Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya A. Xamidov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya T. Abdramanov
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya I. Tadjiyev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari R. Sagatov va I. Tadjiyevdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan Navoiy viloyat sudining xodimi J. Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori M. Qurbonova, daʼvogar U.N. va uning vakillari — advokat M.Gʻ. (2023-yil 20-apreldagi 2-sonli order va 2021-yil 8-iyundagi ishonchnoma asosida) hamda Sh.N. (2021-yil 8-iyundagi ishonchnoma asosida), javobgar vakillari — advokat Sh.Q. (2023-yil 14-fevraldagi 2-sonli ishonchnoma asosida) va yuriskonsult B.E. (2023-yil 15-fevraldagi 3-82/508-sonli ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, “SS” xorijiy korxonasi, “KS”, “TST”, “AO” va “RYo” fermer xoʻjaliklari hamda N.T., N.S., O.H., R.A, Sh.N., R.S., G.Sh, N.T., Sh.A., S.X. va Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan holda, daʼvogar “I” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishtirokchisi U.N.ning javobgar “I” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan ishtirokchilarning umumiy yigʻilish bayonnomalarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan daʼvogar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida boʻlib oʻtgan videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“I” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat yoki MChJ deb yuritiladi)ning ustav fondidagi 54 000 soʻm yoki 0,35 foiz ulushga ega ishtirokchisi U. Sh.N. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ ishtirokchilarining 2020-yil 13-noyabrdagi va 2020-yil 25-dekabrdagi umumiy yigʻilish bayonnoma (qaror)larini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Bunga asos qilib, daʼvo arizasida MChJ rahbari O.H. qasddan oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻyib, aslida oʻtkazilmagan taʼsischilarning umumiy yigʻilishi qarorlarini davlat organlariga taqdim etib, MChJni boshqa shaxslarning egaligiga noqonuniy tarzda oʻtkazish va mol-mulklarni talon-taroj qilishga yoʻl qoʻyganligi, MChJ taʼsischilarining umumiy yigʻilishi aslida oʻtkazilmagan boʻlsa-da, 2020-yil 13-noyabrda va 25-dekabrda umumiy yigʻilish oʻtkazilganligi toʻgʻrisida soxta bayonnoma tuzganligi, mazkur yigʻilishlarda manfaatdor shaxs sifatida Sh. N., G. A., oʻzi (daʼvogar) va boshqa shaxslar umuman ishtirok etmaganligi, umumiy yigʻilish oʻtkazilishi toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinmaganligi, MChJ ustavining 14.4-bandida jamiyat taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jamiyat taʼsischilarining barchasi ishtirokida koʻrib chiqilishi shartligi aniq qilib koʻrsatilgan boʻlsa-da, MChJ mansabdor shaxslari qasddan mazkur talabni buzib, jamiyatning boshqa taʼsischilarining ulushlarini begona shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri sotish choralarini koʻrganligi, jamiyat taʼsischisi oʻz ulushini sotish taklifini dastlab MChJ taʼsischilariga taklif qilib, keyingina sotish va rasmiylashtirib berish lozimligi, ammo mazkur talab ham qasddan bajarilmaganligi, goʻyoki jamiyatning bir necha taʼsischilari oʻz ulushlaridan “SS” xorijiy korxonasi foydasiga voz kechganligi, shuningdek, oʻz ulushlarini “SC” xorijiy korxonasi foydasiga voz kechgan jamiyat taʼsischilari oila aʼzolarining roziligi ham olinmaganligi, jamiyat taʼsischilarining 2020-yil 25-dekabrdagi umumiy yigʻilishi oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma va taʼsis hujjatlari soxtalashtirilib, jamiyatning deyarli barcha ulushi, yaʼni 95,44 foizi Sh.Gʻ.A. ning egaligiga oʻtkazilganligi, bu holatdan jamiyat taʼsischilarining koʻpchiligi hozirgi kunga qadar xabardor emasligi, jamiyatning egaligida bir qator mol-mulklar mavjud boʻlib, jinoyatchi shaxslarning asl maqsadi ham mazkur mulklarni noqonuniy tarzda sotib, talon-taroj qilish hisoblanishi, mazkur masalada huquqni muhofaza qiluvchi organlarga MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni soʻrab ariza bilan murojaat qilganligi, Qiziltepa tuman IIBning 2021-yil 3-iyundagi qarori bilan keltirilgan vajlar �oʻliq tekshirilmasdan, jinoyat ishi qoʻzgʻatishdan rad etilganligi, nizo va kelishmovchiliklar boʻyicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilganligi toʻgʻrisida vajlar keltirilgan.
Sudning 2021-yil 14-iyuldagi ajrimi bilan “SS” xorijiy korxonasi, “KS”, “TST”, “AO” va “RYo” fermer xoʻjaliklari hamda N.T., N.B.S., O.R. H., R.A., Sh.D.N., R.S.S., G.N.Sh. va N.H.T. ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 3-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad qilingan. Uchinchi shaxslar “TS” fermer xoʻjaligi, Sh.N. va N.T.ga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 25-apreldagi qarori bilan birinchi instansiya sudining 2023-yil 3-martdagi hal qiluv qarori bekor qilingan va ish yangidan koʻrish uchun Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Sudning 2023-yil 2-maydagi ajrimi bilan Sh.Gʻ.A. hamda Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 29-maydagi ajrimi bilan MChJning vafot etgan ishtirokchisi Sh.D.N.ning merosxoʻri Sh. Sh. N. va MChJning vafot etgan ishtirokchisi N.T.ning merosxoʻri S.T.X. ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 8-iyundagi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvo arizasiga qoʻshimcha toʻgʻrisidagi arizasi ish yuritishga qabul qilingan.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 8-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilgan. Uchinchi shaxslar “TST” va “KS” fermer xoʻjaliklari hamda R.S. va R.A.ga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Shuningdek, ishni koʻrish jarayonida aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga xabar berish haqida xususiy ajrim chiqarilgan.
Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 4-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan daʼvogar kassatsiya shikoyati bergan va unda sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda sudlar tomonidan mazkur ish boʻyicha aniqlanishi lozim boʻlgan muhim holatlar aniqlanmaganligi, jamiyat taʼsischilarining ulushini sotilishida “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 20-moddasining oltinchi-yettinchi qismlari talablari buzilganligi, MChJ ishtirokchilarining ulushlarini jamiyat ishtirokchisi boʻlmagan uchinchi shaxslarga sotilishi haqida jamiyat ishtirokchilari, jumladan U.N. (daʼvogar) tegishli tarzda xabardor qilinmaganligi, jamiyat ustavi 14.4-bandining 2-kichik bandida jamiyat taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jamiyat taʼsischilarining barchasi ishtirokida koʻrib chiqilishi shartligi belgilanganligi, lekin jamiyat taʼsischilarining ulushlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazish hamda taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi masalalar jamiyat taʼsischilarining ishtirokida koʻrib chiqilmaganligi, jamiyat ishtirokchilarining 2020-yil 13-noyabrdagi 1-sonli va 2020-yil 25-dekabrdagi 2-sonli umumiy yigʻilishlari yuqoridagi Qonun va jamiyat ustavi talablariga zid ravishda oʻtkazilganligiga asosli ravishda huquqiy baho berilmaganligi, MChJ taʼsischilarining umumiy yigʻilishi bayonnomalari qalbakilashtirilganligi yuzasidan 2021-yil 17-dekabr kuni Karmana tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksi 228-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi, jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi lozim boʻlgan “SS” xorijiy korxonasining rahbari A.A. vafot etganligi munosabati bilan mazkur jinoyat ishi 2022-yil 15-martda JPK 84-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga asosan harakatdan tugatilganligi, tergov organining 2022-yil 15-martdagi qaroridan koʻrinishicha, 2020-yil 13-noyabrda MChJning 11,37 foiz ulushdori boʻlgan “TST” FXning rahbari Q.B. taʼsischilarning umumiy yigʻilishida ishtirok etmagan va oʻzining ulushidan “SS” xorijiy korxonasi foydasiga voz kechmagan boʻlsa-da, uning imzosi soxtalashtirilganligi aniqlanganligi, jamiyatning umumiy yigʻilishida ish�irok etganligi koʻrsatilgan jamiyat ishtirokchilari R.A., Sh.A. va K.B.lar tergov jarayonida bergan koʻrsatmalarida mazkur yigʻilish boʻlmaganligi va unda ishtirok etmaganlarini maʼlum qilganliklari, biroq, sud tomonidan K.B. va Sh.A.ni sudga chaqirish choralari koʻrilmaganligi, sud tomonidan tergov organi qarorida keltirilgan holatlarga huquqiy baho berilmaganligi, tergov organi tomonidan jamiyat taʼsischilarining 2020-yil 13-noyabrdagi 1-sonli umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaganligi va nomigagina bayonnomalar rasmiylashtirilganligi aniqlanganligi, yigʻilish bayonnomasi qalbakilashtirilishi oʻz tasdigʻini topganligi, sudlar daʼvo muddatini qoʻllagan holda daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etganligi, sudlar nizoli umumiy yigʻilishlar umuman oʻtkazilmaganligi, bayonnomalarning qalbakiligi tergov organi qarori bilan oʻz isbotini topganligiga yetarlicha huquqiy baho bermaganligini koʻrsatgan.
Sud majlisida daʼvogar vakili shikoyatda keltirilgan vajlarni takrorlab, tergov organining 2023-yil 22-oktabrdagi qarorida jamiyat ishtirokchilarining yigʻilish boʻlib oʻtgan deyilmaganligi, qarorda faqat K.B.ning imzosi qalbakilashtirilgan deyilganligi, ishtirokchilarning yigʻilishi boʻlmaganligi va ushbu holat tergov jarayonida tasdiqlanganligi, sud tomonidan chiqarilgan xususiy ajrim yuzasidan hali qaror qabul qilinmaganligini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirishni va sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Javobgar vakillari shikoyatda keltirilgan vajlarga eʼtiroz bildirib, ish mazmunan koʻrilmaganligi, daʼvo muddatini qoʻllagan holda daʼvoni qanoatlantirish rad etilganligi, Qonunga koʻra, yigʻilishda ishtirok etmagan hamda qarshi ovoz bergan shaxs ishtirokchilarning umumiy yigʻilish qarori ustidan shikoyat qilishi mumkinligi, tergov jarayonida K.B.ning imzosi qalbakilashtirilganligi aniqlanganligi, ammo, K.B. oʻzining notarial tartibda tasdiqlangan arizasiga asosan oʻz ulushidan voz kechganligi, jamiyat ishtirokchilarining yigʻilishi raisi va kotibiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilmaganligi, tergov organining 2022-yil 15-martdagi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 2023-yil 25-sentabrda bekor qilinganligi va qoʻshimcha tergov harakatlari oʻtkazish uchun Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborilganligi, oʻtkazilgan qoʻshimcha tergov harakatlari natijasi boʻyicha 2023-yil 22-oktabrda tergov organi jinoyat ishini JPK 83-moddasining 2-bandi bilan tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilganligi, dastlab jinoyat ishi A. vafot etganligi sababli tugatilganligi, jamiyat ishtirokchilari notarial tartibida tasdiqlangan arizalarga asosan oʻz ulushlaridan voz kechganligi sababli, ular bayonnomaga imzo qoʻyishi kerak boʻlmaganligi, yigʻilish bayonnomasi faqat yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanishini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni soʻrashdi.
Uchinchi shaxslar sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan boʻlsa-da, ulardan vakil sud majlisiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu sababli sudlov hayʼati ishni uchinchi shaxslarning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini va prokurorning sud hujjatlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisidagi fikrini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar jamiyat taʼsischilarning umumiy yigʻilishi aslida oʻtkazilmagan boʻlsa-da, 2020-yil 13-noyabrda va 25-dekabrda umumiy yigʻilish oʻtkazilganligi toʻgʻrisida soxta bayonnoma tuzilganligi, yigʻilish bayonnomasi qalbakilashtirilganligi tergov organining qarori bilan tasdigʻini topganligini vaj qilib koʻrsatib, yigʻilish bayonnomalarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ishda mavjud boʻlgan Karmana tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksi 228-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi lozim boʻlgan “SS” xorijiy korxonasining rahbari A.A. vafot etganligi munosabati bilan mazkur jinoyat ishi 2022-yil 15-martda JPK 84-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan. Tergov organining ushbu qaroridan koʻrinishicha, 2020-yil 13-noyabrda MChJning 11,37 foiz ulushdori boʻlgan “TST” FXning rahbari Q.B. taʼsischilarning umumiy yigʻilishida ishtirok etmaganligi va oʻzining ulushidan “SS” xorijiy korxonasi foydasiga voz kechmagan boʻlsa-da, uning imzosi soxtalashtirilganligi, jamiyatning umumiy yigʻilishida ishtirok etganligi koʻrsatilgan jamiyat ishtirokchilari R.A., Sh.A. va K.B.lar tergov jarayonida bergan koʻrsatmalarida mazkur yigʻilish boʻlmaganligi va unda ishtirok etmaganlarini maʼlum qilganligi aniqlangan.
Sudlar daʼvogarning vajlari hamda tergov organining qarori bilan aniqlangan holatlarga baho bermasdan, aslida oʻtkazilmagan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi huquqiy oqibat keltirishi yoki keltirmasligi masalasini muhokama qilmasdan, daʼvo muddatini qoʻllagan holda daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etgan.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish jarayonida javobgar vakili tomonidan Karmana tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimining 2022-yil 15-martdagi qarorini bekor qilish va qoʻshimcha tergov harakatlari oʻtkazish uchun jinoyat ishini Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 25-sentabrdagi qarori hamda Karmana tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimining oʻtkazilgan qoʻshimcha tergov harakatlari natijasi boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 22-oktabrdagi JPK 83-moddasining 2-bandi bilan jinoyat ishi boʻyicha harakatdan tugatish toʻgʻrisida qarorini taqdim qildi.
Biroq, IPK 299-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga binoan sud ishni kassatsiya tartibida koʻrish chogʻida birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini va protsessual qonun talablariga rioya etilganligini ish materiallari boʻyicha tekshiradi. Kassatsiya instansiyasi sudi yangi dalillarni tekshirishga va yangi faktlarni aniqlashga haqli emas.
IPK 301-moddasining 3-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha ushbu Kodeks 302-moddasi birinchi qismining 1-bandida va toʻrtinchi qismining 4 va 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan sud instansiyasiga yuborishga haqli.
Shuning uchun, sudlov hayʼati daʼvogarning shikoyatini qisman qanoatlantirishni, apellatsiya instansiyasi sudining 2023-yil 4-avgustdagi qarorini bekor qilishni va ishni apellatsiya tartibida yangidan koʻrib chiqish uchun Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda apellatsiya instansiyasi sudi jamiyat ishtirokchilarining yigʻilishini chaqirish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarni talab qilib olishi, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilganligi-oʻtkazilmaganligi holatlarni aniqlashi, umumiy yigʻilish oʻtkazilmagan boʻlsa, oʻtkazilmagan yigʻilish haqida rasmiylashtirilgan bayonnoma huquqiy oqibat keltirishi yoki keltirmasligi masalasini muhokama qilishi va baho berishi, ular natijasi boʻyicha asoslangan va qonuniy qaror qabul qilishi lozim boʻladi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 301 — 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Daʼvogar U.N.ning kassatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 4-avgustdagi qarori bekor qilinsin.
Ish yangidan apellatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun Buxoro viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga yuborilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: R. SAGATOV
I. TADJIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-dekabr,
4-2101-2103/1190-son