Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING TUZILMASIDAGI OʻZGARTIShLAR HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Vitse-Prezidenti lavozimini tugatish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimini taʼsis etish va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 4-yanvardagi Qonuniga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vaziri oʻrtoq A. M. Mutalovning xalq xoʻjaligini boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi takliflarini eʼtiborga olib:
1. “Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tuzilmasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston SSR Prezidentining 1990-yil 15-noyabrdagi 97-son Farmoni bilan taʼsis etilgan Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosarlari — tegishli majmualarning rahbarlari lavozimlari tugatilsin;
2. Oʻrtoq T. Y. Sharipov Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — Zaxiralar, moddiy-texnika taʼminoti va shartnomalar majmuining rahbari lavozimidan ozod qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ komitetining Raisi etib tayinlansin.
3. Oʻzbekiston SSR Prezidentining Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston SSR mehnat vaziri lavozimlarini qoʻshish toʻgʻrisida 1991-yil 8-may 205-son Farmonining Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosariga taalluqli qismi;
— Oʻzbekiston SSR Prezidentining Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — yengil sanoat mollari ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston davlat uyushmasi boshqaruvining Raisi lavozimlarini qoʻshish toʻgʻrisida 1991-yil 15-maydagi 208-son Farmonining Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosariga taalluqli qism oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 6-fevral,
PF-333-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 189-modda)