Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi subyektlariga qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalashda sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sohada sugʻurta xizmatlarini faol joriy etish va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
2. Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi sugʻurta kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalashda tabiiy va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda hududlar uchun alohida xavf-xatarlarni hamda tabaqalashgan sugʻurta tariflarini joriy etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bir oy muddatda:
qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalashda adjaster, aktuar va syurveyer xizmatlarini tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkil etsin hamda ularning faoliyatini sertifikatlash, reyestrini yuritish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan birgalikda iqlim oʻzgarishiga oid tabiiy ofatlar bilan bogʻliq maʼlumotlarni doimiy shakllantirgan holda, sugʻurta kompaniyalari foydalanishi uchun ularning elektron platformalarga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi:
qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalash sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, oʻqitish va ularning malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin;
sugʻurta kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda bilim va koʻnikmalarga ega tajribali agronomlarni qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalash jarayonlariga jalb qilish choralarini koʻrsin.
5. Belgilansinki:
2024-yilda ushbu subsidiyalar 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining hosilini sugʻurtalash xarajatlarining 50 foizini qoplashga subsidiyalar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab har yili Qishloq xoʻjaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan qishloq xoʻjaligi subyektlariga qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalashda sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutib boradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-iyul,
373-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2024-y., 09/24/373/0465-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son; 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)