Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISTIQBOLNI BELGILASh VA STATISTIKA DAVLAT KOMITETINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 15-maydagi PF-1780-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasini Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Bozor iqtisodiyotiga oʻtish, jahon hamjamiyatiga qoʻshilish sharoitida Oʻzbekistonni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va istiqbollarini aniqlashga doir taxmin va tahlil ishlarining yuqori darajada boʻlishini taʼminlash, milliy hisob-kitoblar tizimini izchillik bilan joriy etish, xalqaro meʼyorlar va andozalarga mos keladigan puxta va ishonchli statistika axborotini shakllantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston taraqqiyoti istiqbollarini belgilash komiteti bilan Oʻzbekiston Respublikasi statistika davlat komiteti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti tashkil qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar Toshkent shahar hokimlari taraqqiyot istiqbolini belgilash va statistika hududiy boʻlinmalari negizida quyidagilarni tashkil qilsinlar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Iqtisodiyot va statistika vazirligi;
respublika viloyatlari va Toshkent shahrida — Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmalari;
respublika shaharlari va rayonlarida —Iqtisodiyotni muvofiqlashtirish va statistika boʻlimlari.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur organlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va rayonlarning hokimiyatlariga boʻysunadilar, Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti esa uslubiy rahbarlik qilib, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib turadi.
3. Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin;
Oʻzbekistonni taraqqiy ettirish, uning ustuvor yoʻnalishlari va tashqi iqtisodiy aloqalari strategiyasini ishlab chiqish, jahon hamjamiyatiga kirishni, jahon bozoridagi ahvolni eʼtiborga olgan holda respublika xalq xoʻjaligi majmuini samarali tarzda ixtisoslashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining konsepsiyalarini, qisqa muddatli va istiqboldagi rejalarini, katta iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilish, xalq xoʻjaligining moddiy-moliyaviy mutanosibligi, tabiiy, mehnat zaxiralaridan, vujudga keltirilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish borasidagi tarmoq dasturlarini ishlab chiqish;
respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish koʻrsatkichlarini belgilash va aniqlash sohasida respublikaning iqtisodiy organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimiyatlar, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
respublika aholisining moddiy farovonligini oshirish, uning eng nochor tabaqalari ijtimoiy muhofazasini mustahkamlashga oid takliflarni asoslab berish, xalqning turmush darajasini oshirish, ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish yoʻllari hamda yoʻnalishlarini belgilash;
bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayoniga tahliliy va taxminiy baho berish, xoʻjalik mexanizmlarini, boshqaruv shakllari va usullarini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish;
xalq xoʻjaligi tuzilmasini qayta qurishga va mablagʻ sarflash siyosatini shakllantirishga raqobatga qodir tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalarni ustun darajada rivojlantirishga, ishlab chiqaruvchi kuchlarni oqilona joylashtirishga, Qoraqalpogʻiston Respublikasini, viloyatlar, shaharlar va rayonlarni kompleks ravishda taraqqiy ettirishga doir takliflarni tayyorlash;
xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro manfaatli tashqi iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirish, chet el mablagʻlaridan samarali foydalanish sohasidagi yoʻnalishlarni belgilash;
yagona statistika siyosatini oʻtkazish, xalq xoʻjaligi ishlarining tarkib topayotgan sharoitini, bozor munosabatlariga oʻtishni, narx-navo oʻzgarishini, xilma-xil mulkchilik shakllarining rivojlanishini, maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berishning ilgʻor tizimlari joriy etilishini; kompyuterlar keng tadbiq qilinishini aks ettiruvchi hisobot koʻrsatkichlarining ilmiy asoslangan tizimini joriy etish hamda respublika hisob markazining faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy hisob-kitob va xalq xoʻjaligi balansi tizimining uslubiyatini ishlab chiqish, butun statistikani bosqichma-bosqich zamonaviy xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiq holga keltirish.
4. Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar (birlashmalar), muassasalar va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro ish uchun majburiy ekanligi belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida Istiqbolni belgilash va statistika davlat komitetining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilib, komitetning nizomi va tuzilmasini tasdiqlasin.
6. “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Taraqqiyot istiqbolini belgilash komitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 13-fevralda chiqarilgan Farmon oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 5-avgust,
PF-449-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 405-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 161-modda)