Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2014-yil 11-oktabrda taqdim etilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2014-yil 22-oktabrdagi 991−II-sonli qarori bilan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2014-yil 22-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi 991−II-sonli qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinsin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini soʻzsiz hamda lozim darajada ijro etish maqsadida:
jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining oqibatlarini hisobga oladigan, bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishga va iqtisodiyotni liberallashtirishga, makroiqtisodiy va moliyaviy-budjet barqarorligini taʼminlashga, aholi turmush farovonligini oshirishga hamda inflatsiya darajasini maqsadli prognoz koʻrsatkichlar doirasida saqlashga yoʻnaltirilgan samarali choralarni koʻrsin;
mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlar ilgarilab rivojlanishini taʼminlashga, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash jarayonlarini jadallashtirishga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish dasturlarini amalga oshirishni, ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilashni va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashni davom ettirsin;
iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish yoʻli bilan xususiy mulkning rolini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada koʻpaytirish boʻyicha islohotlarni davom ettirsin;
iqtisodiyotga va aholi daromadlariga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirish, soliq maʼmuriyatchiligini qoʻllashni takomillashtirish, yangi korxonalar barpo etish va ishlab chiqarish hajmini oʻstirish hisobiga soliq bazasini koʻpaytirish boʻyicha mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashga va ish oʻrinlari tashkil etishni hamda ichki talabni ragʻbatlantirishga imkon beradigan choralar amalga oshirilishini taʼminlasin;
ijtimoiy sohaga davlat xarajatlaridan, shu jumladan taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish xarajatlaridan yanada samarali foydalanish orqali aholi turmush farovonligini oshirish choralarini koʻrsin, shu bilan bir vaqtda muhtoj oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning manzilliligini kuchaytirish boʻyicha choralar koʻrsin;
iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion rivojlanishini jadallashtirish maqsadida davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida fanni, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini kuchaytirish boʻyicha tadbirlarni bundan buyon ham amalga oshirsin;
yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining, uy-joy-kommunal xoʻjaligining rivojlanishini jadallashtirish hamda koʻlamlarini kengaytirish boʻyicha aholi turmushining sifatini yaxshilashga qaratilgan dasturlarni, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish dasturlarini amalga oshirishni faollashtirsin;
qishloq aholisining uy-joy, maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida mablagʻlardan tejamkorlik bilan foydalanish va ayni vaqtda qurilish-montaj ishlarining, shuningdek barpo etilayotgan ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infratuzilmasining sifatini oshirish boʻyicha choralar koʻrsin;
mintaqalarning daromad bazasini oshirish va ularning yuqori turuvchi budjetlarga qaramligini kamaytirish maqsadida budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish boʻyicha ishlarni kuchaytirsin;
rejalashtirishning normativ usulini qoʻllashni kengaytirish, budjet mablagʻlaridan manzilli, maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, budjet jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yoʻli bilan budjetni rejalashtirish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan choralar koʻrsin;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromad bazasini kengaytirish va xarajatlarini tartibga solish yoʻli bilan ular daromadlari va xarajatlarining balansliligini, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishning manzilliligi va samaradorligi yanada oshirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini 2015-yil 1-yanvar holatiga respublika budjetining zaruriy aylanma kassa naqd mablagʻlari hajmidan ortiqcha erkin qoldiqlari va boshqa noinflatsiyaviy manbalar hisobidan moliyalashtirsin;
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan tegishli parametrlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning daromad bazasini kengaytirish va iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin, budjet mablagʻlaridan manzilli, maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-noyabr,
SQ-453-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-y., 11-son, 316-modda)