O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-436-son qaroriga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasining qayta tiklanuvchi manbalardan foydalangan holda ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikatlari tizimini bosqichma-bosqich:
2023-yil 1-iyuldan boshlab — “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun;
2023-yil 1-oktabrdan boshlab — quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida hamda qayta tiklanuvchi boshqa energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun joriy etish haqidagi taklifi ma’qullansin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt*soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi;
“yashil energiya” sertifikatlari tizimini yuritish, xususan generatsiya obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, generatsiya obyektlariga berish va ularning harakati hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul organ Iqtisodiyot va moliya vazirligi (emitent) hisoblanadi;
“yashil energiya” sertifikatlari fuqarolik huquqlari obyektlari jumlasiga kiradi, erkin muomalada bo‘lishi va qonunchilikda belgilangan tartibda yoki usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazilishi mumkin;
“yashil energiya” sertifikatlari elektr energiyasi sotilganda yoki bunday sotuvga bog‘liq bo‘lmagan hollarda ham boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin;
generatsiya obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, noyob identifikatsiya raqamiga ega bo‘lgan “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, ularning harakati hisobini yuritish “Yashil energiya” sertifikatlari yagona elektron platformasi orqali xalqaro standartlar talablari asosida amalga oshiriladi;
“yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, berish, hisobdan chiqarish va ularning aylanmasi bilan bog‘liq munosabatlarga qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik tatbiq etilmaydi.
3. 2023-yil 1-iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga vakolatli organlar tomonidan belgilanadigan, energiya sarfi hajmidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan energiya ulushini oshirish bo‘yicha talablarni bajarishda yetishmagan energiya ulushini tegishli miqdordagi “yashil energiya” sertifikatlari hisobidan qoplash huquqi berilsin.
4. Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etilsin.
“Yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilishga doir xarajatlar foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kirishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
“Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha moliya vazirlari koalitsiyasi”ga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi hamda belgilangan tartibda koalitsiyaga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish bo‘yicha taklif kiritilishini;
xalqaro darajada tan olinadigan “yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy qilishga ko‘maklashish uchun ikki oy muddatda Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishish hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi mas’ul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan o‘tishni;
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati va Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2023-yil 15-iyunga qadar I-REC ko‘magini jalb qilgan holda “Yashil energiya” sertifikatlari yagona elektron platformasini ishga tushirishni;
O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan birgalikda birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilinishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi PQ-271-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.08.2023-y., 07/23/271/0574-son)
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va “yashil” o‘sish tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari tashlanmalarini qisqartirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro donor tashkilotlarning texnik ko‘magini jalb qilgan holda vazirlik tizimda davlat muassasasi shaklida “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil etsin.
Loyiha ofisini tashkil etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni olib borish bilan bog‘liq xarajatlar muassisning budjetdan tashqari mablag‘lari va boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.
7. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlansin:
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar (generatsiya obyektlari) va ularning xaridorlarini (ishtirokchilarni) ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
“yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, ularning savdosini amalga oshirish tartibi;
“yashil energiya” sertifikatlaridan foydalanish va hisobdan chiqarish tartibi.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qarorning ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-may,
PQ-156-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2023-y., 07/23/156/0277-son; 09.08.2023-y., 07/23/271/0574-son)