Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVI
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
TIJORAT BANKLARINING IMTIYOZLI KREDITLASh JAMGʻARMASI MABLAGʻLARI HISOBIDAN TARKIBIDA QIShLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTI YETIShTIRUVChI BOʻLINMALAR BOʻLGAN HARBIY QISMLARGA KREDITLAR BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 17-martda 1554-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2017-yil 27-noyabrdagi 274-V-1-sonli va 176-sonli “Tijorat banklarining Imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tarkibida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi boʻlinmalar boʻlgan harbiy qismlarga kreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1554-1, 06.12.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan “Tijorat banklarining Imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tarkibida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi boʻlinmalar boʻlgan harbiy qismlarga kreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-mart,
274-V-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-mart,
30-son
Markaziy banki Boshqaruvi
va Moliya vazirligining 2006-yil
11-martdagi 274-V, 30-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
va Moliya vazirligining 2006-yil
11-martdagi 274-V, 30-son
qarori bilan
TASDIQLANGAN
Tijorat banklarining Imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tarkibida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi boʻlinmalar boʻlgan harbiy qismlarga kreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” qonunlariga muvofiq tijorat banklari tomonidan Mudofaa vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatining Chegaralarni qoʻriqlash davlat qoʻmitasining tarkibida xoʻjalik hisobidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boʻlinmalari mavjud harbiy qismlariga imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi hisobidan kredit berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom asosida imtiyozli kreditlar (keyingi oʻrinlarda — kreditlar) tarkibida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boʻlinmalar tashkil etilgan harbiy qismlarga qishloq xoʻjaligi texnikasi, yirik va mayda shoxli chorva mollari sotib olish va molxonalar qurish uchun qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida tijorat banklarining Imtiyozli kreditlash jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan beriladi.
2. Ushbu kreditlar mazkur Nizomda belgilangan shartlar asosida tarkibida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boʻlinma mavjud boʻlgan harbiy qism (keyingi oʻrinlarda — harbiy qism) nomiga 20203-sonli “Respublika qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi” ochilgan tijorat banki filiali tomonidan 5 yilgacha muddatga beriladi.
3. Harbiy qismlar faqat bir tijorat bankida (filialida) budjetdan tashqari talab qilib olinguncha depozit hisob raqami ochish huquqiga ega. Ular tomonidan boshqa banklarda budjetdan tashqari talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi ochilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Ushbu kreditlar boʻyicha yillik foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
5. Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining Chegaralarni qoʻriqlash davlat qoʻmitasi tomonidan tegishli harbiy qismlar komandirlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boʻlinmaning ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadlari uchun tijorat banklari bilan kredit shartnomasi tuzishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnoma beriladi.
Ushbu ishonchnomada harbiy qism komandiriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun kredit olish maqsadida tijorat banklari bilan kredit shartnomalari tuzish, kreditni qaytarish taʼminoti sifatida boʻlgʻusi hosil, chorvachilik mahsulotlarini va kredit hisobidan sotib olingan chorva mollari hamda qishloq xoʻjalik texnikasini bankka garovga qoʻyish vakolatlari berilganligi belgilab qoʻyilishi lozim.
6. Tijorat banklari tomonidan harbiy qismlarga biznes-reja, texnik-iqtisodiy asoslashlarni va kredit olish uchun lozim boʻlgan boshqa hujjatlarni tayyorlashda yordam berilishi lozim.
7. Mazkur kreditlarning qaytarilish taʼminoti sifatida boʻlgʻusi hosil, yetishtiriladigan chorvachilik mahsulotlari va kredit hisobiga sotib olingan chorva mollari hamda qishloq xoʻjaligi texnikasi garovi xizmat qiladi.
II. Kredit berishni rasmiylashtirish va kredit berish tartibi
8. Kredit olish uchun harbiy qism uning budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha talab qilib olinguncha depozit hisob varagʻiga (20203-sonli hisobvaraqqa) xizmat koʻrsatayotgan tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
kredit olish uchun buyurtma;
pul oqimi tahlili majburiy tarzda koʻrsatilgan biznes-reja;
kreditni qaytarish taʼminoti;
boʻlgʻusi hosil, chorva mollari va qishloq xoʻjalik texnikasining bank-benefitsiar foydasiga sugʻurtalanganligi haqidagi sugʻurta polisi;
ushbu kreditlar va ularga hisoblangan foizlarning toʻlab berilmagan qismini toʻlab berilishi haqidagi Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining Chegaralarni qoʻriqlash davlat qoʻmitasining yozma majburiyatlari.
9. Olinadigan kreditning qaytarish taʼminoti sifatida qarz oluvchi harbiy qism bank filialiga kreditdan foydalanish muddati davomida olinadigan boʻlgʻusi hosil va ishlab chiqariladigan chorvachilik mahsulotlarini sotishdan tushadigan barcha mablagʻlarni hamda kredit hisobiga sotib olingan chorva mollari va qishloq xoʻjaligi texnikasini taʼminot sifatida taqdim etadi.
Bunda bank va harbiy qism oʻrtasida boʻlajak hosilni va ishlab chiqarilgan chorvachilik mahsulotlarini sotishdan tushadigan barcha pul mablagʻlarini hamda kredit hisobidan sotib olinadigan chorva mollari va qishloq xoʻjaligi texnikasini garovi shartnomasi imzolanishi va ushbu shartnoma notarial shahodatlanishi shart.
Garov shartnomasida harbiy qism yetishtirilgan hosil va ishlab chiqarilgan chorvachilik mahsulotlarini sotishdan tushgan barcha pul mablagʻlarini toʻlaligicha harbiy qismning budjetdan tashqari depozit hisobvaragʻiga oʻtkazib berilishi boʻyicha majburiyatni olishi belgilab qoʻyiladi. Shuningdek, ushbu shartnomada bankka harbiy qismning budjetdan tashqari depozit hisobvaraqdagi mablagʻlar hisobidan memorial order bilan, unga muddatli majburiyatnomalar ilova qilingan holda, birinchi navbatda, eʼtirozsiz (akseptsiz) tartibda, hisoblangan foizlarni va kreditni undirish jadvaliga muvofiq, hisoblangan foizlarni undirishga va kreditni qaytarishga yoʻnaltirish huquqi beriladigan shartlar ham belgilab qoʻyiladi.
Shuningdek, garov shartnomasiga harbiy qism tomonidan boʻlgʻusi hosilni, kredit hisobidan sotib olingan chorva mollari hamda qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit bergan bank-benefitsiar foydasiga tabiiy ofatlardan, oʻgʻirlanishidan, yoʻl-transport hodisalaridan, rejalashtirilgan hosilni olinmasligidan ixtiyoriy sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi ilova etilishi shart.
10. Kredit berishni soʻrab, mazkur Tartibning 8-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilingan holda, berilgan buyurtmaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza boʻyicha bank tomonidan kredit berish yoki rad qilish haqida xulosa berilishi muddati 10 ish kunidan oshmasligi lozim.
11. Berilgan kredit va unga hisoblangan foizlarning harbiy qismlarning budjetdan tashqari talab qilib olinguncha hisob varaqlardagi mablagʻlar hisobidan kredit shartnomasida belgilangan muddatda qoplanmay qolgan qismi Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining Chegaralarni qoʻriqlash davlat qoʻmitasi tomonidan ularga har yili ushbu maqsadlarga ajratiladigan budjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
III. Kreditlarni berish, hisobini yuritish va kreditni qaytarish tartibi
12. Bank va harbiy qism oʻrtasida kredit shartnomasi imzolanib, u amalga kiritilganidan keyin, bank harbiy qism uchun alohida ssuda hisob varagʻini ochadi va undan qarz oluvchi harbiy qismning toʻlov topshiriqnomalari asosida faqat naqd pulsiz shaklda toʻlovlarni amalga oshirish yoʻli bilan kreditlar beriladi.
13. Berilgan kreditlar 15100 “Davlat korxona, tashkilot va muassasalariga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
14. Alohida ssuda hisobraqamlaridan berilgan kreditlar boʻyicha harbiy qismlarning muddatli majburiyatnomalari rasmiylashtiriladi va ular bankning tegishli xodimining farmoyishiga asosan kredit toʻla qaytarilganiga qadar 91905- “Qarzdorlarning uzoq muddatli kreditlar va lizinglar boʻyicha majburiyatlari” nomli, koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
15. Tijorat banklari tomonidan kreditdan foydalanishning butun muddati davomida doimiy monitoring amalga oshiriladi va uning jarayonida qarzdor tomonidan olingan kreditlarning maqsadli ishlatilishini va kredit shartnomasi shartlarining amalga oshirilishi tekshiriladi. Banklar tomonidan monitoring amalga oshirilish tartibi, berilgan kreditlar boshqa maqsadlarda ishlatilgan taqdirda, qarzdorga nisbatan qoʻllaniladigan jazo choralari kredit shartnomasida belgilab olingan boʻlishi kerak. Monitoring vaqtida berilgan kreditlar maqsadsiz ishlatilganligi aniqlangan taqdirda, kreditlarning maqsadsiz ishlatilgan qismi muddatidan oldin qaytarib olinadi va harbiy qismga kredit shartnomasida belgilangan jarima choralari qoʻllaniladi.
16. Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, ularni undirish oyda bir marta, kredit shartnomasida kelishilgan sanada amalga oshiriladi. Kredit boʻyicha hisoblangan foizlar toʻlovi va asosiy qarzning qaytarilishi qarzdorning 20203-sonli “Respublika qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi”dagi mablagʻlar hisobidan muddatli majburiyatnomalar asosida memorial order bilan birinchi navbatda, akseptsiz tartibda amalga oshiriladi. Bunda hisoblangan foizlar kredit boʻyicha asosiy qarzdan oldin undirib olinadi.
Harbiy qismlar kredit boʻyicha asosiy qarz va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatdan oldin qaytarish huquqiga egalar.
17. Qarzdorning 20203-sonli hisob varagʻidagi mablagʻlar olingan kredit va unga hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, foizlar va kredit qoldigʻini undirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) tabiiy ofatlar yoki boshqa sabablar natijasida hosil kam yetishtirilgani yoki umuman yetishtirilmagani yoki chorva mollarining nobud boʻlganligi sababli harbiy qismning budjetdan tashqari talab qilib olinguncha depozit hisob varagʻidagi mablagʻlar kredit va u boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashga yetarli boʻlmagan taqdirda, hisoblangan foizlar va kredit qoldigʻi sugʻurta polisi asosida sugʻurta tashkiloti tomonidan bankning birinchi talabi asosida qoplab beriladi;
2) yetarli darajada hosil va chorvachilik mahsulotlari yetishtirilgan, ammo uni sotishdan tushgan mablagʻlar kredit va unga hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, kredit boʻyicha asosiy qarz va hisoblangan foizlarning qoldiq summasi kreditni qaytarish muddati yetib kelganda Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining Chegaralarni qoʻriqlash davlat qoʻmitasi tomonidan, ularning bankka taqdim etilgan yozma majburiyatlari asosida, ushbu maqsadlar uchun budjetdan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi;
3) yuqorida keltirilgan barcha manbalar hisobidan berilgan kreditlar va ularga hisoblangan foizlar toʻliq qoplanmay qolgan taqdirda, bank tomonidan kreditning va hisoblangan foizlarning qoplanmay qolgan qismini garovga olingan chorva mollari va qishloq xoʻjaligi texnikasini qonunchilikda belgilangan tartibda ularni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan qoplaydi.
18. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan.
KELIShILGAN:
Mudofaa vaziri R. MIRZAYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-mart,
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-mart,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 11-son, 97-modda)