Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi maʼruzasida taʼkidlanganidek, hozirgi bosqichda mamlakatni rivojlantirishning asosiy strategik vazifasi iqtisodiyotning oʻrta muddatli istiqbolda rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga koʻtarilishini taʼminlashdan iborat. Bunda mamlakat iqtisodiyotiga, shu jumladan uning mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish qoʻyilgan vazifaga erishishning hal qiluvchi omillaridan biri qilib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, mustaqillik yillarida keng koʻlamli bozor islohotlari izchil amalga oshirilganligi, qulay investitsiya muhiti yaratilganligi mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning barqaror oʻsishini taʼminlash imkonini berdi. Yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni amalga oshirayotgan xorijiy investorlar uchun maksimal darajada qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–4434-sonli Farmoni bilan eng avvalo mamlakat mintaqalariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganligiga qaramay, 2011-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 16 foizga oʻsdi va 3,3 mlrd AQSH dollaridan koʻproqni tashkil qildi. Bunda investitsiyalar umumiy hajmining 70 foizga yaqinini yoki 2,3 mlrd AQSH dollaridan koʻprogʻini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar tashkil qildi. Xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun kafolatlar hamda imtiyozlar tizimini mustahkamlash boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida ham xorijiy investitsiyalar va kreditlarni oʻzlashtirishning barqaror oʻsishini taʼminladi, ularning hajmi 1 mlrd AQSH dollaridan oshib ketdi, shularning 80 foizidan koʻprogʻini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida muayyan ish olib borilmoqda. Chunonchi, mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti toʻgʻrisidagi axborotni keng yoyish maqsadida muntazam ravishda xalqaro koʻrgazmalar, yarmarkalar, anjumanlar va konferensiyalar oʻtkazilmoqda. 2011-yilda 50 dan ortiq, 2012-yilning birinchi yarmida esa 32 ta chet el delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etilib, biznes-anjumanlar oʻtkazilgan. Iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida 2011-yilda Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Germaniya, Belgiya, AQSH, Polshada, shuningdek Ispaniyada (Madrid va Barselona shaharlarida) 8 ta biznes-anjuman va davra suhbati oʻtkazilgan. Oʻtkazilgan tadbirlar yakunlari boʻyicha hamkorlik va investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish toʻgʻrisida 52 ta hujjat imzolangan.
Mamlakat mintaqalarining istiqbolli tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini oshirish, shuningdek investitsiya loyihalari roʻyobga chiqarilishining tizimli monitoringini amalga oshirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda har yili mintaqaviy investitsiya dasturlari ishlab chiqilmoqda. Umuman, mazkur dasturlar doirasida 2011-yilda 1226 ta loyiha boʻyicha jami 841,2 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgan boʻlib, bu hisobot davrining prognoziga nisbatan 110,2 foizni va 2010-yil koʻrsatkichiga nisbatan 118,5 foizni tashkil etgan. Buning hisobiga 22,1 mingta ish oʻrni tashkil etilgan. 2012-yilning birinchi yarmida umumiy qiymati 321,1 mln AQSH dollarini tashkil etadigan qoʻshimcha 576 ta investitsiya loyihasini oʻz ichiga oluvchi roʻyxat ishlab chiqilgan boʻlib, shulardan 146 ta loyihada umumiy miqdori 153,7 mln AQSH dollarini tashkil etadigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va kreditlar qatnashadi. Mintaqaviy investitsiya loyihalari va koʻrsatib oʻtilgan qoʻshimcha investitsiya loyihalari hisobiga 2012-yilda 25,1 mingdan ortiq ish oʻrnini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida loyihalarning umumiy miqdoridagi mintaqaviy investitsiya loyihalari va qoʻshimcha loyihalar doirasida 337 ta loyiha (62 ta loyihada xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va kreditlar qatnashdi) roʻyobga chiqarilgan. Shulardan 73 ta loyiha (jumladan, 38 ta loyihada xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar qatnashdi) eksportga moʻljallangan mahsulot (yigirilgan ip, trikotaj buyumlar, plastmassa buyumlar, poyabzal, qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsuloti, laminatlar va boshqalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmi, mintaqaviy va tarmoq tuzilmasi mamlakat mintaqalarining salohiyatiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–3594-sonli Farmoni talablariga toʻla mos kelmaydi. Chunonchi, jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning asosiy oqimi – umumiy hajmning 76,5 foizdan ortiqrogʻi – Toshkent shahriga, Andijon, Fargʻona va Toshkent viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda. Ayni vaqtda 61 ta tuman va shahar hokimligi tomonidan 2011-yilning mintaqaviy investitsiya dasturlariga kiritilishi uchun investitsiyaviy takliflar taqdim etilmagan.
Kichik va oʻrta biznes subyektlari ishtirokidagi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, bank muassasalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlarni kichik biznes loyihalarini moliyalash boʻyicha mavjud imtiyozli kredit liniyalaridan xabardor qilish, shuningdek ularga kredit liniyalarini oʻzlashtirish malakasini oʻrgatish borasida yetarli ish olib borilmayotir. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Sirdaryo viloyatlarining tadbirkorlari tomonidan 2012-yilga moʻljallangan mintaqaviy investitsiya dasturlariga kiritish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish moʻljallangan bironta ham loyiha taqdim etilmagan. Shuningdek, ayrim hollarda xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha investitsiyaviy takliflar loyihani ishlamasdan yoki texnik-iqtisodiy jihatdan sifatsiz asoslagan holda taqdim etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati viloyat, tuman va shahar hokimliklarining joylarda investitsiyaviy infratuzilmani yaratish va takomillashtirish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar barqaror faoliyat yuritishi, shu jumladan ularni elektr energiyasi, suv, gaz bilan uzluksiz taʼminlash masalalarini hal qilish borasidagi faoliyatini kuchaytirish zarurligini ham qayd etadi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ular doimiy komissiyalarining xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda mintaqalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish toʻgʻrisidagi masalalarni muntazam muhokama qilish borasidagi faoliyatini ancha yaxshilash ham talab qilinadi.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. Gʻaniyevning mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–3594-sonli, 2012-yil 10-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–4434-sonli farmonlarini, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun qulay sharoitlarni taʼminlash masalalari boʻyicha boshqa qonun hujjatlari soʻzsiz ijro etilishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirib, quyidagilar zarurligiga alohida eʼtibor berish tavsiya etilsin:
xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda takomillashtirish;
mamlakatning borish qiyin boʻlgan va chegaraga yaqin tumanlarini iqtisodiy rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni hamda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb etish;
boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish, ular bazasida yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarish boʻyicha xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etish;
xorijiy investorlar investitsiyaviy faoliyatini amalga oshirishlari uchun zarur boʻlgan iqtisodiy axborotdan belgilangan tartibda tizimli asosda keng foydalanishlarini taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
ushbu parlament eshituvining yakunlari vazirlik hayʼatining kengaytirilgan majlisida muhokama qilinib, koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishini tashkil etishi;
mintaqaviy investitsiya dasturlari doirasida amalga oshiriladigan investitsiyaviy takliflarni ishlab chiqish hamda oʻz vaqtida kiritish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikni kuchaytirishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, bank muassasalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda kichik va oʻrta biznes subyektlari ishtirokidagi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlarni mavjud imtiyozli kredit liniyalaridan xabardor qilish, shuningdek ularga kredit liniyalarini oʻzlashtirish malakasini oʻrgatish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qonun hujjatlari talablari bajarilishining tizimli monitoringini va nazoratini taʼminlash yuzasidan zarur choralarni koʻrishi maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar barqaror faoliyat yuritishi, shu jumladan ularni elektr energiyasi, suv, gaz bilan uzluksiz taʼminlashga, joylarda investitsiyaviy infratuzilmani yaratish va takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha choralarni koʻrishga;
kichik va oʻrta biznes vakillari faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qilish, yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida hal etish hamda loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etishga oid loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining kichik va oʻrta biznes vakillari bilan muntazam uchrashuvlarini oʻtkazishga;
mintaqaviy investitsiya dasturlarini roʻyobga chiqarish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning faoliyat yuritishi bilan bogʻliq masalalarni muntazam oʻrganish va hal qilishga yordam berishga alohida eʼtiborni qaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Tashqi siyosat masalalari qoʻmitalari:
investitsiyaviy faoliyat sohasidagi qonun hujjatlarining talablari ijro etilishi ustidan oʻtkazilayotgan parlament nazoratining taʼsirchanligi va samaradorligini taʼminlash, senatorlar demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotni liberallashtirish, shuningdek xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mazmun va mohiyatini joylarda tushuntirish ishlarida faol ishtirok etishi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonida mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish sohasida huquqni qoʻllash hamda ishbilarmonlik amaliyoti chuqur oʻrganilishini, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun huquqiy kafolatlar hamda imtiyozlar tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan aniq va asosli takliflar ishlab chiqilishini taʼminlasin, bu ishda nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari keng ishtirok etishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
ushbu qarorni navbatdagi sessiyalarda muhokama qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasidagi faoliyatni tubdan yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish;
tumanlar va shaharlar tomonidan mintaqaviy investitsiya dasturlariga takliflar oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi ustidan, shuningdek tasdiqlangan loyihalar roʻyobga chiqarilishining borishi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish yuzasidan choralar koʻrish;
mintaqaviy investitsiya dasturlarini roʻyobga chiqarish masalalarini soha qoʻmitalari va komissiyalari majlislarida muntazam koʻrib borish hamda zarur boʻlsa, ularni tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalari muhokamasiga kiritish tavsiya etilsin.
7. Ushbu qaror ijro uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilsin.
8. Ushbu qarorning ijro etilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2013-yil 1-fevralgacha axborot taqdim etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari M. Radjabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 31-avgust,
SQ-326-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 8-son, 212-modda)