1997-yil 29-oktabrdan 1-noyabrgacha bo‘lgan davrda Vengriya Respublikasi Prezidenti Arpad Gyons O‘zbekiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.
1. O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni do‘stlik, totuvlik va o‘zaro foydali hamkorlik, suverenitet va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash asosida, bahslarni tinch yo‘l bilan hal qilish, ichki ishlarga aralashmaslik va teng huquqlilik prinsiplari bo‘yicha bundan buyon ham rivojlantirish niyatidalar.
2. Markaziy Osiyo va Yevropada hamkorlik va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga, barqarorlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashishda barcha zarur kuchlarni sarflaydilar. Shu maqsadlarda ular davlatlarining vakillari BMT, EXHT va ular ishtirokchilari bo‘lgan boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida, jumladan demokratik institutlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatlashadilar.
3. Barcha davlatlar xavfsizlikka teng huquqqa ega ekanliklarini tan olib, Yevroatlantik Sheriklik Kengashi doirasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning ahamiyatini tasdiqlaydilar.
4. O‘zaro manfaatdorlik asosida turli darajalardagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni faollashtirishga ko‘maklashadilar. Ular ikki tomonlama savdoni amalga oshirishga yordam beradigan zarur choralarni ko‘rishga hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun ular o‘zaro xo‘jalik aloqalarini amalga oshirishida qulay huquqiy rejimni yaratib berishga ko‘maklashadilar.
5. Savdo almashuvining barcha shakllarini, kichik va o‘rta korxonalarning iqtisodiy hamkorlikda faol ishtirok etishini, zarur tijorat va iqtisodiy axborot bilan almashishni, moliyaviy va iqtisodiy siyosat bo‘yicha fikr va tajriba almashishni rag‘batlantiradilar, qo‘shma korxonalarni tashkil etish va faoliyatiga, ishlab chiqarish, sarmoya, bank va tijorat sohalarida milliy kapitallar hamkorligining boshqa ilg‘or shakllarini rivojlantirishga ko‘maklashadilar.
6. Tranzit tashishlar va transport kommunikatsiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirishga intiladilar va o‘z davlatlari hududida avtomobil, temir yo‘l, havo va boshqa transport turlarida yo‘lovchilar va yuklarni tashish uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydilar.
7. Yevrosiyo transport yo‘lagini barpo qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishiga, uni Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili sifatida qarab, muhim ahamiyat beradilar.
8. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlashga ko‘maklashuvchi madaniy hamkorlikning ahamiyatini tan olib, turli darajalardagi madaniy almashishlarni qutlaydilar va rag‘batlantiradilar.
9. Narkotik vositalar va psixotrop moddalarni noqonuniy tarqatish, xavfli jinoyatlarning boshqa turlariga qarshi kurash sohasida vakolatli organlarning hamkorligiga intiladilar va shu maqsadlarda ikkala davlat huquqni muhofaza qilish organlarining birgalikdagi harakatlariga ko‘maklashadilar.