Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida
«Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2026-yil 18-avgust kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
«Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha kelishuv komissiyasining xulosasi haqida;
«Intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi QL-263-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida («Intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida») (ikkinchi oʻqish);
«Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi QL-270-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (ikkinchi oʻqish);
Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida;
«Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish toʻgʻrisida»gi QL-268-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
«Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini belgilashga, ular ustidan shikoyat qilishga hamda noqonuniy undirilgan mablagʻlarni qaytarishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi QL-269-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
«Davlat mulkini xususiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S. Murodovning javobi haqida.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-avgust,
2478-V-son