Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
qarori
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 10-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3952]
Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi qaror qiladi:
1. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-oktabr,
104-son
Adliya vaziri A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-oktabr,
2-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 29-sentabr
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
2026-yil 29-sentabr
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2026-yil 23-sentabr
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZOXIDOV
2026-yil 15-sentabr
Sogʻliqni saqlash vaziri E. ADILOV
2026-yil 11-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 10 oktyabdagi 104-son va Adliya vazirligining 2026-yil 10 oktyabdagi 2-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash
USLUBIYOTI
Mazkur Uslubiyot davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibini belgilaydi.
Ushbu Uslubiyot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, sud, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korrupsiyaga oid xavf-xatar — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda mavjud sabab va sharoitlarda korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish ehtimoli;
jarayon — davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz funksiyalari doirasida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, tekshirish va nazorat tadbirlarini oʻtkazish, resurslarni taqsimlash, hujjatlarni rasmiylashtirish, sanksiyalarni qoʻllash yoki boshqa yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlar majmui;
shubhali holatlar — davlat organlari va tashkilotlari oʻz funksiyalari doirasidagi jarayonlarni amalga oshirishda korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishi ehtimolini koʻrsatuvchi holatlar;
umumiy xavf — mavjud nazorat choralarining taʼsiri hisobga olinmagan yoki qisman hisobga olingan holda aniqlanadigan korrupsiyaga oid xavf-xatar;
qoldiq xavf — aniqlangan korrupsiyaga oid xavf-xatarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan choradan keyin saqlanib qoladigan xavf-xatar;
maxsus boʻlinma — davlat organlari va tashkilotlaridagi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi;
ishchi guruh — komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi mavjud boʻlmagan davlat organi yoki tashkilotida korrupsiyaga oid xavf-xatarni baholash uchun tuziladigan xodimlar tarkibi.
2. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashdan maqsad davlat organlari va tashkilotlari funksiyalarini amalga oshirish jarayonlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash, korrupsiyaga oid xavf-xatar darajasini dalillar asosida baholash hamda oʻrta va yuqori xavfli jarayonlar boʻyicha ularni kamaytirish va bartaraf etishga qaratilgan mutanosib va ustuvor chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.
3. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash qonuniylik, xolislik, asoslanganlik, jarayonlarga yoʻnaltirilganlik, shaffoflik va hisobdorlik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
4. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholashda quyidagilar ishlab chiqilishi lozim:
jarayonlar reyestri;
korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi;
korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (bundan buyon matnda chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi);
korrupsiyaga oid xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati;
korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri;
monitoring hisoboti.
Chora-tadbirlar dasturi va korrupsiyaga oid xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati jarayonlar reyestri hamda korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasidagi maʼlumotlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasida avtomatik shakllantiriladi.
5. Mazkur Uslubiyot talablari davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan ishlashning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilgan holda qoʻllaniladi.
2-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashni tashkil etish
6. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparati, hududiy va tarkibiy boʻlinmalarini qamrab oladi.
Bunda korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
7. Ishchi guruh aʼzolari davlat organi yoki tashkilotining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Davlat organi yoki tashkilotining birinchi rahbari tomonidan ishchi guruh tarkibi tasdiqlanadi hamda uning faoliyati muvofiqlashtiriladi.
8. Davlat organi yoki tashkilotining birinchi rahbari korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashni lozim darajada tashkil etish, baholash natijalarining toʻliqligi va ishonchliligini taʼminlash, shuningdek belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
9. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashning ichki uslubiyoti maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan ishlab chiqiladi.
10. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash har yili 1-fevralga qadar maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi hamda uning natijalari boʻyicha ishlab chiqilgan korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi va chora-tadbirlar dasturi “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali har yili 1-martga qadar maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Bunda Agentlik korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi va chora-tadbirlar dasturini ular kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda ularni kelishadi yoki mazkur Uslubiyotga muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berishi mumkin.
11. Agentlik “E-anticor.uz” elektron platformasiga kiritilgan maʼlumotlar asosida mazkur Uslubiyotning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestrini yuritadi.
12. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash quyidagi hollarda navbatdan tashqari oʻtkaziladi:
qonunchilik hujjatlari yoki ichki hujjatlarga tegishli funksiya yoki jarayonga taʼsir qiluvchi oʻzgartirishlar kiritilganda;
yangi elektron axborot tizimi yoki davlat xizmati joriy etilganda;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan funksiya yoki jarayonni amalga oshirishda yangi korrupsiyaga oid xavf-xatarlar aniqlanganda;
davlat organlari va tashkilotlari tuzilmasiga oʻzgarishlar kiritilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati yoki Agentlikning tegishli koʻrsatmasi asosida.
13. Agentlik davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashni tashkil etishda huquqiy-uslubiy koʻmak koʻrsatadi.
3-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash obyektlari
14. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar davlat organlari va tashkilotlarining funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlar kesimida baholanadi.
15. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash obyektlariga quyidagilar kiradi:
monitoring va nazoratni amalga oshirish;
davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish xususiyatiga ega hujjatlar, boshqa sertifikatlar va xulosalar berish;
davlat xizmatlarini koʻrsatish;
davlat xaridlarini amalga oshirish va shartnomalar tuzish;
budjet mablagʻlari, subsidiyalar, grantlar va imtiyozlarni taqsimlash;
xodimlarni tanlash, ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash;
davlat aktivlari va davlat ulushlarini boshqarish;
jarimalar, sanksiyalar va boshqa majburlov choralarini qoʻllash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga xos boʻlgan boshqa jarayonlar.
16. Har bir jarayonning huquqiy asoslari, qaror qabul qilish bosqichlari, masʼul tarkibiy boʻlinma va lavozimlar hamda mavjud nazorat choralari aniqlanib, mazkur Uslubiyotning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq jarayonlar reyestri maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan tuziladi.
4-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash
17. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar hamda shubhali holatlarni tahlil qilish asosida maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan aniqlanadi.
18. Ichki axborot manbalariga quyidagilar kiradi:
qonunchilik hujjatlari, ichki idoraviy hujjatlar va jarayonlarni tartibga soluvchi reglamentlar;
monitoring, nazorat, xizmat tekshiruvlari va ichki audit natijalari hamda materiallari;
odob-axloq komissiyasi faoliyatiga oid materiallar;
manfaatlar toʻqnashuviga oid maʼlumotlar;
davlat xaridlari, budjet mablagʻlaridan foydalanish, kadrlarni tanlash, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari hamda axborot tizimlariga oid maʼlumotlar;
murojaatlar, korrupsiya holatlari toʻgʻrisida maxsus aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlar;
xodimlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar va intervyular natijalari.
19. Tashqi axborot manbalariga quyidagilar kiradi:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
huquqni muhofaza qiluvchi, sud va nazorat qiluvchi organlarning materiallari;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan maʼlumotlar;
ochiq maʼlumotlar portallarida joylashtirilgan maʼlumotlar;
jamoatchilik muhokamalari natijalari;
mustaqil audit natijalari.
20. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlashda quyidagi shubhali holatlar alohida tahlil qilinishi lozim:
xodimning keng diskretsion vakolatlarga egaligi;
qaror qabul qilish mezonlarining aniq belgilanmaganligi;
fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari yoki boshqa manfaatdor shaxslar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyati;
mustaqil nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi;
qaror qabul qilish, xizmat koʻrsatish yoki boshqa jarayonlarni asossiz ravishda rad etish, kechiktirish yoxud tezlashtirish imkoniyati;
bir shaxs tomonidan jarayonning bir nechta muhim bosqichlari amalga oshirilishi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining mavjudligi;
bir xil yoki oʻxshash masalalar yuzasidan takroriy shikoyatlarning mavjudligi;
qarorlarni tegishli nazoratsiz yoki asossiz yopiq tartibda qabul qilish holatlarning mavjudligi.
5-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash mezonlari
21. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashda quyidagilar majburiy tartibda inobatga olinishi lozim:
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuvi va xizmat mavqeyidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari boʻyicha statistik maʼlumotlar;
korrupsiyaga oid murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlgan xabarlar, shuningdek maxsus aloqa kanallari orqali kelib tushgan maʼlumotlar;
jarayonning raqamlashganlik darajasi, maʼlumotlar almashinuvining avtomatlashtirilganligi, axborot tizimlarida amalga oshirilgan harakatlarni qayd etish va monitoring qilish imkoniyati, shuningdek qaror qabul qilishda inson omilining taʼsiri;
jarayonning huquqiy jihatdan tartibga solinganlik darajasi, tartib-taomillar, muddatlar, masʼul lavozimlar va qaror qabul qilish asoslarining aniq belgilanganligi, shuningdek diskretsion vakolatlarning mavjudligi.
22. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholashning ichki uslubiyotini ishlab chiqishda davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyatining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qoʻshimcha baholash mezonlarini belgilashi mumkin.
6-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash bosqichlari
23. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
jarayonlarni aniqlash;
korrupsiyaga oid xavf-xatarning kelib chiqish sabablarini aniqlash;
amaldagi nazorat choralarini tahlil qilish;
umumiy va qoldiq xavf darajasini aniqlash;
korrupsiyaga oid xavf-xatarni kamaytirish yoki bartaraf etish choralarini ishlab chiqish va samaradorligini baholash.
24. Korrupsiyaga oid xavf-xatar belgilari ularning tegishli jarayonga taʼsir darajasi, korrupsiyaviy holatning sodir etilish ehtimoli hamda mavjud nazorat choralarining yetarliligi inobatga olingan holda oddiy, muhim va ogʻir toifalarga ajratiladi.
Oddiy xavf belgisi — korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilishiga imkoniyatlar yaratmaydigan, biroq tartib-taomillar, muddatlar, qarorlarni asoslash va qayd etishga doir talablarning aniq belgilanmaganligi yoki nazorat choralarining formal xususiyatga egaligi natijasida jarayonning shaffofligi, aniqligi yoxud nazorat qilinish darajasini pasaytirishi mumkin boʻlgan holat.
Oddiy xavf belgilariga quyidagilar kiradi:
jarayon bosqichlari va ularni amalga oshirish ketma-ketligining aniq belgilanmaganligi;
jarayon boʻyicha qaror qabul qilish muddati, uni uzaytirish asoslari va tartibining aniq belgilanmaganligi;
jarayon boʻyicha qabul qilinadigan qarorni asoslash mezonlari va talablarining aniq belgilanmaganligi;
qabul qilingan qarorlar, amalga oshirilgan harakatlar va ularning natijalarini hujjatlarda yoki axborot tizimlarida qayd etish tartibining aniq belgilanmaganligi;
jarayonning ayrim bosqichlarida axborot ochiqligi va shaffoflikni taʼminlash tartibining aniq belgilanmaganligi, bundan davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno;
jarayonning yetarli darajada raqamlashtirilmaganligi natijasida amalga oshirilgan harakatlar va qabul qilingan qarorlarni qayd etish yoki keyinchalik tekshirish imkoniyatining cheklanganligi;
bir martalik, tasdiqlanmagan yoki tizimli xususiyatga ega boʻlmagan murojaat, shikoyat yoxud shubhali holat mavjudligi;
xodim vakolatlarini amalga oshirish tartibi va ular ustidan nazorat mexanizmining aniq belgilanmaganligi.
Muhim xavf belgisi — korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilishi ehtimolini oshiradigan, qaror qabul qilish mezonlarining aniq belgilanmaganligi sababli mansabdor shaxsga asossiz tanlov qilish imkoniyatini beradigan yoki amaldagi nazorat mexanizmlarining samarali ishlashiga toʻsqinlik qiladigan holat.
Muhim xavf belgilariga quyidagilar kiradi:
qaror qabul qilishning aniq mezonlari belgilanmaganligi sababli mansabdor shaxsda diskretsion vakolatlarning kengligi;
ariza yoki hujjatlarni qabul qilish, ular boʻyicha qaror qabul qilish hamda qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilish funksiyalarining bir shaxs yoki bir tarkibiy boʻlinmada jamlanganligi;
bir jarayon doirasida yoki mazmunan oʻxshash holatlar boʻyicha takroran kelib tushgan asoslangan korrupsiyaga oid murojaatlar, shikoyatlar yoki shubhali holatlarning mavjudligi;
aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvini oshkor qilish, bartaraf etish yoki boshqarish choralarining oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi;
jarayonda belgilangan kelishish, tekshirish, tasdiqlash yoki nazorat tartib-taomillarini chetlab oʻtish imkoniyatining mavjudligi;
axborot tizimlarida amalga oshirilgan harakatlarni avtomatik qayd etish va keyinchalik tekshirish imkoniyatining mavjud emasligi;
jarayon bilan bogʻliq qonunbuzilish faktining xizmat tekshiruvi, ichki audit natijalari yoxud vakolatli organning tegishli hujjati bilan tasdiqlanganligi.
Ogʻir xavf belgisi — korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilishi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga, budjet mablagʻlari va davlat aktivlariga, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazish ehtimoli yuqori boʻlgan holat.
Ogʻir xavf belgilariga quyidagilar kiradi:
baholanayotgan yoki mazmunan oʻxshash jarayonda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik fakti sud hujjati yoki vakolatli davlat organining tegishli hujjati bilan tasdiqlanganligi;
bir nechta xodim yoki tarkibiy boʻlinma ishtirokida nazorat tartib-taomillarining muntazam ravishda chetlab oʻtilishi;
budjet mablagʻlari, davlat aktivlari yoki mulkiy huquqlarni taqsimlashga doir qarorlarni ichki yoki tashqi nazorat mexanizmi mavjud boʻlmagan holda qabul qilish imkoniyatining mavjudligi;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazish xavfi mavjudligi;
jarayonda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan nazorat choralarining mavjud emasligi yoki samarasizligi tekshiruv, audit, monitoring natijalari yoxud boshqa ishonchli va tekshiriladigan maʼlumotlar bilan tasdiqlanganligi.
Xavf belgisini oddiy, muhim yoki ogʻir toifaga kiritish qonunchilik hujjatlari hamda tekshirish mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar, shu jumladan statistik maʼlumotlar, murojaatlar va shikoyatlar, xizmat tekshiruvlari, ichki audit va monitoring natijalari, shuningdek axborot tizimlaridagi qaydlar asosida asoslantirilishi lozim.
25. Korrupsiyaga oid xavf-xatar darajasi aniqlangan xavf belgilari xususiyatidan kelib chiqib quyidagicha belgilanadi:
past — faqat oddiy xavf belgilari mavjud boʻlganda;
oʻrta — bitta muhim xavf belgisi mavjud boʻlib, ogʻir xavf belgisi mavjud boʻlmaganda;
yuqori — kamida bitta ogʻir xavf belgisi yoki ikki va undan ortiq muhim xavf belgisi mavjud boʻlganda.
Bunda yuqori xavf-xatar darajasi aniqlangan taqdirda, tegishli jarayonni amalga oshirishning yangi tartibi ishlab chiqiladi yoki jarayon raqamlashtiriladi yoxud mavjud nazorat mexanizmlari tubdan qayta koʻrib chiqiladi.
7-bob. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish
26. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish choralari xavf-xatar darajasi hamda uning kelib chiqish sabablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi hamda masʼul ijrochilar, amalga oshirish muddatlari, natijadorlik indikatorlari va monitoring tartibini nazarda tutadi.
27. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish choralari quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
normativ-huquqiy hujjatlar va ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini qabul qilish;
qaror qabul qilish mezonlarini aniqlashtirish;
inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish;
vazifalarni ajratish;
davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari va jismoniy shaxslar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani maksimal darajada cheklash;
ochiq maʼlumotlar doirasini kengaytirish va (yoki) jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va boshqarish;
ichki audit va komplayens nazoratini kuchaytirish;
xodimlarni rotatsiya qilish yoki xavf darajasi yuqori lavozimlar boʻyicha maxsus talablar belgilash;
ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bekor qilish, ortiqcha tartibga solish mexanizmlarini bekor qilish, taqdim etilgan hujjatlar soni va qaror qabul qilish muddatlarini qisqartirish;
tushuntirish ishlari, profilaktik suhbatlar oʻtkazish va targʻibot ishlarini amalga oshirish;
xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha ichki hujjatlarga toʻliq rioya etilishini nazorat qilish.
28. Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi mazkur Uslubiyotning 3-ilovasidagi shaklga muvofiq maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan ishlab chiqiladi.
8-bob. Monitoring, hisobdorlik va qayta baholash
29. Agentlik davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda chora-tadbirlar dasturining ijrosini har yarim yilda kamida bir marta monitoring qilib boradi.
30. Monitoring qilish jarayonida chora-tadbirlar dasturining bajarilishi, belgilangan natijalarga erishilganligi, nazorat choralarining amalda samarali ishlashi, qoldiq xavf darajasining oʻzgarishi hamda qoʻshimcha choralar koʻrish zarurati oʻrganiladi.
Monitoring hisoboti davlat organi yoki tashkilotining birinchi rahbari bilan kelishilgandan soʻng, monitoring natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash uchun asos boʻladi.
31. Monitoring natijalari yuzasidan Agentlik tomonidan ushbu Uslubiyotning 4-ilovasidagi shaklga muvofiq monitoring hisoboti tayyorlanadi hamda u kelishish uchun davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbariga kiritiladi.
9-bob. Yakuniy qoida
32. Mazkur Uslubiyot talablarini buzilganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri
NAMUNAVIY SHAKLI
T/r | Masʼul idora | Jarayon | Xavf darajasi | Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish choralari | Tashkilot / boʻlinma | Izoh |
1. | ||||||
2. | ||||||
3. | ||||||
... |
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Jarayonlar reyestrining
NAMUNAVIY SHAKLI
Jarayon nomi | Huquqiy asos | Masʼul tarkibiy boʻlinma va lavozim | Qaror qabul qilish bosqichlari (nuqtalari) | Mavjud nazorat | Korrupsiyaviy xavfni kamaytirish yoki bartaraf etish holati | |
1. | ||||||
2. | ||||||
3. | ||||||
… |
*Izoh. Davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyati xususiyatiga asosan qoʻshimcha ustunlar kiritishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga
3-ILOVA
3-ILOVA
Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasining
NAMUNAVIY SHAKLI
T/r | Funksiya nomi | Jarayon | Xavf darajasi | Sabab / shubhali holat | Dalil / manba | Mavjud nazorat | Nazorat samaradorligi | Qoldiq xavf | Kamaytirish/ bartaraf etish chorasi | Masʼul lavozim | Muddat | Natija indikatori |
1. | ||||||||||||
2. | ||||||||||||
3. | ||||||||||||
... |
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga
4-ILOVA
4-ILOVA
Monitoring hisoboti
NAMUNAVIY SHAKLI
T/r | Jarayon | Qoldiq xavf darajasi | Belgilangan chora | Masʼul | Muddat | Ijro holati | Natija indikatori | Qoʻshimcha chora |
1. | ||||||||
2. | ||||||||
3. | ||||||||
... |
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 10-oktabrdagi 104-son va Adliya vazirligining 2026-yil 10-oktabrdagi 2-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2022-yil 31-avgustdagi 2-son va Adliya vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 5-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 3383, 2022-yil 31-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 10/22/3383/0785-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025-yil 11-apreldagi 7-son va Adliya vazirligining 2025-yil 22-apreldagi 3-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3383-1, 2025-yil 28-aprel) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2025-y., 10/25/3383-1/0393-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2026-y., 10/26/3952/1022-son)