Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QURBON HAYITINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Qurbon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash, fuqarolarning hamjihatligi va mehr-oqibatini mustahkamlash, yosh avlodning ruhiy va maʼnaviy olamini boyitish, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada yuksaltirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram — Qurbon hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish haqida”gi 1991-yil 20-iyundagi PF-221-son Farmoniga muvofiq:
1. 2008-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 8-dekabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi murojaati inobatga olinsin hamda mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayram tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,,
2008-yil 1-dekabr,
PQ-1011-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 12-son, 695-modda)