Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QIShLOQ XOʻJALIGI IShLAB ChIQARIShINI DAVLAT TOMONIDAN YaNADA QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish hamda fermer va shirkat xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. “Oʻzagromashservis” uyushmasi korxonalari va muqobil mashina-traktor parklari istisno tariqasida:
2006-2007-yillar mobaynida Hukumat qarori bilan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi, butlovchi va ehtiyot qismlar, qishloq xoʻjalik shinalari va taʼmirlash materiallarini import qilishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari), shuningdek, ularni qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va mashina-traktor parklari, jumladan muqobil mashina-traktor parklariga sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan;
qishloq xoʻjaligi korxonalari talabnomalariga koʻra bajariladigan ish va xizmatlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan 2007-yilning 1-yanvarigacha ozod etilsin.
2. “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyatiga va muqobil mashina-traktor parklari fermer xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi texnikasi va moddiy-texnika resurslarini sotishda ular qiymatining 5 foizidan oshmaydigan (soliqlar va budjetga toʻlanadigan majburiy toʻlovlardan tashqari ) ustama narxni nazarda tutsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyundagi PF-5098-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 27-son, 605-modda)
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 17-mart,
PQ-304-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 12-13-son, 102-modda; 2017-y., 27-son, 605-modda)