Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovning “Yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovning “Yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda aholi bandligini taʼminlash, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlash, ish oʻrinlarini yaratish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, aholi bandligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10 dan ziyod Farmon va qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 40 dan ortiq qarorlari qabul qilingan. Xalqaro Mehnat Tashkilotining 4 ta Konvensiyasi va 1 ta bayonnomasi ratifikatsiya qilingan.
Mamlakatimiz Prezidenti raisligida shu yilning 14-dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha mahallabay rejalar ishlab chiqib, taqdimotini qilish lozimligiga alohida urgʻu berildi.
Shuningdek kelgusi yilda yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida tarmoqlar va hududlar kesimida parlamentga maʼlumot berib borish kerakligi qayd etib oʻtildi.
2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturiga muvofiq joriy yilning oʻtgan 10 oyida 381 mingdan ziyod ish oʻrni tashkil etilib, reja 83,3 foizga bajarilgan.
Mehnat organlari tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida 342 231 nafar shaxs (143 364 nafar yoshlar) ishga joylashtirilgan, 218 290 nafar shaxs (72 062 nafar yoshlar) jamoat ishlariga jalb qilingan, 94 672 nafar shaxsga (41 601 nafar yoshlarga) ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
5,2 ming nafar yoshlar “Future Skills Uzbekistan” va “Bir million dasturchi” loyihalari doirasida IT kasblariga, 6,4 ming nafar yoshlar “Yoshlar 1+1” va “Tadbirkor ayol” loyihasi doirasida tadbirkorlik koʻnikmalari va xorijiy tillar boʻyicha oʻqitilgan.
Oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar uchun ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida lavozimlar va ishchilar kasblarining yangi klassifikatori tasdiqlangan. Natijada mehnat bozoriga mos 2 163 ta yangi lavozim va kasblar qoʻshilgan.
Ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb va tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida vazirlik tasarrufida 16 ta “Ishga marhamat”, band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Monomarkaz”, 59 ta tuman va shahar kasb-hunarga oʻqitish markazlari, 136 ta mahallada kasb-hunarga oʻqitish maskanlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻqitish dasturlarining tashkil etilishi natijasida kasb-hunarga oʻqitilgan yoshlarning 74 foizi ish bilan taʼminlangan.
Shu bilan birga mazkur sohalardagi ishlarni tizimli va samarali tashkil etish boʻyicha koʻrilgan choralarga qaramasdan, bu borada ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, mamlakatimizda ishsizlik darajasi hamon yuqori boʻlib, iqtisodiy faol aholi orasida 9,4 foizni, yoshlar orasida 14,9 foizni tashkil etmoqda. Norasmiy sektorda mehnat qilayotgan shaxslarning 38,4 foizini hamda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining 46,1 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovning “Yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov):
aholi, shu jumladan yoshlar bandligiga koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar bozorida zamonaviy infratuzilmani va raqobat muhitini yanada yaxshilash;
ishga joylashishga muhtoj boʻlgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
tarmoqlar va hududlar kesimida ish oʻrinlarini tashkil etishga doir har yilgi davlat buyurtmasini mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish va bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish;
tashqi mehnat bozorini doimiy ravishda oʻrganish va xorijda salohiyatli ish beruvchilarni qidirib topish hamda vakolatli organlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
aholi bandligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishga oid asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish va hukumatga kiritish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-dekabr,
1718-IV-son