Oliy xo‘jalik sudining 2015-yillik ish rejasiga asosan 2011 — 2014-yillar va 2015-yilning birinchi yarmida firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish hamda ularni huquqiy himoya qilish bilan bog‘liq xo‘jalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (84 ta) xo‘jalik ishlari va ular yuzasidan o‘tkazilgan umumlashtirishlar o‘rganib chiqildi.
1. Tovar belgisiga doir guvohnomani yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizolar xo‘jalik sudiga taalluqli hisoblanadi.
Da’vogar Toshkent vrachlarni malakasini oshirish instituti javobgarlar “A” MChJ (Qozog‘iston) hamda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “A” MChJ nomiga rasmiylashtirilgan “Chelovek i lekarstvo” tovar belgisiga berilgan MGU 24786-conli guvohnomani haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Sud XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asoslanib, ya’ni nizo xo‘jalik sudida ko‘rib chiqishga tegishli emas deb hisoblab da’vo arizasini qabul qilishni rad etgan.
Vaholanki, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasiga asosan Tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida, basharti u ushbu Qonunning 4-moddasi ikkinchi qismida va 10-moddasi birinchi qismining 1—12-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan bo‘lsa yoki tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan sanadan e’tiboran besh yil mobaynida, basharti u ushbu qonunning 10-moddasi birinchi qismining 13 va 14-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan bo‘lsa, to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisi egasining harakatlari belgilangan tartibda insofsiz raqobat fakti deb topilgan taqdirda, tovar belgisiga doir guvohnoma uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan sanadan e’tiboran uch yil ichida to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma uning amal qilishining butun muddati davomida, basharti u ushbu Qonunda belgilangan talablarni buzgan holda berilgan bo‘lsa, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisiga doir guvohnoma yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma Apellatsiya kengashining yoki sud qarori asosida to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topiladi.
Shu sababli, apellatsiya instansiyasi sudi asosli ravishda birinchi instansiya sudining da’vo arizasini qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilib, ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
2. Tovar belgisiga doir guvohnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran uzrli sababsiz uzluksiz besh yil mobaynida undan foydalanilmaganda, istalgan manfaatdor shaxs uni muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatishni sudga so‘rab murojaat qilishga haqli.
Da’vogar “A” MChJ javobgar “B” AJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, AJ nomiga 484353A-son bilan xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan “PRIMALAN” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Madrid kelishuviga muvofiq “B” AJ nomiga 2003-yilda “PRIMALAN” tovar belgisi 484353A-son bilan xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilib, dori vositalarini tarqatish va tovar belgisini himoya qiluvchi davlat sifatida O‘zbekiston Respublikasi tanlangan. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “B” AJ nomiga 2003-yilda “PRIMALAN” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma berilgan. Biroq, “B” AJ “PRIMALAN” tovar belgisi uchun guvohnoma olgan vaqtdan da’vo kiritilgunga qadar, ya’ni 2014-yilgacha bu nomdagi dori vositasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelmagan yoki shu erda ishlab chiqarib sotuvga chiqarmagan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.
FK 1104-moddasining birinchi qismiga asosan tovar belgisidan u ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin uzrli sababsiz uzluksiz besh yil davomida foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bilan bekor qilinishi mumkin.
“A” MChJ “PRIMALAC” tovar belgisi ostida dori vositasi ishlab chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga talabnoma bilan murojaat qilgan. Biroq, agentlik tomonidan MChJning talabnomasi rad qilingan. Talabnomaning rad qilinishiga “PRIMALAC” tovar belgisiga fonetik jihatdan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan “PRIMALAN” tovar belgisi “B” AJ nomiga ro‘yxatga olinganligi asos qilib ko‘rsatilgan.
Shu sababli, “A” MChJ sudga murojaat qilib, “B” AJ “PRIMALAN” tovar belgisidan besh yil mobaynida uzluksiz foydalanmaganligini inobatga olib ushbu tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi FK 1104-moddasining birinchi qismi va yuqoridagi Qonun 25-moddasining uchinchi qismiga asoslanib da’voni qanoatlantirgan. “PRIMALAN” tovar belgisidan foydalanish uchun “B” AJ nomiga berilgan guvohnomaning amal qilishi muddatidan oldin tugatilgan.
3. Hammaga ma’lum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritiladi. Hammaga ma’lum tovar belgisiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ular hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi.
Da’vogar “M” MChJ javobgar “N” AJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini yuklashni va 100 000 000 so‘m zararni undirishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “M” MChJ tomonidan 2009-yilda “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” nomli vino ichimliklarining texnologik instruksiyalari ishlab chiqilib, shu nomdagi ichimliklar qadoqlangan. Biroq, MChJ ushbu nomlarda vino ichimliklarini qadoqlash va sotuvga chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olmagan. 2010-yil 3-martda MChJga vino qadoqlash uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugagan. Shu sababli, MChJ vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatib turgan. U o‘z faoliyatini to‘xtatib turgan davrda 2010-yil 22-iyuldagi 83-sonli xat bilan “O‘zbekiston shampani” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanib turish uchun ruxsat bergan.
2014-yil 24-martda “M” MChJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma berilgan. Shundan so‘ng, “M” MChJ “O‘zbekiston shampani” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatishni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar talab darajasida emasligini, endilikda, ushbu nomdagi tovar belgisi ostida MChJning o‘zi mahsulot ishlab chiqarishini ma’lum qilgan.
Shu sababli, “M” MChJ sudga murojaat qilib, javobgarga mazkur tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini yuklashni va shu nomlarda talab darajasida bo‘lmagan mahsulotlar ishlab chiqarilganligi oqibatida yetkazilgan 100 000 000 so‘m zararni undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatish majburiyati yuklatilgan. Da’vo talabining 100 000 000 so‘m zarar undirish qismi isbotlab berilmaganligi uchun qanoatlantirish rad etilgan.
Sud da’vo talabining AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini yuklash qismini qanoatlantirishda “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga tayangan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga binoan hammaga ma’lum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritiladi. Hammaga ma’lum tovar belgisiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ular hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi. E’lon qilinadigan ma’lumotlar tarkibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
Javobgar yuqoridagi tovar belgilarini Agentlik tomonidan hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganligini va hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilib, Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qilinganligini isbotlab bera olmagan.
Shu sababli, sud asosli ravishda da’vo talabining “N” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini yuklash qismini qanoatlantirgan.
“N” AJ hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Biroq AJ apellatsiya shikoyatidan voz kechganligi uchun apellatsiya shikoyati bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Da’vogar “A” MChJ javobgar “I” kompaniyasiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniya nomiga “INTEL” tovar belgisi uchun berilgan 8853-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 1999-yil 19-iyulda Davlat patent idorasida “I” kompaniyasi nomiga “INTEL” tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilib, 8853-sonli guvohnoma berilgan. Biroq, “I” kompaniyasi “INTEL” tovar belgisi uchun guvohnoma olgan vaqtdan da’vo kiritilgunga qadar, ya’ni 2014-yilgacha bu nomdagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelmagan yoki shu erda ishlab chiqarib sotuvga chiqarmagan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.
Shu sababli, “A” MChJ sudga murojaat qilib, “I” kompaniyasi “INTEL” tovar belgisidan besh yil mobaynida uzluksiz foydalanmaganligini inobatga olib ushbu tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
“INTEL” tovar belgisi ostidagi mahsulotlardan O‘zbekiston Respublikasi va butun jahonda keng miqyosda foydalanib kelinayotgan bo‘lsa-da, bu tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan hammaga ma’lum tovar belgisi sifatida ro‘yxatga olinmagan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga binoan hammaga ma’lum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritiladi. Hammaga ma’lum tovar belgisiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ular hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi. E’lon qilinadigan ma’lumotlar tarkibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
Birinchi instansiya sudi Qonun 25-moddasining uchinchi qismiga asoslanib da’voni qanoatlantirgan. “INTEL” tovar belgisidan foydalanish uchun “I” kompaniyasi nomiga berilgan guvohnomaning amal qilishi muddatidan oldin tugatilgan.
4. Xo‘jalik sudiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi berilganda, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, da’vo bo‘yicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
Da’vogar “T” kompaniyasi javobgar Davlat patent idorasi va “K” MChJ QKga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Davlat patent idorasi (Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi) Apellatsiya kengashining 2010-yil 6-maydagi qarorini bekor qilishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2006-yil 13-aprelda Davlat patent idorasida “T” kompaniyasiga nomiga “DOHONGWAN” tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2006-yilda tashkil etilgan “K” MChJ Apellatsiya kengashiga murojaat qilib, “T” kompaniyasiga berilgan tovar belgisining yuqori qismida “Xitoy katta qizil kosa korxonasi” hamda pastki qismida “Bolshaya krasnaya chashka KNR” so‘z birikmalari mavjudligi, bu esa “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablariga zid ekanligi sababli tovar belgisi uchun berilgan guvohnomani bekor qilishni so‘ragan.
Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashi “T” kompaniyasiga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatgan.
Shu sababli, “T” kompaniyasi 2011-yil 26-yanvarda sudga murojaat qilib, Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashining 2010-yil 6-maydagi qarorini bekor qilishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining uchinchi qismiga asoslanib, da’vo muddati o‘tganligi uchun, da’vo muddatini qo‘llab, da’voni qanoatlantirishni rad etgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi ishni mazmunan ko‘rishdan oldin Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi nizolar xo‘jalik sudida ko‘rishga taalluqliligi masalasini hal etishi lozim edi.
5. Talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqli.
Da’vogar “M” kompaniyasi javobgar O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan MGU 23823-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni va O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellatsiya kengashi 2014-yil 12-martdagi qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2013-yil 1-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Tubex” MChJ nomiga tovar belgisidan foydalanish uchun № MGU 23823-sonli guvohnoma berilgan.
Mazkur tovar belgisidagi tasvir “M” kompaniyasiga qarashli № 837520 va № 254351-son bilan xalqaro ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilariga adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lganligi uchun da’vogar O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellatsiya kengashiga murojaat qilib, “Tubex” MChJ nomiga berilgan № MGU 23823-sonli guvohnomani haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Biroq, Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarori bilan “M” kompaniyasining talabnomasini qanoatlantirish rad etilgan.
Shundan so‘ng, Kompaniya 2014-yil 10-dekabrda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun № MGU 23823-son bilan berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan. Ish sudda ko‘rilayotgan vaqtda Kompaniya qo‘shimcha da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarorini ham haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi da’vo talabining Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarorini haqiqiy emas deb topish qismini asosli tarzda “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining uchinchi qismida belgilangan da’vo muddati o‘tib ketganligi uchun da’vo muddatini qo‘llab, uni qanoatlantirishni rad etgan.
Ushbu Qonun 16-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqli.
Da’vogar sudga murojaat qilish muddatini o‘tkazib yuborilishiga sabab bo‘lgan biron-bir uzrli sababni keltira olmagan.
Sud da’voning “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan MGU 23823-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatish qismini ham qanoatlantirishni da’vogar da’vo talabini asoslash uchun keltirgan vajlarini isbotlay olmaganligi uchun rad etgan.
6. FK 53-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi. Shu sababli, yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan unga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaga bo‘lgan huquq ham tugaydi.
Da’vogar “N” Shu’ba xo‘jalik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2013-yil 15-dekabrda “N” Shu’ba xo‘jalik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “Oksamp/Oxampum” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma bilan murojaat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi talabnomada ko‘rsatilgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgan. Agentlikning bunday xulosaga kelishiga “GRANGFARMMEDICAL” MChJ nomiga “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun guvohnoma berilganligi, so‘zlardagi elementlar adashtirish darajasida o‘xshash ekanligi asos qilib keltirilgan.
“GRANGFARMMEDICAL” MChJ 2014-yil 4-avgustda o‘z faoliyatini tugatib, davlat reyestridan chiqarilgan.
Shu sababli, “N” Shu’ba xo‘jalik jamiyati sudga murojaat qilib, “GRANGFARMMEDICAL” MChJ o‘z faoliyatini tugatib davlat reyestridan chiqib ketganligi sababli, uning nomiga “Oksampinitsillin” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani muddatidan oldin amal qilishini tugatishni so‘ragan.
FK 53-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
FKning mazkur normasiga asosan “GRANGFARMMEDICAL” MChJning tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganligi uning tovar belgisiga bo‘lgan huquqining bekor qilinishiga olib kelgan.
Shu sababli, sud asosli ravishda da’voni qanoatlantirib, “GRANGFARMMEDICAL” MChJga “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatgan.
7. Ko‘rgazmaga oid ustuvorlik so‘rab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik so‘rashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasining qatnashchisi bo‘lgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan ko‘rgazmaning maqomini, ya’ni rasmiy xalqaro ko‘rgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan ko‘rgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qo‘yilgan tovarlar ro‘yxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani o‘z ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli ko‘rgazma ma’muriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Da’vogar “K” AJ javobgar O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining 2011-yil 14-fevraldagi qarorini haqiqiy emas deb topishni va Agentlikka “K” AJ tomonidan berilgan talabnoma bo‘yicha ish yuritishni davom ettirish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2007-yilda “I” MChJ va “K” AJ o‘rtasida litsenziya shartnomasi imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra “K” AJga “DIVNOYE” tovar belgisidan Ukraina Respublikasi hududida foydalanish huquqi berilgan. 2008-yil 3-aprelda Davlat patent idorasi (Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi)ga “K” AJ tomonidan “DIVNOYE” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma berilgan. Talabnomani berish uchun da’vogar tomonidan Gruziya davlatining Tbilisi shahrida 2007-yil 4 — 6-oktabrda o‘tkazilgan “Interfood Georgia 2007” nomli xalqaro ko‘rgazmada “DIVNOYE” tovar belgisi ostidagi mahsulotlar bilan ishtirok etganligi bu tovar belgisini olishda ustuvorlik huquqini berishi asos qilib keltirilgan. Biroq, Davlat patent idorasi da’vogarning talabnomasini qanoatlantirishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bunday qaror qabul qilinishiga “Divnoye” tovar belgisi ilgariroq “Interoyl” MChJ nomiga rasmiylashtirilganligi va bu belgilar aynan o‘xshash bo‘lganligi uchun talabnomani qanoatlantirib bo‘lmasligi asos bo‘lgan.
Da’vogar Davlat patent idorasining qaroridan norozi bo‘lib Apellatsiya kengashiga shikoyat qilgan. Apellatsiya kengashi ham da’vogarning xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etganligi to‘g‘risidagi hujjatlar ishonchli (haqqoniy) bo‘lmaganligini vaj qilib, Adliya Vazirligi tomonidan 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan ro‘yxatga olingan Davlat Patent Idorasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish Qoidalari”ning 11-bandiga asosan shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan.
Mazkur Qoidalarning 11-bandiga ko‘ra, ko‘rgazmaga oid ustuvorlik so‘rab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik so‘rashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi, u Agentlikka talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab uch oydan kechiktirilmay topshiriladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasining qatnashchisi bo‘lgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan ko‘rgazmaning maqomini, ya’ni rasmiy xalqaro ko‘rgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan ko‘rgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qo‘yilgan tovarlar ro‘yxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani o‘z ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli ko‘rgazma ma’muriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Ko‘rgazmaviy ustuvorlikni belgilash haqidagi iltimosnoma talabnomani topshirishda (arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki talabnoma Patent idorasiga kelib tushgan sanadan so‘ng ikki oy mobaynida taqdim etilishi mumkin.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 12-moddasining uchinchi qismiga asosan Konvensiya yoki ko‘rgazma ustuvorligi huquqini so‘rayotgan talabnoma beruvchi qo‘yilgan talab haqqoniy ekanligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni ilova qilgan holda bu haqda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomani berayotganida yoki Agentlikka talabnoma tushganidan keyin ikki oy mobaynida ma’lum qilishi shart yoxud bu hujjatlarni tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnoma tushgan vaqtdan e’tiboran uch oydan kechiktirmay Agentlikka taqdim etishi lozim.
Ish ko‘rilishi jarayonida, haqiqatdan, da’vogar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligiga shubha uyg‘ongan va uni ko‘rgazmada ishtirok etganligi to‘liq tasdiqlanmagan. “Interfood Georgia 2007” ko‘rgazmasining rasmiy saytidagi ko‘rgazma ishtirokchilari ro‘yxati tekshirilganda ham “K” AJ ro‘yxatda yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi Qonun 12-moddasining uchinchi qismiga va Qoidalarning 11-bandiga tayangan holda da’vogar ko‘rgazmada ishtirok etganligi to‘g‘risidagi hujjatlarning haqqoniy ekanligini isbotlab bera olmaganligidan kelib chiqib, asosli ravishda da’voni qanoatlantirishni rad etgan.
8. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga ko‘ra alkogol mahsulotlarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu sababli, reklamani amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning alkogol mahsulotini reklamasi amalga oshirilmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi dalil hisoblanmaydi.
Da’vogar “I” MChJ javobgar “S” kompaniyasiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniyaga “S” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “I” MChJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “S” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida talabnoma berilgan. Biroq, “S” tovar belgisidan foydalanish uchun “S” kompaniyasiga avvalroq guvohnoma berilganligi uchun bu tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan. “S.” kompaniyasi ushbu tovar belgisidan uzluksiz besh yil davomida, ya’ni 2008 — 2013-yillarda foydalanmaganligi uchun “I” MChJ sudga murojaat qilib, uning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni so‘ragan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.
Sud ishni ko‘rishda javobgar tomonidan tovar belgisidan besh yil davomida foydalanilmaganligi fakti sifatida turli tashkilot va idoralardan olingan ma’lumotnomalarni, jumladan Toshkent shahar hokimiyatining Reklama-axborot faoliyati bo‘yicha ishchi organining “Toshkent Reklama - servis” DUKdan olingan ma’lumotnomasini ham dalil qilib olgan.
Vaholanki, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan tamaki, tamaki mahsulotlari va har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar reklamasi taqiqlanadi, shu jumladan:
tamaki, tamaki mahsulotlari yoki alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, o‘yinlar va boshqa shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
savdo obyektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida, vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlarini va ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni targ‘ib etish, ya’ni alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar hamda badiiy obrazlarni oshkora yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan xatti-harakatlar taqiqlanadi.
Mazkur Qonunlardan ko‘rinib turibdiki, alkogol mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi. Shu sababli, sud da’voni qanoatlantirishda “Toshkent Reklama - servis” DUKning ma’lumotnomasini dalil sifatida qabul qilib xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Bundan tashqari, xo‘jalik ishida javobgar tomonidan 2008-2013-yillarda “STOLICHNAYA” tovar belgisidan foydalanilganligi to‘g‘risida dalillar keltirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilgan. Kassatsiya instansiyasi sudi apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.
9. Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud bojxona organiga noqonuniy tarzda foydalanilgan tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boshqa davlatdan olib kirilishi yoki boshqa davlatga chiqib ketilishini ta’qiqlash majburiyatini yuklashi mumkin.
Da’vogar “R” AJ javobgar “A” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, MChJga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida tayyorlangan tovarlarni tovar belgilari egasining yozma ruxsatisiz olib kirish, tarqatish va realizatsiya qilishni ta’qiqlashni, Davlat Bojxona qo‘mitasiga nazorat qilish yo‘li bilan “A” MChJ tomonidan da’vogarning huquqlarini buzilishiga, ya’ni da’vogar bilan litsenziya shartnomasi tuzmasdan chetdan “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida mahsulot olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Madrid kelishuviga muvofiq “R” AJ nomiga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilib, tovar belgisini himoya qiluvchi davlat sifatida O‘zbekiston Respublikasi tanlangan. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “R” AJ nomiga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilaridan foydalanish uchun guvohnoma berilgan.
Javobgar tomonidan da’vogarning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlari buzilib, O‘zbekiston Respublikasiga “R” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostidagi tovarlar olib kirilib saqlangan va sotishga taklif qilingan. Biroq, javobgar tomonidan qayd etilgan tovar belgilaridan foydalanish bo‘yicha tovar egasi bilan litsenziya shartnomasi tuzilmagan. Bu holatni sud majlisida javobgar vakillari ham tan olgan.
Shu sababli, sud da’vo talabining MChJga “R” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida tayyorlangan tovarlarni tovar belgilari egasining yozma ruxsatisiz olib kirish, tarqatish va realizatsiya qilishni ta’qiqlash qismini qanoatlantirgan.
Da’vo talabining bu qismini qanoatlantirilganligi ikkinchi talabni, ya’ni Davlat Bojxona qo‘mitasiga “A” MChJ tomonidan chetdan mahsulot olib kirishda tovar belgisiga bo‘lgan da’vogarning huquqlarini buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklash talabini qanoatlantirishga asos bo‘lgan.
Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga asosan davlat xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, ma’naviyat, inson hayoti va salomatligini saqlash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, O‘zbekiston Respublikasi hamda boshqa mamlakatlar xalqlarining badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlarni iste’mol qiluvchilarning manfaatlarini himoya qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanishi mumkin.
10. O‘zga shaxslarga tegishli va O‘zbekiston Respublikasi hududida taniqli bo‘lgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga bo‘lgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan bo‘lsa, takrorlovchi belgilar deb hisoblanadi va tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
Da’vogar “S” MChJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “C” (C.A.T.I.A.) MChJga muayyan harakatlarni bajarish, ya’ni ommaviy axborot vositalari va internetda “Silk Road Destinations” tovar belgisi ostida turistik xizmatlar tashkillashtirilishi bo‘yicha xizmatlar reklamasini bekor qilish, “ZONDA BUS” turistik transport vositalaridan noqonuniy ishlatilayotgan “Silk Road Destinations” tovar belgisini olib tashlash, turistik xizmatlarni reklama qilish uchun tayyorlangan har qanday qayd etilgan tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Ishga “Katia - Silk Road Destinations” MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudida ish ko‘rilishi jarayonida javobgar “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Katia - Silk Road Destinations” MChJ yuridik shaxs sifatida Samarqand shahar hokimligida 2008-yil 4-fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Biroq, ushbu MChJ mustaqil yuridik shaxs bo‘lib “Katia - Silk Road Destinations” nomi bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsada, O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma berilgan.
“Katia - Silk Road Destinations” MChJ va “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ o‘rtasida litsenziya shartnomasi tuzilib, 2009-yil 3-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, “Katia - Silk Road Destinations” MChJ “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJga MGU 17964-sonli tovar belgisidan va guvohnomasidan foydalanish huquqi berilgan.Mazkur shartnomaga asosan “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ o‘z faoliyatini amalga oshirishda, ya’ni turistik xizmatlarni tashkillashtirishda va reklamalarda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanib kelgan.
O‘z navbatida, “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ ham litsenziya shartnomasiga asosan tovar belgisidan foydalanish huquqi mavjud bo‘lganligi va da’vogarga “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma qonun hujjatlariga zid ravishda berilganligi uchun uni haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida, basharti u ushbu Qonunning 4-moddasi ikkinchi qismida va 10-moddasi birinchi qismining 1 — 12-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan bo‘lsa yoki tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan sanadan e’tiboran besh yil mobaynida, basharti u ushbu qonunning 10-moddasi birinchi qismining 13 va 14-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan bo‘lsa, to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur Qonun 14-bandining ikkinchi xatboshisiga ko‘ra, o‘zga shaxslarga tegishli va O‘zbekiston Respublikasi hududida taniqli bo‘lgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga bo‘lgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan bo‘lsa, takrorlovchi belgilar tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
FK 1099-moddasiga asosan yuridik shaxsning firma nomidan unga tegishli tovar belgisida foydalanilishi mumkin.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi asosli ravishda dastlabki da’voni qanoatlantirishni rad etib, qarshi da’voni qanoatlantirgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnoma haqiqiy emas deb topilgan.
Apellatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
11. FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomga o‘xshab ketadigan bo‘lsa, u ro‘yxatga olinishi mumkin emas. Agar da’vo talabini asoslash uchun bir firma nomi ikkinchi firmaning nomi bilan bir xil yoki aynan o‘xshash ekanligi to‘g‘risida vaj keltirilgan bo‘lsa, firma nomlari bir xil yoki aynan o‘xshash ekanligini da’vogar isbotlab berishi lozim. Aks holda, bunday talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Da’vogar “INTEL CORPORATION” kompaniyasi javobgar Toshkent shahar Statistika boshqarmasi va Mirzo Ulug‘bek tuman Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyasiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Toshkent shahar Statistika boshqarmasining 2009-yil 3-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomining “INTEL” so‘zi bilan adashtirish darajasida o‘xshash emasligi to‘g‘risida bergan ma’lumotnomasini va Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyasining 2009-yil 20-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomi ostida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Ajrim bilan Mirzo Ulug‘bek tuman Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyasi yuridik shaxs bo‘lmaganligi uchun Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi ishga javobgar sifatida jalb qilingan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 1999-yil 19-iyulda Davlat patent idorasi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi)da “INTEL CORPORATION” kompaniyasi nomiga “INTEL” tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilib, 8853-sonli guvohnoma berilgan.
“INTELLSHERE GROUP” MChJ ta’sischilari ushbu korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida boshqa nomlar bilan birga Toshkent Statistika boshqarmasiga so‘rovnoma bergan. Boshqarma tomonidan 2009-yil 3-iyulda “INTELLSHERE GROUP” firma nomi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berilgan. Natijada, 2009-yil 20-iyulda “INTELLSHERE GROUP” MChJ Mirzo-Ulug‘bek tuman Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biroq, da’vogar ushbu holatlarni FK 1098-moddasining uchinchi qismiga zid deb hisoblab sudga murojaat qilgan.
FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomga o‘xshab ketadigan bo‘lsa, u ro‘yxatga olinishi mumkin emas.
Ish ko‘rilishi vaqtida da’vogar Toshkent shahar Statistika boshqarmasining 2009-yil 3-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomining “INTEL” so‘zi bilan adashtirish darajasida o‘xshash emasligi to‘g‘risida bergan ma’lumotnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi talabdan voz kechganligi uchun bu talab bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Birinchi instansiya sudi da’vo talabining Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyasining 2009-yil 20-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomi ostida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini qisman haqiqiy emas deb topish qismini qanoatlantirishni rad etgan. Sudning bunday xulosaga kelishda da’vogar tomonidan keltirilayotgan FK 1098-moddasining uchinchi qismidagi normani mazkur holatga tatbiq etib bo‘lmaydi deb hisoblagan. Chunki, “INTEL CORPORATION” kompaniyasi nomidagi “INTEL” so‘zi kompaniyaning dastlabki nomi “Integrated Electronics”ning qisqartmasidan olingan. “INTELLSHERE GROUP” MChJ vakillarining bergan tushuntirishlari va yozishmalaridan ko‘rinishicha “INTELLSHERE GROUP” MChJning firma nomidagi “INTELL” so‘zi esa “Intellectual”, “Intelligent”, “Intelligence”, so‘zlaridan olinganligi ma’lum qilingan. “INTELLSHERE GROUP” MChJning firma nomidagi “INTELL” so‘zida “INTEL” so‘zidan farqli ravishda ikkita inglizcha “LL” harflari mavjud. “INTELLSHERE GROUP” MChJ vakillarining tushuntirishlari va ish hujjatlariga asosan sud “INTELLSHERE GROUP” firma nomidagi “INTELL” so‘zi “INTEL CORPORATION” firma nomidagi “INTEL” so‘zidan olinmagan degan xulosaga kelgan.
12. Iste’molchining ongida tovarning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil qiladigan belgilar tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Chunki, bunday tovar belgilari tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar hisoblanadi.
Da’vogar “Culbahar Tobacco International FZE” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Apellatsiya kengashining 2013-yil 25-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Culbahar Tobacco International FZE” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “MILANO” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishuchun talabnoma bilan murojaat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi talabnomada ko‘rsatilgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgan. Da’vogar Agentlikning qaroridan norozi bo‘lib Apellatsiya kengashiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Apellatsiya kengashi ham shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan. Apellatsiya kengashining bunday xulosaga kelishiga tovar belgisi uchun tanlangan “MILANO” so‘zi Italiya davlatida joylashgan Milan shahridan olingan bo‘lib, italyancha shahar nomini anglatishi ko‘rsatilgan. Bunday tovar belgisining berilishi bu tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Milan shahrida ishlab chiqarilgan degan xulosani keltirib chiqarib, iste’molchilarni tovar kelib chiqqan joy nomi bo‘yicha chalg‘itishi mumkinligi bildirilgan.
Adliya vazirligida 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan ro‘yxatga olingan Davlat patent idorasi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish Qoidalari” 4-bandining “i” kichik bandiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan tovar belgilariga — tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar, ularga xususan, iste’molchining ongida tovarning haqiqatga to‘g‘ri kelmagan ma’lum bir sifati, uning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida tasavvur hosil qiladigan belgilar kiradi. Belgining kamida bitta elementi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lsa, belgi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin deb e’tirof etiladi.
Birinchi instansiya sudi yuqoridagi Qoidalarning ushbu bandiga asoslanib, da’vo talabini asosli ravishda qanoatlantirishni rad etgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.
tovar belgisiga doir guvohnomani yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizolar xo‘jalik sudiga taalluqli hisoblanishiga;
tovar belgisiga doir guvohnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran uzrli sababsiz uzluksiz besh yil mobaynida undan foydalanilmaganda, istalgan manfaatdor shaxs uni muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatishni sudga so‘rab murojaat qilishga haqliligiga;
hammaga ma’lum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritiladi. Hammaga ma’lum tovar belgisiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ular hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida e’lon qilinishiga;
xo‘jalik sudiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi berilganda, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, da’vo bo‘yicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqliligiga;
FK 53-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi. Shu sababli, yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan unga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaga bo‘lgan huquq ham tugashiga;
ko‘rgazmaga oid ustuvorlik so‘rab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik so‘rashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasining qatnashchisi bo‘lgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan ko‘rgazmaning maqomini, ya’ni rasmiy xalqaro ko‘rgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan ko‘rgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qo‘yilgan tovarlar ro‘yxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani o‘z ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli ko‘rgazma ma’muriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozimligiga;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga ko‘ra alkogol mahsulotlarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu sababli, reklamani amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning alkogol mahsulotining reklamasi amalga oshirilmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi dalil hisoblanmasligiga;
o‘zga shaxslarga tegishli va O‘zbekiston Respublikasi hududida taniqli bo‘lgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga bo‘lgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan bo‘lsa, takrorlovchi belgilar deb hisoblanishiga va tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmasligiga;
Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud bojxona organiga noqonuniy tarzda foydalanilgan tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boshqa davlatdan olib kirilishi yoki boshqa davlatga chiqib ketilishini ta’qiqlash majburiyatini yuklashi mumkinligiga;
FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomga o‘xshab ketadigan bo‘lsa, u ro‘yxatga olinishi mumkin emas. Agar da’vo talabini asoslash uchun bir firma nomi ikkinchi firmaning nomi bilan bir xil yoki aynan o‘xshash ekanligi to‘g‘risida vaj keltirilgan bo‘lsa, firma nomlari bir xil yoki aynan o‘xshash ekanligini da’vogar isbotlab berishi lozim. Aks holda, bunday talabni qanoatlantirish rad etilishiga;
iste’molchining ongida tovarning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil qiladigan belgilar tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Chunki, bunday tovar belgilari tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar hisoblanishiga alohida e’tibor qaratishlari lozim.