XALQ DEPUTATLARI NAVOIY VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Navoiy viloyati hududidan oʻtgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻlining 78 — 90, 104 — 107, 120 — 124, 135 — 144, 160 — 168, 180 — 200 km.lari oraligʻida harakat tezligini 80 km/soatgacha tushirish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 98-sonli farmonining 3-bandiga asosan Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy kengashlariga “Yoʻllarning qismlarida harakat tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatib) ruxsat berish” boʻyicha takliflarga rozilik berish vakolati berilgan.
Viloyat hududidan oʻtgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻlining umumiy uzunligi 289 km.nitashkil etadi hamda ushbu avtomobil yoʻli viloyatning Uchquduq, Tomdi, Konimex tumanlari va Zarafshon shahrini viloyat markazi bilan bogʻlaydigan asosiy avtomobil yoʻli hisoblanadi.
Mazkur avtomobil yoʻlida 4 ta yoʻlovchi tashuvchi uyushmalarga qarashli 61 dona katta hajmli avtobuslar, NKMK va Navoiy Uran davlat korxonasiga qarashli 300 dan ortiq yoʻlovchi tashuvchi avtobuslar hamda 1000 dan ortiq yuk tashuvchi hamda 10.000 mingdan ortiq yengil transport vositalari doimiy ravishda harakatlanadi.
Xususan, 2021-2025-yillarda mazkur avtomobil yoʻlida jami 217 ta (2021-yilda 44 ta, 2022-yilda 34 ta, 2023-yilda 69 ta, 2024-yilda 32 ta va 2025-yilda 38 ta) yoʻl-transport hodisalari sodir etilib, 200 nafar fuqarolarning turli darajada tan jarohati olishiga va 99 nafar fuqarolarning esa bevaqt oʻlimiga sabab boʻlgan.
Shundan, 87 tasi yoki 41.4 foizi “Agʻdarilish”, 80 tasi 36.8 foizi “Toʻqnashuv”, 8 tasi yoki 3.7 foizi “Toʻsiqqa urilish”, 29 tasi yoki 13.4 foizi “Piyodani urib yuborish”, 9 tasi yoki 4.1 foizi “Velosipedchini urib yuborish”, 3 tasi yoki 1.4 foizi “Hayvonlarni urib yuborish”, 1 tasi 0.5 foizi “Turgan transport vositasiga urilish” turiga kiradi. Yoʻl-transport hodisalarining 63 tasi yoki 29 foizi tungi vaqtda, 154 tasi yoki 71 foizi kunduzgi vaqtda sodir etilgan.
Sodir etilgan 217 ta yoʻl-transport hodisasining 128 tasi yoki 58.9 foizi haydovchilarning belgilangan tezlikka amal qilmasligi, 45 tasi yoki 20.7 foizi charchoqlik, rulda uxlab qolish natijasida natijasida sodir etilgan.
Birgina, joriy yilning oʻtgan davrida 13 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ushbu yoʻl-transport hodisalarida 15 nafar shaxs vafot etgan, 30 nafar shaxs tan jarohati olgan.
Masalan, A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻlining 78 — 90 kilometrlar oraligʻida 12 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 5 nafar fuqarolar vafot etgan, 14 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 8 tasi “Toʻqnashuv”, 3 tasi “Agʻdarilish”, 1 tasi “Hayvonlarni urib yuborish” turlariga kiradi;
104 — 107 kilometrlar oraligʻida 3 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 8 nafar fuqarolar vafot etgan, 1 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 2 tasi “Toʻqnashuv”, 1 tasi “Agʻdarilish” turiga kiradi;
120 — 124 kilometrlar oraligʻida 5 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 8 nafar fuqarolar vafot etgan, 8 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 3 tasi “Toʻqnashuv”, 2 tasi “Agʻdarilish” turlariga kiradi;
135 — 144 kilometrlar oraligʻida 13 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 6 nafar fuqarolar vafot etgan, 15 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 4 tasi “Toʻqnashuv”, 9 tasi “Agʻdarilish” turlariga kiradi;
160 — 168 kilometrlar oraligʻida 9 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 6 nafar fuqarolar vafot etgan, 17 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 9 tasi ham “Agʻdarilish” turiga kiradi;
180 — 200 kilometrlar oraligʻida 22 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlib, ularda 7 nafar fuqarolar vafot etgan, 25 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yoʻl-transport hodisalarining 7 tasi “Toʻqnashuv”, 11 tasi “Agʻdarilish”, 2 tasi “Piyodani urib yuborish”, 2 tasi “Velosipedchini urib yuborish” turlariga kiradi.
Oʻrganishlar davomida mazkur yoʻlni 25 — 200 kmlari oraligʻi aholi yashash punktidan tashqari hudud hisoblanib, transport vositalari ushbu hududda 100 km/s va undan ortiq tezlikda harakatlanishlari va manzilga yetgunga qadar yuk avtomashinalari hamda yoʻnalishdagi boshqa transport vositalarini quvib oʻtish maqsadida 80 — 100 martadan ortiq qarama-qarshi yoʻnalishga chiqishlari, yoʻlda harakat jadalligi kundan kunga oshib ketayotganligi, eng achinarlisi ushbu yoʻlda haftasiga bir marta ogʻir oqibatli oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarini sodir etilayotganligi mazkur yoʻl infratuzilmasiga zudlik bilan oʻzgartirish kiritish lozimligini taqozo etmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki ushbu avtomobil yoʻli 1975-yilda foydalanishga topshirilgan boʻlib, transport vositalarining harakat jadalligi sutkasiga 100 — 150 tani, 2000-yilda 350 — 450 tani, 2015-yilda 1000 — 1200 tani, 2026-yilga kelib 6000 — 7000 tani tashkil qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-aprel kunidagi “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 172-sonli qarori ijrosi, Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining 2026-yil 25-fevral kunidagi 49/24/6-711-sonli xati, viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining 2026-yil 05-martdagi 49/24/6-852-sonli xati va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy maxsus komissiyaning 2026-yil 25-mart kunidagi №03-01/24-sonli yigʻilish bayoni, xalq deputatlari viloyat kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 15-apreldagi DKQ 03-02/40-26-sonli qarori, viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi X. Raxmatovning axboroti hamda bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan, xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-aprel kunidagi “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 172-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 98-sonli farmoni maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Navoiy viloyati hududidan oʻtgan A379 “Navoiy-Uchquduq” avtomobil yoʻlining 78 — 90, 104 — 107, 120 — 124, 135 — 144, 160 — 168, 180 — 200 km.lari oraligʻida transport vositalari harakat tezligini 100 km/soatdan 80 km/soatgacha qismida harakat tezligini kamaytirish boʻyicha taklifi tasdiqlansin.
3. Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining (X. Raxmatov), viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi (D.Pirnazarov) A379 “Navoiy-Uchquduq” avtomobil yoʻlining 78 — 90, 104 — 107, 120 — 124, 135 — 144, 160 — 168, 180 — 200 km.lari oraligʻida 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” hamda 5.43 “Radar” yoʻl belgilari oʻrnatilsin.
4. Viloyat hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi (Sh. Raubayeva), viloyat teleradiokompaniyasi (A. Muqimov), “Doʻstlik bayrogʻi” va “Знамя дружбы” gazetalari tahririyati davlat korxonasi (B.Umarov)ga viloyatning ayrim hududlarida harakat yoʻl transport hodisalarini oldini olish maqsadida harakat tezligi kamaytirilganligini ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingandan boshlab, 15 kundan soʻng kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi N. Togʻayeva, ijrosini taʻminlash viloyat hokimining oʻrinbosari A. Niyozov, viloyat hokimligi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi rahbari U.Sharipov hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi A. Tasbayev zimmalariga yuklatilsin.
Kengash raisi ALIYEV GʻOFIR QUVATOVICH
Navoiy viloyati,
2026-yil 23-aprel,
VII-28-49-5-0-K/26-son