Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGI HAQIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining huquq-tartibotni himoya qilish boʻyicha faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 25-oktabrdagi 270-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar vazirligi haqidagi Nizomga quyidagi oʻzgartirish kiritilsin:
18-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Hayʼat tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri (rais) va uning oʻrinbosarlari lavozimlari boʻyicha, shuningdek, Vazirlikning quyidagi boʻlinmalari rahbarlari kiradilar:
Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasining boshligʻi;
Jinoyat-qidiruv Bosh boshqarmasining boshligʻi;
Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurash Bosh boshqarmasining boshligʻi;
Tergov boshqarmasining boshligʻi;
Ichki qoʻshinlar boshqarmasining boshligʻi;
Akademiya boshligʻi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri;
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasining boshligʻi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vazirligining hayʼat aʼzolari toʻgʻrisida” 1990-yil 18-oktabrdagi 337-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 14-dekabr,
602-son