O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA FOYDALANILADIGAN YERLARNI YaLPI RO‘YXATDAN O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi
qaroriga
asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikadagi barcha yerlarni zaruriy hisobga olishni, yer solig‘ining to‘liq va o‘z vaqtida tushishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zgeodeziya” boshqarmasining hamda respublikaning boshqa vazirliklari va idoralarining ixtisoslashtirilgan tashkilotlarini shartnoma asosida jalb etib, 1995-yilning birinchi yarmida mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar, barcha korxonalar, muassasalar va tashkilotlar foydalanadigan yerlarning chegaralari va maydonlarini aniqlagan holda shaharlar va shaharchalar yerlarini ro‘yxatdan o‘tkazsinlar;
ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha bir oy muddatda yerlardan foydalanish huquqini yoki yerlarni ijaraga olish shartnomalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirsinlar;
barcha shaharlar va shaharchalarda yerlardan foydalanuvchilarning har biri bo‘yicha yer kadastri hujjatlarini muntazam yuritishni tashkil etsinlar;
respublika va viloyatlarga bo‘ysunuvchi shaharlar hokimliklarida yer kadastri hujjatlarini yuritish, yer qonunchiligiga rioya etilishini va yer munosabatlarini tartibga solib borishni nazorat qilish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zgeodeziya” boshqarmasi va ularning joylardagi organlari bilan birgalikda 1995-yilning 1 choragida respublika shaharlari hududini kompleks baholash ishlarini tugallasinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda “O‘zgeodeziya” boshqarmasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi shaharlari va shaharchalari yerlarini yalpi ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. “O‘zgeodeziya” boshqarmasi yerlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshirishni barcha zarur geodeziya va topografiya materiallari va ma’lumotlari bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, shaharlar va shaharchalar yerlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari mahalliy budjet hisobiga amalga oshiriladi. Respublika va viloyatlarga bo‘ysunuvchi shaharlarning hamda tumanlarning hokimliklari ushbu maqsadlar uchun mahalliy budjetdan zarur mablag‘larni ajratsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, respublika shaharlari hududlarini baholash natijalarini hisobga olgan holda, yer solig‘i stavkalariga tuzatish kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yerlarni ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha yer uchastkalarini soliq solishdan yashirgan yoki ularning maydonini kamaytirib ko‘rsatgan yerdan foydalanuvchilarni aniqlasin va qonunchilikka muvofiq ularga nisbatan choralar ko‘rsin.
7. “O‘zgeodeziya” boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda, zarurat bo‘lganda yer kadastri hujjatlariga yer solig‘ini to‘g‘ri hisoblab chiqarish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. X. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-dekabr,
636-son