O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QARZ OLUVChILARNING KREDIT TARIXI TO‘G‘RISIDAGI AXBOROTNI HISOBGA OLISh TIZIMINI ShAKLLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-martdagi 74-sonli “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 15-dekabrdagi 547-son qarori bilan tasdiqlangan 2004-yil uchun makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirishning asosiy chora-tadbirlari dasturiga muvofiq, moliya intizomini mustahkamlash, kredit operatsiyalari bo‘yicha tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida va potensial qarz oluvchilarni axborot bilan ta’minlashning xalqaro tajribasidan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axboroti milliy institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axboroti milliy institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tijorat banklari va ularning qarz oluvchilari kredit operatsiyalari, qarz oluvchilarning majburiyatlarini ta’minlash turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank nazorati funksiyalarini amalga oshirish, kredit siyosatidagi o‘zgarishlarni va tijorat banklarining kredit portfeli holatini tahlil etish maqsadida kredit axborotining yagona reyestrini yuritish;
shartnoma asosida tijorat banklariga va kredit-axborot byurolariga kredit axboroti berish.
2. O‘zbekiston Banklari uyushmasi, “Asaka” banki, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Paxta-bank”, “G‘alla-bank” va “Aloqa-bank”ning O‘zbekiston Banklari uyushmasining “Kredit-axborot byurosi” shu’ba korxonasini yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan tashkilot — Banklararo kredit byurosiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Quyidagilar Banklararo kredit byurosi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
tijorat banklarining qarz oluvchilari — jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risida ularning kredit tarixini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish va axborotlarni tahlil qilish;
real sektor korxonalari faoliyatini tahlil etish va qarz oluvchilarni reyting baholash tizimini shakllantirish;
shartnoma asosida banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga, shuningdek qarz oluvchilarning o‘ziga ularning so‘rovnomalari bo‘yicha qarz oluvchilarning kredit tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, quyidagilar Kredit axboroti milliy instituti va Banklararo kredit byurosining ma’lumotlar bazasini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tijorat banklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etiladigan olingan kreditlar shartlari, tuzilgan lizing va faktoring shartnomalari, garovga qo‘yilgan mol-mulk va tijorat banklari oldidagi majburiyatlarni ta’minlash uchun berilgan kafolatlar (kafillik) to‘g‘risidagi axborotlar;
banklar bilan ularning mijozlari o‘rtasidagi tegishli shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda tijorat banklari tomonidan Banklararo kredit byurosiga taqdim etiladigan ma’lumotlar;
bankdan olingan kreditlarni o‘z vaqtida qaytarish yuzasidan o‘z majburiyatlarini bajarmagan qarz oluvchilar to‘g‘risidagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 35-moddasiga muvofiq tijorat banklari tomonidan oshkor qilinadigan axborotlar;
Kredit axboroti milliy instituti va Banklararo kredit byurosi tomonidan davlat statistika va iqtisodiyot organlaridan, nodavlat tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlardan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa asoslar bo‘yicha olingan ma’lumotlar.
5. Belgilansinki:
Kredit axboroti milliy instituti va Banklararo kredit byurosining ma’lumotlar bazasidan mazkur qarorda nazarda tutilmagan boshqa shaxslarga ma’lumotlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
potensial qarz oluvchilarning kredit tarixi to‘g‘risida axborot oladigan tijorat banklari qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq uning himoya qilinishi va saqlanishini ta’minlashlari zarur.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bir oy muddatda:
Kredit axboroti milliy institutining ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda Banklararo kredit byurosiga va tijorat banklariga kredit axboroti taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
O‘zbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda Banklararo kredit byurosi va tijorat banklari o‘rtasida ma’lumotlar ayirboshlanishini tartibga soluvchi normativ hujjatni hamda kredit tarixi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etish tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 23-aprel,
197-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 16-son, 189-modda; 2012-y., 12-son, 132-modda)