiga alohida eʼtibor qaratsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy media birlashmasiga oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, nikohdan ajralishning salbiy oqibatlari va oilaviy nizolar oldini olishga qaratilgan sifatli mediakontent yaratish hamda uni ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali keng targʻib qilish tavsiya etilsin.
9. Ushbu Qaror ijrosiga masʼul vazirlik va idoralar amalga oshirilgan ishlar va erishilgan aniq natijalar yuzasidan 2026-yil 20-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim qilsin.
10. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 11-sentabr,
SQ-356-V-son