OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI KASSATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — Z. Tojiyev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — J. Xomidov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — J. Xomidov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar I. Tadjiyev va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, ishni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda koʻmaklashayotgan Qashqadaryo viloyat sudi xodimi A. Raxmonov, Surxondaryo viloyat sudi xodimi B. Turamurodovning koʻmagida, “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilari A.F, X.N, “D F T” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili X.N (2023-yil 9-sentabrdagi 13-sonli ishonchnoma asosida), “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining sobiq rahbari J.D va uning vakili S.N (2023-yil 30-noyabrda berilgan 39-sonli order asosida), javobgar AT “X b” vakili E.N (2023-yil 12-iyuldagi 03-33-3/15-sonli ishonchnoma)ning ishtirokida, javobgar taʼsischilari A.F va X.N nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi, Davlat kadastrlar palatasi Denov tuman boʻlimi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan holda, daʼvogar “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi A.M javobgarlar AT “X b”, “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyati va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius S.J.Sh. nisbatan 2021-yil 12-martdagi ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi asosida qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish boʻyicha Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-iyuldagi hal qiluv qarori va Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 5-sentabrdagi qarori ustidan “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilari A.M.F. va X.A.N. tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“D A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 27,37 foiz ulushga ega ishtirokchisi M. A. Y. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) javobgarlar Oʻzbekiston Respublikasi AT “X b” (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi), “D A” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ yoki javobgar yoxud jamiyat deb yuritiladi) hamda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius S. J. Sh. nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bank va MChJ oʻrtasida 2021-yil 12-martda tuzilgan Denov tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarial idora notariusi S.J.Sh. tomonidan 202002009001276-son raqam bilan qayd etilgan ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan ishga javobgarning 30 foiz ulushga ega taʼsischisi A.F. va 10 foiz ulushga ega taʼsischisi “D F T” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yagona taʼsischisi X.N nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar sifatida, 2022-yil 10-noyabrdagi ajrimi bilan Davlat kadastrlari palatasi Denov tuman boʻlimi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 15-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilgan.
Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 14-fevraldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, yangi qaror qabul qilingan va daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2023-yil 2-maydagi qarori bilan sud qarorlari bekor qilingan va ish yangidan birinchi instansiya sudida koʻrish uchun Denov tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 5-sentabrdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
MChJ taʼsischilari A.F. va X.N. birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasining qaroridan norozi boʻlib, Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-iyuldagi hal qiluv qarori va Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 5-sentabrdagi qarorini bekor qilish hamda daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2023-yil 2-maydagi qarori bilan quyi sudlarga MChJning 2,40 (24000 m2) gektar yer maydoni ipoteka shartnomasiga kiritilishidan oldin baholash hisobotiga kiritilgan yoki kiritilmaganligiga va ushbu yer maydoni kiritilgan boʻlsa, baholangan yoki baholanmaganligiga aniq huquqiy baho bergan holda iqtisodiy ishni koʻrib chiqish yuzasidan koʻrsatma berilganligi, biroq birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi kassatsiya instansiyasining koʻrsatmalari majburiyligini eʼtibordan chetda qoldirib, 2,40 (24000 m2) gektar yer maydoni baholash hisobotiga kiritilgan yoki kiritilmaganligi holatini hamda baholangan yoki baholanmaganligi holatini muhokama qilmasdan, “yer maydoni baholash hisobotida aks ettirilganini taraflar isbotlab bera olmadi”-degan vaj bilan notoʻgʻri qaror qabul qilganligi, amalda MChJning 2,40 gektar yer maydoni baholash hisobotiga mutlaqo kiritilmasdan va umuman baholanmasdan, ipoteka shartnomasiga kiritilganligi va ipoteka shartnomasi gʻayriqonuniy imzolanganligi hamda xususiy notariusdan roʻyxatdan oʻtkazilganligi, MChJning sobiq rahbari J.D. 2021-yil 12-fevralda “D b” MChJga 2,40 gektar yer maydonining 0,50 gektar (5000 m2) yer maydonini ataylab, qasddan hisobotga kiritmasdan, kamaytirib koʻrsatib, 1,90 gektar (19000 m2) yer maydonini 6 014 178 075 soʻmga baholatib, 2,40 gektar yer maydonini ipoteka shartnomasiga kiritganligi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida mol-mulkni ipotekaga qoʻyish huquqi yuzasidan qonun normasi yozilgan boʻlib, uning toʻrtinchi xatboshisida umumiy birgalikdagi mulk (mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi umumiy ulushi belgilanmagan holda) boʻlgan mol-mulk faqat barcha mulkdorlarnin� yozma roziligi bilan ipotekaga qoʻyilishi mumkinligi alohida belgilangan boʻlishiga qaramasdan, quyi sudlar tomonidan mazkur Qonunning 10-moddasi, yaʼni ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma bilan chalkashtirib, ish hujjatlarini tahlil qilinmasdan va huquqiy baho berilmasdan, qonun normalari notoʻgʻri qoʻllanib xatolikka yoʻl qoʻyilganligi, bundan tashqari, quyi sudlar ipoteka shartnomasiga kiritilishi moʻljallangan yer hajmi (m.kv) va kiritilishi moʻljallangan imoratlarning miqdorini (soʻmda) qonun normasiga koʻra, jamiyat taʼsischilari, yaʼni mulk egalari bilan navbatdagi umumiy yigʻilish chaqirib, kelishgan holda, umumiy yigʻilish qarori asosida, ipoteka shartnomasini imzolashi kerakligi holatiga eʼtibor qaratmaganligi, shuningdek, quyi sudlar daʼvogar A.M yoki uning vakilini sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilmasdan, ularning ishtirokisiz ishni koʻrganligini vaj qilib keltirgan.
Sud majlisida ishtirok etgan A.F. hamda X.N. (MChJ vakili sifatida ham) kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni takrorlab, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi. Shuningdek, sudga J.D. nisbatan chiqarilgan Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining 2023-yil 7-noyabrdagi hukmini taqdim etib, ushbu hukmda J.D. aybini toʻliq boʻyniga olib, kredit olish paytida hujjatlarni rasmiylashtirish paytida garovga qoʻyilgan mulklarni bank bilan 6 250 000 000 soʻmga (12 541 422 032 soʻmga baholangan jamiyat mulkini ataylab ikki baravar kam narxda koʻrsatib, dalolatnoma imzolagan) baholash haqidagi garov obyekti qiymatining kelishuv dalolatnomasidagi imzo oʻziga tegishli ekanligi haqida koʻrsatma berganligi, shuningdek ipoteka shartnomasi MChJga nisbatan yirik bitim hisoblanishini, biroq ushbu shartnomani tuzishda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 44-moddasida belgilangan tartibga rioya qilinmaganligini bildirishdi.
Sud majlisida ishtirok etgan bank vakillari kassatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, shikoyatni qanoatlantirishni rad qilishni soʻrashdi.
Sud majlisida ishtirok etgan MChJning sobiq rahbari J.D. va uning vakili sudga taqdim etilgan Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tumanlararo sudining hukmi ustidan apellatsiya shikoyati berilganligi va ushbu hukm qonuniy kuchga kirmaganligini bildirib, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni soʻrashdi.
Sud majlisida MChJ taʼsischisi daʼvogar A.M. yoki uning vakili hamda xususiy notarius J.S., nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs Davlat kadastrlari palatasi Denov tuman boʻlimidan vakil ishtirok etmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sudlov hayʼati joyida maslahatlashib, ishni ularning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlari va sud muhokamasidan aniqlanishicha, bank va MChJ oʻrtasida 2021-yil 12-fevralda 138-sonli kredit shartnomasi tuzilgan.
Kredit shartnomasining shartlariga koʻra, bank MChJga jamiyatni kapital taʼmirlash maqsadida 60 oy muddatga, 12 oylik imtiyozli davr bilan, 5 000 000 000 soʻm miqdorida kredit ajratish, MChJ esa ajratilgan kredit mablagʻlarini maqsadli ishlatish, kredit va unga hisoblangan foizlarni shartnomada belgilangan muddatlarda va toʻliq qaytarilishi va toʻlanishini taʼminlash, kredit qaytarilishini taʼminlash uchun taʼminotga oid hujjatlarni rasmiylashtirish majburiyatini olgan (kredit shartnomasining 1.1, 4.2.1., 4.2.2., 4.2.9-bandlari).
Ushbu shartnomaga asosan bank tomonidan MChJga 5 000 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasining 6.1-bandida MChJ kredit qaytarilishining taʼminoti sifatida oʻziga tegishli boʻlgan, Surxondaryo viloyati, Denov shahrida joylashgan 19:04:18:01:18:0803-kadastr raqam bilan roʻyxatga olingan yer uchastkasining maydoni 2,40 ga boʻlgan bino va inshootlarni yerdan foydalanish huquqi bilan birga garovga qoʻyish majburiyatini olgan.
MChJ tomonidan olingan kredit qaytarilishining taʼminoti sifatida bank va MChJ oʻrtasida 2021-yil 12-martda ipoteka shartnomasi tuzilgan va u notarial tartibda tasdiqlangan. Ushbu shartnoma MChJ rahbari J.D. tomonidan imzolangan.
MChJning 27,37 foiz ulushga ega ishtirokchisi daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ va Bank oʻrtasida 2021-yil 12-martda Denov tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius J.Sh.S. tomonidan 202002009001276-sonli raqam bilan qayd etilgan ipoteka shartnomasi (bundan buyon matnda ipoteka shartnomasi deb yuritiladi)ni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ipoteka shartnomasi qonun talablariga rioya etilgan holda tuzilganligi sababli birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari tomonidan daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelingan.
Daʼvo arizasida va kassatsiya shikoyatida keltirilgan hamda sud majlisida bildirilgan vajlar ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlmaydi.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 43-moddasining birinchi qismiga koʻra, tuzilishidan jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxslar, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi aʼzosi manfaatdor boʻlgan yoki oʻz affillangan shaxslari bilan birgalikda jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchisining manfaatdorligi boʻlgan bitimlar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining roziligisiz jamiyat tomonidan tuzilishi mumkin emas.
Qonun 44-moddasining birinchi — uchinchi qismlariga koʻra, agar jamiyatning ustavida yirik bitimlarning ancha katta miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, bunday bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlangan jamiyat mol-mulki qiymatining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni jamiyatning olishi, tasarrufidan chiqarishi yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq boʻlgan bitim yoki oʻzaro bogʻliq bir necha bitim yirik bitim deb hisoblanadi. Jamiyatning odatdagi xoʻjalik faoliyati jarayonida tuziladigan bitimlar yirik bitimlar deb eʼtirof etilmaydi.
Ushbu moddaning maqsadlari uchun yirik bitim natijasida jamiyatning tasarrufidan chiqariladigan mol-mulkning qiymati uning buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida, jamiyat oladigan mol-mulkning qiymati esa — taklif qilingan baho asosida aniqlanadi.
Yirik bitimni tuzish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
MChJ taʼsischilarining 2021-yil 4-fevraldagi umumiy yigʻilishida MChJ tomonidan bankdan kredit olish uchun ruxsat berish, olinishi rejalashtirilayotgan bank kreditiga garov manbasi sifatida MChJ koʻchmas mulklaridan garov taʼminoti sifatida foydalanishga ruxsat berish, qaror ijrosini bajarishni jamiyat ijrochi direktori J.Daminov zimmasiga yuklash haqida 1-sonli qaror (bayonnoma) qabul qilingan. Ushbu yigʻilishda MChJning 71 foizdan ortiq ulushdorlari ishtirok etgan va ushbu qarorga bir ovozdan rozilik bildirishgan.
Yaʼni, kredit hamda ipoteka shartnomalarini tuzish uchun jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining roziligi olingan. Shuning uchun daʼvo arizasi hamda kassatsiya shikoyatidagi ipoteka shartnomasi Qonunning yuqoridagi normalariga rioya qilinmasdan tuzilganligi haqidagi vajlar bilan kelishib boʻlmaydi.
“Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 10-moddasining beshinchi qismiga koʻra, ipoteka narsasini baholash ipotekaga qoʻyuvchi bilan ipotekaga oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra yoki baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik (ipoteka shartnomasi imzolangan paytda qonun hujjatlarining) talablariga muvofiq ipoteka narsasini baholashdan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan garov obyekti qiymatini baholash dalolatnomasida garov mulki mustaqil baholovchi tomonidan 12 541 422 032 soʻmga baholanganligi, kelishuv summasi esa 6 250 000 000 soʻmni tashkil qilishi koʻrsatilgan. Yaʼni, garov mulki taraflarning oʻzaro kelishuvi bilan 6 250 000 000 soʻmga baholangan.
Qonunchilikda garov mulkini baholash hisobotiga nisbatan boshqacha narxda baholash haqida kelishish mumkinligi taʼqiqlanmagan. Shuning uchun daʼvo arizasi hamda kassatsiya shikoyatidagi ipoteka shartnomasi mol-mulk arzon baholangan holda tuzilganligi haqidagi vajlar ushbu shartnomani haqiqiy emas deb hisoblash uchun asos boʻla olmaydi.
Shuningdek, kassatsiya shikoyatidagi 2,40 gektar yer maydoni baholash hisobotiga kiritilmaganligi toʻgʻrisidagi vajlar ham asossizdir. Chunki, “D. b.” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2022-yil 7-dekabrdagi 22-sonli xatida 2021-yil 5-fevraldagi 010/02-21-sonli hisobotida MChJga qarashli yerdan foydalanish huquqi 19000 m2 va qurilish osti maydoni 2728,0 m2 dan iborat boʻlib, bozor bahosini aniqlashda foydalanib, MChJning 19000 m2 yer maydoni va qurilish osti maydoni 2728,0 m2 boʻlgan qismi bino-inshootlarga qoʻshib baholanganligi maʼlum qilingan.
Kassatsiya shikoyatidagi kassatsiya instansiyasining 2023-yil 2-maydagi qarorida MChJning 2,40 gektar (24000 m2) yer maydoni ipoteka shartnomasiga kiritilishidan oldin baholash hisobotiga kiritilgan yoki kiritilmaganligiga va ushbu yer maydoni hisobotga kiritilgan boʻlsa, baholangan yoki baholanmaganligiga aniq huquqiy baho bergan holda iqtisodiy ishni koʻrib chiqish yuzasidan koʻrsatma berilganligi, biroq birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi kassatsiya instansiyasining mazkur koʻrsatmalarini bajarmaganligi haqidagi vajlari sud hujjatlarini bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi. Chunki, kassatsiya instansiyasi sudining 2023-yil 2-maydagi qarorida quyi sudlar tomonidan ipoteka shartnomasida koʻrsatilgan kadastr raqami 19:04:18:01:18:0803 boʻlgan yer maydoniga qoʻshib alohida kadastr raqami, yaʼni 19:04:18:01:18:890ga ega boʻlgan 2,40 gektar yer maydoni baholash hisobotiga kiritilganligi yoki kiritilmaganligiga, ushbu yer maydoni kiritilgan boʻlsa, baholangan yoki baholanmaganligiga aniqlik kiritilmaganligi koʻrsatilgan.
Ishni yangidan koʻrish jarayonida birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu masala yuzasidan Kadastr agentligining Surxondaryo viloyat boshqarmasi Denov tuman filialidan 2023-yil 25-iyuldagi 11-11/1186-sonli maʼlumotnoma olingan. Unda kadastr hujjatidagi 19:04:18:01:18:890 kadastr raqami texnik xatolik sababli notoʻgʻri yozilganligi, MChJning mol-mulklari va yer maydonining kadastr raqami 19:04:18:01:18:0803 raqam bilan 2002-yil 21-iyulda 423-sonli raqam bilan davlat roʻyxatiga olinganligi, yaʼni 19:04:18:01:18:0803 raqami toʻgʻri hisoblanishi bayon etilgan. Dyemak, mazkur holatda MChJning mol-mulklari va yer maydoni kadastr organi tomonidan 19:04:18:01:18:0803-raqam bilan roʻyxatga olingan. Ipoteka shartnomasida ham ipotekaga qoʻyilayotgan mulkning kadastr raqami sifatida 19:04:18:01:18:0803 raqami koʻrsatilgan.
Shuningdek, A.F. hamda X.N. J.D. nisbatan chiqarilgan Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining 2023-yil 7-noyabrdagi hukmida J.D. aybini toʻliq boʻyniga olib, kredit olish paytida hujjatlarni rasmiylashtirish paytida garovga qoʻyilgan mulklarni bank bilan 6 250 000 000 soʻmga (12 541 422 032 soʻmga baholangan jamiyat mulkini ataylab ikki baravar kam narxda koʻrsatib, dalolatnoma imzolagan) baholash haqidagi garov obyekti qiymatining kelishuv dalolatnomasidagi imzo oʻziga tegishli ekanligi haqida koʻrsatma berganligi haqidagi vajlari ham daʼvoni qanoatlantirish uchun asos boʻla olmaydi. Chunki, ushbu hukmda ipoteka shartnomasi notoʻgʻri yoki qonun talablariga zid ravishda tuzilganligi koʻrsatilmagan.
IPK 302-moddasi birinchi qismiga koʻra, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Mazkur holatda, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi va apellatsiya instansiya sudining qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun bunday asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
IPK 301-moddasining 1-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga haqli.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, ish yuzasidan qabul qilingan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, IPKning 118-moddasiga asosan ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari A.F. tomonidan toʻlanganligini inobatga olishni va A.F. hamda X.N. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida koʻrish bilan bogʻliq 85 000 soʻm sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 va 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-iyuldagi hal qiluv qarori va Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 5-sentabrdagi qarori oʻzgarishsiz, A. M. F. va X. A. N. kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
A. M. F. tomonidan davlat boji va pochta xarajati toʻlanganligi inobatga olinsin.
A. M. F. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida koʻrish bilan bogʻliq 42 500 soʻm;
X. A. N. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida koʻrish bilan bogʻliq 42 500 soʻm undirilsin.
Ijro varaqalari berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari I. TADJIYEV
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-dekabr,
4-1905-2203/2240-son