Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, mehnat bozorini isloh qilish va fuqarolar daromadini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish masalasi ijtimoiy himoya choralari bilan cheklanib qolmay, davlat siyosatining aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlash, inson kapitalini rivojlantirish va hududlar oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlarni kamaytirish kabi vazifalarni qamrab olgan ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-sonli Qarori bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-49-sonli Qarori bilan 2026-yil yakuniga qadar kambagʻallik darajasini 2,8 foizgacha, ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish, 1 mln. nafar fuqaroni doimiy ish oʻrinlariga joylashtirish, 4 mln. nafar fuqaroning daromadini oshirish, shuningdek 263 mingta kambagʻal oilaning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish vazifalari belgilangan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2026-yilning boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushgan. Ehtiyojmand fuqarolar soni 2 mln. 200 ming nafardan 1,5 mln. nafarga kamaygan. Yuqorida qayd etilgan vazifalarning ijrosi toʻgʻri tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla ishsizlikdan va kambagʻallikdan holi hududga aylanib bormoqda. 2026-yilning birinchi yarmida “Ijtimoiy reyestr”ga 563 mingta oila yoki 2,3 mln. nafar shaxs kiritilib, ularning 197 mingtasi davlat taʼminotidagi oilalar, 307 mingtasi kambagʻal oilalar va 59 mingtasi kambagʻallik chegarasidagi oilalar sifatida tasniflangan. “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan individual rejalar ishlab chiqilgan.
Individual rejalar asosida 294 mingta kambagʻal oilaning 1,3 mln. nafar aʼzosiga daromadlarini oshirishga qaratilgan 376 mingta xizmat koʻrsatilgan. Jumladan, 105 mingta shaxs doimiy ishga joylashtirilgan, 259 mingta shaxs tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan, 12 mingta shaxs kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitilgan. Natijada 275 mingta oila yoki 1,2 mln. nafar fuqaro “Ijtimoiy reyestr”dan chiqarilgan. Dastur doirasida 70 ta tuman va 1 245 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 9 trln. soʻm ajratilgan. Joriy yilning birinchi yarmida jami 3,2 mingta obyektning 2,4 mingtasida yoki 75 foizida qurilish ishlari olib borilgan, 1 727 ta kambagʻal oila xonadoni “yashil” texnologiyalar asosida taʼmirlangan.
Shuningdek davlat taʼminotidagi 61 mingta kambagʻal oilaga viloyat va tuman darajasidagi 14 ming nafar rahbar biriktirilgan. Kambagʻal oilalar farzandlarining 49 ming nafari axborot texnologiyalari, ingliz tili, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy kurslarda oʻqitilgan, 4,2 ming nafari axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy kasblar boʻyicha intensiv kurslarga jalb qilingan. Shu bilan birga “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 939 ming nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Aholi bandligini taʼminlash yuzasidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida 2,7 mln. nafar fuqaroning bandligiga koʻmaklashish rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 3,8 mln. nafar fuqaro daromadli mehnat bilan taʼminlangan. Jumladan, 469 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan, 2 mln. 719 ming nafar fuqaroning daromadi oshgan va muqaddam norasmiy hisoblangan 615 mingta ish oʻrni legallashtirilgan. Mahallalarda 103 mingta mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida 246,5 ming nafar shaxs barqaror daromad manbaiga ega boʻlgan. Kichik va oʻrta biznesga jami 76 trln. soʻm, shu jumladan tadbirkorlik dasturlari doirasida 19 trln. soʻm kredit ajratilgan.
Ayni vaqtda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda hal etilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjud.
Joriy yilning 3-sentabr kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda respublikada samarali ishlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan hududlar kesimida natijalar bir xil emasligi qayd etilgan. Xususan, keyingi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trln. soʻm miqdorda resurs ajratilgan. Lekin bir xil miqdorda mablagʻ ajratilgan hududlarda kambagʻallikni qisqartirish samaradorligi keskin farq qilayotganligi qayd etilgan. Masalan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2 trln. 300 mlrd. soʻmdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida mazkur mablagʻlar hisobidan 30 ming nafar fuqaro kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, Qarshi tumanida esa atiga 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan, xolos.
Bugungi kunda mamlakat boʻyicha kambagʻallik darajasi 3,9 foizga tushgan boʻlsa-da, bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning oʻzida ish yoki daromad manbai bilan taʼminlashning samarali tizimi yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli uch yoshga toʻlmagan farzandi boʻlgan oilalarda kambagʻallik koʻrsatkichi oʻrtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.
Vazirlikning axborotiga koʻra, “Ijtimoiy reyestr”dan chiqarilgan 275 mingta oilaning 85 mingtasida daromadlar minimal isteʼmol xarajatlaridan oshgan, 49 mingtasida koʻchmas mulk yoki avtotransport vositasi paydo boʻlgan, 119 mingtasi qayta baholash natijasida skoring mezonlariga muvofiq kelmagan, 22 mingtasi esa boshqa sabablarga koʻra “Ijtimoiy reyestr”dan chiqarilgan. Mazkur koʻrsatkichlar oilalarni “Ijtimoiy reyestr”dan chiqarishda ularning barqaror daromad manbaiga ega boʻlganligini alohida baholash va keyinchalik yana ehtiyojmand holatga tushib qolishining oldini olish maqsadida ushbu oilalarni kuzatib borish zarurligini koʻrsatadi.
Amalga oshirilgan 103 mingta mikroloyihaning faqat 25 mingtasida kambagʻal oilalar aʼzolari tashabbuskor yoki ishchi sifatida ishtirok etgan. Ushbu koʻrsatkich kambagʻal oilalarni mikroloyihalarga jalb qilishni va ajratilayotgan moliyaviy resurslarning bevosita maqsadli guruhlar daromadiga taʼsirini oshirishni talab etadi.
Fuqarolarning kasb-hunarga oʻqitilganidan keyin doimiy ishga joylashishini, egallagan kasbi boʻyicha faoliyat yuritishini va daromad olishini monitoring qilish tizimini kuchaytirish lozim. Shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi band qilishiga umidvor boʻlish va kichik tadbirkorlikka jalb etilgan ehtiyojmand oilalarga kredit yoki subsidiya ajratish bilan cheklanmasdan, ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mahsulotlarini va xizmatlarini bozorlarga olib chiqish boʻyicha amaliy yordam koʻlamini kengaytirish zarur.
Axborotda infratuzilmani yaxshilash rejasiga kiritilgan 3,2 mingta obyektning 2,4 mingtasida yoki 75 foizida qurilish ishlari olib borilayotganligi qayd etilgan. Qolgan obyektlardagi ishlar holati va ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi boʻyicha maʼlumotlarni aniqlashtirish, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash hamda amalga oshirilgan ishlarning natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib borish maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga:
2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, kambagʻal oilalarning daromadini individual rejalar asosida oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan toʻliq qamrab olinishi hamda bir martalik ijtimoiy yordam berishdan barqaror daromad manbaini shakllantirishga bosqichma-bosqich oʻtilishi choralarini koʻrish;
kambagʻallikni qisqartirish natijalarini doimiy bandlik, oilalar daromadlarining oʻsishi va ularning barqarorligi asosida baholash, “Ijtimoiy reyestr”dan chiqarilgan oilalar yana ehtiyojmand holatga tushib qolishining oldini olish maqsadida monitoring olib borish;
ishsiz fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish va oʻqishdan keyin doimiy ishga joylashtirish, yangi ish oʻrinlarining doimiyligiga, mehnat sharoitiga va ish haqi miqdoriga alohida eʼtibor qaratish;
bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning oʻzida ish yoki daromad manbai bilan taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlarni olib borish;
kambagʻal oilalar aʼzolarini mikroloyihalarga va tadbirkorlikka keng jalb etish, ajratilgan kreditlar va subsidiyalar hisobidan tashkil etilgan faoliyatning barqarorligini taʼminlash hamda mahsulotlar va xizmatlarni bozorlarga olib chiqish yuzasidan amaliy yordamni kuchaytirish;
ajratilayotgan kredit mablagʻlari doirasida har bir loyihani qancha doimiy ish oʻrni yaratilganligi va qancha oila barqaror daromad manbaiga ega boʻlganligi mezonlari asosida baholashga alohida eʼtibor qaratish;
hududlarda “mahallabay” monitoringni kuchaytirish, infratuzilma obyektlaridagi ishlarni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash, ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini taʼminlash hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ushbu Qarorda belgilangan tavsiyalarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni 2027-yil 10-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek ushbu Qarorda belgilangan tavsiyalarning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-sentabr,
2584-V-son