Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika oliy sport mahorati maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida sportchi lavozimini joriy etish hamda ularga oylik ish haqi va ustamalar belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz koʻchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrsida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3196-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston milliy terma jamoalari aʼzolarini moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularni ragʻbatlantirish hamda yuksak mahoratli sportchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2018-yil 1-yanvardan boshlab Respublika oliy sport mahorati maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari (keyingi oʻrinlarda sport maktablari deb ataladi) shtatlar jadvaliga “sportchi” lavozimi kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“sportchi” lavozimiga Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining asosiy tarkibidagi sportchilar qabul qilinadi;
sport maktablarida “sportchi” lavozimi boʻyicha shtat birliklari soni sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining aʼzolari sonidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda “sportchi” lavozimiga qoʻyiladigan talablar, ularga oylik ish haqi va ustamalar belgilash toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yildan boshlab sport maktablarida “sportchi” lavozimi boʻyicha shtat birliklarini saqlash uchun zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.J. Qurbonov hamda Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-sentabr,
733-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 38-son, 1042-modda)