Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
AMNISTIYA AKTINI QOʻLLASh TARTIBI TAKOMILLAShTIRILIShI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 19-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2008-yil 4-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2008-yil 4-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 29-moddaning birinchi qismi “xabardor qilgan holda koʻrib chiqish” degan soʻzlardan keyin “prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi yoxud mahkumni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 34-moddaning birinchi qismi “558” raqamidan keyin “589” raqami bilan toʻldirilsin;
3) 36-moddaning:
birinchi qismi “yoki oʻzgartirishga” degan soʻzlardan keyin “amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritishga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
uchinchi qismi “qoʻzgʻatish haqidagi” degan soʻzlardan keyin “amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritish haqidagi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
4) 46-moddaning birinchi qismidagi “yarashuv toʻgʻrisidagi” degan soʻzlar “yarashuv toʻgʻrisidagi, amnistiya aktini qoʻllash haqidagi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 48-moddaning birinchi qismidagi “yarashuv toʻgʻrisidagi” degan soʻzlar “yarashuv toʻgʻrisidagi, amnistiya aktini qoʻllash haqidagi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 329-modda birinchi qismining ikkinchi jumlasi “chiqarilgunga qadar” degan soʻzlardan keyin “yoxud tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari ushbu Kodeksning 587-moddasiga muvofiq prokurorga yuborilguniga qadar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
7) 333-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeks 83-moddasining 1 va 2-bandlarida hamda 84-moddasi birinchi qismining 1, 3 — 7-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi, jinoyat sodir etilganligi toʻgʻrisida xabar bergan fuqaro, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Bunda ularga qaror yoki ajrim ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi tushuntirilishi lozim.
Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan holat aniqlangan taqdirda, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish ushbu Kodeksning 63-bobida nazarda tutilgan qoidalarga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi”;
8) 342-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Surishtiruv jinoyat ishini tergovchiga oʻtkazish yoki ishni taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish toʻgʻrisidagi qaror bilan yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan birga prokurorga yuborish bilan tamomlanadi”;
ikkinchi qismi birinchi xatboshisi “tergovchiga” degan soʻzdan keyin “yoki prokurorga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
9) 351-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ish ayblov xulosasi bilan, ishni tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash yoxud taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish toʻgʻrisidagi qaror bilan, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan prokurorga topshirilgan kuni yoxud ishni tugatish haqida qaror chiqarilgan kuni dastlabki tergov tamomlangan hisoblanadi”;
10) 355-modda ikkinchi qismining 7-bandi “yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish haqida prokurorga taqdimnoma kiritadi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
11) 372-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Dastlabki tergov jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarish, ayblov xulosasi tuzish, ishni tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqarish yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma tayyorlash bilan tamomlanadi”;
12) 373-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlganda, jinoyat ishini tugatish ushbu Kodeksning 63-bobida nazarda tutilgan qoidalarga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi”;
13) 382-moddaning uchinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi”;
oltinchi—oʻn uchinchi xatboshilari tegishincha yettinchi—oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
14) 385-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 6-band bilan toʻldirilsin:
“6) amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish”;
15) quyidagi mazmundagi 5361-modda bilan toʻldirilsin:
“5361-modda. Mahkumni amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilish tartibi
Mahkumni amnistiya aktiga asosan asosiy va ijro etilmagan qoʻshimcha jazodan toʻliq yoki qisman ozod qilish yoxud jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki unga tayinlangan jazoning oʻtalmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish prokurorning iltimosnomasiga binoan mahkumning jazoni oʻtash joyidagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan amalga oshiriladi”;
16) 542-moddaning beshinchi qismi “mehnat stajiga qoʻshish” degan soʻzlardan keyin “shuningdek mahkumlarga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
17) 573-modda ikkinchi qismining:
1-bandi “83 va 84-moddalarida” degan soʻzlardan keyin “(84-moddaning birinchi qismi 2-bandi bundan mustasno)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
3-bandi “yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
18) quyidagi mazmundagi 63-bob bilan toʻldirilsin:
“63-bob. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qoʻllash
587-modda. Tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchi, tergovchi tomonidan prokurorga yuborish tartibi
Amnistiya aktini qoʻllash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini qaysi shaxsga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining arizasi hamda amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoxud jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish haqidagi taqdimnoma bilan prokurorga yuboradi.
Agar bir nechta shaxsga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha ulardan loaqal bittasi amnistiya aktining taʼsir doirasiga tushsa, unga nisbatan jinoyat ishining qismi amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish uchun ushbu Kodeksning 332-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan alohida ish yuritishga ajratilishi mumkin.
588-modda. Amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza
Amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza tergovga qadar tekshiruv qaysi shaxsga nisbatan oʻtkazilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tomonidan, tegishincha tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruvning, surishtiruvning va dastlabki tergovning istalgan bosqichida berilishi mumkin.
589-modda. Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomani sudga kiritish toʻgʻrisidagi masalaning prokuror tomonidan koʻrib chiqish tartibi
Prokuror surishtiruvchining, tergovchining taqdimnomasi asosliligini tekshirib unga rozi boʻlgan taqdirda, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomani tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoxud jinoyat ishi bilan birga sudga yuboradi. Prokuror iltimosnomani tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi unga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh sutkadan kechiktirmay sudga yuborishi lozim.
Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnomani sudga yuborish uchun asoslar boʻlmagan taqdirda, prokuror tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchiga yoxud tergovchiga qaytarish haqida asoslantirilgan qaror chiqaradi. Prokurorning qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat berilishi mumkin.
590-modda. Sud majlisi
Prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi jinoyat sodir qilingan yoxud dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudining raisi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining raislari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi belgilaydigan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Sud majlisi iltimosnoma jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi bilan birga sudga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn sutkadan kechiktirmay oʻtkaziladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish sud tomonidan prokuror albatta ishtirok etgan holda amalga oshiriladi.
Sud majlisida amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari ishtirok etadi. Sud majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida lozim darajada xabardor qilingan mazkur shaxslarning uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganligi sud majlisining oʻtkazilishiga monelik qilmaydi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qaysi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan tanlangan boʻlsa, oʻsha gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishi zarurligi masalasi sud tomonidan hal qilinadi.
Sud majlisi prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, prokuror amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish zarurligini asoslab beradi. Soʻngra amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, himoyachining, qonuniy vakilning soʻzlari eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga koʻra bayonnoma yuritiladi.
Sud muhokamasi natijalari boʻyicha sudya qonunda belgilangan tartibda ajrim chiqaradi, ushbu ajrimning gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini qamoqdan ozod qilishga doir qismi darhol ijro etilishi lozim.
Sudning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, jabrlanuvchiga (fuqaroviy daʼvogarga), himoyachiga va qonuniy vakilga yuboriladi.
Agar sud majlisi davomida amnistiya aktini qoʻllash uchun asoslar mavjud emasligi aniqlansa, sud tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini umumiy qoidalar boʻyicha tegishincha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish yoki dastlabki tergov ishini yuritish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
591-modda. Sudning ajrimi
Sud ajrimining kirish qismida:
1) ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
2) ajrim chiqargan sudning nomi, sudyaning, sud majlisi kotibining, taraflarning, tarjimonning ismi, otasining ismi va familiyasi;
3) amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ishlash joyi, mashgʻuloti, maʼlumoti, oilaviy ahvoli va ularning shaxsi toʻgʻrisidagi, ish uchun ahamiyatli boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Sud ajrimining tavsif-asoslash qismida iltimosnomani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi.
Ajrimning qaror qismida sud quyidagi masalalarni hal etadi:
amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi yoxud jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi;
prokurorning jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etish hamda tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoxud jinoyat ishini umumiy qoidalar boʻyicha tegishincha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish yoki dastlabki tergov ishini yuritish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisidagi;
ehtiyot chorasi toʻgʻrisidagi;
ashyoviy dalillar toʻgʻrisidagi;
fuqaroviy daʼvoni taʼminlash choralari toʻgʻrisidagi.
Sudning ajrimiga amnistiya aktini qoʻllash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxs tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), ularning himoyachilari, qonuniy vakillari tomonidan xususiy shikoyat berilishi va prokuror tomonidan xususiy protest keltirilishi mumkin, bunday shikoyat va protestlar tegishincha apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrib chiqilishi lozim”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan 409-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 248-modda, № 9, 422-modda, № 12, 595-modda; 2008-yil, № 4, 187-modda) 166-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Jazoni ijro etish muassasasining yoki jazoni ijro etuvchi boshqa organning maʼmuriyati tegishli asos boʻlgan taqdirda, mahkumga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani sudga kiritish haqida prokurorga taqdimnoma yuborishi shart. Mahkumlarga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi 746-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan 257-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 168-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 249-modda; 2008-yil, № 9, 487-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 28-modda birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi “amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoxud jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 31-moddaning uchinchi xatboshisi “mahkumni amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritishga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-dekabr,
OʻRQ-193-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 509-modda)