O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston yagona energetika tizimini rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansi saqlanishini hamda Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasining:
Oldingi tahrirga qarang.
Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasini (keyingi o‘rinlarda — Milliy dispetcherlik markazi) tashkil etish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
Milliy dispetcherlik markaziga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning milliy, regional va hududiy dispetcherlik funksiyalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar Milliy dispetcherlik markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yagona elektr energetika tizimini real vaqt rejimlarida operativ boshqarish va uning ishonchli ishlashini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi korxonalarning dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish;
elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning iste’mol qilinishiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni hisobga olgan holda, uni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning har soatlik rejimini shakllantirish;
yagona elektr energetika tizimining texnik va iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimlarini boshqarish;
Milliy dispetcherlik markazi xodimlarining xorijda doimiy ravishda malaka oshirishini ta’minlash hamda malakali xorijiy mutaxassislarni Milliy dispetcherlik markaziga jalb qilish;
avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, ularni bartaraf etish va avariya rejimi bartaraf etilgandan keyin tizimning ishonchliligini tiklash.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 289 ta shtat birligi etib belgilansin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
4. Belgilansinki:
Milliy dispetcherlik markazining asosiy boshqaruv pulti Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqbol ko‘chasi 21-uy manzildagi binoda hamda zaxira boshqaruv pulti Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Osiyo ko‘chasi 42-uyda manzildagi binoda joylashtiriladi;
Milliy dispetcherlik markazining amaldagi boshqaruv pulti sobiq “O‘zbekenergo” AJ binosidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ binosiga uch oy muddatda ko‘chiriladi;
Milliy dispetcherlik markazining asosiy boshqaruv pulti to‘liq ishga tushgandan so‘ng asosiy hamda zaxira boshqaruv pultlari uch oy muddat parallel ishlaydi;
Milliy dispetcherlik markazi faoliyati to‘liq tashkil etilgandan so‘ng “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda tegishlicha rele himoya va avtomatika qurilmalarini ekspluatatsiya qilish, energiya oqimi rejimlarini ishlab chiqish, elektr qurilmalarini ta’mirga chiqarishni tashkil qilish funksiyalari situatsion-tahlil boshqarmalari ko‘rinishida saqlab qolinadi;
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Milliy dispetcherlik markazining hududiy filiallari to‘liq faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur inventarlar, aloqa vositalari va boshqa barcha uskunalar bilan jihozlangan xonalarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;
energetika obyektlarining barcha dispetcherlik bo‘g‘inlarida mavjud elektr qurilmalarning tezkor boshqaruv bo‘ysunuvi qayta ko‘rib chiqilgunga qadar joriy tezkor boshqaruv bo‘ysunuvi amalda saqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat — xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan elektr stansiyalari va elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari hamda yirik iste’molchilarga dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatgani uchun shartnomalar Milliy dispetcherlik markazi va “O‘zenergosotish” AJ o‘rtasida tuziladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
5. Quyidagilar Milliy dispetcherlik markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “O‘zenergosotish” AJ hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va taqsimlovchi boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida dispetcherlik xizmatini ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari;
homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra Milliy dispetcherlik markazining “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJga shartnoma asosida dispetcherlik xizmatini ko‘rsatishdan oladigan daromadi (mablag‘lar) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tartibida Milliy dispetcherlik markazi uchun alohida proporsiyasi ko‘zda tutilsin.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-iyuldagi 275-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
6. Moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy dispetcherlik markazining daromad va xarajatlari smetasini tasdiqlasin.
7. Energetika vazirligi bir oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi Milliy dispetcherlik markazi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Milliy dispetcherlik markazi faoliyatini tashkil etish, uning vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari;
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va yirik iste’molchilar hamda loyihalar asosida yagona energetika tizimiga ulanayotgan yangi quvvatlar Milliy dispetcherlik markazi tomonidan faoliyati doirasida berilgan topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishi majburiyligi;
boshqa davlatlarning elektr energetika tizimi bilan parallel ravishda ishlash qoidalarining aniqlanishi;
elektr energetika tizimi obyektlaridagi asosiy elektr qurilmalarini ta’mirlash yoki sinov-sozlash uchun chiqarish va qayta ishga kiritish;
Milliy dispetcherlik markazi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dispetcherlik departamenti, rele himoya va avtomatika bo‘limi, respublika yagona energetika tizimini va ularning quyi bo‘linmalari orqali tezkor-texnik boshqaruvni amalga oshirish;
b) Milliy dispetcherlik markazining ustavini, uning moliyaviy-iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda, Milliy dispetcherlik markazi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
v) Energetika vazirligining tashkiliy tuzilmasini va markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni va tuzilmasini o‘zgartirish to‘g‘risida taklif ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi tashkilotlarni ushbu jamiyatlarning hududiy filiallari etib qayta tashkil etish takliflariga rozilik berilsin.
9. Energetika vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqib, Kuzatuv kengashiga tasdiqlash uchun kiritilishini ta’minlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-mart,
126-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2022-y., 09/22/126/0231-son; 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)