Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 1-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 27-oktabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda aholini odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini “Yangi Oʻzbekiston — yangi sud” prinsipi doirasida yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʻyicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Shu bilan birga bugungi kunda sud qarorlarini qayta koʻrish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish orqali amaldagi tartibni qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida koʻrilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrilishini, alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻrilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta koʻrilishini, shuningdek apellatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishini hamda ularning zimmasiga ish boʻyicha yakuniy qaror chiqarish masʼuliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 24-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261, 266-moddalar, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, № 1, 10-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 463-modda, № 6, 577-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisidagi “apellatsiya va kassatsiya instansiyasi” degan soʻzlar “apellatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 5-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Apellatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrish natijalari boʻyicha apellatsiya, kassatsiya, taftish instansiyalari sudlari qaror qabul qiladi”;
3) 16-moddaning:
ikkinchi qismidagi “apellatsiya va kassatsiya” degan soʻzlar “apellatsiya, kassatsiya va taftish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida koʻrish Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi ishtirokida hayʼatda amalga oshiriladi”;
4) 19-modda:
birinchi qismi “apellatsiya yoki kassatsiya” degan soʻzlardan keyin “yoxud taftish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
ikkinchi qismi “apellatsiya yoki kassatsiya” degan soʻzlardan keyin “yoxud taftish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
uchinchi qismi “birinchi instansiya yoki kassatsiya” degan soʻzlardan keyin “yoxud taftish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “birinchi instansiya yoki apellatsiya instansiyasi sudida yoxud ushbu Kodeksning 3051-moddasiga muvofiq mazkur ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran” degan soʻzlar “birinchi instansiya yoki apellatsiya yoxud taftish instansiyasi sudida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok eta olmaydi”;
5) 32-moddaning birinchi qismidagi “tuman (shahar)” degan soʻzlar “tuman, shahar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 34-moddaning beshinchi va oltinchi qismlaridagi “tuman (shahar), tumanlararo” degan soʻzlar “tumanlararo, tuman, shahar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 49-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlariga daʼvo arizasini (arizani) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki ularning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga esa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning oʻrinbosarlari taqdim etadi”;
8) 115-moddaning uchinchi qismidagi “apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari” degan soʻzlar “apellatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 118-moddaning toʻqqizinchi qismidagi “apellatsiya, kassatsiya shikoyati” degan soʻzlar “apellatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10) 133-moddaning yettinchi qismi “Apellatsiya yoki kassatsiya” degan soʻzlardan keyin “yoxud taftish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
11) 166-moddaning toʻrtinchi qismidagi “birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlarining” degan soʻzlar “birinchi, apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
12) 259-moddaning ikkinchi qismidagi “taraflarning” degan soʻz “ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
13) 260-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“260-modda. Apellatsiya shikoyatlarini (protestlarini) koʻradigan sudlar
Apellatsiya shikoyatlari (protestlari):
tegishli tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining hal qiluv qarorlari ustidan berilganda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv qarorlari ustidan berilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi”;
14) 262-moddaning oltinchi qismidagi “ushbu moddaning birinchi qismida” degan soʻzlar “ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
15) 265-moddaning ikkinchi qismidagi “tarafning murojaati koʻchirma nusxasi” degan soʻzlar “ushbu Kodeks 259-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaatlarining koʻchirma nusxasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
16) 268-modda:
birinchi qismining 2-bandidagi “qonunchilikka” degan soʻz “qonunga” degan soʻz bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “kassatsiya shikoyati (protesti)” degan soʻzlar “taftish shikoyati (protesti)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
17) 269-moddaning toʻrtinchi qismidagi “kassatsiya shikoyati (protesti)” degan soʻzlar “taftish shikoyati (protesti)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
18) 272-moddaning uchinchi qismidagi “kassatsiya tartibida” degan soʻzlar “taftish tartibida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
19) 273-moddaning toʻrtinchi qismidagi “kassatsiya tartibida” degan soʻzlar “taftish tartibida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
20) 274-moddaning:
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Apellatsiya instansiyasi sudida: ishlarni birlashtirish toʻgʻrisidagi; daʼvoning predmetini yoki asosini, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish haqidagi; qarshi daʼvo taqdim etish; ishda ishtirok etish uchun uchinchi shaxslarni jalb etish toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda faqat birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi, bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holati mustasno”;
oʻninchi qismidagi “chiqarish” degan soʻz “qabul qilish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn uchinchi qismidagi “shikoyat qilish” degan soʻzlar “shikoyat qilish (protest keltirish)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
21) 278-modda:
5-bandi chiqarib tashlansin;
6-bandidagi “ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 9-bandida” degan soʻzlar “ushbu Kodeks 279-moddasi beshinchi qismining 7-bandida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Kodeks 279-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda apellatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻradi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrsatiladi.
Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi koʻrsatiladi”;
22) 279-moddaning:
toʻrtinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Sudning hal qiluv qarori quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin, agar:
1) sud ishi yuritilayotgan til toʻgʻrisidagi qoida ishni koʻrish chogʻida buzilgan boʻlsa;
2) sud majlisining bayonnomasi imzolanmagan yoki ushbu Kodeks 202-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganidan boshqa shaxslar tomonidan imzolangan yoxud, agar sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan boʻlsa, audio- va videoyozuvning elektron yoki boshqa manbalari sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilmagan boʻlsa;
3) sudyalar maslahatining sir saqlanishi toʻgʻrisidagi qoida buzilgan boʻlsa.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi munosabati bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) sud tomonidan ishning qonunga xilof tarkibda koʻrilganligi;
2) ishning ishda ishtirok etuvchi, sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir shaxs yoʻqligida koʻrilganligi;
3) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
4) hal qiluv qarorining sudya tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida koʻrsatilganidan boshqa sudya tomonidan imzolanganligi;
5) ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi;
6) bildirilgan talab boʻyicha sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi;
7) ishning sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda koʻrilganligi”;
beshinchi qismi oltinchi qism deb hisoblansin;
23) 280-modda:
ikkinchi qismining 13-bandi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi chiqarib tashlansin;
beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
24) 282-moddaning:
birinchi qismidagi “apellatsiya tartibida koʻrilgan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarori” degan soʻzlar “apellatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Prokuror, yuqori turuvchi prokuror birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan, agar ish boʻyicha prokuror ishtirok etgan boʻlsa, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda, kassatsiya protesti keltirishga haqli”;
uchinchi qismidagi “apellatsiya tartibida koʻrilgan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarori” degan soʻzlar “apellatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “va apellatsiya instansiyasi sudining qarori” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
25) 283-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“283-modda. Kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) koʻradigan sudlar
Kassatsiya shikoyatlari (protestlari):
tegishli tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining hal qiluv qarorlari ustidan berilganda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv qarorlari ustidan berilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi”;
26) 284-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda uni kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart”;
27) 285-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin”;
28) 286-modda birinchi qismining:
3-bandidagi “qarorni” degan soʻz chiqarib tashlansin;
4-bandidagi “qaror” degan soʻz chiqarib tashlansin;
29) 288-moddaning:
ikkinchi qismidagi “tarafning murojaati koʻchirma nusxasi” degan soʻzlar “ushbu Kodeks 282-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaatlarining koʻchirma nusxalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Daʼvo arizasini qaytarish haqidagi, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan, qabul qilish rad etilgan daʼvo arizasi va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak”;
30) 2881-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlari, tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar ushbu Kodeks 282-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda yoki prokuror ishtirokida koʻrilgan ishlar boʻyicha kassatsiya protesti kiritish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun tegishli iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli”;
31) 289-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“289-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish tartibi va muddati
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi masala sudya tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi”;
32) 290-modda ikkinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi”;
33) 291-modda:
birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi” degan soʻzlar “Sudya” degan soʻz bilan almashtirilsin;
2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2) kassatsiya shikoyati (protesti) qonuniy kuchga kirmagan yoki qonunga muvofiq kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa”;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin”;
uchinchi qismi toʻrtinchi qism deb hisoblansin;
34) 292-modda:
birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi” degan soʻzlar “sudya” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 7-band bilan toʻldirilsin:
“7) kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab oʻtgan holda yuborilgan boʻlsa”;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin”;
uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;
35) 294-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi (sudya) birinchi instansiya sudida qabul qilingan hal qiluv qarorining ijrosini kassatsiya instansiyasida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turadi.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish haqida kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi”;
36) 2941-modda chiqarib tashlansin;
37) 295-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin”;
uchinchi qismi toʻrtinchi qism deb hisoblansin;
38) 296-modda:
birinchi qismining 1-bandidagi “apellatsiya tartibida koʻrilmagan yoki” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
uchinchi qismidagi “unda sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal etilishi mumkin” degan soʻzlar “uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin”;
toʻrtinchi qismi beshinchi qism deb hisoblansin;
39) 297-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha koʻradi”;
ikkinchi qismidagi “kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisida ajrim” degan soʻzlar “kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi “bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holati mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
toʻqqizinchi qismidagi “chiqarish” degan soʻz “qabul qilish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Raislik qiluvchi qarorning xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qarorning toʻliq hajmda tuzilishi va ularga yuborilishi muddatini, shuningdek qaror ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibini tushuntiradi”;
40) 298-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Kassatsiya protesti keltirgan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar protestni chaqirib olishga haqli.
Kassatsiya shikoyatidan voz kechilganligi, kassatsiya protesti chaqirib olinganligi sababli ish yuritishning tugatilishi, agar sud hujjati ustidan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat qilingan boʻlsa, boshqa kassatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi”;
41) 299-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud ishni kassatsiya tartibida koʻrish chogʻida birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini tekshiradi. Sud yangi dalillarni tekshirishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini toʻliq hajmda tekshirishi shart”;
42) 300-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kassatsiya shikoyati (protesti) u ish yuritishga qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi”;
43) 301-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha:
1) hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini oʻzgartirishga;
4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga;
5) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga haqli.
Ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻradi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrsatiladi.
Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi koʻrsatiladi”;
44) 302-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“302-modda. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi quyidagilardan iborat:
1) qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunchilik hujjatining qoʻllanilmaganligi;
2) qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonunchilik hujjatining qoʻllanilganligi;
3) qonunchilik hujjatining notoʻgʻri talqin qilinganligi.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi, agar bu notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan boʻlsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudning hal qiluv qarori quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin, agar:
1) sud ishi yuritilayotgan til toʻgʻrisidagi qoida ishni koʻrish chogʻida buzilgan boʻlsa;
2) sud majlisining bayonnomasi imzolanmagan yoki ushbu Kodeks 202-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganidan boshqa shaxslar tomonidan imzolangan boʻlsa yoxud, agar sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan boʻlsa, audio- va videoyozuvning elektron yoki boshqa manbalari sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilmagan boʻlsa;
3) sudyalar maslahatining sir saqlanishi toʻgʻrisidagi qoida buzilgan boʻlsa.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) sud tomonidan ishning qonunga xilof tarkibda koʻrilganligi;
2) ish sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir ishda ishtirok etuvchi shaxs yoʻqligida koʻrilganligi;
3) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
4) hal qiluv qarorining sudya tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida koʻrsatilganidan boshqa sudyalar tomonidan imzolanganligi;
5) ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi;
6) bildirilgan talab boʻyicha sud hal qiluv qarori qabul qilmaganligi;
7) ishning sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda koʻrilganligi.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, agar taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilgan va u kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, bekor qiladi”;
45) 303-modda:
6-bandidagi “qaror” degan soʻz chiqarib tashlansin;
7-bandidagi “qaror” degan soʻz chiqarib tashlansin;
8-bandidagi “qarorning” degan soʻz chiqarib tashlansin;
12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, uning xulosalariga kassatsiya instansiyasi sudi qoʻshilmaganligining sabablari”;
14-bandi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi chiqarib tashlansin;
beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
46) 304-modda chiqarib tashlansin;
47) 305-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“305-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)
Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
1) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini oʻzgartirishga yoki bekor qilishga;
3) daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga”;
48) 3051-modda chiqarib tashlansin;
49) 306-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“306-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan shikoyat qilish (protest keltirish)
Kassatsiya instansiyasi sudining kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan, shuningdek kassatsiya instansiyasi sudining ushbu Kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin”;
50) quyidagi mazmundagi 36-bob bilan toʻldirilsin:
“36-bob. Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta koʻrish boʻyicha ish yuritish
307-modda. Taftish tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi
Apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga quyidagi shaxslar tomonidan taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin:
ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, bundan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlari prokuror ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek boshqa ishlar boʻyicha ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, ushbu sudlarning taftish instansiyasining sud hujjatlari va ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga quyidagi shaxslar tomonidan taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin:
ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari prokuror ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek boshqa ishlar boʻyicha ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan quyidagi shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga taftish tartibida protest keltirishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslarning murojaatiga asosan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori — prokurorning ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek boshqa ishlar boʻyicha ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda.
308-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻradigan sudlar
Taftish tartibidagi shikoyat (protest):
ushbu Kodeks 307-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan sud hujjatlari ustidan berilganda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan;
ushbu Kodeks 307-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan sud hujjatlari ustidan berilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan protest keltirilganda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan koʻriladi.
309-modda. Taftish tartibida shikoyat (protest) berish tartibi
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida koʻradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yoʻllanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida koʻradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga ish bilan birga yuborishi shart.
Ushbu Kodeks 307-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan sud hujjatlari ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
310-modda. Taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida beriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan boʻlsa, taftish tartibdagi shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, Bosh prokurorining protesti ushbu Kodeks 307-moddasi birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan eʼtiboran uch oy ichida, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oydan ortiq boʻlmagan muddatda kiritilishi mumkin.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud tomonidan, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va taftish tartibida shikoyatni (protestni) berish muddati oʻtkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin.
Ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) koʻrib chiqilmaydi.
311-modda. Taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) mazmuni
Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning ishdagi protsessual holati;
3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini, qarorni qabul qilgan sudning nomi;
4) ishning raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va nizo predmeti;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shaxs qonunlarga yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilingan holda sud hujjatini notoʻgʻri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) uni berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan mazkur shaxsning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilishi kerak.
Taftish tartibidagi shikoyat shikoyatni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Protest protestni keltirgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
312-modda. Taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasini yuborish
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) va unga ilova qilingan, bu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxasini yuborishi yoki tilxat olib shaxsan topshirishi kerak.
313-modda. Taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) ilova qilinadigan hujjatlar
Taftish tartibidagi shikoyatga quyidagilar ilova qilinadi:
1) davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish tartibidagi shikoyatning va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
3) taftish tartibidagi shikoyat vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Taftish tartibidagi protestga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga protest va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning murojaati koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.
Apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish yoxud apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoki qaytarilgan shikoyat (protest) va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoki qaytarilgan shikoyat (protest) hamda uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
314-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish tartibi va muddati
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi masala sudya tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
315-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish
Ushbu Kodeksda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinadi va sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlanadi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi-sharifining bosh harflari;
3) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari;
5) sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi.
316-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish
Taftish instansiyasi sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) shikoyat (protest) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
2) shikoyat (protest) qonuniy kuchga kirmagan yoki qonunga muvofiq taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
3) shikoyat (protest) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
4) shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudida, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida taftish tartibida koʻrilmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
5) shikoyat (protest) ishni taftish tartibida koʻradigan sud tomonidan ilgari taftish tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
6) shikoyatni (protestni) berish muddati oʻtkazib yuborilgan va oʻtkazilgan muddatni tiklash rad etilgan boʻlsa;
7) shikoyatdan uni bergan shaxs voz kechganligi, protestni chaqirib olganligi sababli shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim mavjud boʻlsa, bundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining shikoyatdan voz kechilganligi, protest chaqirib olinganligi munosabati bilan taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) mustasno.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari koʻrsatiladi, shuningdek shikoyatni berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi masala hal etiladi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
317-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish
Taftish instansiyasi sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) shikoyat (protest) imzolanmagan boʻlsa yoxud uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoki mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) shikoyatning (protestning) mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 311-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) ushbu Kodeks 313-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar yoxud prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha protestga ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinmagan boʻlsa;
3) shikoyatga (protestga) uning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan boʻlsa;
4) shikoyatga davlat boji hamda pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlash muddatini kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
5) shikoyat (protest) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmasa;
6) shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida sud ajrimi chiqarilguniga qadar shikoyat bergan (protest keltirgan) shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa;
7) shikoyat (protest) ushbu Kodeks 309-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holda hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab oʻtib yuborilgan boʻlsa.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish asoslari koʻrsatiladi, shikoyatni berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi masala hal etiladi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi shikoyatni (protestni) bergan shaxsga shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga yuboriladi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, taftish tartibidagi shikoyat (protest) dastlab sudga murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
318-modda. Ishni talab qilib olish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ishni tegishli suddan talab qilib olishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlari oʻz vakolatlari doirasida, ushbu Kodeksning 307-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda yoki prokuror ishtirokida koʻrilgan ishlar boʻyicha taftish tartibida protest kiritish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun tegishli iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli.
319-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish
Ushbu Kodeksning 307 — 313-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi tomonidan oʻrganiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) unga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur boʻlgan hollarda esa ishni talab qilib olgan holda oʻrganadi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi:
1) shikoyatni (protestni) ushbu Kodeksning 316-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida;
2) shikoyatni (protestni) ushbu Kodeks 317-moddasi birinchi qismining 1 — 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra qaytarish toʻgʻrisida;
3) sud hujjatlarini taftish tartibida tekshirish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida;
4) shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisida besh kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida yoki taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida esa shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi.
Ajrimning koʻchirma nusxasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilganidan keyingi kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
320-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari;
3) taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;
5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;
6) taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish sabablari.
Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilganda shikoyat va unga ilova qilingan hujjatlar sudda qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi sudyaning ajrimiga qoʻshilmaslikka hamda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasi asosida uni bekor qilish va ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarishga haqli.
Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza koʻrib chiqilmaydi.
321-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari;
3) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari;
5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;
6) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish asoslarining asoslantirilgan bayoni;
7) ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻrib chiqiladigan vaqt va joy.
322-modda. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikr bildirish
Ishda ishtirok etuvchi shaxs taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasini olganidan keyin uning yuzasidan yozma fikrini hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu yozma fikrning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taftish tartibidagi shikoyat (protest) koʻrib chiqiladigan kunga qadar yetib borishini taʼminlaydigan muddatda, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay sudga yuborishga haqli.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga vakolati borligini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
323-modda. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha sud hujjatlari ijrosini toʻxtatib turish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra, taftish instansiyasi sudi (sudyasi) sud hujjatlarining ijrosini taftish tartibida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish toʻgʻrisida yoki uning ijrosini toʻxtatib turishni rad etish haqida taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi.
324-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni taftish tartibida koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida ish taftish tartibida koʻrilganda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlar berish uchun chaqirtirilishi mumkin. Bu holda ularga ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi. Biroq ularning kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
3241-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish
Agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng uning imzolanmaganligi yoxud uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan, yoki mansab mavqeyi yoki familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolanganligi aniqlansa, ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldiradi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin shikoyat (protest) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudga yangidan berilishi mumkin.
3242-modda. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish
Ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni quyidagi hollarda tugatadi, agar:
1) shikoyat (protest) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
2) shikoyat (protest) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilmagan sud hujjati ustidan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudida, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida taftish tartibida koʻrilmagan yoki ushbu Kodeksga muvofiq taftish tartibida shikoyat qilinmaydigan (protest keltirilmaydigan) sud hujjati ustidan berilgan va u xatoga yoʻl qoʻyilib, ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa;
3) shikoyat (protest) taftish tartibida ushbu sud tomonidan koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan va u xatoga yoʻl qoʻyilib, ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa;
4) shikoyat ish yuritishga qabul qilinganidan keyin shikoyat bergan shaxs tomonidan shikoyatdan voz kechish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa;
5) protest ish yuritishga qabul qilinganidan keyin protest keltirgan shaxs yoki yuqori turuvchi mansabdor shaxs tomonidan protestni chaqirib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa;
6) shikoyat (protest) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar ishda taraf boʻlgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;
7) shikoyat (protest) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar ishda taraf boʻlgan fuqaro vafot etsa, nizoli huquqiy munosabat esa huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish tugatilgan taqdirda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3243-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish muddati
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak.
Alohida hollarda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish muddati ishni koʻrayotgan sudlov hayʼati tomonidan koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan taftish tartibidagi protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak.
3244-modda. Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrish tartibi
Taftish tartibida ish sud majlisida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga koʻra, mazkur bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda koʻriladi.
Taftish tartibida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish toʻgʻrisidagi; daʼvoning predmetini yoki asosini, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish haqidagi; qarshi daʼvo taqdim etish toʻgʻrisidagi; ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish haqidagi qoidalar qoʻllanilmaydi.
Taftish tartibida ishni koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi.
Maʼruzachi ishning holatlarini, sud hujjatlarining mazmunini, taftish tartibidagi shikoyat (protest) vajlarini va unga doir kelib tushgan yozma fikrni bayon qiladi. Shundan soʻng sud sud majlisida hozir boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi.
Dastlab taftish tartibida shikoyat bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar ish prokurorning protesti boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, prokuror soʻzga chiqadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat berilgan boʻlsa, birinchi boʻlib daʼvogar soʻzga chiqadi.
Ushbu Kodeksning 50-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa shaxslar, agar ular hal qiluv qarori ustidan shikoyat bermagan boʻlsa, taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzga chiqadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari va prokuror fikri eshitilganidan soʻng sud qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi.
Sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilingan qarorning xulosa qismi eʼlon qilinadi va u ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Qaror besh kun ichida toʻliq hajmda tuziladi va imzolanadi.
Raislik qiluvchi qarorning xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qarorning toʻliq hajmda tuzilishi va ularga yuborilishi muddatini tushuntiradi.
3245-modda. Taftish tartibidagi shikoyatdan voz kechish. Taftish tartibidagi protestni chaqirib olish
Taftish tartibida shikoyat bergan shaxs ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar undan voz kechishga haqli.
Protest keltirgan shaxs yoki yuqori turuvchi mansabdor shaxs ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar protestni chaqirib olishga haqli.
3246-modda. Taftish tartibida ishni koʻrish chegaralari
Sud ishni taftish tartibida koʻrish chogʻida quyi instansiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini va protsessual qonun talablariga rioya etilganligini ish materiallari boʻyicha tekshiradi.
Birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish predmeti boʻlmagan yangi talablar taftish instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinmaydi va koʻrilmaydi.
3247-modda. Ishni taftish tartibida koʻradigan sudning vakolatlari
Ishni taftish tartibida koʻradigan sud taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha:
1) hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini, qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga;
4) hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgartirishga;
5) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga;
6) ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
7) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga haqli.
Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi koʻrsatiladi.
3248-modda. Sud hujjatini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Sud hujjatining noqonuniyligi yoki asossizligi hal qiluv qarorini, qarorni yoki ajrimni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudning mazmunan toʻgʻri boʻlgan hal qiluv qarori, qarori yoki ajrimi faqat yuzaki asoslar boʻyichagina bekor qilinishi mumkin emas.
3249-modda. Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarori
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha sud qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) qarorni qabul qilgan sudning nomi va tarkibi, sud majlisining kotibi;
2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;
3) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari mazmunining qisqacha bayoni;
6) shikoyatda (protestda) keltirilgan sud hujjatlarining qonuniyligini va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar;
7) shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;
8) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari;
9) sud tomonidan aniqlangan ish holatlari;
10) ishni koʻrgan sudning oʻz xulosalariga kelishiga sabab boʻlgan vajlar, sud amal qilgan qonunlarga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havola;
11) shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha sud xulosalari;
12) agar ish yangidan koʻrish uchun yuborilayotgan boʻlsa, sud tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan harakatlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati majlisida raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori yakuniy hisoblanadi va uning ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).
32410-modda. Ishni taftish tartibida koʻrgan sud koʻrsatmalarining majburiyligi
Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarorida bayon etilgan koʻrsatmalar mazkur ishni yangidan koʻrayotgan sud uchun majburiydir.
Ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud hal qiluv qarorida, qarorda aniqlanmagan yoxud rad etilgan holatlarni aniqlashga yoki isbotlangan deb hisoblashga, u yoki bu dalilning ishonchli yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi, ishni yangidan koʻrishda qanday qaror qabul qilinishi kerakligi toʻgʻrisidagi masalalarni oldindan hal etishga haqli emas.
32411-modda. Sudning ajrimi, qarori ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest)
Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ushbu Kodeksning 307-moddasida nazarda tutilgan ajrim, qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu bobda taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Taftish instansiyasi sudi ajrim, qaror ustidan berilgan taftish shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
1) ajrimni, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va masalani mohiyatan hal etishga yoxud ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
3) ajrimni, qarorni bekor qilishga hamda daʼvo arizasini va ishni koʻrish uchun tegishli instansiya sudiga yuborishga;
4) birinchi instansiya sudining ajrimini, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.
32412-modda. Taftish instansiyasi sudining ajrimlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish, taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish muddati ichida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyasining shikoyatni ish yuritishga qabul qilishni rad etish, taftish tartibidagi shikoyatni qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan taftish tartibidagi shikoyatni berish muddati ichida shikoyatni bergan shaxsning arizasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyasining taftish tartibidagi protestni ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sud hujjati ustidan taftish tartibidagi protestni berish muddati ichida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimi, shuningdek ushbu Kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin”;
51) 326-moddaning ikkinchi qismidagi “apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasining” degan soʻzlar “apellatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
OʻRQ-888-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/888/0976-son)