Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu gʻoyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlarni oʻzida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti ham gʻoyat muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz oʻrtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol anʼanalari biz uchun kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Qurbon hayitini ana shu jarayonlarga mos holda munosib nishonlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2026-yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may — chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 27-may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
(a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangani;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-257-son Farmoni bilan quyidagilar qoʻshimcha dam olish kuni sifatida belgilangani:
(i) ish haftasining turidan qatʼiy nazar barcha xodimlar uchun 2026-yilning 28-may — payshanba, 29-may — juma kunlari;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-may — shanba kuni.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda, koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-may,
PQ-194-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2026-y., 07/26/194/0517-son)