O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida do‘stona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash istagidan kelib chiqib,
diplomatik pasport egalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolarining sayohat sharoitlarini soddalashtirishga intilgan holda,
1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab, olti (6) oy ichida to‘qson (90) kundan oshmagan muddatda vizalar rasmiylashtirmagan holda, ushbu Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit o‘tish hamda unda vaqtinchalik bo‘lish huquqiga egadirlar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan muddatdan uzoqroq muddatga boshqa Tomon davlatining hududiga kirishni istagan bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari ushbu Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza olishlari lozim.
1.Basharti Tomonlardan biri amaldagi diplomatik pasportga ega bo‘lgan o‘zining har qanday fuqarosini boshqa Tomon davlati hududidagi o‘zining diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga yoki xalqaro tashkilotlarga tayinlagan taqdirda, u tayinlangan shaxs boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan so‘ng, boshqa Tomonni bunday tayinlov haqida xabardor qiladi.
2. Boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan so‘ng, ushbu moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan shaxslar tegishli diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlarning so‘roviga binoan va qabul qiluvchi Tomon davlatining qonunlariga muvofiq o‘ttiz (30) kun ichida akkreditatsiya qilinadi.
3. Har qanday Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan ushbu Tomonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalarida yoki xalqaro tashkilotlarda akkreditatsiya qilingan amaldagi diplomatik pasport egalari o‘z akkreditatsiya muddati davomida boshqa Tomon davlatining hududiga viza talablarisiz kirishi, undan chiqishi, tranzit o‘tishi yoki unda bo‘lib turishi mumkin.
4. Ushbu moddaning 3-bandida ko‘rsatilgan shartlar bir Tomon davlati hududida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi yoki xalqaro tashkilot xodimining turmush o‘rtog‘i, voyaga yetmagan farzandlari va qaramog‘ida bo‘lgan ota- onalariga ham tatbiq qilinadi, basharti ular boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari hisoblansalar.
1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida pasportlar yo‘qolgan yoki shikastlangan taqdirda, o‘z davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan xabardor qiladilar, ular esa qabul qiluvchi davlatning vakolatli idoralarini tegishli choralar ko‘rish uchun xabardor qiladilar.
2. Yo‘qolgan yoki shikastlangan hujjat o‘rniga tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi pasport yoki yo‘qolgan yoxud shikastlangan pasportning o‘rnini vaqtinchalik bosuvchi boshqa yo‘l hujjatini taqdim etadi.
Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati chegarasini faqat ushbu Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq xalqaro yo‘lovchi tashish uchun ochiq bo‘lgan chegara punktlari orqali kesib o‘tadilar.
Tomonlardan biri davlatining vakolatli organlari boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalarining, basharti ularning hududda bo‘lib turishlari nomaqbul deb topilsa, ushbu davlat hududiga kirishlarini rad etish yoki unda bo‘lib turishlarini qisqartirish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati hududida bo‘lish vaqtida ushbu davlatning qonunchiligini hurmat qilish majburiyatini oladilar.
1. Har bir Tomon, jamoat tartibini ta’minlash, davlat xavfsizligini yoki jamoat sog‘lig‘ini himoya qilish zarurati paydo bo‘lganda, mazkur Protokolni qo‘llashni to‘liq yoki qisman to‘xtatishi mumkin. Bunday holda, boshqa Tomon ushbu qaror haqida zudlik bilan yozma ravishda xabardor qilinadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan chora- tadbirlarni qo‘llashga qaror qilgan Tomon ushbu chora-tadbirlarni bekor qilish va mazkur Protokolni qo‘llashni qayta tiklash to‘g‘risida zudlik bilan boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
1.Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Protokol kuchga kirgan kundan boshlab o‘ttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik pasport namunalarini almashadilar.
2. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari diplomatik pasportga kiritiladigan o‘zgartirishlar haqida ushbu o‘zgartirishlar kuchga kirishidan oldin o‘ttiz (30) kundan kechiktirmasdan bir-birlarini xabardor qiladilar va bir vaqtning o‘zida boshqa Tomon davlatining vakolatli organlariga namunalarni taqdim etadilar.
Mazkur Protokolni talqin qilish yoki ko‘llash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Tomonlar o‘rtasidagi har qanday nizolar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
Mazkur Protokolga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar ikkala Tomon o‘rtasida o‘zaro kelishib olinadi hamda diplomatik kanallar orqali rasmiy notalar almashinuvi bilan amalga oshiriladi.
1. Mazkur Protokol nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari to‘g‘risidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab o‘ttiz (30) kundan so‘ng kuchga kiradi.
2. Har bir Tomon boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Protokolning amal qilishini tugatishi mumkin. Bunday holda, mazkur Protokolning amal qilishi boshqa Tomon tugatish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan sanadan boshlab o‘ttiz (30) kundan so‘ng tugatiladi.
Abu-Dabi shahrida 2019-yil 25-martda ikki nusxada, har biri o‘zbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.