Sirdaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov Hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — Oʻ. Yoʻldoshev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — A. Sovunqulov
Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, sudya E. Soibnazarov raisligida, hayʼat aʼzolari — sudyalar N. Sangirov va A. Suvonqulovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi A. Xamdamovni sud majlisi kotibligida, daʼvogar “DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili J.N (2024-yil 12-yanvardagi ishonchnoma asosida), javobgar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati vakili A.A (2024-yil 12-yanvardagi № 01/01-01-sonli ishonchnoma asosida) hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi vakili R.Nlar ishtirokida, daʼvogar “DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1203-2301/1131-sonli ishi boʻyicha 2023-yil 19-dekabrdagi hal qiluv qaroridan norozi boʻlib keltirgan apellatsiya shikoyati va unga ilova qilingan ish hujjatlarini, viloyat sudi binosida, videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar “DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyati sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining 2018-yil 10-iyuldagi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni va daʼvo muddatini daʼvogar tomonidan oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topib tiklashni soʻragan.
Sudning 2023-yil 19-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qanoatlantirishdan rad etilib, daʼvogardan 82 500 soʻm VKA xarajati undirilgan.
Sudning ushbu hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni, daʼvo talablarini qanoatlantirishni soʻragan.
Sud majlisiga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb etilgan “UShSh” xususiy korxonasi va “BBB” AITB oʻz vakillarini ishtirokini taʼminlamadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 274-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Mazkur qonun normasiga asosan sudlov hayʼati, ishni qayd etilgan shaxslar vakillari ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi. Sud majlisida ishtirok etgan shaxslar vakili apellatsiya shikoyatida keltirgan vajlarini quvvatlarini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan oʻz fikrlarini bildirib, daʼvogar aksiyadorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor etilganligini, bu haqida korporativ axborotning yagona portalida eʼlon berilganligini, bundan tashqari korxonani mulkini garovga qoʻyilganidan daʼvogarning xabari borligini, lekin oʻtgan besh yil davomida ushbu holat boʻyicha hech qanday eʼtiroz bildirmaganligini, ushbu kunda korxonaning iqtisodiy ahvoli yomonlashganligi sababli tugatish jarayoni ketayotganligini, paxta tozalash korxonasi klasterga ijaraga berilganligini, barcha ishchi-xodimlari klasterga ishga joylashganligini, faqat korxonaning bir nechta ishchisi tugatish jarayonini yakunlash uchun faoliyat yuritib kelishayotganligini, shu sababli qonuniy qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi vakili javobgar “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining 94 foiz aksiyasi davlat ulushi ekanligini, ushbu kunda korxonani tugatish jarayoni ketayotganligini, barcha aksiyadorlarning haq-huquqi himoya qilinishi kerakligini, shu sababli qonuniy qaror qabul qilishni soʻradi.
Sudlov hayʼati, taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va oʻtkazilgan majlis bayoni bilan tasdiqlangan Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning 30-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Xovos tumanida joylashgan “UShSh” xususiy korxonasi tomonidan 10 gektar yer maydoniga Koreya texnologiyasi asosida gidroponika usulida issiqxona tashkil qilinishi belgilangan va bunga “PPP” AJning Sirdaryo viloyati “PPPP” MChJ tizimi korxonalari tomonidan berilgan kafillik rasmiylashtirilishi belgilab berilgan hamda “BBB” AITB tomonidan 3 500 000 (uch million besh yuz ming) AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi va ajratilayotgan kreditning garov bilan taʼminlanmagan qismi, yaʼni 2 187 500( ikki million bir yuz sakson yetti ming besh yuz) AQSh dollariga “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining kafilligi rozilik berishga qaror qilingan.
Shunga asosan “JJJ” aksiyadorlik jamiyati aksionerlarining umumiy yigʻilishi 2018-yil 30-iyun kuni soat 10-00 da Boyovut tumani, “Markaz” MFYda joylashgan “JJJ” aksiyadorlik jamiyati maʼmuriy binosining majlislar zalida oʻtkazilishi toʻgʻrisida 2018-yil 20-iyun kuni jamiyatning http:boyovutptaj.uz/eʼlonlar/ elektron saytiga hamda korporativ axborotning yagona tizimiga eʼlon berilgan.
Biroq, jamiyat aksiyadorining navbatdagi umumiy yigʻilishida kvorum boʻlmaganligi sababli aksiyadorlarning navbatdagi yillik umumiy yigʻilishi 2018-yil 10-iyul kuni soat 10-00ga qoldirilganligi toʻgʻrisida http:boyovutptaj.uz/eʼlonlar/ elektron saytiga va korporativ axborotning yagona portaliga eʼlon berilgan.
“JJJ” aksiyadorlik jamiyati aksionerlarining 2018-yil 10-iyulda oʻtkazilgan umumiy yigʻilishida 92 449 dona ovoz beruvchi aksiyalariga egalik qiluvchi aksiyadorlar va ularning vakillari roʻyxatdan oʻtgan va bu oʻz navbatida jamiyat tomonidan jami joylashtirilgan oddiy aksiyalarga nisbatan 53,25 foizni tashkil etgan.
Mazkur yigʻilish kun tartibida 24 ta masala boʻyicha qaror qabul qilingan.
Yigʻilish kun tartibidagi 24 chi masala Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va oʻtkazilgan majlis bayoni bilan tasdiqlangan Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning 30-bandi ijrosini taʼminlash yuzasidan boʻlib, unda Xovos tumanida joylashgan “UShSh” xususiy korxonasi tomonidan 10 gektar yer maydoniga Koreya texnologiyasi asosida gidroponika usulida issiqxona tashkil qilinishi belgilanganligi, “PPP” AJning Sirdaryo viloyati “PPPP” MChJ tizimi korxonalari tomonidan berilgan kafillik rasmiylashtirilishi lozimligi hamda “BBB” AITB tomonidan 3 500 000 (uch million besh yuz ming) AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi va ajratilayotgan kreditning garov bilan taʼminlanmagan qismi yaʼni 2 187 500( ikki million bir yuz sakson yetti ming besh yuz) AQSh dollariga “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining kafilligi rozilik berilishi muhokama qilinib, ovozga qoʻyilgan.
Ushbu masala yuzasidan aksiyadorlarning navbatdagi umumiy yigʻilishida qatnashgan 92 449ta ovoz beruvchi jamiyatning kafilligiga rozilik berib ovoz berishgan, qarshi va betaraflar boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va oʻtkazilgan majlis bayoni bilan tasdiqlangan Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning 30-bandi ijrosini taʼminlash ijro uchun qabul qilingan hamda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida “UShSh” xususiy korxonasi tomonidan 10 gektar yer maydoniga Koreya texnologiyasi asosida gidroponika usulida issiqxona tashkil qilinishi uchun 3 500 000 AQSh dollari miqdoridagi bank kreditining 2 187 500 AQSh dollariga “JJJ” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kafillik shartnomasi tuzilishiga rozilik berilgan.
Natijada taraflar oʻrtasida xxx yil 11-iyul kuni № MBRR-ABR-II-1/18-2 sonli kafillik shartnomasi tuzilgan va “BBB” AITB tomonidan “JJJ” aksiyadorlik jamiyating 47 500 AQSh dollari miqdorida kafilligi asosida Xovos tumanida joylashgan “UShSh” xususiy korxonasiga 10 gektar yer maydoniga Koreya texnologiyasi asosida gidroponika usulida issiqxona tashkil qilishi uchun kredit mablagʻi ajratilgan.
“UShSh” xususiy korxonasi tomonidan oʻz vaqtida olingan kredit mablagʻlari toʻliq qaytarilmaganligi sababli “BBB” AITB Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan va javobgar “UShSh” xususiy korxonasi hamda qoʻshimcha javobgarlar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati va “Guliston paxta tozalash” aksionerlik jamiyatidan 2 187 500 AQSh dollar miqdoridagi kredit qarzini solidar tartibda undirishni soʻragan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020-yil 27-maydagi 4-1001-2012/1238-sonli hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza qanoatlantirilgan va javobgar “UShSh” xususiy korxonasi va qoʻshimcha javobgarlar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati hamda “Guliston paxta tozalash” aksionerlik jamiyatidan bank foydasiga 2 187 500 AQSh dollari miqdoridagi kredit qarzdorligi solidar tartibda undirilgan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati 2020-yil 18-avgustda Toshkent shahar iqtisodiy sudining apellatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan va birinchi instansiya sudining 2020-yil 27-maydagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Bundan tashqari “BBB” AITBning javobgar “UShSh” xususiy korxonasi va qoʻshimcha javobgarlar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati hamda “Guliston paxta tozalash” aksionerlik jamiyatidan 1 021 801,24 AQSh dollari miqdoridagi asosiy qarzdorlik, 90 714 97 AQSh dollari miqdoridagi foiz qarzdorligini solidar tartibda undirish toʻgʻrisidagi navbatdagi daʼvo arizasi 2022-yil 13-iyulda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan koʻrib chiqilgan va daʼvo talablari toʻliq qanoatlantirilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan qoʻshimcha javobgar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kiritilgan apellatsiya shikoyati 2023-yil 20-aprel kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Shundan soʻng qoʻshimcha javobgar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur ish yuzasidan kassatsiya tartibida shikoyat berilgan va ish 2023-yil 12-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan va kassatsiya shikoyati rad etilib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori hamda Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining xxxxx yil 20-aprelda qabul qilgan qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ushbu kunda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020-yil 27-maydagi 4-1001-2012/1238-sonli hal qiluv qarori bilan javobgar “UShSh” xususiy korxonasi va qoʻshimcha javobgarlar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati hamda “Guliston paxta tozalash” aksionerlik jamiyatidan bank foydasiga 2 187 500 AQSh dollari miqdoridagi kredit qarzdorligi solidar tartibda undirish hamda 2022-yil 13-iyuldagi 4-1001-2217/13663-sonli javobgar “UShSh” xususiy korxonasi va qoʻshimcha javobgarlar “JJJ” aksiyadorlik jamiyati hamda “Guliston paxta tozalash” aksionerlik jamiyatidan bank foydasiga 1 021 801,24 AQSh dollari miqdoridagi asosiy qarzdorlik, 90 714 97 AQSh dollari miqdoridagi foiz qarzdorligini solidar tartibda undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorlari qonuniy kuchda va tegishli tartibda ijro etishlik uchun majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 262-sonli qarorining 14-bandiga koʻra “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 60-moddasining toʻqqizinchi qismiga koʻra, agar aksiyador uzrli sabablarga koʻra aksiyadorlar umumiy yigʻilishida ishtirok etmagan yoki bunday qaror qabul qilinishiga qarshi ovoz bergan boʻlsa, u aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilishga haqlidir.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etmagan aksiyador tomonidan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi berilganda, sudlar daʼvogar mazkur yigʻilishda ishtirok etmaganligining sababini aniqlashlari, yigʻilishda ishtirok etilmaganligining sababi uzrli deb topilganda esa umumiy yigʻilish qarorining qonuniyligini tekshirishlari, bunday sabablar uzrli deb topilmaganda esa daʼvoni qanoatlantirishni rad etishlari lozimligi qayd etilgan.
Mazkur qarorning 14.1-bandida esa aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori u qonun hujjatlariga zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonun hujjatlari va jamiyat ustavida belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur holatda “JJJ” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarning 2018-yil 10-iyulda boʻlib oʻtgan umumiy yigʻilishida qatnashgan 92 449 ta ovoz beruvchi jamiyatning kafilligiga rozilik berib ovoz berishgan va bu yigʻilishda qatnashgan aksiyadorlarning 100 foizini hamda jamiyat tomonidan jami joylashtirilgan oddiy aksiyalarga nisbatan 53,25 foizni tashkil etgan. Bu esa aksiyadorlar yigʻilishi amaldagi qonun talablarida belgilangan tartibda oʻtkazilganligini tasdiqlaydi.
Shunga asosan “JJJ” aksiyadorlik jamiyati aksionerlarining navbatdagi yillik umumiy yigʻimi boʻyicha sanoq komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 68-moddasiga muvofiq aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtkazish tugallangan paytda jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining jami 50 foizidan koʻproq ovoziga ega boʻlgan aksiyadorlar (ularning vakillari) roʻyxatdan oʻtganligi, aksiyalarning umumiy yigʻilishi vakolatli (kvorumga ega) boʻlishi belgilanganligi sababli ushbu yigʻilishni vakolatli deb topgan.
Shu sababli sudlov hayʼati “JJJ” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aksiyadorlik jamiyati aksionerlarining umumiy yigʻilishi 2018-yil 30-iyun kuni soat 10-00da Boyovut tumani, “Markaz” MFYda joylashgan jamiyatning maʼmuriy binosining majlislar zalida oʻtkazilishi toʻgʻrisida 2018-yil 20-iyun kuni jamiyatning http:boyovutptaj.uz/eʼlonlar/ elektron saytiga hamda korporativ axborotning yagona portaliga eʼlon berilganligi, lekin kvorum boʻlmaganligi sababli yigʻilish 2018-yil 10-iyul kuni soat 10-00ga qoldirilganligi toʻgʻrisida http:boyovutptaj.uz/eʼlonlar/ elektron saytiga hamda korporativ axborotning yagona portaliga qaytadan eʼlon berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarga asosan daʼvogarning aksionerlar yigʻilishi oʻtkazilishidan bexabar qoldik degan vajlarini asossiz ekanligi sababli birinchi instansiya sudi daʼvogarning “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining 2018-yil 10-iyuldagi aksiyadorlar umumiy yigʻilishining 24-chi masala boʻyicha qabul qilingan qarorini qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talabini qanoatlantirishdan rad etish toʻgʻrisida toʻgʻri xulosaga kelgan deb hisoblaydi.
Sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatida sud tomonidan daʼvo talablari asosli boʻlsa-da, shuningdek javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida ariza berilmagan boʻlsa-da asossiz daʼvo muddatini qoʻllagan degan vajlarini ham muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra daʼvogarning ushbu vajlarini asossiz deb hisoblaydi.
Xususan, daʼvogar oʻz daʼvo arizasida “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining 2018-yil 10-iyuldagi aksiyadorlar umumiy yigʻilishining 24-chi masala boʻyicha qabul qilingan qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni hamda “JJJ” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2018-yil 10-iyul kuni aksiyadorlar 1-sonli umumiy yigʻilishini haqiqiy emas deb topish boʻyicha daʼvo muddatini daʼvogar tomonidan oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual Kodeksining 123-moddasining birinchi qismiga koʻra esa, sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi boʻyicha ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan protsessual muddatining oʻtkazib yuborilishi sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaydi deb qatʼiy belgilangan.
Mazkur holatda daʼvogar xxx yil 10-iyulda oʻtkazilgan “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlar umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor etilganligi, bundan tashqari 2019-2022-yillarda ushbu kafillik bilan bogʻliq nizolar bir necha marotaba iqtisodiy sudning barcha instansiyalarida koʻrib kelinganligi va ushbu kafillikning haqiqiy ekanligi sud qarorlari bilan tasdiqlan-ganligi, daʼvogar oʻtgan muddatda bu haqida eʼtiroz bildirmaganligi ishdagi mavjud hujjatlar bilan oʻz isbotini topganligi sababli birinchi instansiya sudi daʼvogarning protsessual muddatning oʻtkazib yuborilishida daʼvogarning aybi mavjud deb hisoblab, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan.
FK 116-moddasida “Qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-targʻibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi” deb belgilangan.
FK 114-moddasi birinchi qismiga koʻra, haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Sudlov hayʼati mazkur holatda daʼvogarning “JJJ” aksiyadorlik jamiyatining 2018-yil 10-iyuldagi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi 24-masala boʻyicha qabul qilingan qarorini (qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi qonuniy asosga ega emasligi birinchi instansiya sudi tomonidan toʻgʻri xulosaga kelingan deb hisoblaydi.
Qayd etilganlarga asoslangan holda, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi ishdagi mavjud dalillarga toʻgʻri baho berib, daʼvo talablarini qanoatlantirishdan rad etish haqida toʻgʻri va adolatli xulosaga kelgan deb hisoblaydi.
IPK 278-moddasiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) qoʻrish natijalari boʻyicha: 1) hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; 3) hal qiluv qarorini oʻzgartirishga; 4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga; 5) ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Binobarin, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda moddiy va protsessual qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilmaganligini, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos mavjud emasligini inobatga olib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni raxx xxxxxni lozim topadi.
Shuningdek, sudlov hayʼatining118-moddasiga muvofiq, ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq, oldindan toʻlab chiqilgan 825 000 soʻm davlat boji va 34 000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 85 000 soʻm sud xarajatini daʼvogardan undirishni lozim deb hisoblaydi.
Yuqoridagilarga koʻra, IPK 68,118, 274, 278, 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Daʼvogar “DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 19-dekabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
“DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobidan Oliy sud depozit hisob raqamiga 85 000 soʻm sud xarajati undirilsin.
“DDD” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan oldindan toʻlangan 825 000 soʻm davlat boji va 34 000 soʻm pochta xarajati uning zimmasida qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va uning ustidan Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat berish mumkin.
Raislik qiluvchi E. SOIBNAZAROV
Hayʼat Aʼzolari N. SANGIROV
A. SOVUNQULOV
Guliston sh.,
2024-yil 23-yanvar,
4-1203-2301/1131-son