Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Ajrimi
Birinchi instansiya sudida ajrim chiqargan sudya J. Ergashev
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya M. Umarov
Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida viloyat sudi raisi oʻrinbosari A. Abduraxmanovning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar M. Ummatova va M. Umarovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi M. Abdusattorovning sud majlisi kotibligida, daʼvogar “XXXX” xususiy korxonasining javobgar “XXXX” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga jamiyat taʼsischilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha chiqarilgan Qoʻqon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 27-oktabrdagi daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimidan norozi boʻlib, “XXXX” xususiy korxonasi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini Fargʻona viloyat sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“XXXX” xususiy korxonasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “XXXX” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan Qoʻqon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarga jamiyat rahbarini tasdiqlash, “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi ijrosini taʼminlash va jamiyatning moliyaviy ahvolini koʻrib chiqish masalalarini muhokama qilish uchun jamiyat taʼsischilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Qoʻqon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 27-oktabrdagi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvo arizasi qaytarilgan.
Daʼvogar birinchi instansiya sudining mazkur ajrimidan norozi boʻlib, ajrim ustidan apellatsiya shikoyati bergan va apellatsiya shikoyatida daʼvo arizasi asossiz qaytarilganligi haqidagi vajlarini bayon qilgan hamda Qoʻqon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 27-oktabrdagi ajrimini bekor qilishni va daʼvo arizasini ish yurituvga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgardan vakil sud majlisiga kelmadi.
Sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 128-moddasi va 274-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan qoidalarga asoslanib, ishni javobgar ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin deb hisoblaydi.
Apellatsiya shikoyati bergan daʼvogardan vakil sud majlisiga kelmadi, biroq daʼvogarning vakolatli vakili sud majlisiga qadar sudlov hayʼatiga apellatsiya shikoyatidan voz kechish haqida yozma ariza taqdim etgan va sud majlisini uning ishtirokisiz oʻtkazilishini soʻragan.
Sudlov hayʼati daʼvogar vakili tomonidan taqdim etilgan apellatsiya shikoyatidan voz kechish haqidagi arizani koʻrib chiqib, uni qabul qilishni va quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni lozim topdi.
Daʼvogar Qoʻqon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 27-oktabrdagi daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimidan norozi boʻlib, apellatsiya shikoyati bergan.
Apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, ish 2023-yil 20-dekabr kungi apellatsiya instansiyasi sudi majlisi muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlangan.
Apellatsiya shikoyati boʻyicha 2023-yil 20-dekabr kuni oʻtkazilishi belgilangan sud majlisidan oldin daʼvogarning ishonchli vakili daʼvogar apellatsiya shikoyatidan voz kechganligini bildirib, sudlov hayʼatiga apellatsiya shikoyatidan voz kechish haqida yozma tarzda ariza taqdim etgan va apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni soʻragan.
IPK 275-moddasining birinchi qismiga koʻra, apellatsiya shikoyati bergan shaxs ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar undan voz kechishga haqli.
IPK 273-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq, apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng shikoyat bergan shaxs tomonidan shikoyatdan voz kechish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatadi.
Qayd etib oʻtilgan asoslarga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogarning apellatsiya shikoyatidan voz kechishini qabul qilishni va apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni lozim topdi.
IPK 118-moddasining birinchi qismiga koʻra, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi. Ushbu huquq normasi talabidan kelib chiqib, sudlov hayʼati sud xarajatlarini daʼvogarning zimmasiga yuklaydi.
Bayon etilganlarga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogar apellatsiya shikoyatidan voz kechganligi sababli apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni, sud xarajatlarini daʼvogarning zimmasiga yuklab, apellatsiya shikoyati berishda toʻlangan 33 000 soʻm pochta xarajatini daʼvogarning zimmasida qoldirishni lozim topdi.
Yuqoridagilarga asosan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 128, 260, 273, 274-moddalarini qoʻllab, apellatsiya instansiyasi sudlov hayʼati ajrim qildi:
“XXXX” xususiy korxonasining apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritish tugatilsin.
Apellatsiya shikoyati berishda toʻlangan 33 000 soʻm pochta xarajati “XXXX” xususiy korxonasi zimmasida qoldirilsin.
Ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilsin.
Mazkur ajrim ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi A. ABDURAXMANOV
Hayʼat aʼzolari M. UMMATOVA
M. UMAROV
Fargʻona sh.,
2023-yil 20-dekabr,
4-1502-2301/2477-son